“Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot…”
Insoniyat tamaddunida shunday shaxslar bo’ladiki, ularni ilmiy, ma’naviy estetik tafakkuri nafaqat o’z davrida , balki asrlar osha avlodlar tafakkuri uchun ham mezon vazifasini o’taydi. Sharq mumtoz she’riyatining yigirmaga yaqin janrida ijod qilgan Alisher Navoiy ham o’zining beqiyos ma’naviy merosi bilan jamiyat rivojiga mislsiz ta’sir ko’rsatgan mutafakkirdir. Alisher Navoiyning turkiy xalqlar ma’naviy xazinasiga qo`shgan hissasi beqiyos. U zotning yaratgan shoh asarlari insoniyat ruhiy-ma’naviy dunyosi namoyandalari: Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy, Dante, Vilyam Shekspir, Lev Tolstoylar ijod namunalari bilan bir safda turadi. Agar qiyoslasak, ba’zi o`rinlarda Alisher Navoiy asarlaridagi yuksak g`oyalarning “klassik” deya e’tirof etilgan ko`plab G`arb adiblarinikidan ustunroq ekanligiga guvoh bo`lamiz. Shu ma’noda mustaqil mamlakatimiz yoshlarini barkamol inson qilib tarbiyalashda Hazrat Navoiyning asarlari muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman, Alisher Navoiy barchamizni ruhiy poklashga, ma’nan yuksaltirishga qodir bezavol ma’naviy qudratdir.
“Nazm ul-javohir” (“Gavharlar tizmasi”) asari, asosan, tasavvuf g‘oyalari targ‘ibiga bag‘ishlangan. Unda tasavvufdagi asosiy tushuncha va tamoyillar nihoyatda sodda va tushunarli tilda talqin qilinadi. Masalan, “Ro‘a aboka yuro‘uka” (“Otangga rioyat qil – bolangdan qaytadi”) hadisi uchun quyidagi ruboiy keltirilgan:
Farzand ato qullig‘in chu odat qilg‘ay,
Ul odat ila kasbi saodat qilg‘ay,
Har kimki atog‘a ko‘p rioyat qilg‘ay,
O‘g‘lidin anga bu ish siroyat qilg‘ay.
Adib otaga xizmat qilishning sharofatini birinchi ikki misrada ko‘rsatib beradi. Keyingi misrada esa yana shu fikrga qaytilgandek ko‘rinadi, ammo endi natijada ayirma bor. Har kim ekkanini o‘radi, deganlaridek, otaga qilingan hurmat va ehtirom, albatta, qaytadi, ammo uni qaytaruvchi odam mutlaqo boshqa bo‘ladi. Mana shu boshqa odam esa keyingi avlod vakili – otasiga yaxshi munosabatda bo‘lgan o‘g‘ilning farzandlaridir.
Yoki insoniy fazilatlar mavzusida boshqa bir to‘rtlikda
El qochsa birovdin, el yomoni bil oni,
Ahvolida idbor nishoni bil oni,
Fe’l ichra ulus baloyi joni bil oni,
Olam elining yamon yamoni bil oni.
kabi jumlalarni o’qishimiz mumkin.Demak, ko‘pchilik (“el”) bir fikr bildirar ekan, bu tasodifiy bo‘lmaydi. Ular bir kishidan o‘zini olib qochsa, o‘sha odam elning yomoni bo‘ladi. Buning sababi esa o‘sha kishining fe’l-atvoridir (“ahvolida idbor nishoni”). Bunday odamning yomonligi faqat o‘zi uchun emas, balki barcha uchun ham zararlidir. Adib uni “ulus baloyi joni”, ya’ni “elning joniga bitgan balo” sifatida ta’riflaydi. Tugal xulosa esa oxirgi misrada ifodalangan. Bunday odam o‘zining yoki o‘zi mansub bo‘lgan elninggina emas, balki butun “olam elining yomoni”dir. Shoirning “yamon” so‘zini ikki marta qo‘llashi orqali aytmoqchi bo‘lgan fikri alohida ta’kidlangan.
Alisher Navoiy umr bo‘yi el-yurt manfaati yo‘lidagi ijtimoiy adolatni o‘z asarlarida tarannum etdi. Dostonlarida ham odil hukmdor va mansabdorlarni zolim shoh hamda amaldorlarga qarama-qarshi qo‘yib tasvirladi. Chin hoqoni, Mehinbonu, Iskandar singari qahramonlari o‘z mamlakatlari obodligi va adolat barqarorligi uchun kurashsalar, Xisrav kabi zolim shohlar o‘z manfaati yo‘lida mamlakatni xaroba va vayronaga aylantirishdan ham toymaydi. Bahrom singari g‘ofil, xudbin va maishatparast kimsalar xalq hayotidan, mamlakat ahvolidan bexabarligi uchun oxir-oqibatda o‘zlari ham halokat chohiga qulaydi. Zero, xalq mehrini qozonish, ishonchiga kirish uchun matonatli mehnat, olijanob qalb kerak, odamlarni o‘zidan bezdirish juda osondir.
Ulug‘ shoir va mutafakkir o‘zining amaliy faoliyatida ham hamisha xalq roziligiga erishish va inson manfaatlariga xizmat qilishga intilgan, ijtimoiy adolat g‘oyalariga sodiq qolgan. Bu fazilatlar bugungi zamonaviy dunyoda ham barcha uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bu gulshan ichra yoqdur baqo guliga sabot ,
Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot.
Yangiqo’rg’o tumani 30- sonli umumiy o’rta ta’lim maktabi oliy toifali ona tili va adbiyot fani o’qituvchisi Xasanova Feruza
Do'stlaringiz bilan baham: |