3.Navoiyning O`zbek va jaxon adabiyotiga qoldirgan merosi
Alisher Navoiy lirikasi o’rta asrlar o’zbek lirikasining eng yuksak bosqichini tashkil etadi.
Navoiy turkiy va forsiy tillarda birday mahorat bilan qalam tebratgan zabardast zullisonayn shoir edi. U o’zbek adabiyotida she’riy devon yaratish an’anasini ham haddi a’losiga ko’tardi. Shoirning 8 ta devoni mavjud. Shulardan 7 tasini rasmiy devon uslubida Navoiyning o’zi tuzgan. Dastlabki devonini uning mashhur bo’lib ketgan sh’erlarini jamlab shoining zamondoshlari tuzishgan. Bu hodisani keyinchalik yaratilgan «Badoye ul-bidoya» devoni debochasida shoir bunday izohlaydi: «...Ammo xaloyiq orasida ming bayt, ikki ming bayt ortug’roq-o’ksukroqkim, o’zlari jam’ qilib erdilar, bag’oyat mashhur bo’lib erdi». Bu devonni shoirning 24-25 yoshlik davrida hattotlar sultoni laqabini olgan Sultonali Mashhadiy ko’chirgan. Ushbu devon “Ilk devon” nomi bilan yuritiladi.
A. Navoiy o’zi tuzgan birinchi rasmiy devonini “Badoe ul- bidoya” (Go’zallikning boshlanishi) deb nomlagan. Ushbu devon Husayn Boyqaroning topshirig’i bilan tuzilgan.
Ikkinchi rasmiy devonini A. Navoiy “Navodir un- nihoya” (Nodir tugallanish yoki Go’zal nodirliklar) deb atadi.1480-1487 yillar oralig’da tuzilgan bu devonga shoir barcha o’zbekcha she’rlarini kiritdi.
Alisher Navoiy lirikasi o’rta asrlar o’zbek lirikasining eng yuksak bosqichini tashkil etadi. Ulug’ shoir o’zigacha rivojlanib kelgan lirik she’riyatni mavzu, g’oya, vazn va badiiy uslub jihatlarini ulkan mehnat va mahorat bilan misli ko’rilmagan darajada takomillashtirdi. Alisher Navoiy lirik merosida qadim turkiy she’riyat hamda fors-tojik adabiyoti tajribalari uyg’un ravishda mujassamlashdi.
Navoiy turkiy va forsiy tillarda birday mahorat bilan qalam tebratgan zabardast zullisonayn shoir edi Ammo turkiy tilda she’r bitishda hech kim Navoiydek kamolot qozonmagan. Shoirning piri va ustozi Abdurahmon Jomiy o’zining «Bahoriston» asarida Navoiyning nodir iste’dodiga, zullisonaynlik salohiyatiga tahsinlar aytadi hamda uning turkiy nazmidagi balog’atiga shunday baho beradi: «... ba on zabon besh az vay va beh az vay kase she’r naguftaast va gavhari nazm nasufta». Ya’ni, Jomiy aytmoqchiki, turkiy tilda hech kim Navoiydek ko’p va xo’p she’r aytmagan hamda nazm gavharlarini sochmagan edi.
Navoiyning «Orazin yopqach» so’zlari bilan boshlanadigan g’azaliga mavlono Lutfiy bergan bahodan kelib chiqadigan bo’lsak, shoir bu davrda 14—15 yoshlarda edi Demak, Alisher 1455—1456 yillardayoq shoir bo’lib yetishgan. Ma’lumki, Navoiy 1456—1464 yillarla Mashhadda yashagan. U yerdan Hirotga qaytganida esa o’z she’rlari bilan shuhrat qozongan 23 yoshlardagi navqiron yigit edi. Navoiyning o’zi 1465 -yili bir asarida: «iyhom yoki xosa ma’ni kabi nozik san’atlar bilan ziynatlanadigan she’rdan bir kunda yuz baytini bitish men uchun holva», deya faxrlangan edi.
Alisher Navoiy 1492—1498 yillar mobaynida oldingi rasmiy devonlariga kirgan va keyinchalik yaratilgan she’rlarini hamda, muayyan sabablarga ko’ra, avvalgi devonlariga kirmagan o’zbekcha she’rlarini jamlab, to’rt mustaqil devondan iborat lirik kulliyoti — «Xazoyin ul-maoniy» (Ma’nolar xazinasi)ni yaratdi. Ushbu lirik kulliyot ulug’ shoirning butun umri mobaynida yozgan, 16 lirik turga mansub ellik ming misradan ortiq qariyb hamma o’zbekcha she’rlarini qamrab oldi. Devon ichra devonlardan iborat ushbu kulliyot o’zbek adabiyotida devon yaratish san’atining eng oliy namunasi hisoblanadi. Shoir «Xazoyin ul-maoniy»ni tuzar ekan, umrni to’rt faslga bo’ladi. Yetti-sakkiz yoshdan yigirma yoshgacha bo’lgan davrni umr fasllarining navbahoriga, qiyg’os gullagan gulzoriga o’xshatadi va birinchi devonni «G’aroyib us-sig’ar» (Yoshlik g’aroyibotlari) deb ataydi.
Umrning yigitlik davrini shoir yigirmadan o’ttiz beshgacha deb belgilaydi, uni umr fasllarining yozi, yigitlik sarchashmasining hayotbaxshlik kasb etgan chog’i deb ataydi. Ikkinchi devonini «Navodirush-shabob» (Yigitlik nodirliklari) deb nomlaydi.
O’ttiz beshdan qirq besh yoshgacha bo’lgan davrni shoir umr fasllarining kuzi, tiriklik bog’ining xazonrezgisi deya belgilaydi hamda hayot mayxonasida ishq ilan shavq qadahidan sipqorilgan may nash’asidan vujudga kelgan asarlarini «Badoye ul-vasat» (O’rta yosh go’zalliklari) devonida mujassamlashtiradi.
Qirq besh yoshdan oltmish yoshgacha bo’lgan davrni Navoiy umr fasllarining qishi, kishining qartayib, zamon ahli bilan xayrbod qilish davri sifatida belgilaydi. Ishq dardi va ranjining umr oxirida ko’rsatgan natijalari, jonni o’rtovchi oh urmoq va jon topshirmoq kechinmalari bilan omuxta asarlarini maxsus devonda jamlab, unga «Favoyid ul-kibar» (Keksalik foydalari) deb nom beradi.
Shoir asarlarining bunday taqsimlanishi shartli va ramziy ma’nodadir. Uning yoshlik devonlarida qarilikda yozgan asarlari, qarilik devonlarida esa yoshlikda yaratgan asarlari uchrab turadi. Shoir umrining turli davrlarida turlicha miqdorda g’azal yozganligiga qaramay, «Xazoyin ul-maoniy»ning har bir devoniga baravar — 650 tadan g’azal kiritgan.
Alisher Navoiy umrining oxirlarida Foniy taxallusi bilan forsiy tilda yaratgan o’n ikki ming misradan ortiq she’rlarini to’plab, «Devoni Foniy» (Foniy devoni)ni yaratdi.
Alisher Navoiy lirikasining mavzu doirasi juda keng. Undagi eng yetakchi mavzu ishq-muhabbatdir. Sharq adabiyotida kuylanadigan ishq ikki turga ajratiladi: 1. Haqiqiy ishq. 2. Majoziy ishq.
Haqiqiy ishq deganda, vujudi mutlaqqa — yaratganga, Haqqa, Ollohga bo’lgan muhabbat tushuniladi. Majoziy ishq deganda esa, insonga, borliqqa bo’lgan muqabbat anglashiladi. Majoz, shartli ravishda, biron-bir narsaning o’z — haqiqiy ma’nosini emas, balki boshqa biron narsaga ko’chgan — ko’chma ma’nosini bildiradi. Haqiqiy ishq — Olloh muhabbati ekan, mana shu ishqning Olloh yaratgan mavjudotlarga, jumladan, insonga ko’chirilgan shakli majoziy ishq demakdir. Chunki tasavvuf dunyoqarashiga ko’ra, Olloh bu dunyo va undagi go’zal mavjudotni, ya’ni insonni o’z ishqi hamda barkamolligining ramzi sifatida yaratgan. Ollohdagi bor fazilatlar U yaratgan mo’jizalarda mujassamlashgan. Demak, insondagi go’zallikni, insonga muhabbatni kuylash majoziy ishqdir.
Mutafakkir Navoiy o’zining ishqqa falsafiy munosabatini quyidagicha bayon etadi:
Gar Navoiy yig’lasa, ishqing majoziydur dema,
Kim, nazar pok aylagach, ayni haqiqatdur majoz
Majozdin manga maqsud erur haqiqiy ishq,
Nedinki. ahli xaqiqatqa bu tariqat erur.
Majozdin chu haqiqatqa yo’l topar oshiq,
Qilur majozni nafy ulki behaqiqat erur
Navoiyning o’z e’tiroficha, majoziy ishqdan maqsad haqiqiy ishqni kuylamoqdir. Majoziy ishq orqali haqiqiy ishqni kuylash Navoiy singari haqiqat ahli uchun maxsus yo’l edi. Demak, Navoiy asarlarida tasvirlangan insonga muhabbat zamirida Ollohga muhabbat mujassamdir.
«Hayotda Navoiyning chinakam seviklisi bo’lganmi,Navoiy oila qurganmi?» degan savol shoir muxlislarini hamisha o’ylantirib keladi. Bir g’azalda shoir go’yo o’z avlodlariga atay javob bergandek yozgan:
Aylamang bekasligimni ta’n, bir kun bor edi
Menda ham bir nozanin, chobuksuvor, ey do’stlar
Shoir «Ey do’stlar, mening kimsasiz, yolg’iz yashaganimni ta’na malomat qilmanglar, Mening ham bir kun go’zal sevikli yorim bor edi», deya hayotda sevgan kishisi bo’lganini aniq e’tirof etgan.
Qalbi insonlarga mehr-muhabbat bilan to’lib-toshgan, ehtirosli, ulug’ shoirning o’z ko’ngil izhori uning dardi, iztiroblarini teranroq anglashimizga ko’mak beradi:
Yorsiz vayronda qon yig’larman, oxir, siz qiling
Yor birla gashti bog’u lolazor, ey do’stlar.
Shoirning «Yorsiz vayronda qon yig’lashi», do’stlarning esa «yor birla gashti bog’u lolazor» qilishi tengsiz va ziddiyatli bir holat. Do’stona mehr va g’amgusorlik bilan yor vaslini g’animat bilishga chorlayotgan axiysiyrat shoirning hayoliga bunday qarama-qarshi holat zohir bo’lishi kelmaydi. Navoiy o’zi benasib bo’lgan baxt elga nasib bo’lishini tilagan ulug’ xalqparvar siymo ekanligi lirikada ana shunday dardchil va kamtarona tajassum topgan.
Navoiy lirikasida ishq ichra tenglik falsafasi markaziy o’rinda turadi.
Oshiq o’lsa shohu ma’shuqi gado, bilkim, chekar
Ishq g’avg’osi ani xaylu sipah g’avg’osidin.
Navoiy nazdida, oshiq shoh-u uning ma’shuqi gado bo’lishi mumkin. Insonparvar shoir bundan hech bir nomuvofiq tengsizlik, ayb ko’rmaydi. Zotan, Navoiy nazmidagi gado obrazi bizning bugungi tasavvurimizdagi tilanchi emas, balki sofdil, halol, xokisor, mag’rur, adolatpesha, olihimmat oddiy inson. Shuning uchun podshohning shunday insonga muhabbat qo’yishi, Navoiy nazarida, faqatgina insoniy tenglik emas, hatto katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etadi. Baytda ifodalanganidek, «ishq g’avg’osi», ya’ni oshiq shohning gado ma’shuq mehr-shafqatiga muyassar bo’lish borasidagi intilishlari uni lashkar tortib urishish, istilochilik harakatlaridan cheklaydi. Baytda shohning gado bilan tengligi g’oyasidan ham ko’ra ishqning ulug’vor quvvatiga sig’inish tuyg’usi ustuvor turibdi.
Oldingi baytda ishq insonga o’zligini yengish, o’z axloqi, dunyoqarashi, maslagini o’zgartirishga loyiq iroda bag’ishlashi vasf etilgan bo’lsa, keyingi baytda ishq savdosi oldida oshiqning naqadar ojizligi ko’rsatiladi:
Oshiq o’lg’on ajdaho bo’lsa, zabum o’lmoq kerak,
Javr tortib ishq ko’yi mo’rining izosidin
Baytdan anglashilishicha, oshiq mavjudot, ajdahosifat odam yoxud qudratli, qahrli, yovuz ajdaho bo’lsa ham, boshiga ishq savdosi tushgach, shu qadar notavon va bechora holga aylanar ekanki, ishq ko’chasi, ya’ni ma’shuqa yashaydigan maskan chumolisi ozori yoki uyaltirishidan ham aziyat chekib, yengilar ekan. Ishq karomati ro’parasida chumoli zaifligi-yu ajdaho zo’ravonligi qayoqda qoldi? Albatta, bu ziddiyatli, mubolag’ali hamda shartli tasvir. Sharhlangan baytlardan chiqadigan ibratomuz hikmat shuki, ishq shunday ezgu xislatga ega ekanki, y bosqinchi shohni tinchlikparvar hukmdor, yovuz ajdahoni beozor jonzotga aylantirishi mumkin.
Mana bu misralarda kuylanayotgan g’oya haddi a’losiga ko’tariladi va shohbayt yaraladi:
Ishq aro shoh-u gado tengdur, gado balkim fuzun,
Gar gadolig’ aylar o’lsa ishqning yag’mosidmin.
Buni shohbayt deyishimizga bois shuki, unda oldingi satrlardagi fikrlar tadriji oliy nuqtaga ko’tarilgan. Unda Navoiy ijodiyotidagi ishq falsafasi, shoh va gado munosabatlari bahsining yakuni, xulosasi yaqqol aks etgan. Navoiy hech bir asarida bu baytdagichalik nuqtai nazarini «Ishq aro shoh-u gado tengdur» deya uzil-kesil, dangal, tushunarli, lo’nda ifodalamagan edi. Shunga qo’shimcha tarzda ulug’ mutafakkir «agar ishq torojiga uchrab, ishq va ma’shuqqa fidoyilik tufayli gadolik qiladigan bo’lsa, bunday gado shoh bilan tenggina emas, hatto shohdan ustun ham» degan g’oyani ilgari suradiki, bu Navoiyning ishqqa, shoh-u gadoga munosabati mavqeining eng mutaraqqiy nuqtasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |