2.Diskretsion va nodiskretsion fiskal siyosat. Xukumatning bandlik darajasi, ishlab chiqarish hajmi, inflyatsiya sur’atlari va to’lov balansi holatini o’zgartirishga yo’naltirilgan maxsus qarorlarni qabul qilishi natijasida davlat xarajatlari, soliqlar va davlat byudjeti qoldig’ini maqsadli o’zgartirilishi diskret fiskal siyosat deyiladi. Diskretsion fiskal siyosat yuritilganda iqtisodiy pasayish davrida jami talabni rag’batlantirish uchun davlat xarajatlarini oshirilishi va soliqlarni kamaytirilishi natijasida davlat byudjeti kamomadi yuzaga keltiriladi. O’z navbatida davriy ko’tarilish paytida byudjet ortiqchaligi yuzaga keltiriladi.
Diskretsion fiskal siyosat iqtisodiy tebranishlarni yumshatishda muhim rol o’ynasada, uning ayrim kamchiliklari mavjud. Bu, avvalambor, vaqt oraliqlari bilan bog’liq.
Nodiskretsion fiskal siyosat — davlat xarajatlari, soliqlar va davlat byudjeti qoldig’ini avtomatik o’zgartirishni ko’zda tutadi. Nodiskretsion fiskal siyosat o’rnatilgan barqarorlashtirgichlarga asoslanadi. Rivojlangan davlatlarda o’rnatilgan barqaror-lashtirgichlari rolini progressiv soliq tizimi, davlat transfertlari tizimi va foydada ishtirok etish tizimi o’ynaydi. Nodiskretsion fiskal siyosat davriy tebranishlarni yumshatish uchun huqumatning bevosita aralashuvini talab etmaydi.
Iqtisodiyotning o’rnatilgan barqarorligi darajasi davriy byudjet taqchilligi va ortiqchaligi miqdorlariga bog’liq. Davriy taqchillik (ortiqchalik) iqtisodiy faollik pasayishi (oshishi) sharoitida soliq tushumlarining avtomatik kamayishi (oshishi) va davlat xarajatlarining avtomatik oshishi (kamayishi) natijasida yuzaga keladigan davlat byudjeti taqchilligi (ortiqchaligi)dir.
Davriy pasayish bosqichida soliqlar avtomatik pasayishi, davlat transfertlarining oshishi natijasida byudjet taqchilligi kelib chiqadi.
Davriy yuksalish bosqichida soliqlar avtomatik ko’payishi va davlat xarajatlarining kamayishi natijasida byudjet ortiqchaligi paydo bo’ladi.
Davlat xarajatlari o’zgarmas bo’lgan sharoitda ham byudjet taqchilligi va ortiqchaligi mavjud bo’lishi mumkin. Davriy taqchillik va ortiqchalik miqdorlari soliq va byudjet funktsiyalari grafiklarining «tikligiga» bog’liq. Soliq funktsiyasi T ning egilish burchagi miqdori chegaraviy soliq stavkasiga t ga bog’liq. t qancha yuqori bo’lsa, T chizig’i shuncha tikroq, γ qancha pastda bo’lsa, G chizig’i ham shuncha tik bo’ladi. Bu esa iqtisodiyotning o’rnatilgan barqarorligi darajasini oshiradi. Ammo iqtisodiy o’sishning ta’minlash vazifasi T va G chiziqlarini yotiqroq bo’lishini taqozo etadi.