XALIFALIK DAVRLARI Madinaturrasul sallollohu alayhi vassallam to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Hamma yoqda beboshlik yuz bergani kabi odamlar hech narsani anglamas, hamma hushidan ajralgan kabi hayajonda edi. Bir tunda kishilar Ali ibni Abu Tolibning oldilariga xalifalik vazifasini yuklash uchun bordilar. Lekin hazrati Ali xalifalikdan butunlay voz kechgan, hech qanday mansabni xohlamas edilar. Shuning uchun kelgan odamlarga qarab: «Sizlar boshqa kishini ixtiyor etinglar, meni tinch qo‘yinglar, kimni saylasangiz saylangiz, men birinchi bo‘lib o‘shanga bay'at berurman. Zero, meni yaxshi vazir bo‘moqligim, xalifa bo‘lishimdan ko‘ra afzalroqdur», dedilar. Biroq kelgan kishilar o‘z so‘zlarida mahkam turib u kishini qattiq qistab iltimos qildilar. Ular hadeb qistayverganliklaridan keyin hazrati Ali bir nima deyishga hayron bo‘lib: «Unday bo‘lsa masjidga boringlar va u yerda to‘planib, yaxshilab o‘zaro kengashib ko‘ringlar, sizlarga yana takror aytamanki, vazir bo‘lib turganim, amir bo‘lishimdan ko‘ra yaxshiroq», dedilar. Lekin ular qichqirishib qattiq turgan holda «Sen bizni rozi qilasan» dedilar. Shu payt Qufa boshliklaridan biri bulgan Ashtar ibni Xoris o‘rnidan turib: «Ollohga qasamki qo‘lingni cho‘zasan, bay'at aytamiz, yo bo‘lmasa ko‘zingni tepasidan uchinchi ko‘z chiqarasan» deb sayxa tortdi. Bunga javoban hazrati Ali xotirjamlik bilan: «Meni o‘z holimga qo‘yinglar, mendan boshqa bir odamni qidirib topinglar. Ey odamlar, kelajakda aql ishonmaydigan turli fitnalar, yuz tuman qiyinchiliklar bo‘lishligi kutilib turibdi», dedilar. Biroq odamlar bo‘lib o‘tgan fitna voqeasini eslariga solib turib «xudodan qo‘rqmaysizmi?» deyishdi. Ali ancha o‘ylanganlaridan keyin xotirjamlik bilan ularga rad javobini berdilar. Keyin ularga qarab: «Ogoh bo‘linglar va yaxshi bilib qo‘yinglarki, agar sizlarga xo‘p, deb vazifani ustimga olsam unda achchig‘imdan o‘zim bilmagan holda sizlarni qattiq koyib qo‘yaman. Agar meni bu ishni qabul qilishga majbur etmasangizlar, boshqa kimni saylasangiz men o‘shanga sizlarning birinchingiz sifatida quloq solaveraman, itoat etaveraman», dedilar. Odamlar hazrati Alining gaplarini eshitib bo‘lib: «Biz sizga toki bay'at bermay turib ajralib ketmaymiz», dsya qichqirdilar. Hazrati Ali ularni juda ham ustuvor turganliklarini ko‘rib: «Agar shunday qilish kerak bo‘lsa, masjidga kiringlar. Agar menga bay'at beradigan bo‘lsangizlar, mening bay'atim maxfiy suratda bo‘lmasun. Butun musulmonlarning roziliklarida ado topsun. Xalqning ichida oshkora suratda amalga oshirilsun», dedilar. Kishilar ertaga ertalab masjidda ko‘rishishga kelishib olishgandan so‘nggina tarqalib ketishdi. Ertasiga tongda hazrati Ali masjidga kirdilar va minbarga ko‘tarilib odamlarga qaradilar-da ohista tovushda so‘z boshladilar: «Kecha sizlar bilan o‘zicha hal qilishga hech kimning haqqi bo‘lmasdan bir ishga kelishib ajralgan edik, agar hohlasangiz bugun o‘sha ishni sizlarinng ixtiyoringizga qayta topshiraman».
Do'stlaringiz bilan baham: |