Hujjatlar tarixi
Hujjatchilik tarixi. Ish yuritishning bevosita asosini hujjatlar tashkil qiladi. Mazmunan, hajman va shaklan xilma-xil bo’lgna hujjatlar katta-yu kichik mehnat jamoalarining, umuman kishilik jamiyatining uzluksiz faoliyatini tartibga solib turadi. Zero, huhujjatlar kechagina paydo bo’lgan narsa emas, kishilik jamiyati shakllanishi bilanoq bu jamiyat a’zolari o’zaro munosabatlaridagi muayyan muhim holatlarni muntazam va qat’iy qayd etib borishga ehtiyoj sezganlar. Ana shu ehtiyojga javob sifatida, tabiiyki, ilk, ibtidoiy hujjatlar yuzaga kelgan.
Bobilning miloddan avvalgi 1792-1750-yillardagi shohi Xammurapining adolatpesha qonunlar majmui, undan ham qadimroq shoh Ur-Nammu (miloddan avvalgi 2112-2094-yillar)ning qonunlari va boshqa manbalarning mavjudligi «hujjatlar» deb ataladigan tartibot vositalarining nechog‘li olis va murakkab tarixga ega ekanligini ko‘rsatadi. Albatta, kishilik jamiyatining taraqqiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlarning almashina borishi, aniqrog‘i, kishilar o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy munosabatlarning shakllanishi barobarida hujjatlar ham takomillashib borgan. Bugungi kunda fanga tariximizning turli davrlarida o‘rxun-enasoy, so‘g‘d, eski uyg‘ur, arab va boshqa yozuvlarda bitilgan juda ko‘plab hujjatlar, umuman,yozma manbalar ma’lum.
Sharqda X-XIX asrlarda yorliq, farmon, noma, bitimlar, arznoma, qarznomalar, vasiqa, tilxat yoki mazmunan shunga yaqin hujjatlar nisbatan keng tarqalgan.
Yorliqlar mazmunan xilma-xil bo‘lgan: xabar, tavsif, farmoyish, bildirish, tasdiqlash va h.k. Bu o‘rinda To‘xtamishxonning 1393-yilda polyak qiroli Yag‘aylaga yo‘llagan yorlig‘i, Temur Qutlug‘ning 1397-yildagi yorlig‘i, Zahiriddin Boburning otasi Umarshayx Mirzoning marg‘ilonlik Mir Sayid Ahmad ismli shaxsga 1469-yilda bergan yorlig‘i, Toshkent hokimi Yunusxo‘janing 1779-yil 2-iyunda Peterburgga - Rossiya podshosiga o‘z elchilari orqali yuborgan yorlig‘i va boshqalarni eslab o‘tish mumkin.
O‘rta Osiyo hududidan topilgan qadimgi madaniy obidalar, turli moddiy jismlarga bitilgan ma’lumotnomalar ajdodlarimizning qadimdan o‘ziga xos hujjatchilik an’analariga rioya qilganliklaridan dalolat beradi. O‘rta asrlarda ish yuritish huquqiy maqomga ega bo‘ldi, davlat mahkamasida munshaot tizimi shakllandi va qator hujjat turlari paydo bo‘ldi.
O‘zbek tilining rasmiy idoraviy til sifatida qo‘llanishi qoraxoniylar hukmronligi davrida boshlandi. XIX asrdan so‘ng o‘zbek xonlari va amirlari saroylarida yozilgan turli xil hujjatlar o‘ziga xos mazmuni, muayyan tartibi va nutqiy qolipi bilan ajralib turadi. Ma’lumki, tariximizda saroy va umuman yirik mahkamalarda yozuv ishlarini olib boruvchilar “munshiy” (arabcha) deyilgan(Qarang, A.Qodiriy. “Mehrobdan chayon” romani). Sho’ro hukronligi davrida o’zbek va rus tilida ish yuritish huquqi qonunlashtirilgan bo’lsa-da, amalda o’zbek tilining ijtimoiy mavqei past edi.
Bugun mustaqillik sharofati bilan mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy islohatlar davlat siyosatining ustivor yo’nalishi deb e’lon qilinib, bu borada keng ko’lamli ishlar olib borilmoqda. Mustaqil davlatimizning asosiy qonuni konstitutsiyamizda “Davlat tili haqida”gi Qonun va boshqa rasmiy hujjatlarda o‘zbek tilining huquqiy maqomi va istiqboli aniq ko‘rsatib berilgan.
O‘zbekistonda yashovchi va faoliyat ko‘rsatuvchi fuqorolar qanday kasb egasi bo‘lishlaridan qat’i nazar ishlab chiqarishning barcha sohalarida, albatta, o‘zbek tilidagi hujjatlarga duch keladilar. «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi Qonunning 19-moddasida: «Muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalari muhrlari, tamg‘alari, ish qog‘ozlarining matnlari davlat tilida bo‘ladi», deb belgilab qo‘yilganligini inobatga olsak, bu borada ko‘pgina amaliy ishlarni bajarishga to‘g‘ri keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |