„Surat al-Arz“ asari
Ptolemeyning jahon xaritasi 15-asr versiyasi Ptolemeyning Geografiyasiga taqqoslash uchun.
Xorazmiy yunon olimi Ptolemeydan keyin yashagan buyuk geograflardan birinchisi sanaladi. Uning „Surat alArz“ asari (boshqa nomi „Al-Xorazm geografiyasi“, toʻliq nomi Ptolemey taklif etgan „Geografiya“ kitobidan Abu Jaʼfar Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiy taskin etgan Yer surati – shaharlar, togʻlar, dengizlar, orollar va daryolar kitobi") fan tarixidagi muhim manbalardan biridir. Kitob Ptolemeyning „Geografiya“si asosida yozilgan boʻlsada, shunchaki sharh emas, balki mustaqil asar hisoblanadi. Unda birinchi marta Yer sirtini yetti iqlimga boʻlish ilmiy yondashuv bilan, iqlimlarning geografik kattaliklari asosida berilgan hamda 2402 geografik obʼyekt haqida maʼlumotlar, xususan, ularning kengligi va uzunligi keltirilgan (bu maʼlumotlarning koʻpchiligi Ptolemey „Geografiya“ sida berilmagan). Xususan, Xorazmiy geografiya tarixida birinchi marta Tinch okeanini tilga oladi. U oʻzi yashagan joylardan juda uzoqdagi boshqa obʼyektlar: Atlantika va Hind okeanlaridagi orollar, jumladan, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Sarandib (Shri Lanka) joylashuvini toʻgʻri tasvirlaydi. Kitobda tasvirlangan xaritalar xaritagrafiya tarixida muhim oʻrin tutadi. Bu kitob 12-asrdayoq, lotin tiliga tarjima qilingan va geografiya fani rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan.
Xorazmiyning „Kitob attarix“ (Xorazmiy „Tarix“i) asarida Muhammad (as) hayoti bilan bogʻliq sanalar, islom tarixidagi muhorabalar, Quyosh tutilishlari, 713-yil 10-martda Antioxiya shahrida yuz bergan dahshatli zilzila, xalifalikdagi siyosiy hodisalar qayd etilgan. Afsuski, bu asar bizgacha yetib kelmagan. Lekin undan olingan koʻchirmalar juda koʻp tarixnavis olimlar (Beruniy, Yoqut Rumiy, Yaʼqubiy, Elias Bar Shinoyi, Hamza Isfahoniy, At-Tabariy, Al-Masʼudiy va boshqalar) kitoblarida uchraydi. Bundan koʻrinadiki, Xorazmiyning „Tarix“i uz davrida mashxur boʻlgan va keng tarqalgan. Asar usha davrning boshqa tarixchilar yozgan kitoblaridan voqealarni aniq qayd etilishi bilan ajralib turadi.
Ahmad al-Fargʻoniy astrolyabiyaga oid asarida Xorazmiyga tegishli sfera geometriyasi haqidagi asarni eslatadi, ammo u hozirgacha topilmagan. Xorazmiy fanning beshdan ortiq sohasini fundamental yangiliklari bilan boyitgani sababli fan tarixidagi ilk qomusiy olim deb sanalishga haqli. Xorazmiy boshlagan bu anʼana keyinchalik Ibn Sino, Beruniy, Leonardo da Vinchi, Leybnits, Lomonosov, Franklin kabi olimlar tomonidan davom ettirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |