19-modda. Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish
Jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) aksiyalarning nominal qiymatini kamaytirish yoki aksiyalarning umumiy sonini qisqartirish yo‘li bilan, shu jumladan aksiyalarning bir qismini keyinchalik bekor qilgan holda jamiyat tomonidan aksiyalarni olish yo‘li bilan kamaytirilishi mumkin.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) aksiyalarning bir qismini olish va bekor qilish yo‘li bilan kamaytirishga, agar bunday imkoniyat jamiyatning ustavida nazarda tutilgan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(19-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risidagi va jamiyat ustaviga tegishli o‘zgartishlar kiritish haqidagi qarorlar aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinayotganda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish sabablarini ko‘rsatadi va uni kamaytirish tartibini belgilaydi.
20-modda. Jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) miqdori kamaytirilganligi to‘g‘risida kreditorlarni xabardor qilish
Jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay o‘z kreditorlarini bu haqda yozma shaklda xabardor qiladi. Kreditorlar jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida o‘zlariga bildirish yuborilgan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay jamiyatdan o‘z majburiyatlarini muddatidan oldin bajarishini va ustav fondi (ustav kapitali) kamaytirilishi bilan bog‘liq zararlarning o‘rnini qoplashini talab qilishga haqli.
21-modda. Jamiyatning aksiyalari
Aksiyalar egasining nomi yozilgan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar bo‘lib, ular turiga ko‘ra oddiy va imtiyozli bo‘lishi mumkin.
Aksiya bo‘linmasdir. Agar aksiya umumiy mulk huquqi asosida bir nechta shaxsga tegishli bo‘lsa, bu shaxslarning barchasi bir aksiyador deb e’tirof etiladi va aksiya bilan tasdiqlangan huquqlardan o‘zlarining umumiy vakili orqali foydalanadi.
Bir turdagi aksiya unga egalik qiluvchi har bir aksiyadorga shu turdagi aksiyalarning boshqa egalari bilan bir xil bo‘lgan hajmdagi huquqlarni beradi.
Oddiy aksiyalarni imtiyozli aksiyalarga, korporativ obligatsiyalarga va boshqa qimmatli qog‘ozlarga ayirboshlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Aksiyalar mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida qaysi yuridik yoki jismoniy shaxsga tegishli bo‘lsa, o‘sha yuridik yoxud jismoniy shaxs aksiyaning egasi — aksiyador deb e’tirof etiladi.
Oddiy aksiyalar ovoz beruvchi aksiyalar bo‘lib, ular o‘z egasiga dividendlar olish, jamiyatni boshqarishda ishtirok etish huquqini beradi.
O‘z egalariga dividendlarni, shuningdek jamiyat tugatilayotganda aksiyalarga qo‘yilgan mablag‘larni birinchi navbatda olish huquqini beradigan aksiyalar imtiyozli aksiyalardir. Imtiyozli aksiyalar o‘z egalariga jamiyat foyda ko‘rish-ko‘rmasligidan qat’i nazar, muayyan dividendlar olish huquqini beradi.
Aksiyaning egasi bo‘lgan aksiyadorga ovozga qo‘yilgan masalani hal etishda ovoz berish huquqini beradigan oddiy yoki imtiyozli aksiya jamiyatning ovoz beruvchi aksiyasidir.
Chiqariladigan aksiyalarning turlari, ularni joylashtirish, ular bo‘yicha dividendlar to‘lash tartibi jamiyat ustavida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(22-modda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 29-martdagi O‘RQ-760-sonli Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.03.2022-y., 03/22/760/0249-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |