O`tirmoq:
1. Tik turmay, ketni biror joyga qo`yib, biror joyni ishg’ol etib o`rinlashmoq. Chordana qurib o`tirmoq. Cho`kka tushib o`tirmoq. Oyoq uzatib o`tirmoq. Ko`rpachada o`tirmoq. Palas sotsang, qo`shningga sot, bir chekkasida o`zing o`tirasan. Kech kirib cho`l qorong’uligi boshlangan, hamma jam bo`lib, katta chodir ichida, toshfonar yorug’ida choyxo`rlik qilib, u yoq-bu yoqdan gaplashib o`tirardi (S.Ahmad. "Ufq").
2. O`tirib qilinadigan ish-harakatni bajarishga boshlamoq, kirishmoq. Ovqatga o`tirmoq. Darsga o`tirmoq.
3. Biror yoqqa borish uchun transport vositasiga tushmoq, minmoq. Samolyotga o`tirmoq. Tramvayga o`tirmoq.
4. So`zlashuv nutqida. Biror lavozimni egallamoq, … bo`lib ishlamoq, tayinlanmoq. U dekan bo`lib o`tiribdi. U raislik lavozimiga o`tirdi.
5. So`zlashuv nutqida. Biror joyda ma'lum vaqt bo`lmoq, turmoq, qolmoq. Uyda o`tirmoq, jamoat ishiga qatnashmasdan, uy ishi bilan shug’ullanmoq. Biror joyda uzoq yoki doimiy yashamoq, turmoq. Bu kvartirada kim o`tiribdi? O`n yil ularga qo`shni bo`lib o`tirdik.
6. Ozodlikdan yoki erkin harakat qilish huquqidan mahrum bo`lmoq, qamalmoq. Turmada o`tirmoq. Zindonda o`tirmoq. Sho`xligi boshiga yetib, bir-ikki yil o`tirib ham chiqibdi.
7. Inmoq, yopishmoq, o`rnamoq. Kitoblarga chang o`tiribdi. Yigitning uzoqqina yo`ldan kelganligi uning kiprik va qoshlariga ham endigina chiqa boshlagan saqol-murtlariga o`tirgan to`zonlardan belgili edi (A.Qodiriy).
8. So`zlashuv nutqida. Mos bo`lib tushmoq: yarashmoq. Bu kostyum sizga juda o`tirdi. Oyog’idagi qizil saxtiyon etigi o`ziga juda o`tirgan (SH.Toshmatov).
9. Xush kelmoq, yoqmoq. Inspektor Orif Saidov uning didiga o`tirmay qolgan (A.Muhiddin).
10. Ma'noni ta'kidlash, diqqatni jalb qilish. Kap-katta bola choynakni sindirib o`tiribdi-ya. Arzimagan gapga arazlab o`tiribsanmi? - Be! Biz nimani tushunamiz? Tushunsak sizdan so`rab o`tirarmidik. - Bu kishi hidlab o`tirmaydi, to`g’ri yeydi - qo`yadi, - dedi (A.Qahhor. O`TIL. Moskva.1981. 518-519-betlar). Yana qiyoslang: - Sengayam sochini tarab o`tirgan bir qiz chiqar axir? - Yo`-o`q, bu menga o`tirmaydi, Bodom. Suvning kechuviga yetib, xarsang toshga o`tirdi va allaqanday alanglagan ko`z bilan atrofni tomosha qila boshladi (SH.Xolmirzayev).
Yuqorida "o`tirmoq" fe'lining yozuvda bir xil ko`rinishda bo`lsa-da, uning matndagi anglashilgan ma'nolari turlicha bo`lib, bu faqat nutq jaroyonidagina reallashadi. Taniqli yozuvchi Shukur Xolmirzayevning 1966 yilda yozilgan "Sirli militsioner" hikoyasidagi oddiy bir mehnatkashning quyidagi nutqiga e'tibor bering.
- Biz … iskaladga qorovul, - javob berdi mezbon … .
- E, uni aytasizmi? Lekin, milisa bobo, tipovoydan bizgayam birovini beramiz deyishgandi. Kampir ko`nmadi, yurtga boramiz, deb. O`zlarining lekin uchastka sog’anini bilmayman. Tepamda xudo bor, Yolg’on gapiralmayman! …
… magazinga keldi. Qorovulxonada odam ko`rinardi. Militsioner budkaga yaqinlashdi.
Ha, men o`rtoq To`rayevman! Katta bo`p qopsiz-da, ah zamnachalnik bo`psizda? Tuzuk, tuzuk. Sen zamnachalnik bo`lsang, men direktorman… Nima deysan? - Deya burildi director.
(SH.Xolmirzayev).
Darhaqiqat, sobiq sho`rolar hukmron bo`lgan davrda til siyosati milliy tillarda nutqning chegaralanib qolishi, hatto uning turli uslublarining yo`qola borishi ko`zga tashlangan edi. Ushbu holatlarni o`z vaqtida payqagan buyuk adib A.Qahhor, jumladan, quyidagilarni yozgan edi:
"Juda boy, chiroyli tilimiz bor. Bu tilda ifoda etib bo`lmaydigan fikr, tuyg’u, holat yo`q!.."
Afsuski, radiomiz ko`pincha xalq bilan mana shu boy, chiroyli, purqudrat tilda gaplashmaydi: Odamlar borki, bisotidagi bir hovuch so`zni aylantirib, oyligini olaveradi… Mana shunaqa odamlarning dangasaligi yoki farosatsizligi, chalamulla olimlarning "ilmiy faoliyati" oqibatida shunday bir til vujudga kelganki, na muomalada, na oilada, na suhbatda hech kim bu tilda gapirmaydi, na oshiq-ma'shuqasiga, na ota bolasiga, na bola onasiga bu tilda xat yozadi. Radio xodimlarining o`zlari ham bu tilda o`zaro gaplashmaydi. Bu tilni faqat marofon ko`taradi. Bunga faqat mikrofon toqat qiladi.
Bizning matbuot va radio tili nima uchun kundan-kun xalq tilidan uzoqlashib borayotibdi? Nima uchun tilimizning qonun-qoidalari buzilayotibdi? Nima uchun ko`cha harakati qoidalarini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi… Ba'zan raislar, brigadirlar mikrofonga chiqariladi. Ularning qo`liga no`noq jurnalist yozgan matnni berib, shuni o`qishga majbur qilishadi: Rais: - "KPSSning fevral pleniumidan ilhomlangan kolxozimizning kolxozchilari chigit ekish planini sharaf bilan bajardilar va o`zlarining imkoniyatlarini hisobga olib qo`shimcha majburiyat olmoqdalar". Brigadir: - "KPSSning mart plenumidan ilhomlangan brigada a'zolari 90 gektar yerning har gektaridan 50 sentnerdan paxta hosili olib, planni sharaf bilan bajardilar va o`zlarining imkoniyatlarini hisobga olib…" Bunda rais yo brigadirning tovushi bor xolos, gapi yo`q (A.Qahhor. t.v. 211-212-betlar).
Vaholanki, Navoiyning o`z asarlarida o`zbek tilining leksik boyliklaridan, sinonim va omonimlaridan, xalq ta'biri, maqol va matallaridan, frazeologik, ideomatik birikmalaridan, jumla tuzilishidan keng foydalanganligi, bularni ma'lum qolipda, sistemaga solganligi barchaga ayon. Navoiy tilni qotib qolgan, o`zgarmas bir narsa deb hisoblamagan. Tilning muntazam ravishda o`sishini, rivojlanishini va har doim jamiyatning ehtiyojiga muvofiqlashib borishini hamda tillarning o`zaro aloqada bo`lib, bir-biri bilan chatishishini e'tirof etadi (N.M.Mallayev 561-b).
Tabiiyki, til, asosan, o`z imkoniyatlari orqali rivojlanadi. Shu bilan birga, o`zaro iqtisodiy, madaniy aloqalar tufayli chetdan so`z olish va o`zlashtirish dunyodagi barcha tillarga xos xususiyatdir. Bu jarayon o`zbek tili uchun ham begona emas. Mustaqillik, istiqlol tufayli mamlakatimiz dunyo hamjamiyatiga qo`shildi, natijada iqtisodiy va siyosiy aloqalar beqiyos darajada o`sib bormoqda.
Bunday aloqalar tufayli tilimizga turli tushunchalar va uning ifodasi sifatida terminlar kirib kelishi natijasida o`zbek tilining ham boyib borishi tabiiy holdir. Odatda, yangi predmet va u haqidagi tushuncha hamda uni ifoda etuvchi so`z biror mamlakatda paydo bo`ladi. Ana shu tushuncha va uni anglatuvchi so`zni boshqa mamlakat fani va amaliyotida qo`llash zaruriyati kelib chiqadi. Masalan, 1999-yil may oyi boshida o`zbekcha kurash bo`yicha jahon chempionati bo`lib o`tdi. Natijada milliy kurashimizga oid kurash, yonbosh, chala, halol, g’irrom kabi tushunchalar va ularning nomi jahon sport terminologiyasiga kirdi.
Xullas, jamiyat, jamiyatdagi til siyosati, so`zlovchi va tinglovchi saviyasining rivoji nutqqa o`z ta'sirini o`tkazib, uning rivoji uchun xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |