(Sh. Xolmirzaev)
Daftar hoshiyasidagi bitiklar
Ushalmas orzu
Qaniydi, yoshligingda keksalardek donishmand, keksayganda yoshlardek baquvvat bo`lsang…
Aql va til
Goho aql qancha qisqa bo`lsa, til shuncha uzun bo`ladi…
Tuhfa emas
Mustaqillik berilmaydi. Mustaqillik olinadi!
Unutmang
Ona tilini unutmoq –o`z onasini unutmoq demakdir.
Vatan tuyg`usi
Qaysi yurtda non arzon bo`lsa, o`sha yerga ko`chib yuradigan odamda Vatan tuyg`usi bo`lmaydi.
Tanishuv
“Jiring-jiring!”
--Labbay, eshitaman.
--Allo, kim bu?
--Assalomu alaykum. Kechirasiz kim kerak sizga?
--Kim bu o`zi?
--Uzr, kimni chaqiray?
--Kim bu deb so`rayapman?
--Kim kerak axir?
--Sendan so`rayapman: kim san?
--E. Bor-e o`zing kimsan?
--Esh-sh-ak!
--Tanishganimdan xursandman, ammo bu yerda sizning qavmlaringiz yo`q. Xex!
“Tut-tut-tut…”
Shukr qilgan…
Bir sinfdoshim bor edi. Otasi “katta joy”da ishlar, badavlat yashashardi. Mahallada birinchi bo`lib televizor olishgandi. Sinfdoshim yaxshi o`qirdi. Yettinchi sinfni bitirgan kuni mototsiklli bo`ldi. Maktabni oltin medal bilan tugatdi.
Yillar o`tdi. Bir kuni ko`rishib qoldik.
-Ishlar qalay? –desam, Zarda bilan qo`l siltadi:
-Rasvo! Domlam o`lgudek maraz! Kandidatlik ishimni cho`zib yotibdi.
Yillar o`tdi. Tag`in ko`rishdik.
-Ishlar qalay?
-Rasvo! O`g`lim ko`p ichadi. Kecha yap-yangi mashinani pachag`ini chiqarib keldi!
Yillar o`tdi. Yana ko`rishdik.
-Ishlar qalay.
-Rasvo! Qizimning turmushi notinch. Qaynonasi yomon. Sudlashmoqchiman.
-Yillar o`tdi. Sinfdoshim betob deb eshitdim. Shifoxonaga borsam, rangi bir xolatda yotibdi.
-Ishlar qalay!
-Rasvo! Qand kasali degan palakat adoyi-tamom qildi. O`lib o`lmayman, tuzalib tuzalmayman!
Tavba, deb gapiray-ku, farishtalar omin, degan ekanmi, uzoqqa bormadi, bechora…
Yana bir sinfdoshim bor edi. Otasi urushdan yarim jon bo`lib qaytgan, to`kilib ketay deb turgan kulbada turishardi. Yaxshi o`qirdi. Lekin medalga “ilinmada”.
Yillar o`tdi. Bir kuni ko`rishib qoldik.
-ishlar qalay!
-Xudoga shukr, zo`rman! Mebel fabrikasida ishlayapman. Kunduzi duradgorlik qilaman. Kechasi uch kunda bir qorovulman. Yaqinda velosiped oldim.
Yillar o`tdi. Yana ko`rishdik.
-Ishlar qalay!
-Xudoga shukr zo`rman! Qizim farzand ko`rdi. Nevaramga beshik olishga ketyapman!
Yillar o`tdi. Sinfdoshim betob deb eshitdim. Xuddi o`sha, boshqa sinfdoshim yotgan shifoxonada ekan. Rangi bir xolatda.
-Ishlar qalay!
-Xudoga shukr, zo`rman. Buyrak jinday shamollabdi. Bergan dardiga shukr!
Yaqinda uni tag`in ko`rdim.
-Ishlar qalay!
Xudoga shukr, zo`rman! To`ng`ich nevaramning bo`yi cho`zilib qoldi. Xudo xohlasa, besh-olti yilda nevara kuyov ko`raman. To`yga borasan-a?!
Do'stlaringiz bilan baham: |