Mingoyim madrasasi
Mingoyim madrasasi minglar sulolasiga mansub bo‘lgan Qo‘qon xoni Olimxon tomonidan bunyod etilgan.
Olimxon (1762-1810) – Qo‘qon xoni (1798-1810), Norbo‘tabiyningo‘g‘li. Uning davrida saltanat hududini kengaytirish davom ettiriladi. U Ohangaron, Chimkent, Sayram, Toshkent viloyatining hammasini, Rossiyaga boruvchi karvon yo‘llaridagi muhim manzilgohlarni zabt etadi. U Buxoro amirligiga qarshi turishga kuchi yetishiga ishongan holda 1805-yil “xon” rutbasini qabul qiladi, davlati esa Qo‘qon xonligi deb atala boshlandi. Poytaxt — Qo‘qonning siyosiy ahamiyati oshgan. Olimxon tog‘li tojiklar: qorateginlar, sho‘g‘nonliklar, badaxshonliklar, eroniylar va boshqalardan iborat yollanma qo‘shin tuzgan. Bu qo‘shin hokimiyatni markazlashtirish uchun kurashda uning tayanchi bo‘lgan. Olimxon davrida Rossiya bilan Qo‘qon xonligining birinchi marta savdo aloqalari o‘rnatilgan. U diniy sohada ham o‘zgarishlar qilishga intilgan, xususan, diniy unvon hisoblangan «eshon»ni bekor qiladi, kambag‘al, bechoralarga va qalandarlarga yer maydonlari va chorva mollari beradi va shu bilan ularni ijtimoiy foydali mehnatga jalb qiladi. Ayrim diniy arboblarni imtihon qiladi va yolg‘onchiligi fosh qilinganlarni jazolaydi. Ulamolar uning bu xatti-harakatlaridan norozi bo‘ladilar. Uning Toshkentdaligidan foydalanib fitna uyushtiradilar, u o‘ldirildi, deb mish-mish tarqatadilar. Taxtga uning ukasi Umarxon o‘tqaziladi. Olimxon xiyonatni bilib qolib, qisqa yo‘l bilan Qo‘qonga jo‘naydi va yo‘lda qo‘yilgan pistirma uni otib o‘ldiradi.
Ushbu madrasa so‘nggi o‘rta asrlarning oxirlarida, 1800-1802-yillar oralig‘ida bunyod etilgan.
Me’moriy obidaning qurilishida xom va pishgang‘isht, marmar, quyma ganch, parket, har xil o‘lchandagi tosh, yog‘och, tunuka, qimmatbaho toshlar ishlatilgan.
MadrasaSharq me’morchilik an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, “Chor” uslubida, eshiklari esa xotamkori uslubida qurilgan.
Me’moriy obidaning dizayni haqida gapiradigan bo‘lsak, manbaalarda aytilishicha, madrasa har xil naqshlar, islimiy naqshlar bilan bazatilib uning ravoqlari, peshtoqlari nihoyatda mahorat bilan qurilgan. To‘rtburchak tarhli uning gumbaz qismi g‘isht o‘ymakorligi asosida bezatilgan bo‘lib, madrasa balandligi 13 metrni tashkil qiladi.
O‘zbekiston hukumati tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, mustaqillik yillarida boshqa tarixiy yodgorliklar qatori Mingoyim madrasasi ham qayta ta’mirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining “Butun Jahon yodgorliklari” ro‘yxatiga kiritildi. 2000-yil 30-avgustdagi“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga binoan madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi arxivlar Bosh boshqarmasi va joylardagi davlat hokimiyati organlari amalga oshiradilar.2008-yil 12-sentabrda “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Davlatimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qonunlar me’moriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |