II BOB. TAJRIBA QISMI
2.1. Alangali fotometriyada ishlatiladigan asboblar
Alangali fotometriyada ishlatiladigan asboblar.
Alangali fotometriyada ikki xil turdagi asboblar ishlatiladi:
Alangali fotometrlar;
Alangali spektrofotometrlar.
Alangali fotometrlarda alanganing nur chiqarish spektrlaridagi kerakli spektr chiziqlar yoki polosalarni absorbtsion yoki interferentsion yorug’lik filtrlari, alangali spektrofotometrlarda esa difraktsion monoxromatorlar yordamida ajratiladi. Fotometrlar asosan oson qo’zg’aluvchan holatga o’tadigan ishqoriy – yer elementlarining atomlarini aniqlashda ishlatiladi. Alangali fotometrlarning aniqlash doirasi juda katta emas, ammo tuzilishi va ishlatilishi juda oddiy va oson, hamda narxi arzondir. Alangali spektrofotometrlarning esa aniqlash darajasi juda katta, D.I.Mendeleevning kimyoviy davriy sistemasidagi qariyb hamma elementlarni aniqlash mumkin.
Alangali fotometrlar tuzilishi jihatidan bir – biridan turlichaligi bilan farq qiladi.
Biroq tuzilishi turlicha bo’lishidan qat‘iy nazar ular to’rtta asosiy quyidagi qismlardan iborat:
gorelka purkagichi;
alangadan chiqayotgan yo’naltirilgan nurlar dastasini hosil qilish imkonini beruvchi va undan kerakli to’lqin uzunlikdagi monoxromatik nurni ajratuvchi optik qism;
fotoelement ko’paytirgichi;
galvanometr.
Emission spektral analiz usullari gazsimon holatdagi moddalarning atomlari yoki ionlari tarqatadigan nurning to’lqin uzunligi, intensivligi va boshqa xossalarini o’lchashga asoslangan. Modda nur tarqatishi uchun unga qo’shimcha energiya berish talab qilinadi. Bunda tekshiriluvchi moddaning atomlari va molekulalari qug’atilgan holatga o’tadi. Ular dastlabki holatiga o’tganda ortiqcha energiyani nur tarzida chiqaradi. Qattiq jismlar yoki suyuqliklar tomonidan tarqatiluvchi nurning xususiyati odatda moddalarning kimyoviy tarkibiga deyarli bog’liq bo’lmaydi va shuning uchun analizda unga asoslanib xulosa chiqarib bo’lmaydi. Gazlarning nur tarqatishi esa butunlay boshqacha yo’sinda va tekshiriluvchi namunaning tarkibiga bog’liq bo’ladi. Shu sababli emission analizda moddani qo’zg’atishdan oldin uni bug’ holatiga o’tkazish kerak. Namunani yorug’lik manbaiga kiritib bug’latiladi va qo’zg’atiladi. Yorug’lik manbalari sifatida yuqori temperaturali alanga yoki turlicha xil elektr zaryadlardan: elektr yoy, uchqun va b. foydalaniladi.
Yorug’lik manbalaridagi yuqori temperatura (minglab va o’nminglab gradus) ta‘sirida ko’pchilik moddalarning molekulalari atomlarga parchalanadi. Shuning uchun emission usullar asosan atom analizi uchun va kamdan – kam hollarda molekula analizi uchun xizmat qiladi. Yorug’lik manbaining nurlanishi namunada ishtirok etuvchi barcha elementlar atomlarining nurlanishidan yig’iladi. Analiz uchun har bir elementning nurlanishini alohida o’rganish kerak. Bunga optik spektral asboblar vositasida erishiladi. Ularda to’lqin uzunligi to’g’risidagi yorug’lik nurlari bir – biridan fazoda ajratiladi. Yorug’lik manbaining to’lqin uzunliklari boyicha ajratilgan nurlanishi spektr deb ataladi.
Spektral apparatlarda asbobga tushuvchi yorug’likning bir to’lqin uzunlikdagi tebranishlari bitta chiziqni hosil qiladi. Yorug’lik manbaining nurlanishida turli uzunlikdagi nechta to’lqin ishtirok etgan bo’lsa, spektral asbobda shuncha chiziq hosil bo’ladi.
Emission spektral analiz atom va molekulalarning nurlanish spektrlari boyicha moddaning kimyoviy tarkibini sifat va miqdoriy jihatdan aniqlash usulidir.
Atomlarning nurlanish spektrlari maxsus optik asboblarda, tekshiriluvchi namunalarni gaz alangasi, elektr yoyi va yuqori voltli uchqunda yuqori temperaturalarda yondirib kuzatiladi. Namunalar yondirilganda tekshiriluvchi moddalar bug’lanadi va atom hamda ionlarga dissotsilanadi. Bunda ular qo’zg’atilgan holatda bo’lib, ma‘lum to’lqin uzunligidagi o’ziga xos chiziqlarga ega bo’lgan nurlanish spektrlarini hosil qiladi. Namunalar spektridagi bu chiziqlarni o’rganish ularning sifat tarkiblarini aniqlash imkonini beradi
Emission spektral analizning turlari. Emission spektral analiz quyidagi turlarga bo’linadi:
Vizual analiz. Namunadagi komponentlarning sifat va miqdoriy tarkibi ko’rinuvchi spektrni bevosita kuzatish yoki turli o’zgartkichlar yordamida ko’zga ko’rinmaydigan nurlanishni ko’rinuvchi holatga o’tkazib kuzatish orqali aniqlanadi.
Fotografik atom – emission spektral analizda spektr fotoplastinka yoki plyonkaga tushiriladi va so’ngra sifat analizi qilinganda spetroproektorda ko’riladi. Miqdoriy analizlarda esa mikrofotometrlar vositasida aniqlanadi. Bunda chiziqlarning nisbiy intensivligi va namunadagi elementlarning kontsentratsiyalari orasidagi bog’lanish aniqlanadi.
Fotoelektrik analizda modda miqdori alohida spektr iziqlari bilan nurlantiriluvchi ikkita priyomnikning (analitik juft) fototoklarini taqqoslash orqali aniqlanadi. Bunda natija o’lchov asbobining shkalasida darhol ko’rinadi yoki o’zi yozar moslamaning lentasida yozuv tarzida olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |