34-modda. Aksiyalarni va boshqa qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish narxi
Jamiyatni ta’sis etishda uning aksiyalari haqini to‘lash jamiyat muassislari tomonidan aksiyalarning nominal qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Aksiyalarni joylashtirish, shu jumladan aksiyadorlar o‘rtasida joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishda aksiyalarni joylashtirish (tashkil etilgan qimmatli qog‘ozlar savdolariga chiqarish) narxi jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi yoki kuzatuv kengashi tomonidan, agar jamiyat ustaviga yoki aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi qaroriga muvofiq kuzatuv kengashiga bunday vakolat berilgan bo‘lsa, qimmatli qog‘ozlar savdosi tashkilotchilarining savdo maydonchalarida vujudga kelayotgan narxlar konyunkturasidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
(34-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 29-oktabrdagi O‘RQ-726-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 03/21/726/1001-son — 2022-yil 31-yanvardan kuchga kiradi)
Jamiyatning qo‘shimcha aksiyalari va boshqa qimmatli qog‘ozlarini joylashtirish chog‘ida ularga haq to‘lash ularni chiqarish to‘g‘risidagi qarorda belgilanganidan kam bo‘lmagan narx bo‘yicha amalga oshiriladi.
Jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) ko‘paytirilayotganda jamiyatning qo‘shimcha aksiyalariga uning o‘z kapitali hisobidan, shuningdek haqini qo‘shimcha aksiyalar bilan to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilingan dividendlar hisobidan haq to‘langan taqdirda, bunday aksiyalarni joylashtirish jamiyat aksiyalarining nominal qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi.
35-modda. Aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishda aksiyadorlarning huquqlarini ta’minlash
Oldingi tahrirga qarang.
Jamiyat tomonidan aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan, haqi pul mablag‘lari bilan to‘lanadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishda ovoz beruvchi aksiyalarning egalari bo‘lgan aksiyadorlar ularni imtiyozli ravishda olish huquqiga ega. Aksiyador, shu jumladan aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida qarshi ovoz bergan yoxud unda ishtirok etmagan aksiyador aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni o‘ziga tegishli shu turdagi aksiyalar miqdoriga mutanosib miqdorda imtiyozli olish huquqiga (bundan buyon matnda imtiyozli huquq deb yuritiladi) ega.
(35-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(35-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Imtiyozli huquqqa ega bo‘lgan shaxslarning ro‘yxati qimmatli qog‘ozlarni chiqarish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadagi jamiyat aksiyadorlari reyestrining ma’lumotlari asosida tuziladi.
Imtiyozli huquq amalga oshirilgan taqdirda, aksiyadorlar aksiyalarning va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning faqat butun miqdorini olishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |