33-modda. Qimmatli qog‘ozlarga doir operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblar Oldingi tahrirga qarang. Qimmatli qog‘ozlarning uyushgan savdosida qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar natijalari bo‘yicha pul mablag‘larining hisob-kitoblari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va (yoki) Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi.
(33-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 29-martdagi O‘RQ-760-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.03.2022-y., 03/22/760/0249-son) Qimmatli qog‘ozlarning uyushgan savdosida qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar natijalari bo‘yicha qimmatli qog‘ozlardagi hisob-kitoblar Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi va (yoki) investitsiya vositachisi tomonidan amalga oshiriladi.
34-modda. Qimmatli qog‘ozlar bozoridagi operatsiyalar va bitimlarni hisobga olish Oldingi tahrirga qarang. Qimmatli qog‘ozlar savdosi tashkilotchilari, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi va qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchisi qimmatli qog‘ozlar bozorida o‘zlari amalga oshirayotgan barcha operatsiyalar va bitimlarning hisobini yuritadi, ularni hisobga olishga doir hujjatlarning qonunchilikda belgilangan tartibda saqlanishini ta’minlaydi.
(34-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) LexUZ sharhi Qarang: “Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining qimmatli qog‘ozlar bozorida amalga oshiriladigan operatsiyalar va bitimlarini hisobga olish, ularning hisobi bo‘yicha hujjatlarni saqlash to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1915, 07.03.2009-y.). 35-modda. Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisi va uning mijozi munosabatlari Oldingi tahrirga qarang. Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisi va uning mijozi munosabatlari qonunchilik hamda shartnoma bilan tartibga solinadi.
(35-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) LexUZ sharhi Qarang: mazkur Qonunning 24 — 32-moddalari. Mijozlar hisobidan bitimlar tuzish mijozlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida faqat investitsiya vositachisi va investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 8-iyundagi 285-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida qiymatli qog‘ozlar bilan bitishuvlar tuzish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 10-bandi. Investitsiya vositachisi uzaytirish imkoniyati bilan bir yil uchun tuziladigan shartnoma asosida mijozlarga:
mijozning nomidan va hisobidan brokerlik xizmatlari;
o‘z nomidan, lekin mijozning hisobidan brokerlik xizmatlari;
depozitar xizmatlar ko‘rsatadi.
Investitsiya vositachisi mijozlarga depo hisobvaraqlari ochishga, qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotish uchun ularning topshiriqlarini qabul qilishga, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda mijozlarga elektron shaklda va o‘zga aloqa vositalari orqali boshqa xizmatlarni ko‘rsatishga haqli.