«Namozni ado etinglar va zakotni beringlar va payg‘ambarlarga itoat
qilinglar. Shoyad mag‘firat qilinsangiz», – deyiladi. Oyatdagi «zakotni
beringlar» ko‘rsatmasi umumiy, mavhum bo‘lib, unda qanday moldan
qachon va qancha miqdordagi zakot berilishi kerakligi aniq emas. Mazkur
qoidaga aniqlik kiritish ijtihod usulidan foydalanishni, boshqa manbalarga
murojaat qilishni talab qiladi.
VIII asrdan boshlab turli musulmon huquqiy maktablari, XII asrga
kelib esa musulmon huquqiy nazariyasining to‘liq shakllangani tufayli
ushbu huquq tizimini tarkibiy qismlarga bo‘lish, undagi normalarni
turlarga ajratishga zarurat sezildi. Amaliyotda u yoki bu masala
to‘g‘risida asosiy manbalarda tegishli qoida bo‘lmasa, masala hal
qilinayotgan hududdagi hukmron huquq maktabining ta’limotiga va shu
mintaqadagi yirik huquqshunos olimlarning asarlariga tayanib, hukm yoki
qaror chiqarish qoidaga aylandi. Musulmon huquqidagi barcha normalar
mohiyatiga ko‘ra ikki katta guruhga bo‘linadi. Birinchi guruh normalari:
insonning u yoki bu harakatini baholash to‘g‘risidadir. Bu guruh
normalarini besh turga ajratish qabul qilingan, bular – majburiy, tavsiya
etuvchi, ruxsat beruvchi, tanbeh beruvchi, taqiqlovchi normalardir.
Majburiy normalar islom ta’limotida farz amallar, deb ataladi. Farz
amallar qat’iy belgilangan bo‘lib, islom ta’limotiga ko‘ra, ularni bajarish
shart va bajargan kimsa savob egasi, bajarmagan esa gunohkor sanaladi.
Ularni inkor etgan shaxs esa dindan chiqqan hisoblanadi. Farz
amallarining farzi ayn va farzi kifoya kabi turlari mavjud.
Farzi ayn har qaysi musulmon albatta bajarishi shart bo‘lgan qoida
yoki amallar. Mutaxassis olimlarning fikricha, bunday normalar yuzdan
ortiq
1
. Namoz o‘qish, ro‘za tutish, qodir bo‘lsa haj qilish, qurbi etsa zakot
berish, guvohlik berganda adolat bilan rost so‘zlash, ushr berish, erning
o‘z xotinini uy-joy bilan ta’minlashi, xotinning mahrini ado etish kabilar
farzi ayn normalardir.
Farzi kifoya shunday normalardirki, ularni bajarish bitta jamoaga
mansub bo‘lgan musulmonlarning barchasi uchun shart emas. Ularning
bir qismi ushbu normalarni bajarsalar, qolganlarining zimmasidan mazkur
majburiyat soqit bo‘ladi. Ushbu normalarni bajarmagan musulmonlar
1
Ԕɚɪɚɧɝ: Ɇɨɜɚɪɞɢɣ ȺɛɭɥΣɚɫɚɧ Ⱥɥɢ. ɋɭɥɬɨɧɢɣ ԟɭɤɦɥɚɪ. – Ԕɨԟɢɪɚ, 1298 ԟ.ɣ.
– Ȼ. 225.
73
gunohkor bo‘lmaydilar. Agarda musulmon jamoasi a’zolaridan hech biri
farzi kifoya normalarini bajarmasa, unda butun jamoa a’zolari gunohkor
bo‘ladilar. Farzi kifoya normalari umumiy sonining qanchaligi haqida
turlicha fikrlar bor. Ushbu normalar musulmon huquqiga doir ilmlarni
mukammal egallash, musulmonlarga ilm o‘rgatish, Qur’oni karimni
yodlash, zaif, faqir kimsalar va yetimlarga muruvvat ko‘rsatish hamda
tarbiyaga olish, Vatanni himoya qilish kabilardan iborat.
Tartibga solgan ijtimoiy munosabatlarning mazmuniga ko‘ra,
musulmon huquqining normalari quyidagi sohalarga ajratiladi:
a) davlat huquqi; b) moliya huquqi; d) fuqarolik huquqi; e) oila huquqi; f)
meros huquqi; g) jinoyat huquqi; h) sud huquqi.
Davlat huquqiga doir normalar – hokimiyatni amalga oshirish, davlat
organlarini tashkil etish, ularning o‘zaro munosabatlari, vazifalari,
vakolatlari bilan bog‘liq masalalar, davlat organlari bilan fuqarolar,
ijtimoiy va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Ushbu sohaning asosiy institutlari – davlat bilan hokimiyatining asoslari,
davlat boshqaruv organlari, davlat organlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi
munosabatlardir.
Moliya huquqi sohasidagi normalar – davlat daromadlari va
xarajatlari, soliqlarning turlari, ularni undirish va taqsimlash bilan bog‘liq
ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalardir. Uning
asosiy institutlarini davlat daromadlari, davlat xarajatlari, zakot, xums,
soliq yig‘ish va undan yig‘ilgan mablag‘larni taqsimlash kabilar tashkil
etadi.
Musulmon huquqining eng ulkan sohasi fuqarolik huquqi bo‘lib, u
mulkdan foydalanish, uni egallash va tasarruf qilish, sotish va sotib olish,
ijaraga berish, hadya qilish, garovga qo‘yish, shartnomalar va
majburiyatlar, ularning ijrosini ta’minlash kafolatlari bilan bog‘liq
ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalar yig‘indisidan iborat.
Uning asosiy institutlari – mulk huquqi, savdo huquqi, ijaraga berish,
hadya qilish, garovga qo‘yish, shartnomalar va majburiyatlar, ularning
ijrosini ta’minlash kafolatlari bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni
tartibga soluvchi normalardir.
Oila huquqi nikohni qayd qilish, er-xotinning huquq va burchlari,
ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi munosabatlar, nikohni tugatish asoslari
va uning huquqiy oqibatlari, vasiylik va homiylik bilan bog‘liq ijtimoiy
munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur
sohaning asosiy institutlari – nikoh, mahr, er-xotinning huquq va
74
burchlari, nikohni tugatish, nafaqa berish, vasiylik va homiylik kabilardan
iborat.
Meros huquqining normalari merosning ochilishi, uning turlari,
meros qoldiruvchi va uni oluvchilar o‘rtasidagi munosabatlar, merosni
taqsimlash va merosga aloqador nizolarni hal qilish bilan bog‘liq ijtimoiy
munosabatlarni tartibga soladi. Meros huquqining asosiy institutlari –
vasiyat, qonuniy meros, merosni taqsimlash, voyaga yetmaganlarning
meros mulki bo‘yicha vasiyligi kabilardir.
Jinoyat huquqining normalari jinoyat va uning turlari, jinoyatlarni
sodir qilganlik uchun belgilanadigan jazo turlari bilan bog‘liq ijtimoiy
munosabatlarni tartibga soladi. Ushbu huquq sohasi institutlarini
«jinoyat» tushunchasi, turlari, jinoyat tarkibi, jinoyatda ishtirokchilik,
jazo va uning turlari tashkil qiladi.
Sud huquqi – fuqarolik va jinoyat ishlarini sudda ko‘rib, qaror
chiqarish, ularning ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq ijtimoiy
munosabatlarni tartibga soluvchi normalar yig‘indisidir. Fuqarolik va
jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun qabul qilish, sud muhokamasi,
da’vogarlik, javobgarlik, guvohlik, vakillik, dalillar, sud qarori va hukmi,
ularning ijrosini ta’minlash ushbu sohaning asosiy institutlari hisoblanadi.
Yuqorida bayon qilinganlarga xulosa qilib, quyidagilarni ta’kidlash
zarurki, musulmon huquqi qadimgi huquqiy tizimlardan biridir, u
shakllanish, rivojlanish va takomilga yetish bosqichlarini bosib o‘tgan. Bu
jarayonlar islom dini va arab xalifaligining vujudga kelishi hamda
rivojlanishi bilan bog‘liq kechgan. Musulmon huquqi murakkabligi,
serqirraligi, ko‘p manbaligi, turli yo‘nalishdagi huquq maktablarining
mavjudligi bilan boshqa huquqiy tizimlardan tubdan farq qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |