Ko`pning duosini oldim. O`zingga shukur.
(SH.Xolmirzayev "Saylanma". I Toshkent 2003. 287-289-betlar)
Yuqoridagi nutq parchalaridan ko`rinib turibdiki, nutq shakllari turli-tuman xarakterda. Amerikalik tilshunos olim R.T.Bell fikricha, ijtimoiy tilshunoslikka ikki xil yondashuvni ko`rish mumkin. Birinchisi sof sotsiolingvistika bo`lib, unda gapiruvchi va tinglovchilar o`zaro nutq jarayonida munosabatda bo`ladi. Ikkinchisi esa - til sotsiologiyasi bo`lib, til tuzilishi bilan ijtimoiy tuzilishlarning ishoralar nazariyasi ichidagi integratsiyasidir. Bu yo`nalish tilshunoslikni boshqa ijtimoiy fanlar bilan qo`shib, til ishoralarining turli ijtimoiy hayot mazmunida ishlatilishi masalalarini o`rganadi. Birinchi yo`nalish mikrosotsiologiya deb nomlanib, uni asosan tilshunoslar, ikkinchisi esa makrosotsiologiya deb atalib, uni sotsiologlar o`rganadi.
Mikrosotsiolingvistikaning diqqat markazida kichik ijtimoiy guruhlarni tashkil etuvchi shaxs va guruhning boshqa a'zolari o`rtasidagi nutqiy hamkorlik munosabati bo`ladi. Makrosotsiolingvistikaning diqqat markazida esa bir sotsial guruh bilan ikkinchi bir sotsial guruh o`rtasidagi nutqiy muloqot yotadi. Mikro va makrosotsiolingvistikani bir-biridan ajratib bo`lmasligining asosiy sababi ham har qanday ijtimoiy guruh ayrim shaxslardan tashkil topgan bo`lishi bilan bog’liqdir. Har bir shaxs mazkur guruh uchun umumiy bo`lgan tildan foydalanadi va shu bilan birga o`ziga xos nutqiy xususiyatlarga ham ega bo`ladi. Bu xususiyatlar bir tomondan, shaxsning o`ziga xos psixologiyasiga, ikkinchi tomondan, bu shaxs a'zo bo`lgan kichik sotsial guruhning kasb-hunariga ham bog’liq. Demak bu guruhning o`ziga xos atama va jargonlari bo`lishi mumkin. Lekin bu guruhlar milliy hududning qayerida yashamasin, u mazkur milliy tilga aloqador bo`lsa, shu milliy til normasidan chiqib ketmaydi, balki milliy tilning bir ko`rinishida, variantida gapiradi. Tabiiyki, mikrosotsiolingvistika erishgan yutuqlar makrosotsiolingvistik tadqiqotlari uchun zamin vazifasini bajaradi.
G’arbiy Yevropa mamlakatlarida tilning ijtimoiy guruhga ko`ra o`zgarish xususiyatlari atroflicha tadqiq qilingan. Buni tilshunoslar tilning o`zgarish nazariyasi deb ataydilar. Tildagi o`zgarishlar, aytib o`tilganidek, tilning ichki jarayonlari va tashqi ta'sirlar asosida sodir bo`ladi. Tilning ichki o`zgarish jarayoniga tilshunoslik fanida "kompensatsiya qonuni" nomi bilan yuritiladigan hodisani misol qilib keltirish mumkin. Ushbu qonuniyatga ko`ra tilning biror qismida birorta o`zgarish ro`y bersa, bu o`zgarish tilning boshqa qismida ham o`z aksini topadi.
Til o`zgarishining tashqi omillari deganda, ko`proq tilning ishlatilishidagi ijtimoiy shart-sharoitlar nazarda tutiladi. Ma'lumki, tilning lug’at tarkibi mazkur tilda so`zlashuvchilarning barchasi uchun umumiy, tushunarli bo`lgan umummillat toifasidagi so`zlardan tashqari, millatning ijtimoiy guruhlanishi bilan bog’langan bo`lishi ham tabiiy. Millatning ijtimoiy guruhlariga genetik jihatdan ayrim sotsiumlar va aholining hudud belgisiga ko`ra ajralgan ayrim guruhlari bilan birga jamiyatdagi sinfiy tabaqalanishga, kasb-hunarga ko`ra ajralgan aholi guruhlari ham kiradi. Sotsial tabaqalar nutqidagi o`ziga xosliklar, guruhlardagi o`zaro muloqot xususiyatlari, turli guruhlar orasidagi aloqa bir vaqtda qanday so`zlar va grammatik konstruksiyalarning tanlanishi tilning ishlatilish turlarining paydo bo`lishiga olib keladi. Shu bilan birga bunday o`zgarishlar so`zlashuvchilarning yoshiga, jinsiga, ma'lumotiga, nutq sodir bo`layotgan muhitga ham bevosita aloqadordir.
Momo qizini chaqirdi, unga mayus tikilib, yig’ladi:
- Konsert ko`rsatdimmi? Nimalar dedim… Eslolmayman.
- Hozir tirikmisiz, enajon?
- Xudoga shukur… Bolam, taraddudingni ko`r, men ketaman endi.
- Enajon!
- Xo`p de, yolg’izim. Sezib turibman… qil ustida turganga o`xshayman… Bolaga o`xshab qoldimmi?
- Sal…
- Sal emas. Rahmatli enam ham shunaqa bo`lgan edi. Keyin o`lar chog’ida aytgan edilarki…
- Nimalar degan edilar?
- Odamzod hayoti oxirida … so`nish oldidagi shamga o`xshar emish. Odam o`lim ostonasida birdan kuch yig’ar ekan. Sham ham so`nish oldidan birdan alanga olib yonadi-ku! Keyin so`nadi…
- Enajon!
- Men xiyla aljib qoldim-a? Esim bor… Keyin juda bo`shashib ketdim, jin urdi-qo`ydi. Xayriyat, hozir es-hushim joyida.
(SH.Xolmirzayev)
Yuqorida ta'kidlanganidek, fan va texnika taraqqiyoti, xalqaro aloqalarning, savdo-sotiqning kengayib borishi, bir tomondan, ko`ptillilik, tillarda baynalminal so`zlar sonining oshib borishiga sabab bo`lsa, ikkinchi tomondan, mahalliy tillar bilan xalqaro tillar vazifasini o`tayotgan tillar o`rtasidagi to`qnashuvlarga, til chatishuvlariga kreollashtirish, pijinlashtirish sababdir. Bularning barchasi sotsiolingvistikaning zimmasidadir.
Jamiyatga til qanchalik zarur bo`lsa, tilga jamiyatning bo`lishi ham shunchalik zarurdir. Tilning mavqei, rivojlanishi uning muomalada bo`lishiga bog’liq. Til o`zining muloqot, bilish, ifoda vazifalarini bajarishi uchun uning o`z hududi, bu hududda yashovchi jamiyati, jamiyatning iqtisodiy bazasi bo`lmog’i lozim, zero bu hudud, sodir bo`layotgan barcha ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlar, ma'naviy va mafkuraviy siljishlar tilga o`z ta'sirini o`tkazmay qolmaydi. Til kishilar orasida asosiy muloqot vositasi bo`lishi bilan bir qatorda, xalqning hayotiy tajribasini, an'anasi, milliy xarakterini va hatto bilim darajasini aks ettiruvchi ko`zgudir. Millatning bu xususiyatlari o`zgaruvchandir, shuning uchun ularni o`zida aks ettiruvchi til ham doimo o`zgarib, yangilanib boradi.
Jamiyatda ko`ptillilik, qardosh va qardosh bo`lmagan tillarning bir-biriga ta'siri masalasi ham sotsiolingvistikada til va jamiyat munosabatlari doirasida o`rganiladi. Yana shuni alohida ta'kidlash lozimki, hozirgi davrda xorijiy tilni o`rganish iqtisodiy, siyosiy talabga aylanib bormoqda. Mamlakatlararo, millatlararo muloqot turlari kundan-kun ortib bormoqda. Har qanday sharoitda ham gapiruvchining til malakasi har bir muayyan vaziyatda til vositalaridan mazkur shart-sharoitga to`g’ri keladiganlarini tanlay bilishiga qarab belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |