Aldangan Ayselning tavbasi.
Xolid Erto’g’rul
BIRINCHI BO’LIM
Alamli bolalik yillarim
"Birin-ketin butun oila azo'larimni yo'qotdim. Falokat ustiga falokat yog'ilar edi. Dunyoda
yakkayu yolg'iz qolgandim go'yo. Mehribon va tirgak bo'ladigan biror kishim yo'q edi.
Men uchun yagona tasalli ko'z yoshlarim edi. Oldinda hayotning og'ir kulfatlari kutib
yotardi..."
Qayg'uli maktub
Ramazon oyi. Xonamdagi jimjitlikni xiqqilashlarim buzardi. Necha soatlardan buyon stol
yonida ko'z yosh to'kardim. O'qiganim uzundan uzoq maktubning har bir so'zi go'yo
ichimni yoqar, yuragimni dog'lardi. Butun o'y-hayollarimni ostin-ustun qilgandi bu
maktub.
Muxlislarimdan har kuni son-sanoqsiz maktub olaman. Har bir maktub ayri bir qayg'uni,
ayri bir mushkulot, ayri bir xursandchilikni xabarchisi edi. Ba'zisidan yordam va dalda
ovozlari yuksalar, ba'zilaridan shirin bir mujda eshitilar, ba'zilarida esa har xil
muammolarga yeshim so'ralardi. Umuman, barcha maktublar samimiy salom bilan
boshlanib, yaxshi duolar bilam yakunlanardi.
Bu maktub esa bulardan farqli o'laroq, har bir harfi ko'z yoshlar, faryod va alam bilan
bezalgan edi. Shunchalar og'ir dard hasratga to'la ediki, “bir inson buncha azobni
qanday yenga oldiykin?”, deya ajablanardim. Bu maktub egasiga go'yoki yuzlab qassob
qo'llarida o'tkir pichoqlar bilan hamla qilayotgandek tuyulardi.
Har turli insonlar, oilalar, tarbiyachilar, rahbarlarning maktublarni o'qib bitirdim.
Nihoyat, shu maktubni tugatar ekanman, bola kabi yig'lashga tushdim.
Xiqqilashlarimni eshitgan xotinim yonimga keldi. Qrashimdagi maktublarni ko'rib:
- Yana shularmi? - deya so'radi.
- Ha, - dedim. Ammo bu galgisi juda boshqacha ekan.
Xotinim uni qo'liga oldi. kelgan maktublarni bizni dardkash do'stlarimiz edi. Maktublar
qayg'uli, iztirobli bo'lsa, birga ko'z yosh to'kamiz, sevinchli bo'lsa, birga shodlanar va
baxtiyor bo'lardik.
Maktubda:"Yagona choram qoldi, u ham bo'lsa, o'zimni o'zim o'ldirib qutulish",
deyilgandi. "Bu dunyoda iflos, gunohkor va ortiqchaligimni his qildim. Poklanish uchun
o'lishim kerak. Men uchun yashashdan va umid qilishdan boshqa narsa qolmagani uchun
shunday qilmoqchiman".
Maktub shunday umidsiz boshlangandi. Ammo juda ibratli va hayratlantiruvchi bir
shaklda yakunlangandi.
Hayoti azoblar ichida o'tgan yosh qizning o'lim to'shagida yozgan bu ibratli maktubini
o'qishda davom etdim.
- Hurmatli Ertug'rul bey, - deya murojaat qilgandi u.
Ushbu maktubimni xush ko'ring. Chunki buni o'lim to'shagida yozyapman. O'lim
to'shagidagi insonni qanchalar qayg'u ichida, muvozanatsiz bo'lishini yaxshi bilasiz.
Jumlalarim uzuq yuluq, yozuvlarim egri bugri. Zero, bu maktubni adabiyot asari bo'lishi
uchun yozayotganim yo'q.
Maqsadim shuki, insonlar buni o'qib, o'zlaridan uyalishsin, ko'chalarda qarovsiz qolgan
kishilarga odamdek munosabatda bo'lishsin. Men hamma narsamni - butun pokligimni,
rostgo'yligimni, o'zligimni yo'qotdim. Hamma yaxshi narsalarimni tortib olishdi. Endi
o'zimdan ham, boshqa narsalardan ham uyalaman. Bu hayot boshqa birovda
takrorlanishini xohlamayman. Shuning uchun bu maktubni yozdim.
Men sog'lom odam emasman. O'limimga oldindan rozi bo'lganman. Bu ishni o'zim bir
daqiqa bo'lsa ham oldin tugatmoqchi edim. Xullas, ortiqcha bir inson o'limni
tanlamoqchi. Bu nopok odamning chor-atrofni kirlatishga hech ham haqqi yo'q...