Aholi bandligi va real daromadlarni izchil oshirish:
aholining real pul daromadlarini va xarid qobiliyatini oshirish, kam ta’minlangan oilalar sonini va aholining daromadlari bo’yicha farqlanish darajasini yanada kamaytirish;
byudjet muassasalari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar hajmini inflyasiya sur’atlaridan yuqori miqdorda izchil oshirish;
yangi ish o’rinlarini yaratish hamda aholining, eng avvalo, o’rta maxsus va oliy o’quv muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, mehnat bozori mutanosibligini va infratuzilmasi rivojlanishini ta’minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish;
mehnatga layoqatli aholining mehnat va tadbirkorlik faolligini to’liq amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish, ish kuchi sifatini yaxshilash, ishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini kengaytirish.
Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda ko’plab ishlar amalga oshirildi.
Bunga misol tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi «Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3655-son qarori qabul qilinishini keltirishimiz mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini tabaqalashtirilgan holda:
oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarining – o‘rtacha 25 foizga va stajer-o‘qituvchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega professor ish haqining miqdorlari o‘rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish;
ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish va innovatsiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy xodimlarining — o‘rtacha 25 foizga va stajer-tadqiqotchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga va professor ilmiy unvoniga ega bosh ilmiy xodim ish haqining miqdorlari o‘rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.Shuningdek, Belgilab qo‘yilmoqdaki, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab:
bazaviy doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga – ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega bo‘lmagan (2 yilgacha ilmiy faoliyat tajribasiga ega bo‘lgan) kichik ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar;
doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga – fan nomzodi (yoki falsafa doktori (PhD) darajasiga va xorijiy davlatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) ilmiy darajasiga yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan yetakchi ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar to‘lanadi.
Shuningdek, umumiy o’rta ta’lim maktablaridagi o’qituvchilarning oylik-maoshlarini oshirishda Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2018-yil 1-sentyabrdan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 1,1 baravarga, yuqori sinf o‘qituvchilari uchun o‘rtacha 1,24 baravargacha, direktor, uning o‘rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 barvarga oshirildi.
2019-yil 1-yanvardan oliy toifali o‘qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,15 baravarga, mutaxassis o‘qituvchilar uchun 1,1 baravarga, direktor, uning o‘rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.
Ustamalar, sinf rahbarligi va daftar tekshirganlik uchun to‘lanadigan to‘lovlarni hisobga olgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari toifalar bo‘yicha o‘rtacha hisobda 24 foizdan 39 foizgacha, yuqori sinf fan o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkasi 37 foizdan 49 foizgacha, maktab direktori va ularning o‘rinbosarlariniki o‘rtacha 27 foizga, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilariki o‘rtacha 26 foizga oshirildi.
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab psixolog shtat birliklari maktabdagi o‘quvchilar soni 250 nafargacha bo‘lganda 1 shtat birligi, 250 nafardan 800 nafargacha 1,5 shtat birligi, 800 nafardan 1600 nafargacha 2 shtat birligi, 1600 nafardan 3000 nafargacha 2,5 shtat birligi, 3000 nafardan ortiq bo‘lsa 3 shtat birligi etib belgilandi.
Shuningdek, maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentyabrdan mutaxassis o‘qituvchilar bazaviy tarif stavkalarining 90 foiziga tenglashtirildi hamda 2019 yil 1 yanvardan 1,1 baravarga oshirildi. Natijada maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 96 foizga oshdi.
Qarorda hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qarorda har yili qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar qurish dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylarning bir qismini xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga 25 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti sifatida berish, «Har bir oila – tadbirkor» dasturi asosida pedagog xodimlarning oila a’zolariga imtiyozli kreditlar berish, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun kreditlar berish belgilandi.
Qarorda 2018-2020-yillarda pedagoglik kasbining yuksak ijtimoiy mavqei va obro‘sini targ‘ib qiluvchi «O‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari»ni tashkil etilishi belgilandi.
Qarorning yana bir o‘ziga xos jihati 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablari, shu jumladan ixtisoslashtirilgan maktablar, san’at va madaniyat maktab-internatlari, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda akademik litseylar bitiruvchilariga oltin va kumush medallarni berish tartibi joriy qilindi.
Bu qarorlarning qabul qilinishi mamlakatimiz aholi daromadlarining oshishiga katta hissa qo’shdi. Ziyoli qatlamga kiruvchi o’qituvchi va murabbiylarning oylik-maoshlari oshishi ularning turmush darajasiga ijobiy ta’sir qilib, hayot tarzining yaxshilanishiga xizmat qildi. Bundan tashqari, yana bir soha vakillarining oylik-maoshlari oshirilishi to’g’risida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror matniga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, yuksak professional kadrlar salohiyatini shakllantirish maqsadida —
Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlari 2018 yil 1 dekabrdan — 1,2 baravar va 2019 yil 1 apreldan — 1,15 baravar bosqichma-bosqich oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda xalqaro tajribani o‘rganish asosida 2019 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha quyidagilarga yo‘naltirilgan takliflarni kiritadi:
davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining lavozimiga va malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning murakkablik va javobgarlik darajasi, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalari ixtisosligiga qarab bazaviy lavozim maoshlarini joriy etish;
tibbiyot xodimlari faoliyatini va mehnati unumdorligini baholashning zamonaviy usullarini, shu jumladan, davolangan bemorlar elektron statistikasini bosqichma-bosqich tatbiq etish va bemorlar o‘rtasida onlayn so‘rovlar o‘tkazish orqali joriy etish;
tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ular bajaradigan ishlar sifati, erishiladigan natijalar va ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarga jamoatchilik tomonidan berilgan baholarga qarab ularga haq to‘lanishini ta'minlash;
tibbiyot muassasalari rahbarlariga alohida o‘rnak ko‘rsatgan vrachlarga Tibbiyot tashkilotlarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash huquqini berish.
Mamlakatimiz aholisining bandligini ta’minlash, ularga qo’shimcha ish o’rinlarini yaratish, ularning real daromadlarini oshirish bo’yicha yana bir O'zbekiston Respublikasining 2018 yil 7 iyundagi “Har bir oila-tadbirkor” dasturini amalga oshirish to'g'risida”gi PQ-3777-sonli qarori qabul qilindi.Qarorda : a) mamlakatimizning har bir tuman va shahrida, eng avvalo olis va tabiiy-iqlim sharoiti og'ir hududlarda aholining moddiy sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi sifati va darajasida sezilarli ijobiy o'zgarishlar amalga oshirilishini ta'minlashga qaratilgan “Har bir oila - tadbirkor” dasturi (keyingi o'rinlarda Dastur deb yuritiladi) amalga oshirilishi belgilab qo'yilganligi;
b) quyidagilar dasturning asosiy yo'nalishlari etib belgilanganligi:
tadbirkorlik bilan shug'ullanish istagida bo'lgan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo'llab-kuvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning har bir bosqichida mutasaddi idoralar tomonidan tizimli amaliy yordam ko'rsatilishini ta'minlash;
tadbirkorlik va daromad keltiradigan mehnat faoliyati bilan shug'ullanmagan aholiga tadbirkorlik ko'nikmalarini o'rgatish va tegishli faoliyat turini tashkil qilishga amaliy yordam ko'rsatish;
tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini kengaytirishga amaliy yordam berish orqali qo'shimcha ish o'rinlari yaratish;
kasanachilik va kichik hajmda ishlab chiqaruvchi sub’ektlarni (mikrofirmalarni) tashkil etish uchun moliyaviy yordam berish orqali aholiga qo'shimcha daromad ishlab topish imkoniyatini yaratish;
qishloq va mahallalarning ixtisoslashuvini (hunarmandchilik, tikuvchilik, qishloq xo'jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini etishtirish, ixcham issiqxonalar tashkil qilish va boshqalar) hisobga olgan holda mazkur sohada ijobiy natijalarga erishgan ishbilarmonlik tajribasiga ega tadbirkorlarni mahallalarda yangi biznes faoliyati bilan shug'ullanishni boshlagan oilalarga biriktirish - mini-klasterlar tashkil etish;
joylarda oilaviy tadbirkorlikka ko'rsatiladigan xizmatlar ko'lamini tubdan kengaytirish, tadbirkor oilalarning ishlab chiqargan mahsulotlari savdosini tashkil qiluvchi bozor infratuzilmasi ob’ektlari, xizmat ko'rsatish va servis shoxobchalarini barpo etish;
qishloq va mahallalarda bo'sh turgan yer maydonlarini yangi tashkil etilayotgan oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga berish orqali aholi uchun qo'shimcha ish o'rinlari va daromad manbalarini yaratish;
vaqtinchalik moliya-xo'jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan hamda davlat ro'yxatidan o'tmasdan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlab, ular faoliyatini tiklash va qonuniylashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi chora-tadbirlar belgilab qo'yildi.
Bu qarorlarning barchasi mamlakatimizda aholi pul daromadlarining o‘sishi, uning xarid qobiliyatini oshirish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va mamlakatdagi barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta‘minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |