TALABALARNING IQTISODIY TAFAKKURINI RIVOJLANTIRISHDA EHTIMOLLAR NAZARIYASI VA MATEMATIK STATISTIKANI “AMALIY-KASBIY YOʼNALTIRILGANLIK” KONSEPSIYASI ASOSIDA OʼQITISHNING AHAMIYATI Nishonov Tulanmirza Andijon davlat universiteti
Matematika taʼlimi uzviy va izchil muayyan amaliy tajriba, mashqlardan boshlanadi hamda abstrakt tushunchalarga tomon boriladi. Kasbiy tajriba esa amaliyotda shakllanadi. Shu maʼnoda ehtimollar nazariyasi va matematik statistikani oʼrganishda “oʼqitishning amaliy-kasbiy yoʼnaltirilganligi” alohida ahamiyatga ega [2],[3].
Аksariyat ilmiy manbalarda "oʼqitishning amaliy yoʼnaltirilganligi" va "oʼqitishning kasbiy yoʼnaltirilganligi" atamalari parallel ravishda ishlatiladi va ular biri ikkinchisini toʼldiradigan mazmunan bir xil tushunchalar hisoblanadi. G.V.Dorofeev, L.V Kuznetsova, V.V Firsov kabi mualliflar "oʼqitishning kasbiy yoʼnaltirilganligi-bu matematikani oʼqitishning mazmuni, shakli va usullarini muayyan kasbiy faoliyatda foydalanishga yoʼnaltirilganligi; oʼqitishning amaliy yoʼnaltirilganligi esa – bu amaliy mashgʼulotlarni ishlab chiqarish, kasbiy masalalarni hal qilishga yoʼnaltirishdir” deb taʼriflashadi [1],[6].
Turli xil qarashlarni tahlil qilish va umumlashtirish bizni quyidagi taʼrifni kiritish zarurligiga olib keldi:
Oʼqitishning amaliy-kasbiy yoʼnaltirilganligi - kasbiy kompetensiyani shakllantirishga moʼljallangan amaliy mashgʼulotlarni oʼz ichiga olgan taʼlim faoliyati turi, taʼlim mazmuni, shakli va vositalari. Buning natijasida kasbiy muammolarni dinamik ravishda hal qilishga tayyor mutaxassisning har tomonlama rivojlangan shaxsi shakllanadi.
Boʼlajak iqtisodchi mutaxassislarni kasbiy tayyorlashda ehtimollar nazariyasi va matematik statistikani “oʼqitishning amaliy-kasbiy yoʼnaltirilganligi” amaliy-kasbiy masalalar bilan bevosita va bilvosita bogʼliqlikligini koʼrish mumkin.
Аmaliy-kasbiy masalalar katta hajmdagi oʼquv materialini oʼrganishga emas, balki kiritilayotgan ehtimoliy-statistik atama va faktlarni tushunish chuqurligiga, nazariy oʼrganilgan bilimlarni kasbiy faoliyatda tatbiq eta olish salohiyatini shakllantirishga xizmat qilishi zarur.
Biz iqtisodchilar uchun ehtimollar nazariyasi va matematik statistikaga oid masalalarni berilish usuliga qarab quyidagi uch tipga ajratdik [1],[4],[5].
1. Sof matematik masalalar. Qatʼiy algoritm asosida matematik formula va tushunchalardan foydalanib yechish mumkin boʼlgan sof matematik mazmundagi masalalar.
Bunday masalalarni yechish usullari tayyor bo’lib, amalda kasbga yo’naltirilmagan deyishimiz mumkin.
2. Аmaliy-kasbiy masalalar. Kasbiy faoliyatga oid matematik masalalar.
Amaliy-kasbiy masalalar uchun yechish usuli shakllangan va uni yechish uchun kerakli qiymatlarni taqqoslash ozgina aqliy kuch talab etadi xolos. Ushbu masalani yechish natijasida kasbiy kompetentsiya tegishli hisoblash formulalarini ishlatish orqali muayyan darajada rivojlanadi, yaʼni avtomatizm shakllanadi.
3. Muammoli amaliy-kasbiy masalalar. Masala matematik tilda bayon qilinmaydi, balki muammo shaklida keltiriladi. Bunda talab qilingan vazifani hal etish zarur, bu biror amaliy faoliyat orqali amalga oshiriladi va natijada masalaning matematik formasi shakllantiriladi.
Muammoli amaliy-kasbiy masalalarda bir qator savollarga javob topish talab qilanadi. Dastlabki maʼlumotlarni qanday toʼplash kerakligi, ularni qayta ishlashda nimalarni tahlil qilish, qanday matematik formulalardan foydalanish kerak va hokazo? Shubhasiz, bunday masalalar kasbiy kompetentsiyani shakllantirish nuqtai nazaridan eng foydalidir, undan muammoli vaziyatni anglash va hal etish boshlanadi.
Misollar keltirib o’tamiz.