Alisher Navoiyning ijodiy merosi katta. Bu, o’ziga xos hayot qomusi, uni hikmatlar ummoni, dono fikrlar chamani deyish mumkin. SHoirning aforizmlari juda hayotiy: ularning ko’pi xalq maqollariga aylanib ketgan. Eshitib, bu maqol xalqnikimi, shoirnikimi, ajrata olmay ham qoladi kishi. Umuman, Alisher Navoiy klassik she’riyatning 16 janrida qalam tebratdi, oltita yirik falsafiy-didaktik, ishqiy-romantik dostonlar yaratdi. Ona tilida to’rt devon, fors tilida bir devon («Devoni Foniy») tuzdi. SHoir nasrda ham unumli ijod qildi. «Mahbub ul-qulub» «Ko’ngillarning sevgani», «Nasoyim ul-muhabbat» «Muhabbat shabbodalari», «Tarixi hukamo va anbiyo» «SHohlar va payg’ambarlar tarixi», «Tarixi muluki Ajam» «Ajam mamlakatlari tarixi», «Mezon ul-avzon» «Vaznlar o’lchovi», «Muhokamat ul-lug’atayn» «Ikki til muhokamasi», «Vaqfiya» «Vaqf kitobi» kabi asarlar o’quvchilarga yaxshi tanish. SHoirning asarlari asrlar davomida mohir xattotlar tomonidan ko’chirilib dunyoga tarqatilib kelingan.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda litografiya bosmaxonalari paydo bo’lgach, nashrlar sanog’i tabiiyki ko’paydi. O’tgan asrning 60-yillarida shoirning o’zbek tilida 15 tomlik, rus tilida 10 tomlik asarlari bosilib chiqdi. 1996–1998 yillarda 20 tomlik to’la asarlar to’plami amalga oshirildi. 2011 yilda o’quvchilar chiroyli bezaklarda nashr qilingan 10 tomlik to’la asarlar to’plamini o’qishga muyassar bo’ldilar. Alisher Navoiyning asarlari bugungi kunda jahonning ko’p tillariga tarjima qilingan. O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi «Ijod» jamoat fondi bilan birgalikda shoirning «Xazoyin ul-maoniy» (saylanma g’azallar) kitobini jahonning o’n to’rt tilida nashr qilish loyihasini amalga oshirishga kirishdi.
O’zbek, rus tilidagi kitob nashrdan chiqish arafasida, nemis tiliga tarjima qilinmoqda. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin Alisher Navoiy ijodi yangidan o’rganila boshlandi. Shoir ijodini keng va har taraflama o’rganishga, tadqiq qilishga imkoniyatlar yaratildi. Mustamlakachilik davrida shoir asarlari mafkuraviy tomondan yondoshilib, to’liq nashr etilmas, dostonlardan butun-butun boblar nohaqdan qisqartilib yuborilar edi. Bir misol: «Hayrat ul-abror» dostonining boshida kelgan she’riyatning a’lo namunasi bo’lgan «Qur’on»ning birinchi surasi dastlabki kalomlari «Bismillohir rahmonir rahim»ning shoirona sharhi, Haq xudo hamdi, Haq xudoga to’rt munojot, rasulullohga bag’ishlangan beshta na’t, ja’mi o’n bir bob qoldirilib nashr qilinib kelingan. Boshqa dostonlarda ham shunga o’xshash manzarani ko’ramiz. Hozir shoir asarlari qayta-qayta to’liq holda katta nusxalarda bosib chiqarilmoqda.
Har yili shoir ijodiga bag’ishlangan ilmiy anjumanlar uyushtiriladi, maktab, kollej va universitetlarda shoir ijodi o’rganiladi, televidenieda har kuni Navoiy ijodiga bag’ishlangan ko’rsatuvlar beriladi. SHoirning juda ko’p g’azallari taniqli hofizlar, yosh ijrochilar tomonidan har kuni radioda, kontsertlarda ijro etib kelinadi, Navoiyning so’zlari bugun O’zbekiston osmonida jaranglab turibdi. O’zbekistonda barcha katta-kichik ulug’ shoir va mutafakkir bilan vatandosh bo’lganidan yurak-yurakdan faxrlanadi, uning nomida shahar, Katta davlat teatri, universitet, maktablar, kutubxonalar, ko’chalar, metro bekati bor. Muhtaram Prezidentimizning 2016 yil 13 may farmoni bilan tashkil etilgan Toshkent Davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetiga ham Alisher Navoiy nomi berilishi xalqimizning o’z buyuk shoiriga bo’lgan cheksiz mehr-muhabbatining yana bir karra yorqin ifodasi bo’ldi, desak yanglishmaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |