Muhokama uchun savollar:
2.2.1. So’z birikmalari qaysi mezonlarga ko’ra turlarga ajratiladi?
Hokim komponentning ifodalanishiga ko’ra so’z birikmasi nima uchun ikkiga bo’linadi?
Hokim komponentning ifodalanishiga ko’ra so’z birikmasi necha turga bo’linadi?
3-SAVOL: So’z birikmasining tobe komponentning sintaktik tabiatiga ko’ra turlari.
Darsning maqsadi: So’z birikmasining tobe komponentning sintaktik mavqeiga ko’ra turlari to’g’risida tushuncha hosil qilish.
IDENTIV O’QUV MAQSADLARI :
Tobe komponentning sintaktik mavqeiga ko’ra so’z birikmasining turlarini aytib beradi.
Aniqlovchili, to’ldiruvchili, holli so’z birikmalarini izohlab beradi.
Har bir turning ifodalanishini ko’rsatib beradi .
Berilgan birikmalarni tobe komponentning sintaktik mavqei bo’yicha turini aniqlaydi.
Berilgan birikmalarni tobe komponentning sintaktik mavqei bo’yicha turlarga ajratadi.
Kesim, ega mavqeidagi tobe bo’lakli so’z birikmalari yo’qligi sabablarini asoslab beradi.
Berilgan birikmalarga tobe komponentning sintaktik mavqeiga ko’ra baho beradi.
3-savol bayoni:
So’z birikmalari tobe komponentning sintaktik mavqei, vazifasiga ko’ra uch turga ajratiladi: 1. Aniqlovchili so’z birikmalari. 2. To’ldiruvchili so’z birikmalari. 3. Holli so’z birikmalari .
Ko’rinib turibdiki, bunda tobe komponentning gapning semantik-sintaktik tuzilishida qanday vazifa bajarishiga, qaysi gap bo’lagi bo’lib kelishiga asoslanilgan. Izohlovchi aniqlovchining bir tipi bo’lgani sababli izohlovchili birikmalar alohida tur sifatida ajratilmaydi. Yuzaki qaraganda egali, kesimli so’z birikmalari yo’qmi degan savol tug’ilishi tabiiy. Bunga hech ikkilanmay “yo’q” deb javob berish mumkin. Chunki ega va kesim birikmasi predikativ aloqaning natijasi, so’z birikmasi esa nopredikativ aloqa doirasiga kiradi. Binobarin, kesim egaga tobe bo’lsa-da, bu tobelik boshqa kategoriyadagi tobelikdir. Ikkinchidan, ega mutlaq hokim bo’lakdir. Bizning e’tiborimiz ayni tasnifda tobe komponentga qaratilgandir. Bu jihatdan kesimli so’z birikmalari bo’lishi kerakday tuyuladi, chunki unda ham tobelik holati bor, biroq kesimdagi tobelik yuqorida aytilganidek, predikativ aloqa doirasiga mansub bo’lib, nopredikativ aloqada bu hol butunlay o’zgaradi: nopredikativ aloqa doirasida kesim asosiy hokim bo’lakka aylanadi. Chunki to’ldiruvchili, holli so’z birikmalarining hokim komponenti odatda gapda kesim bo’lib kelishi bilan xarakterlanadi. Zotan, to’ldiruvchi va hol kesimga boshqaruv yo’li bilan tobelanadi,ularning sintaktik mavqei ham kesimga nisbatan belgilangan. Ular kesimning ma’nosini ochish aniqlash, to’ldirish, izohlash, konkretlashtirish uchun xizmat qiladi. Binobarin, egali, kesimli so’z birikmalari bo’lishi mantiqqa to’g’ri kelmaydi. To’g’ri, ega-kesim birikmasi odatdagi o’rinlaridan “chetlashtirilib” aniqlovchi o’rniga “ko’chirilsa” tobe komponent aniqlash,tushunish,izohlash xususiyatini namoyon qiladi. Onasi mukofotlangan qiz,sochi uzun kelinchak, beli bukri odam kabi birikmalarda onasi mukofatlangan, sochi uzun, beli bukri birikmalari kabilar shular jumlasidandir. Biroq bunda ular o’zlarining odatdagi vazifalarini yo’qotib,aniqlovchi vazifasiga o’tgan bo’ladi. Boshqacha aytganda, ular shaklangina ega-kesim bo’lib, mohiyatan aniqlovchidir. Ular bunday o’rinlarda na semantik jihatdan, na sintaktik jihatdan ega-kesimlik vazifasini o’tay olmaydi. Demak, tobe komponenti ega yoki kesim (yoki ularning har ikkisi) bo’lgan haqiqiy ma’nodagi egali yoki kesimli so’z birikmalari haqida gapirib bo’lmaydi. So’z birikmasining tobe komponentlari aniqlovchi, to’ldiruvchi, hol vazifalari uchun xoslangan bo’ladi. Bu so’z birikmalari tobe komponenti uchun qonuniyatdir .
Do'stlaringiz bilan baham: |