Boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturi quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:
1. Savod o‘rgatish va nutq o‘stirish.
2. Amaliy fonetika va grammatika, imlo va nutq o‘stirish.
Savodga o‘rgatish jarayoni ikki davrni: alifbegacha tayyorlov va alifbe
davriga ajratiladi. Tayyorgarlik va alifbe davrida ta’lim savodga o‘rgatishning
tahlil-tarkib tovush usulida amalga oshiriladi. Bunda o‘quvchilar nutqini yangi
so‘zlar hisobiga boyitishga alohida e’tibor qaratiladi.
5-9-sinflarda ona tili fonetikasi, leksikasi, morfologiya va sintaksisini tizimli
va amaliy samarali o‘rganish natijasida ta’lim oluvchiga tilshunoslik fani asoslarini
berish emas, balki ayni bir narsa-hodisani atash, fikrni ifodalash uchun ona tilida o‘nlab imkoniyatlar borligini, xilma-xil shakl va ko‘rinishlarga ega bo‘lgan bunday
rang-barang imkoniyatlarning har birining o‘z ifoda va ta’sir xususiyatini
o‘quvchiga yetkazish, unda mana shu jihatlarni ilg‘ay olish, bunda axborot
resurslariga murojaat qilish madaniyatini shakllantirish, har bir shakl va
imkoniyatdan o‘z o‘rnida foydalana olish malakalarini rivojlantirishdir.
Adabiyot fani o‘quv dasturida - Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida adabiy ta’lim sof ilmiy maqsadlarni emas, balki ma’naviy-axloqiy yo‘nalishlar ustuvorligini ko‘zda tutadi. O‘quvchilar milliy adabiyotning, shuningdek, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘qish va tahlil qilish asosida ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, go‘zallik va xunuklik haqidagi xilma-xil talqinlarga duch kelishadi, ularga ongli va jonli munosabat bildirishadi, shular asosida o‘zlaridagi axloqiy-ma’naviy fazilatlar majmuining shakllanishi va rivojiga imkon topishadi.
Boshlang‘ich sinflarda adabiy ta’lim adabiy o‘qishlar tarzida o‘rgatiladi.
Bola o‘qish texnikasini egallashi uchun, avvalo, uning savodxonlik darajasi
shakllantiriladi, og‘zaki va yozma nutqi rivojlantiriladi, tovush va so‘zlarni to‘g‘ri
talaffuz etish o‘rgatiladi.
Dastlab tanish, keyin notanish matn ifodali o‘qitilib, o‘quvchidagi ko‘nikma,
malaka aniqlanadi. Bunda miqdoriy ko‘rsatkich – o‘qish tezligi, ravon o‘qiy olish,
bir daqiqada nechta so‘z o‘qiy olishi belgilanadi.
Bolaning matn mazmunini to‘liq uqib olishi qayta hikoya qilish, shuningdek,
o‘zgalar nutqini eshitib, tushunib olishi maqsad qilinadi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yozuvchi tarjimai holi va adabiy asarni
sinfda o‘qish, o‘rganish bilan birga, asarlarni mustaqil o‘rganish va sinfdan
tashqari o‘qishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Bu yerda mavzuviylikka,
syujetlilikka nisbatan ko‘proq ahamiyat beriladi. O‘quvchilarning ijodiy o‘y-
xayollarini, individual imkoniyatlarini badiiy asarlardagi yuksak badiiyat va
takrorlanmas san’atkorona tasvirlar orqali kengaytirish asosiy o‘rin tutadi.
O‘quvchilarda adabiy asarni tahlil qilish, adabiy-nazariy tushunchalarni o‘rganish malakasi shakllantiriladi. Garchi badiiy asarlarning har birini o‘rganishda tarixiy-
estetik tamoyillarga to‘la tayanilsa-da, ularni izchil xronologik tartibda emas, balki
muayyan mavzular (ruknlar) ko‘lamida o‘rganiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |