Aim uz Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek (1905-1968)



Download 104.37 Kb.
Sana07.09.2017
Hajmi104.37 Kb.

Aim.uz

Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek

(1905-1968)

Agar M. Behbudiy va A. Avloniy XX asr o‘zbek adabiyoti namoyandalarining birinchi bo‘g‘inini, Fitrat, Hamza, A. Qodiriy va Cho‘lponlar ikkinchi bo‘g‘inini tashkil etgan bo‘lsalar, Oybek uchinchi bo‘g‘inga mansub yozuvchidir. Xuddi shu hol unga ustozlarning adabiy an’analarini yangi tarixiy sharoitda davom ettirish va rivojlantirish mas’uliyatini yukladi.

Oybek ruhiy olami va adabiy intilishlariga ko‘ra, Cho‘lpon bilan A. Qodiriyga ko‘prpq yaqin edi. Shuning uchun ham uning shoir sifatida shakllanishida Cho‘lponning, adib (nosir) sifatida shakllanishida esa A. Qodiriyning ta’siri sezilarli bo‘ldi. Shu bilan birga, Oybek rus va jahon adabiyoti namoyandalaridan saboq olib, ularning eng yaxshi an’analarini davom ettirdi.

Oybek XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga nafaqat zabardast shoir va yozuvchi, balki publitsist, adabiyotshunos va tarjimon sifatida ham ulkan hissa qo‘shdi. U o‘zbek adabiyotida tarixiy-biografik roman janrini boshlab berdi, navoiyshunoslik faniga tamal toshini qo‘ydi, o‘zbek tarjima maktabini yangi bir bosqichga ko‘tardi. Oybek ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Gumanitar bo‘limi (1943-1951) va Yozuvchilar uyushmasiga (1945-1949) rahbarlik qilgan yillarida yirik jamoat arbobi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.



Adibning hayot va ijod yo‘li. Oybekning tug‘ilgan sanasi uning turli yillarga oid tarjimayi hollarida turlicha qayd etilgan. Agar adib «She’rlar» kitobi (1963) ga ilova qilgan tarjimayi holida tug‘ilgan sanasini 1904-yil 22-dekabr deb ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘n jildlik «Asarlar» to‘plamining 1-jildi (1968)da: «Men toshkentlikman. 1905-yil 10-yanvarda Eski shaharda o‘rta hol hunarmand-bo‘zchi oilasida tug‘ildim», deb yozgan. Shu so‘nggi ma’lumot ilmiy muomalada Oybekning tug‘ilgan sanasi sifatida qabul qilingan.

Oybek va G‘afur G‘ulom singari XX asr boshlarida tug‘ilgan yozuvchilar o‘z tarjimayi hollarida madrasada tahsil ko‘rgan yillarini davr taqozosi bilan chetlab o‘tib, eski maktabda o‘qiganlari haqida ma’lumot berganlar. Holbuki, Oybek Toshkentning Oqmasjid mahallasidagi madrasada tahsil ko‘rib, shu yerda arab va fors tillarini o‘rgangan hamda shu yerda Ahmad Yassaviy, So‘fi Olloyor, Alisher Navoiy singari mashhur shoirlar ijodi bilan tanishgan.

Oybek tug‘ilgan vaqtda, Turkistonga rus manufakturasining kirib kelishi sababli bo‘zchilik orqasida tirikchilik o‘tkazgan kishilarning kasbi kasodga uchradi. Shu sababdan ham uning otasi shahar atroflaridagi qishloqlarda boqqolchilik, onasi esa tikuvchilik bilan mashg‘ul bo‘lishdi.

Oybek bolalik paytlarida otasining safarlariga hamroh, onasining yumushlariga esa madadkor bo‘lishi tufayli oddiy mehnatkash xalq hayoti bilan yaqindan tanishdi va turfa xarakterli kishilar tabiati va tilini yaxshi o‘rgandi.

Bu davr mustamlakachilik yillari edi. Chor hokimiyatining zulmi, Toshkent shahri politsmeysteri Mochalovning dahshati, «sartlar va itlar»ga kirish mumkin bo‘lmagan bog‘lar, og‘ir turmush orqasida qaddi dol bo‘lgan kishilar, 1916-yil Toshkent qo‘zg‘oloni... Oybek ana shu voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib o‘sdi. Uning dunyoqarashi shu voqealar ta’sirida shakllana boshladi. Keyin 1917-yil Oktabr to‘ntarishi, chor amaldorlari o‘rniga bolsheviklarning kelishi... Eski hammom, eski tos... To‘g‘rirog‘i, eski tog‘ora, yangi nog‘ora...

Oybek Shayxontohur dahasidagi «Namuna» maktabi (1918- 1921) va Navoiy nomidagi ta’lim-tarbiya texnikumi (1921-1925)da o‘qib yurgan kezlarida Munavvar qori Abdurashidxonovning ta’sir doirasida bo‘ldi. Munavvar qori shu yillarda Sovet hokimiyatini ag‘darib tashlab, mustaqil o‘zbek davlatini barpo etish niyatida «Milliy ittihod» yashirin tashkilotini tuzgan siyosiy arbob edi. Kelajakka hushyor ko‘z bilan qaragan Munavvar qori, Eson afandi, Cho‘lpon kabi kishilarning maslahati bilan Oybek texnikumni tugatgach, 1925-yilda O‘rta Osiyo Davlat universiteti ijtimoiy fanlar fakultetining siyosiy iqtisod bo‘limiga o‘qishga kirdi. U 1930-yili universitetni tugatib, oliy ma’lumotli bo‘lganida Munavvar qori va boshqa «milliy ittihodchilar» Sovet hokimiyatini ag‘darib tashlash maqsadida tuzilgan aksilinqilobiy tashkilotning a’zolari sifatida qamoqqa olingan, bolsheviklar qurgan davlatning O‘rta Osiyodagi mavqei esa anchagina mustahkamlangan edi.

Oybek universitetda dars berish bilan birga, 1933-yilda Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish institutida ham ishlay boshladi. 1934-yilda bu ilmiy markaz Til va adabiyot institutiga aylantirildi. Xullas, 1935-yilda Oybek oldida yo iqtisodni, yoki adabiyotni tanlash muammosi paydo bo‘ldi. Oybek bu vaqtda «Tuyg‘ular» (1926), «Ko‘ngil naylari» (1929), «Mash’ala» (1932), «Baxtigul va Sog‘indiq» (1934) she’riy to‘plamlari, «Dilbar-davr qizi» (1932), ,,O‘ch» (1933) kabi dostonlarini e’lon qilgan, el-yurt mehrini qozona boshlagan shoir edi. U Til va adabiyot institutida ishlagan holda badiiy ijod olamini tanladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, qonli 1937-yil kirib keladi. Oybek Yozuvchilar uyushmasidan o‘chirilib, Til va adabiyot institutidan haydaladi. U og‘ir ruhiy va iqtisodiy ahvolda yashaganiga qaramay, qatag‘on to‘lqini biroz sokin tus olgan kezlarda birinchi yirik nasriy asari-»Qutlug‘ qon» romanini yozishga kirishadi.

Mazkur romanning 1941-yilda nashr etilishi Oybekni o‘zbek yozuvchilarining oldingi safiga olib chiqdi. Shu vaqtdan boshlab u she’riy va nasriy janrlarda baravar samarali ijod etib, «Navoiy» (1944), «Oltin vodiydan shabadalar» (1949), «Quyosh qoraymas» (1959), «Ulug‘ yo‘l» (1965) romanlari, «Nur qidirib» (1957), «Bolalik xotiralari» (1963) va «Bola Alisher» (1967) qissalari, «Qizlar» (1947), «Hamza» (1948), «Davrim jarohati» (1952) hamda «Guli va Navoiy» (1968) dostonlarini yaratdi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Oybekning adabiy merosi yigirma jildlik «Mukammal asarlar to‘plami»da e’lon qilingan (1975-1985).



Oybekning she’riy asarlari

Ishqiy lirika. Oybek, o‘zi mansub bo‘lgan adabiy avlod vakillaridan farqli o‘laroq, 20-yillar she’riyatida, ba’zi bir istisnolardan qat’iy nazar, davrning o‘tkinchi ijtimoiy mavzulari emas, balki lirik tuyg‘u va kechinmalar tasviriga katta e’tibor berdi. Uning 1926-yilda nashr etilgan dastlabki she’rlar to‘plamining «Tuyg‘ular» deb atalgani bejiz emas. Agar ana shu to‘plamni varaqlaydigan bo‘lsak, unda shoir qalbining lirik kundaligi bilan tanishgandek bo‘lamiz. Bu to‘plam va undagi aksar she’rlar yozilgan vaqtda Oybek yigirma-yigirma bir yoshli yigitcha bo‘lgan. Bu vaqtda odatda yigitlar-shoir, shoirlar esa sevgi va muhabbat kuychisi bo‘ladilar. Dunyoda muhabbat qo‘shig‘idan ham shirin va muqaddas qo‘shiq bo‘lmaydi, yoshlikning oltin faslida Oybekning ham qalbi shu yillarda muhabbatning muattar shamolidan to‘lqinga kelib, sevgi taronalarini kuylay boshladi.

Oybekning shunday she’rlaridan bin «Orqangdan yig‘lab qoldim...» deb ataladi. 1926-yilda yozilgan bu she’r, barmoq vaznidagi an’anaviy she’rlardan farqli o‘laroq, besh satrli band va aabba, vvgga tartibidagi qofiya tizimidan foydalanilib yozilgan. Yana shuni aytish lozimki, har bir bandning birinchi satri band so‘ngida aynan takrorlanib, shu bandni qoliplab ham keladi.Bunday she’r shakli 20-yillar o‘zbek she’riyatida kam uchraydi, hatto uchramaydi, deyish ham mumkin. Bu hol Oybekning shu yillarda Cho‘lpon she’riyatidan tashqari, rus shoirlari ijodini ham diqqat-e’tibor bilan kuzatgani va ulardan saboq olganidan shahodat beradi:

Orqangdan yig‘lab qoldim, Ko‘ksimni tig‘lab qoldim.

Qiz, daryodan osharsan, Bilmam, qayda yasharsan,

Orqangdan yig‘lab qoldim.

Bu satrlarda tuyg‘uning samimiyligi va tiniqligi ham, lirik qahramonni qurshagan ishqiy hayajonning to‘lqini va musiqasi ham chinni piyoladek toza sado berib turadi.

Odatda, Oybek to‘g‘risida so‘z borganda, uning yuksak ma’naviyat va madaniyat sohibi, XX asrdagi buyuk insonlardan biri bo‘lganligi aytiladi. Oybekning har tomonlama yetuk insonligi yana shunda ham ko‘rinadiki, shoirning ilk she’ridan so‘nggi satrlarigacha barcha ishqiy she’rlari faqat bir ayolga-uning xotini Zarifa Saidnosirovaga bag‘ishlangan.

Shoirning Zarifaxonimga bag‘ishlangan lirik she’rlari orasida shundaylari borki, ularni o‘zbek lirikasining durdonalari sifatida baholash va bu she’rlarni jahon ishqiy lirikasining sara asarlari qatoriga bemalol kiritish mumkin.

Shunday she’rlardan biri «Uzoqdan turib...» deb atalgan. Bu she’r 1928-yil 26-oktabrda Leningradda yozilgan. (Oybek shu yili o‘qishini Leningraddagi Plexanov nomli Xalq xo‘jaligi institutiga ko‘chirib olgan edi.)

Zarifaxonim Oybekning Neva bo‘ylaridagi shaharga ketgan kunlarini eslab, «Oybegim mening» kitobida bunday yozgan:

« Oradan birmuncha fursat o‘tgach, Oybekdan sog‘inch tuyg‘ulari bilan to‘la xatlar kela boshladi. Mening ko‘nglimda paydo bo‘lgan bo‘shliqni uning maktublaridagi toshqin tuyg‘ular to‘ldirib yubordi.

U Leningradga yetib borar-bormas, quyidagi she’rni yozib yubordi:

UZOQDAN TURIB...

Ko‘zlari cho‘lpondek nozli sevgilim,

Bir qarash tashlading, men sevdim seni.

Xayoling eslarkan, qonaydir dilim,

Yolboray, go‘zalim, unutma meni!

Daryolar singari ko‘nglim jo‘shqindi,

Bir tola soching-la bog‘lanib qoldi.

Ko‘ksingda yotganim na go‘zal kundi,

Ayriliq siynamga yong‘inlar soldi.

Xayoldek yo‘qoldi yayragan choqlar...

Darding-la so‘narkan qora, sho‘x ko‘zim.

Seni erkalaydi dengiz, qirg‘oqlar,

Ko‘zlari cho‘lpondek nozli sevgilim!

...Men uchun nihoyat aziz satrlar... Bu she’r menga bag‘ishlangani uchungina emas, balki ulug‘ shoirning buloq suvlaridek musaffo qalbi mavj etib turgani uchun ham sevaman uni. Bu she’rni o‘qib, hasratlarim, dardlarim, tashvishlarim erib yo‘qolgandek bo‘ladi».

Endi bu she’rning Zarifaxonimni ham, bizni ham to‘lqinlantirishi sabablarini axtarib ko‘raylik. She’rning ilk satridan so‘nggisigacha bir tuyg‘u va kechinma tasvir etiladi va muhabbatning shoir qalbidan nay kuylari o‘laroq oqib turgan kuylari mayin sado berib turadi. Bu tuyg‘u va kechinmada ham, uning «erib oqayotgan» kuylarida ham tiniqlik, musaffolik bilan birga, tinimsizlik, to‘xtovsizlik, abadiylik belgilari ham bor. «Ko‘zlari cho‘lpondek, nozli sevgilim» satridagi 1 nafaqat shu satrga, balki butun she’rga nafis va mayin she’riy musiqaning kumush jilolarini sochib turadi. Shoir she’rda original o‘xshatish («ko‘zlari cho‘lpondek», «Daryolar singari ko‘nglim jo‘shqindir»), istiora («Xayoling eslarkan, qonaydir dilim»), mubolag‘a («Bir tola soching-la bog‘lanib qoldi», «Ayriliq siynamga yong‘inlar soldi») va tahayyum («Seni erkalaydi dengiz, qirg‘oqlar») san’atlaridan juda o‘rinli va mohirlik bilan foydalanib, she’rni yanada mavjlantirib turadi. She’rdagi ana shu to‘lqin, mavj shoir (lirik qahramon)ning samimiy va buyuk muhabbatidan kuch oladi. She’rning, yuqorida tilga olingan she’rdagidek, qoliplangan holda «Ko‘zlari cho‘l-pondek, nozli sevgilim» so‘zlari bilan boshlanishi va tugallanishi unga yanada poeti kjoziba bag‘ishlaydi.

Oybekning lirik qahramoniga xos otashin muhabbat tuyg‘ulari shoirning ko‘plab she’rlaridan favvoradek otilib turadi.

Tabiat lirikasi. Oybekning lirik shoir sifatidagi iste’dodi uning tabiat manzaralari tasviriga bag‘ishlangan she’rlarida yana ham yorqin jilva berib turadi.

1936-yilda Oybek bir guruh qalamkash birodarlari bilan Chimyon qishlog‘iga borib, tog‘ bag‘rida tikilgan o‘tovda A. S. Pushkinning «Evgeniy Onegin» she’riy romanini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Bu Pushkin vafotining 1937-yilda nishonlanajak 100 yilligi munosabati bilan rejalashtirilgan tadbir bo‘lib, bu tadbirga ko‘ra, ulug‘ rus shoirining barcha asosiy asarlari o‘zbek tiliga tarjima va nashr etilishi lozim edi.

Oybek hordiq paytlarida Chimyonning xushmanzara joylarida kezinib, qoya va tog‘lar sayridan olgan taassurotlarini qog‘ozga tushirgan. «Chimyon daftari» turkumini tashkil etgan bu she’rlarning aksari o‘zbek she’riyatidagi tabiat lirikasining eng go‘zal namunalaridir.

Mana, shunday she’rlardan biri:

Sen g‘urubning oltin qo‘llaridasen,

Tabassuming, quyosh, so‘nar ohista.

Dala va qirlardan tiniqlik uchar,

Suvlar oynasiga shom qora surkar,

Xayolning men sokin cho‘llaridamen...

Bu she’rni o‘qir ekanmiz, quyosh botishi oldidagi manzara ko‘z oldimizda butun ilohiy go‘zalligi bilan jonlanadi. Quyosh tog‘lar bag‘riga singib borar ekan, ufq shafaqning qonli ranglariga belanadi. Shoir ana shu manzarani tasvirlar ekan, quyoshga qarab: “Sen g‘urubning oltin qo‘llaridasen, Tabassuming, quyosh, so‘nar ohista « deydi. Bu satrlardagi jonlantirish ham, keyingi satrlardagi istioralar ham («Suvlar oynasiga shom qora surkar», «xayolning... cho‘llari» kabi) she’rda tasvirlangan ushbu manzaraga ayricha bir hayotiylik, go‘zallik va qabartmalik bag‘ishlaydi. Keyingi bandda tasvir ohangi butunlay o‘zgaradi. Quyosh botishi bilan lirik qahramonning ruhiy hayotida ham so‘lg‘inlik boshlanib, «umid tosi» singandek bo‘ladi, bu tosning sinayotgan paytdagi ovozi esa uning qalbini shu qadar pora-pora qiladiki, na xayol va na sevgi ro‘yosi lirik qahramonni yupata olmaydi. She’r: «Yuramen, oqshomga singadi izim» degan ma’yusona bir kayfiyat anqib turgan satrlar bilan tugaydi.

She’rning: «Sen g‘urubning oltin qo‘llaridasen» degan dastlabki satrida boshqacha bir kayfiyat hukmron edi. Lirik qahramon hatto quyosh tabassumining so‘nayotganidan mamnundek ham edi. Quyosh so‘nib bo‘lgandan keyin esa undagi boyagi tantanavor holatdan asar ham qolmaydi, u umidsizlikka tushib, badbin xayollarga beriladi. Negaki, quyoshsiz hayot hayot emas, balki zulmatdir. Lirik qahramonning izlari ham ana shu zulmat qo‘yniga singib ketadi.

Ko‘ramizki, tabiat tasviri inson ruhidagi hatto oniy o‘zgarishlarni ham o‘zida lakmus qog‘ozidek yaqqol aks ettiradi.

Oybek nafaqat shoir va yozuvchi, balki adabiyotshunos olim va nazariyotchi ham edi. U lirikaning drama va eposdan farqli tomonlari to‘g‘risida so‘zlab, bunday yozgan: «Drama va rivoya (epos) turlari fabulalidir. Bularda xronologik va sababiyat prinsipi bilan bog‘liq voqealar, hodisalar, fikrlar tasvirlanadi. Lirika ko‘pincha shoir fikrlarini, tuyg‘ularini, orzulari va kayfiyatini kuylaydi. Voqealar tasvir etilsa-da, maqsad ma’lum bir hayajon uyg‘otish uchun vosita, izlanishgina bo‘lib qoladi».

Oybekning lirik she’riyatiga tabiat tasvirining bahor shabadasidek kirib kelishi va katta o‘rin egallashida uning 1936-yil yozida Chimyonda uch-to‘rt oy yashagani muhim omil bo‘ldi.

Ma’lumki, shu yili Hamid Olimjon, Shayxzoda, Abdulla Qahhor singari bir guruh shoir va yozuvchilar Chimyonga chiqib, ulug‘ shoir A.S. Pushkin asarlarini tarjima qilganlar. Oybek uning «Evgeniy Onegin» she’riy romanini o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan birga, o‘zining mashhur «Chimyon daftari» she’rlar turkumini ham yaratgan.

Umuman, tabiatning fusunkor bag‘rida bo‘lish har qanday shoirga katta ilhom bag‘ishlaydi. Tabiat uning tuyg‘ularini o‘tkirlashtiradi. Oddiy kitobxonlar nazar-e’tiboriga tushmaydigan manzaralarni chuqur his qilishga, rang va ohanglarni ko‘rishga o‘rgatadi.

Oybek 1936-yildagi Chimyon xotiralarini eslab, bunday yozgan edi:

«...Tabiat manzaralari go‘zal, havo yoqimli, qalin, xushbo‘y tog‘ gullari, tiniq tog‘ irmoqlari. Tinimsiz sayragan bulbullarni sel bo‘lib tinglardik...

Zerikkan va charchagan chog‘larimizda baland tog‘ cho‘qqilariga chiqib, sayr etib ketardik. Haybatli, zo‘r qoyalar ustida qorlar sekin erir, pastga kichik-kichik irmoqlar sharqirab yo‘l olardi. Har kun bir-ikki dafa o‘n ikki buloq boshiga chiqardim. Sevardim yolg‘iz kezishlarni...».

Ana shunday yolg‘iz kezinishlardan birida Oybek quyoshning botayotgan lahzasini tomosha qiladi.

Quyoshning botishi... Kim bu hayajonli manzaraga e’tibor bermagan? Bir tomondan, quyoshning oltin barkashga aylanishi-yu, ufqning go‘zal bir holat kasb etishi kishilarga quvonch baxsh etsa, quyoshning ufq qo‘yniga g‘arq bo‘lib, chor atrofning shafaq qonlariga belanishi kishida g‘amgin, ma’yus va hatto mungli bir kayfiyatni hosil qiladi.

Oybek ham shunday ziddiyatli bir kayfiyatga chulg‘anadi. Shoir yozadi:

Quyosh, oltining cho‘kkanday cho‘kar sevinchim,

Sinadi ichimda umidning tosi.

Qalbimni yirtadi uning sadosi,

Yupatmas na xayol, sevgi ro‘yosi,

Yuramen, oqshomga singadi izim.

Biz bu she’rni o‘qir ekanmiz, Oybekning yuqoridagi: «Lirika ko‘pincha shoir fikrlarini, tuyg‘ularini... kuylaydi» degan so‘zlari to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qilamiz.

Oybekning tabiat tasviriga bag‘ishlangan she’rlarini o‘qir ekanmiz, uning katta va o‘tkir ko‘zlari nafaqat olis tarixni, Mahmud Torobiylar va Navoiylar yashagan davr manzaralarini, balki tabiatdagi betakror nafosatni ham teran ko‘rganiga amin bo‘lamiz. Oybek, hatto o‘zining nasriy asarlarida ham tabiatni shunday tasvirlaydiki, biz tabiatdagi nozik nuqtalarda uning e’tiboridan chetda qolmaganidan hayratga tushamiz.

Oybek faqat shoir va yozuvchilar bilangina do‘st bo‘lib qolmay, O‘rol Tansiqboyev singari rassomlar bilan ham inoq edi. U mashhur rassomning «Tog‘ sahari» asari to‘g‘risida so‘zlab: «Bu rasmga boqar ekansiz, o‘zingizni ko‘rgazma zalida ekaningizni unutasiz, tog‘larning sokin bag‘rida his etasiz o‘zingizni, tog‘lar quchoqlarida ko‘rgan saharlaringizni eslaysiz», deb yozgan. Bizningcha, kitobxon Oybekning tabiat lirikasini o‘qib ham o‘zini yashil tabiat bag‘rida his etadi.

Tabiat-insonning o‘sib-ulg‘ayishi, ezgulik va go‘zallikning kamalak ranglarini o‘ziga singdirishiga yordam beribgina qolmay, uning barkamol inson bo‘lishida ham faol ishtirok etadi. Afsuski, inson har doim ham ana shu ona tabiatga mehrli munosabatda bo‘lmaydi, tabiatdagi go‘zallikni his etmaydi va bu go‘zallikning qadr-qiymatiga yetmaydi.

Tabiat lirikasi esa xuddi shu maqsadga xizmat qilib, tabiatni tushunish, his etish va sevishga o‘rgatadi.



Harbiy lirika. Ikkinchi jahon urushi yillarida Oybek «Quyosh qoraymas» romanini yozish niyatida bo‘lgan. O‘zbek jangchilarining urush maydonlaridagi jangovar hayotini haqqoniy tasvirlash uchun, shubhasiz, ular bilan bir xandaqda yashash, o‘q va qon hidini tuyish lozim edi. Shuning uchun ham Oybek Moskva ostonalarida jang qilayotgan o‘zbek jangchilariga sovg‘a-salom olib borish va ularga badiiy xizmat ko‘rsatish uchun tuzilgan san’atkorlar delegatsiyasi bilan 1942-yil 6-dekabrda frontga yo‘l olgan va badiiy brigada O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham 1943-yil mart oyining so‘nggi kunlariga qadar front so‘qmoqlarida yurgan.

Bu dahshatli yillar edi. Rus qishiga mos kiyinmagan, yarim och Oybek urush va o‘lim izg‘ib yurgan so‘qmoqlarda vayron bo‘lgan shahar va qishloqlar, dorga osilgan partizanlar, o‘lik jangchilaridan hosil bo‘lgan tepalarni, bombalar yomg‘iridan o‘raga aylangan dalalarni ko‘rdi. Butun bir qishloqdan qolgan bitta mo‘rkonning murda qo‘lidek ko‘kka nola qilib turishining o‘zi Oybekdek yurak va asab tomirlaridan iborat shoirni larzaga soldi. U ana shunday dahshatli manzaralar ta’sirida yon daftariga keyinchalik o‘zbek harbiy lirikasining gultoji bo‘lgan quyidagi satrlarni yozdi:

Yig‘i kelmaydi sira,

G‘azabdan qaqragan ko‘z.

Bu yo‘llarning yaxidek

Labimda qotibdi so‘z...

Qoshlar, kipriklar qiron-

Yuraman hushsiz, hayron.

Qornim och. Esga kelmas

Xaltamdagi g‘ishtdek non.

Kuygan uylarda uvlar

Qish quyuni betinim.

Tanho kezaman.

Yig‘lar Yuragimda vatanim...

Bu she’rda tasvirlangan vatan bugun o‘zbek xalqining vatani emas. Lekin shunga qaramay, bu she’rni o‘qir ekansiz, Oybekka xos tuyg‘uning teranligi, kishilar va mamlakatlar boshiga tushgan tashvishni o‘z tashvishidek qabul qilib, iztirobga tushishi sizni ham larzaga keltiradi va siz istar-istamas she’rdagi ana shu olovlangan dard va iztiroblar girdobiga tushasiz. Va siz Oybekning quyidagi so‘zlari haqiqat ummonidan qalqib chiqqaniga ishonch hosil qilasiz. Oybek esa bunday yozgan edi: «Lirikaning emotsiya vositalari kuchli; ba’zan uzun romandan, faktlar bilan to‘lgan har xil yozuvlardan ko‘ra, kichkina bir she’r kuchliroq, davomliroq, chuqurroq ta’sir qoldira biladi».

Oybek she’ridagi bu emotsional ta’sir urush qoldirgan fojiaviy manzaraning aniq va lo‘nda bo‘yoqlar bilan chizilgani hamda shoirning bu bo‘yoqlarni laxta-laxta qonlar oqib turgan yuragidan olganidadir.

Oybek 1937-yilda «Navoiy» dostonidan keyin o‘zbek adabiyoti yulduzlariga bag‘ishlangan yana bir necha lirik dostonlar yozish istagida bo‘lgan. Afsuski, 1937-yilning fojiali voqealari tufayli shoir faqat Mashrab haqidagina lirik doston yozishga ulgurgan, xolos.

«Mashrab» dostoni shu vaqtgacha lirik she’r sifatida e’lon qilinib keladi. Lekin Oybek arxivida saqlanayotgan qo‘lyozmada uning janri, xuddi «Navoiy» singari, doston deb belgilangan. («Lirik doston» tushunchasi o‘zbek adabiyotshunosligida 60-yillarga kelibgina qo‘llana boshlagan.)

Boborahim Mashrab (1657-1711) o‘zbek mumtoz adabiyotining porloq siymolaridan biri bo‘lib, u o‘ziga xos jozibali she’rlari bilangina emas, ayni paytda isyonkor tabiati bilan ham avlodlar e’tiborini o‘ziga qaratib keladi. Oybek asarda Mashrabning darveshona tabiat sohibi, boylikdan hazar qiluvchi, kambag‘al va beva-bechora kishilar bag‘riga talpinuvchi, pok va musaffo inson sifatidagi obrazini yaratishni o‘ziga maqsad qilib olgan.

Odatda, lirik dostonda bosh qahramon obrazini yaratishda shoirlar portret va manzara (peyzaj) san’atidan keng foydalanadilar. Oybek ham lirik doston muqaddimasidayoq Mashrabning darveshona portretini yaratish yo‘li bilan uning obrazini gavdalantirmoqchi bo‘ladi:

Sochlari patila, ko‘zlari maxmur,

Ko‘zlarda sachraydi qora kuchli nur.

Saraton quyoshi, kuz izg‘irini

Ishlamish yuzlarning ma’no, sirini...

Boyligi qalb she’ri va eski tanbur.

Kulohdan toshardi jingalak sochi,

Mag‘rur va ko‘rkamdi har qachon boshi.

Tashir ham qish, ham yoz qo‘sqi bir po‘stin,

(Unda qolmagandir yamoqsiz o‘rin),

Belida kattakon bir nos qovog‘i...

Asarning bu dastlabki ikki bandida chizilgan portretdayoq Mashrab kitobxonning ko‘z oldida shoir va inson sifatidagi o‘ziga xos g‘aroyib qiyofasi bilan gavdalanmoqda. Unda «Navoiy» dostonidagi ulug‘ o‘zbek shoiriga xos viqor va ulug‘vorlikdan asar ham yo‘q. Aksincha, Mashrabning yuzlarida saraton quyoshi va kuz izg‘irini solgan muhr, qo‘lida «eski tanbur», ustida esa qishda ham, yozda ham yechilmaydigan «qo‘sqi po‘stin»... Shunday g‘arib bir ahvoldagi kishi nimasi bilan Oybekning mehrini qozongan, uzoq asrlardan beri esa el-yurtning, kitobxonlar ommasining ham e’tiborini qozonib kelmoqda? Oybek Mashrab obrazini sekin-asta yorqin va qabartma bo‘yoqlar bilan chizish orqali ana shunday savollarga javob beradi.

Shu o‘rinda Oybekning yana lirika haqidagi fikrlariga murojaat etsak: «Har bir lirik asarni, -deb yozadi shoir, -uch qismga bo‘lish mumkin. Birinchi qismda bosh fikr, bosh motiv ifodalanadi, ikkinchi qismda yordamchi yangi motivlar ila mavzu ochilar, uchinchi qismda fikr va tuyg‘ular doirasi bekiladi. Buni xotima deb ataydilar. Xotimada fikrlar, tuyg‘ular aniqlanib, o‘tkirlanib bir fokusga to‘planadi».

« Mashrab» lirik doston bo‘lgani uchun unda lirikaning ana shu ,.qonunlar»iga to‘la rioya qilingan. Agar asarga Oybekning shu nazariy fikr-mulohazalari asosida yondoshsak, «Mashrab»ning birinchi qismi besh banddan tashkil topganini ko‘ramiz. Shoir bu qismda Mashrab xarakteriga xos iroda kuchi va g‘ayritabiiy belgilar («Oyoqlari uchun tikanlar maysa, Qumlar og‘irligi unga bir paysa», «Osmonni bir tomchi moviy yosh kabi Eritar ko‘zlarning jonli otashi») haqida tasavvur bergach, uning oddiy xalq o‘rtasida mashhurligini aytish bilan bu qismni yakunlaydi.

Lirik dostonning «Ana shoir kelar...» so‘zlari bilan boshlangan ikkinchi qismi o‘n banddan iborat. (Darvoqe, har bir band besh satrdan tashkil topgan bo‘lib, aabba tarzida qofiyalangan.) Oybek bu qismda Mashrabning ruhiy go‘zalligi va boyligini yorqin chizmalar bilan yoritishga alohida ahamiyat bergan.

Oybek nazarida, Mashrabga xos darveshona fazilatlarning eng muhimi uning moddiy boylikka nopisandligidir. U Mashrabning ana shu fazilatini ajoyib bir topilma yordamida bunday tasvirlagan:

Oltin tanga tutar qandaydir bir zot,

Piching ila kulib, shoir otar bot.

Tanga allaqayda jaranglar toshda,

Bunday shiralarga qo‘nadi pashsha!

Usiz sehrlidir, rangindir hayot...

Mashrabni g‘arib bir holda ko‘rgan aslzoda kishilardan biri unga sadaqa sifatida oltin tanga uzatadi. Lekin oltin tanga Mashrab uchun hech bir qimmatga ega emas, aksincha, u Mashrab uchun bamisli bir toshdek gap: shu vajdan u tangani otib yuboradi. Oybek qahramonning aslzoda iltifotiga bo‘lgan bunday munosabatini ko‘rsatibgina qolmay, bu munosabatning tagida yotgan ma’no-mohiyatni ham mohirlik bilan ochadi («Bunday shiralarga qo‘nadi pashsha! Usiz sehrlidir, rangindir hayot...»).

Oybek ana shu tarzda Mashrab xarakteri qirralarini quyidagicha pog‘onama-pog‘ona ochib boradi:

1. Mashrabning olov va quyoshga bo‘lgan munosabati («Olovni ham dudni sevadi shoir, Kaftida cho‘g‘larni o‘ynatar mohir. Quyosh jilvasini ko‘rar olovda»).


  1. Mashrabning shoirligi («Jaranglar havoda baland xush ovoz, hammasi tabiiy, unda yo‘q pardoz. Ruhlarning qa’rida yoqadi mash’al»).

  2. Mashrab she’rlarining xalqqa yaqinligi («So‘zi xalqni qattiq kuldiradi goh, Goho u qalblardan uzdiradi oh...»).

4. Mashrab xatti-harakatlarining mantiqqa asoslanganligi
(«Undan sodir bo‘lgan har qiliq, har ish Topadi eng chuqur, eng nodir dalil»).

Mashrab xarakterining Oybek asarida yoritilgan asosiy qirralari shulardan iborat. Lekin bu qirralar Mashrabning fenomen sifatidagi mohiyatining faqat bir qisminigina tashkil etadi. Shuning uchun ham Oybek Mashrabning ziddiyatlar va paradokslardan iborat xarakteri talqinini yakunlab, bunday yozadi:

Qochadi har yerda koshonalardan,

Shoh do‘stlar chirkinroq begonalardan.

Is bosgan kulbada topar rang, ziyo,

Xon qizi bo‘lolmas ishqiga Laylo,

Qidirar quyoshni mayxonalardan...

Lirik dostonning ikkinchi qismi shunday satrlar bilan tugaydi. Nihoyat, «fikr va tuyg‘ular doirasi bekiluvchi» bir banddan iborat so‘nggi bo‘lim bunday xotimalangan:

Bulutday kezsa xalq ichidan shoir,

Xotirasi quyosh kabi qoladir.

Ko‘ngli ko‘targuncha har dargoh-gulshan, Bilinmas nash’asi, g‘ami nimadan,

Hayoti ming quroq bir afsonadir.

Dostonning badiiy jozibasi har bir satrning durdona fikrlar marjonidan tuzilganligi, tasviriy san’at vositalari bilan nafis bir shaklda bezanganligi, she’riy nutqning esa g‘oyat boy, rangin, mayin va o‘ta musiqiyligi bilan belgilanadi. Hatto so‘nggi bandning o‘zidayoq, Oybek Mashrabning el-yurt bo‘ylab kezishini bulutning sokin harakatiga qiyos qilgan bo‘lsa, shoir xotirasining abadiyligini tasvirlash uchun shu istiora unib chiqqan olamdan uzoqlashmagan holda quyosh obrazidan foydalanadi va Mashrab xotirasining quyosh yanglig‘ abadiy qolajagiga umid bildiradi.

Oybek «Mashrab»gacha va undan keyin ham, yuqorida aytib o‘tilganidek, ko‘plab dostonlar yozdi. Bu dostonlar orasida ,,O‘ch», «Baxtigul va Sog‘indiq», «Hamza», «Guli va Navoiy» dostonlari o‘zining badiiy quvvati bilan ajralib turadi. ,,O‘ch» dostoni esa inqilobiy yillar ruhiga biroz hamohang bo‘lganligi sababli o‘z vaqtida ancha mashhur bo‘lgan.

1937-yil dahshatlaridan arang omon qolgan Oybekning aziz boshi ustida 50-yillar tongida yana qora bulutlar paydo bo‘ldi. NKVD Oybekni qamoqqa olish va uning boshiga Cho‘lponlar taqdirini solish uchun barcha choralarni ko‘rdi. Shuning natijasida adib 1951-yil 16-aprelda insult xastaligiga yo‘liqib, tili va qo‘li ishdan chiqdi. Shifokorlar Oybekni hayotga qaytarish uchun uzoq yillar davomida zahmat chekdilar. Nihoyat, Oybek o‘z qo‘li bilan yoza olmasa-da, xotini Zarifaxonim va kelini Hulkarga kun bo‘yi shuurida tug‘ilgan satrlarni duduqlangan tillari bilan aytib yozdiradigan bo‘ldi. Ana shu holatda u «Oltin vodiydan shabadalar» romanini qayta ishlab berdi, «Quyosh qoraymas» romanini tugatdi, «Ulug‘ yo‘l» romani, o‘nlab qissa, doston, she’r va maqolalarini yozdi.

Ijod uning uchun yashash tarzi edi. U hatto xasta paytida ham o‘zini ijodiy mehnatsiz tasavvur etmagan. Shuning uchun ham adib sog‘ayishi va sog‘aygach bearmon yozishi mumkin bo‘lgan paytni orziqib kutdi:

Xastamen... Fikrga, tuyg‘uga to‘lib-

Oy menga hamqadam-asta yuramen.

Sog‘aysam, bir kuni yozamen to‘yib,

Hislarga qalbimni qo‘shib yozamen...

1959-yilda yozilgan bu she’rda Oybekning shu kezlardagi birdan-bir armoni katta badiiy kuch bilan ifodalangan.

Biz ko‘rib o‘tgan she’rlar nafaqat Oybek lirikasi, balki butun o‘zbek mumtoz va zamonaviy she’riyatining oltin sahifalarini tashkil etadi va Oybekning ulug‘ shoir bo‘lganidan dalolat beradi.



Oybekning nasriy ijodi

Oybek she’riyati bilan tanishish uning badiiy olami, shoirona ajoyib tili va uslubi bilan ham tanishish, demakdir. Shoir o‘z she’rlarini qanday tilda yozgan bo‘lsa, uning nasriy asarlari ham shunday tilda yozilgan.

Hamid Olimjon Oybekning o‘ziga xosligini nozik his etib, u haqda bans yuritganida, «Oybek prozada shoir-u, poeziyada prozaikdir», -deb bejiz aytmagan. Agar biz Oybekning hatto lirik she’rlarida ham nasrga xos tafsil (detal)lardan unumli foydalanganini ko‘rgan bo‘lsak, uning nasriy asarlarida shoirona til va uslubning nafisligi bizni, ayniqsa, maftun etadi. Oybek uslubiga xos bu fazilat Cho‘lpon va Abdulla Qodiriyning mahorat maktabi tufayli, ayniqsa, yorqin tus olgan.

Oybek nasriy ijodining cho‘qqilaridan biri «Navoiy» tarixiy-biografik romani bo‘lib, biz tilga olgan fazilat unda, ayniqsa, yorqin mujassamlangan.



«Navoiy» romani Oybek Navoiy hayoti va ijodi bilan 30-yillar arafasida faol qiziqa boshladi. U shu yillarda Yazdiy, Koshifiy, Qazviniy, Muhammad Tolib, Abdurazzoq Samarqandiy, Vosifiy, Mirxond singari tarixchi olimlarning asarlarini qunt bilan o‘rganishga kirishdi. Lekin 20-yillar oxiri-30-yillarda o‘zbek adabiyotida avj olgan noto‘g‘ri qarashlar tufayli Oybekka ham qator ayblar qo‘yildi.

Oybek, bir tomoni, o‘ziga qo‘yilgan aybdan xalos bo‘lish uchun «Qutlug‘ qon» romaniga oddiy kambag‘al xalq vakilini bosh qahramon sifatida tanladi. Lekin romanda tasvir etilgan voqealar mantiqi shuni ko‘rsatdiki, Yo‘lchilar tarixning burilish nuqtalarida xalq ommasiga rahbarlik ham qila olmaydilar, ta’sir ham o‘tkaza bilmaydilar. Qolaversa, 30-yillarda oddiy ishchilar va dehqonlar orasidan yetishib chiqqan davlat va mamlakat rahbarlari ham mustabid markaz oldida na el-yurt manfaatini, na o‘zlarini himoya qila olmadilar. Shuning uchun Oybek xalqqa ham, adabiyotga ham Navoiy singari daholar kerak, degan xulosaga keldi.

«Qutlug‘ qon» romani hali chop etilmay turib, Oybek 1940-yil 6-yanvarda «Navoiy» romani ustida ish boshlab yubordi va uni 1942-yilning qish oylarida tugatdi. Roman turli muhokamalardan o‘tib, 1944-yilda nashr etildi.

O‘zbek xalqi tarixida XIV-XV asrlar alohida o‘rinni egallaydi. Amir Temurning tarix sahnasiga chiqishi bilan yangi va qudratli o‘zbek davlatchiligiga asos solindi. Sharqning hozirga qadar iftixori bo‘lib kelayotgan mahobatli inshootlar-me’moriy obidalar bino etildi. Adabiyot, san’at va fan keng taraqqiy etdi. Ana shu taraqqiyotning timsoli va natijasi sifatida Alisher Navoiyning buyuk asarlari yaratildi. Navoiy faqat buyuk shoir bo‘libgina qolmay, XV asrning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy hayotiga ham katta ta’sir o‘tkazdi.

Ayrim tarixchilarda: agar Husayn Boyqaro bo‘lmaganida, Navoiy shoir sifatida bunday yuksaklikka erishmagan bo‘lardi, degan fikr bor. Ehtimol, bu fikrda haqiqat urug‘lari yo‘q emasdir. Ammo eng muhimi shundaki, agar Navoiy bo‘lmaganida, Husayn Boyqaro ham davlatni va avom (xalq)ni idora etishda bu darajada muvaffaqiyat qozonmagan, Husayn Boyqaroning o‘zi ham, xalq ham, davlat ham allaqachonlar ichki nizolar va urushlarning qurboni bo‘lgan bo‘lardi.

Shu so‘zlarning o‘zidanoq roman markazida Navoiy va Husayn Boyqaro obrazlari turishi zarurligi yaqqol ko‘rinib turibdi.

Shubhasiz, Oybekning asosiy maqsadi Navoiyning ulug‘ inson, shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini yaratishdir. Oybekning talqinicha, Navoiy siymosining ana shu uchala qirrasini o‘zaro birlashtirib turadigan «magnit maydoni» uning insonparvarligidir. Oybek Navoiyning insonparvar shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini yaratish uchun asarga tarixiy shaxslar obrazi bilan birga, badiiy to‘qima mahsuli bo‘lgan bir qator obrazlarni ham kiritgan. Bular, birinchi navbatda, Navoiyning shogirdi Sultonmurod, uning do‘sti Arslonqul va uning sevgilisi Dildordir. Bular-roman voqealarida oddiy xalq vakillari sifatida ishtirok etib, Navoiyning ulug‘ inson, shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini ochishga ko‘maklashadi. Husayn Boyqaro, Jomiy, Behzod, Nizomulmulk, Majididdin singari o‘nlab qahramonlar esa Oybek asariga to‘ppa-to‘g‘ri tarix sahifalaridan kirib kelgan. Oybek bu qahramonlar obrazini yaratishda tarix haqiqatiga suyangan.

Shoir va tarjimon A. Naumovning yozishicha, Oybek u bilan suhbatida «Navoiy» romanining yaratilish tarixi haqida so‘zlab, unga: «Yozishdan avval men qahramonlarimni aniq-tayin ko‘rganman, ular, mening xayolimda, bir paytlar tarix shudgoriga tashlangan urug‘dan o‘sib chiqqandek edilar», -degan ekan.

Adibning bu fikri nafaqat tarixiy shaxslar, balki to‘qima obrazlarga ham taalluqlidir.

O‘sha suhbatdoshning yozishicha, Oybek unga yana bunday so‘zlarni aytgan: « Mening stolim ustida o‘rta asrlardagi Hirotning o‘zim chizgan xaritasi yotardi. Men Hirotda uyqu og‘ushiga ketib, Hirotda uyg‘onar edim, faqat kechalarigina men yashayotgan Toshkent tushimga kirardi».

Oybekning bu so‘zlari uning roman yozishga jiddiy tayyorgarlik bilan kirishgani, asar konfliktini tashkil etuvchi kuchlar va bu kuchlarning vakili bo‘lgan shaxslarni aniq-tayin tasavvur etganidan guvohlik beradi.

Roman XV asrdagi Movarounnahr hayotidan olingan. Bu hol adibdan shu davrdagi tarixiy sharoitni, Navoiy va Husayn Boyqaro, Navoiy va Jomiy, Navoiy va xalq o‘rtasidagi munosabatlarni badiiy mujassamlantirishni taqozo qilgan, albatta. Oybek shu mavzularni badiiy yoritish jarayonida Navoiy obrazining eng muhim qirralarini ochishga intilgan.

Navoiy asar boshlarida do‘sti Xo‘ja Afzal bilan suhbatlashar ekan, unga bunday deydi:

«Xurosonda bir davr yaratmoq lozimki, ...o‘zga xalqlar ibrat ola bilsinlar...Tokaygacha insonlar vahshat sahrosida qolurlar! Inson barcha maxluqotlarning tojidir. U sharafli, sof, go‘zal yashamog‘i kerak. Davlat arboblari aql va adolatni shior qilsalar, xalqni parvarish etsalar, hayotning zangini oltinga aylantirmoq mumkin».

«Inson barcha maxluqotlarning tojidir. U sharafli, sof, go‘zal yashamog‘i kerak» -Navoiyning shoir va davlat arbobi sifatidagi butun faoliyati shu narsani amalga oshirishga qaratilgan. Bu, Navoiy yashagan davr uchun, hatto undan keyingi davrlar uchun ham bir utopiya, xayoldir. Shu ma’noda Navoiy-xayolparast. Bunday oliy g‘oyalar, oliy maqsadlar faqat xayolparastlarning ko‘nglida, shuuridagina tug‘iladi.

Husayn Boyqaro-Amir Temurning munosib avlodi. U qilich tutishni ham, mamlakatni idora qilishni ham, hatto g‘azal yozishni ham yaxshi biladi. Lekin u, romanda aytilganidek, «qilichdan ko‘ra mayga, jang maydonlaridan ko‘ra chaman bog‘larda tuzilgan sho‘x bazmlarga moyil». Sharq podsholariga xos bo‘lgan ana shu xislat bilan xalqning «sharafli, sof, go‘zal» yashashi haqidagi Navoiyning orzu-istaklari o‘rtasida tubsiz bir jarlik bor.

Navoiy Husayn Boyqaroni bolalik kezlaridan boshlab yaxshi bilgani uchun unga ishonadi; uni eng odil, aql-zakovatli, davlatpanoh va xalqparvar temuriy podsholardan biri, deb biladi. Yana shuni ham yaxshi biladiki, Husayn Boyqaroning atrofida uning zaif tomonlaridan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanadigan, uni chalg‘itadigan, hatto o‘zi bilan podsho o‘rtasidagi iliq munosabatlarga soya tashlaydigan kimsalar oz emas. Afsuski, Sulton Husayn podsho bo‘lsa-da, Ollohning «xom sut ichgan» bandalaridan biri bo‘lgani uchun ba’zan xushomadgo‘ylar-u ig‘vogarlarning zo‘r mahorat bilan to‘qigan to‘ridan chiqa olmaydi. Xazinani to‘ldirish muammosi unga xalq dard-u tashvishlaridan ko‘ra muhimroq bo‘lib tuyuladi.

Iqtisodiy ahvoli og‘irlashgan, zakot va soliqlardan qaddi dol bo‘lgan xalq isyon ko‘taradi. Majididdin podsho huzurida isyonni tig‘ bilan bostirish zarurligini aytadi:

«- Masala adolat va haqiqat masalasidir, -deb javob berdi Navoiy o‘zini tutishga tirishib, -haqiqat olamon tarafidadir. Haq so‘zni aytgan og‘izlarni tosh bilan qonatmoq emas, haqiqat tamalini qulatmoqqa ko‘tarilgan qo‘llarni kesmoq zarur. Zakot yig‘moq davlat ishidir, lekin bir necha badnafs, chirkin maxluqlar uchun boylik manbayi emas! Bundan so‘ng butun Xurosonda jamiki fuqaro tirikchiligini nazarda tutib, zakotni isloh etmoq kerak. Bu idorani shiraga o‘ch chirkin pashshalardan tozalamoq zarur . Takror aytamanki, elning qahri, g‘azabi asoslidir. Uning ovoziga quloq solmoq, shikoyatlarini sabr-toqat bilan tinglamoq vazifamizdir».

Navoiyning xalq to‘g‘risida aytilgan serjilo va serhikmat so‘zlarigina emas, balki, birinchi navbatda, el-yurt dardi bilan to‘yingan, uni turmushning ortiqcha tashvishlaridan forig‘ etish istagi bilan yo‘g‘rilgan bunday so‘zlari va xatti-harakatlari uning buyuk insonparvar davlat arbobi sifatidagi obrazini nurlantirib yuboradi.

Navoiy saroydagi xudbin va ig‘vogar kimsalar tufayli Husayn Boyqaro bilan uning farzandlari o‘rtasida chiqqan nizolarni, dastavval, xalq va davlat manfaatidan kelib chiqib bartaraf etgan. U ota bilan farzand o‘rtasida sulh o‘rnatish uchun Badiuzzamon huzuriga borganida, shahzoda o‘g‘lining xoinlarcha o‘ldirilgani tufayli sulhga rozi bo‘lmagan.

Oybek ana shu epizodni bunday davom ettiradi:

- O‘g‘limning motami dilimga chuqur jo bo‘lgan..., -dedi qayg‘ulanib Badiuzzamon.

-Qo‘llarini go‘dak qoni bilan bo‘yaganlarni, kimlar bo‘lmasin, hech qachon oqlamaymen, kechirmaymen. Har vaqt ularga la’nat o‘qiymen!-dedi Navoiy hayajonlanib.-Ammo xalq va davlat aybdor emas, buni yaxshi fahmlamoq kerak, axir...»

Badiuzzamon yana otadan ko‘rgan haqsizliklar to‘g‘risida shikoyat qilgach, Navoiy «yurt, xalq oldida, tarix oldida shaxsiy ginalarning hech qimmati yo‘qligini» aytib, bunday deydi:

«-Inson uchun toj kiymoq shart emas, balki nomus ham vijdon sohibi bo‘lmoq, jamiyat oldida o‘z mas’uliyatini sezmoq shart!»

Navoiyning bu so‘zlarida asar g‘oyasi, yozuvchining badiiy niyati yaqqol ifoda etilgan. Navoiy singari shaxslar kishilarni-ular xoh podshoh, xoh oddiy fuqarolar bo‘lishsin-shunday to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun dunyoga keladilar. Ular dunyodan ketganlaridan keyin ham asarlarida olg‘a surilgan g‘oyalar bilan kishilarni, xalqni, davlat rahbarlarini shunday yo‘ldan yetaklab boradilar.

Sovet davri adabiyotida qahramonlarning geneologik ildizlari sun’iy ravishda shunday ko‘rsatildiki, agar qahramon ijobiy bo‘lsa, uning ota-bobolari, albatta, mehnatkash, demak, kambag‘al kishilar bo‘lishgan; salbiy qahramon esa, albatta, boylarning avlodi. Agar Oybek sovet adabiyoti estetikasining bunday talablaridan yuz o‘girib, «Qutlug‘ qon» romanida kambag‘al xalq ommasining vakili Yormatni boylarning yuvindixo‘ri sifatida, o‘z taqdirdoshlaridan yuz o‘girgan kimsa sifatida tasvirlagan bo‘lsa, «Navoiy»ga uning yanada dahshatli ko‘rinishi-To‘g‘onbek obrazini olib kirgan. To‘g‘onbek kambag‘al bir oiladan chiqqanligiga qaramay, qanchadan qancha beva-bechoralarga zulm o‘tkazadi. To‘g‘onbekning zulmidan zada bo‘lgan kishilardan biri unda vijdon tuyg‘usini uyg‘otmoqchi bo‘lganida, u bunday deydi: «Qariya, -dedi gerdayib To‘g‘onbek, -o‘giting ma’noli... Biroq umr qisqa ekan, yashaganingga yarasha dunyoning changini chiqarib ket!»

Oybek asarda ezgulik bilan yomonlik mavzusini turli taqdirlar va voqealar tasviri orqali yoritar ekan, yomonlik jazolanmay qolmaydi, degan qat’iy e’tiqodidan kelib chiqib, Majididdinning ham, Nizomulmulkning ham, To‘g‘onbekning ham sharmandali o‘lim topganini bo‘rttirib tasvirlaydi. To‘g‘ri, adib romandagi asosiy ijobiy qahramonlardan biri Arslonqulning ham vafotini chetlab o‘tmagan. Ammo uning yurt mudofaasi paytidagi o‘limi asl qahramonning, vatanparvarning o‘limi bo‘lsa, To‘g‘onbeklarning o‘limi itlarning o‘limi edi.

Oybek bu razil insonlar hayotining fojiali yakun topganini avlodlarga ibrat bo‘lsin degan maqsadda! «Itga-it o‘limi», degan xalq hikmatining asossiz emasligini ko‘rsatish uchun atayin tasvirlagan.

Navoiy temuriylar sulolasi hukmronlik qilgan tarixiy davrda yashab, ijod etdi. Temur va temuriylar tufayli laxtak-laxtak bo‘lib yashayotgan turkiy qabilalar birlashib, qudratli va bepoyon o‘zbek davlati vujudga keldi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, xuddi shu davrda fan, adabiyot va san’at o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarildi, me’morchilik va hunarmandchilik mislsiz darajada taraqqiy etdi. Ammo Amir Temur vafotidan keyin qudratli o‘zbek davlati parchalanib, shahzodalar o‘rtasidagi urush va nizolar avj oldi. Oybek o‘zbek xalqi tarixining shu murakkab va faromush davrlarini ko‘z oldiga keltirgan holda Navoiy tili bilan Badiuzzamonga bunday deydi: «Men aminmanki, siz jaholat tig‘ini sindirmasangiz, birodarlaringiz nomussizlik botqog‘iga kun sayin chuqurroq botaversalar, bu muborak yurtda hayot o‘chog‘i sovrilur». Oybekning bu so‘zlarni Navoiy tili bilan aytishdan yoki bu so‘zlarni Navoiyga ayttirishdan maqsadi o‘zbek yurtining XV asrda boshlangan va asrlar mobaynida davom etgan o‘zaro urushlar natijasida XIX asrning 60-yillariga kelib, Rossiya tomonidan osongina bosib olingani va mustamlakaga aylanganini aytishdir.

Xullas, Oybek romanda Navoiy siymosi va u yashagan tarixiy davrni tasvirlash orqali zamondoshlarini o‘tmishdagi achchiq voqealardan saboq, xalq va vatan manfaati yo‘lida yashab, ijod qilgan ulug‘ siymolar va ularning ajoyib fazilatlaridan esa ibrat olishga chaqiradiki, xuddi shu narsada asarning ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyati yotadi.

Biz yuqorida romandagi badiiy to‘qima samarasi bo‘lgan obrazlar to‘g‘risida ham so‘zlab o‘tgan edik.

Agar jahon adabiyotidagi roman janrining eng yaxshi namunalarini yodga olsak, ularda ham, boshqalarida ham muhabbat mavzuyi yetakchilik qilganini, hatto aksar asarlarda oshiq va ma’shuqalar bosh qahramon sifatida tasvirlanganini ko‘ramiz. Shu ma’noda Navoiyning shaxsiy hayoti Oybekka bosh qahramonning muhabbati bilan bog‘liq mavzuni romanga olib kirish imkonini bermagan. Muhabbat mavzusi chetlab o‘tilgan asar esa zerikarli bo‘ladi va kitobxonning mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lmasligi mumkin. Oybek romandan muhabbat mavzusi ham o‘rin olishi uchun unga Arslonqul bilan Dildorning to‘qima obrazlarini olib kirgan. Bu har ikkala qahramon yozuvchi ijodiy fantaziyasining mahsuli bo‘lgani uchun Oybek ular muhabbatini turli sinovlardan olib o‘tadi va ularning o‘zaro munosabatlarini tasvirlash orqali ularga xos ichki go‘zallik, iroda, sabr-bardoshlilik, bir-biriga ishonch va mehr, mehnatsevarlik kabi insoniy fazilatlarni haqqoniy tasvirlaydi.

Shunday qilib, romanda, bir tomondan, Navoiy-Boyqaro-Jomiy-Sultonmurod-xalq, ikkinchi tomondan esa, Arslon-qul-Dildor sujet chiziqlari tasvirlanadi. Adib bu har ikkala sujet chizig‘ini shunday ustalik bilan birlashtirib yuborganki, kitobxon ularni yaxlit badiiy qatlam sifatida idrok etadi.

Aziz o‘quvchilar! Siz Oybekning she’riy ijodi bilan tanishganingizda uning she’rlari tiliga xos badiiy go‘zallikni ma’lum darajada his etdingiz. Oybek she’rlariga xos ana shunday ta’sirli, obrazli, jozibali til uning nasriy asarlarida ham o‘zining kamalak ranglari bilan tovlanib turadi. Oybekning deyarli har bir jumlasi badiiyatning oltin kukunlari bilan to‘yingandek taassurot qoldiradi, uning har bir iborasida o‘zbek tilining boyligini, go‘zalligini, shiradorligini namoyish etuvchi belgilar oz emas. Shuning uchun ham «Navoiy» romanini o‘qigan o‘quvchi mohirona yaratilgan badiiylikdan bahramand bo‘ladi.

Navoiyning keyinchalik «Sharq Rafaeli» sifatida shuhrat qozongan Behzodning asarlari bilan ilk bora tanishuvi romanda bunday tasvirlangan:

«Bo‘yoqlarning nafis ohangi tong chog‘i toza zangori ufqlarga taram-taram yugurgan nurlar kabi, benihoyat nozik tovlanar edi! Navoiy orom va hayajon bilan chuqur nafas oldi. Ikkinchi rasmni ko‘rdi. Ayni ruh, lekin yana boyroq, yana nafisroq... Mana, ov tasviri. Ohular go‘yo qog‘ozdan sakrab, o‘ynoqlab ketayotganday tuyuladi...»

Bunday lavhalarni o‘qir ekansiz, faqat so‘zlarning marvarid donalaridek jumlaning shohi ipiga terilganigina emas, balki adib tasvir etgan manzaraning aniqligi, ranginligi ham sizni o‘z ta’sir doirasiga tortadi.

Yoki romandagi quyidagidek hikmatli so‘zlardan olam-olam ma’no topasiz:

«Chaqmoq qancha balandda chaqmasin, egri bo‘lgani uchun, albatta yerning qa’riga borur. Shamki, to‘g‘ri, adldir-kuysa ham boshdan oyoq nur bo‘lib kuyur».

«Shoh bolasiga yurt va sipoh, darvesh bolasiga masjid-u xonaqoh kerak»

«Yomonlardan yaxshilik kutmoq hayvon shoxida gul unmagini orzu qilmoq bilan barobardir».

«Lo‘lining chirmandasi yorilsa, maymunga o‘yinchoq bo‘ladi».

«Fikrlarning sayr-sayohati uchun qog‘ozlar tolmas qanotlar kabidir. Ular tog‘dan ham, dengizdan ham oshib o‘tgusi!»...

Xullas, Oybek ulug‘ o‘zbek shoiriga bag‘ishlangan romanini shunday shohi ipaklar bilan tikkanki, bunda adibning tanlangan mavzu va qahramonga bo‘lgan muhabbati yaqqol sezilib turadi.

«Biz o‘z muhabbatimiz bilan narsalarga go‘zallik bag‘ishlaymiz», degan edi mashhur fransuz yozuvchisi Anatol Frans.

Oybek ham Navoiyga nisbatan tuygan ulkan hurmati va muhabbati bilan buyuk shoir siymosiga va umuman, u haqdagi romanga ajib bir go‘zallik bag‘ishladi.



* * *

Oybek shoir, adib va adabiy harakatning rahbari sifatida XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shdi. U adabiyotimizni turli janr va shakldagi asarlar bilan boyitibgina qolmay, Cho‘lpon va Abdulla Qodiriylar ijodi tufayli shakllangan adabiy tilimizga yanada sayqal berdi. Eng muhimi, Cho‘lponlar qatag‘on etilgan, hatto ularning buyuk asarlarini o‘qish mumkin bo‘lmagan davrlarda Oybek o‘zining ijodiy izlanishlari va badiiy tajribalari bilan kelgusi adabiy avlodlarga mash’al o‘laroq, badiiy ijodning munavvar yo‘llarini yoritib turdi.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa