Devir dashti) ham mavjud. Afg‘oniston, Suriya, Eron, Turkiya davlatlari hududlarida ham aholi juda siyrak joylashgan, chunki bu joylarning tabiiy sharoiti dehqonchilik uchun uncha qulay emas va aholi ko‘proq ko‘chmanchi chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
Afrika – sayyoramizdagi axoli nisbatan siyrak joylashgan hududdir. Qit’a axolisining o‘rtacha zichligi 1 km2 ga 1970 yili 12 kishini, 2005 yili – 29 kishini va 2009 yili 33 kishini tashkil etgan. 39 yil davomida aholi zichligi 2,7 marta oshgan.
Afrikada aholining siyrak joylashuvi bir tomondan tabiiy sharoitning qishloq xo‘jaligi uchun qulay emasligi, ichimlik va sug‘orish uchun suv tanqisligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan Afrika davlatlarining juda uzoq davr Yevropa davlatlari mustamlakasi bo‘lib kelganligidir, chunki koloniya sharoitida aholining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sekin, o‘ziga xos boradi. Ushbu jarayon esa aholining tabiiy o‘sishiga, umr ko‘rish muddatiga salbiy ta’sir etadi. Natijada aholi soni sekin ko‘payadi va aholi zichligi ham shunga mos tarzda o‘zgaradi. Juda ko‘p Afrika davlatlarida aholi zichligi 1 km2 ga10 kishi atrofida. Aholining eng yuqori zichligi Mavrikiy, Reyunon va Viktoriya ko‘li atrofida joylashgan Ruanda va Burundi davlatlarida (1 km2 ga 400-450 kishi), aholi eng siyrak joylashgan yerlar esa Botsvana, Liviya va Namibiya davlatlarida (1 km2 ga 1 kishi) kuzatiladi.
Afrikada ham aholi joylshuvida suv resurslarining asosiy omil ekanligi yaqqol kuzatiladi. Nil daryosi vodiylarida, Gvineya qo‘ltig‘i, Tunis, Jazoir va Marokashning sohil bo‘ylarida aholi zich va aksincha, Sahroi Kabir, Kalaxari va Liviya cho‘llarida, shuningdek tropik o‘rmonlarda aholi juda siyrak, ba’zi cho‘llarda esa, umuman aholi yashamaydi.
Afrikaning ba’zi hududlarida, ayniqsa shimoliy qismida, aholi juda notekis joylashgan. Bu yerda aholi eng zich joylashgan- O‘rta dengiz sohillari bilan aholisi juda siyrak Sahroi Kabir cho‘li mavjud. Marokashning shimoli-g‘arbida ushbu davlat aholisining 90 foizi istiqomat etadi va aholi zichligi 1 km2 ga 200 kishidan ortiq, janubi-sharqiy qismidagi tog‘ va cho‘l hududlarida esa, aholi siyrak joylashgan va 1 km2 ga 1 kishini tashkil etadi.
Aholi joylashuvi bo‘yicha Nigeriya Afrikadagi o‘ziga xos hudud sanaladi va bu yerda aholi nisbatan bir tekis joylashgan. 1962–2005 yillarda Nigeriyada aholi zichligi 39 dan 148 ga yetdi, yoki 3 barobarga oshdi. Aholi eng zich joylashgan hudud – Nigeriyadagi Lagos aglomeratsiyasidir. Misr davlatida esa aholi joylashuvi ancha notekis; aholining asosiy qismi Nil vodiysida yashab, zichlik 1 km2 ga 1000 kishidan ortiq. Qohira aglomerasisida ham aholi zich joylashgan. Misrning g‘arbiy va sharqiy qismlarida aholi siyrak tarqalgan. Efiopiya, Kongo, Gambiz, Komor orollari, Ruanda, Uganda kabi davlatlarda ham aholi zichligi 1 km2 ga 60–350 kishini tashkil etadi.
Amerika – ham Yer sharidagi axoli siyrak joylashgan hudud bo‘lib, xozirgi davrda (2009 yil) 1 km2 ga 22 nafar axoli to‘g‘ri kelmoqda.Amerikada axoli joylashuvi uning aloxida hududlari bo‘yicha farq qiladi.
Shimoliy Amerikada aholi Janubiy Amerikaga nisbatan siyrakroq joylashgan. AQShning Atlantika okeani sohillaridagi Rod-Aylend, Nyu-Jersi, Pensilvaniya shtatlarida aholi zich joylashgan va G‘arbga borgan sari aholi zichligi kamaya boradi. Missisipi vodiysidan so‘ng tog‘li hududlar boshlanadi va bu yerlarda aholi juda siyrak bo‘lib, 1 km2 ga 1 kishidan to‘g‘ri keladi. Tinch okeani sohillarida ayniqsa Kaliforniyada aholi zichligi yana ortib boradi. Kanadada ham aholi nisbatan siyrak joylashgan bo‘lib, 1 km2 ga 3 kishidan to‘g‘ri keladi. O‘ziga xos tomoni juda katta maydonni tayga va tundra zonalari egallagan. Kanadaning shimoliy qismi, arktik orollarda, AQSh ga tegishli Alyaska yarim orolida ham aholi juda siyrak joylashgan.
Janubiy Amerikada ham aholi asosan suv resurslariga yaqin, okean sohillari bo‘ylab joylashgan. Braziliyaning San-Paulo shtatida va sharqiy qismida, Parana pasttekisligida aholi nisbatan zichroq joylashgan bo‘lib 1 km2 ga 50-55 kishini tashkil etadi. Karib dengizi orolllari va Bermuda orollarida ham aholi zich 1 km2 ga 300-400 kishidan ortiq. Amazonka vodiysining tropik o‘rmonlar va botqoqliklar bilan qoplangan qismi, baland And tog‘lari va Atakama cho‘lida esa aholi deyarli yashamaydi.
Aholi joylashuvi bo‘yicha Lotin Amerikasi demografik vaziyatida XX–XXI asrlarda keskin o‘zgarish bo‘lgan. Ushbu davrda Lotin Amerikasi aholisi deyarli 8 barobarga ko‘paygan. 1900 yilda mazkur hududda 65 mln. aholi yashagan bo‘lsa, 2005 yilda aholi soni 530 mln.dan oshib ketgan va bu ko‘rsatkich sayyoramiz aholisining 8,8 foizini tashkil etgan. Mazkur hududda aholi ko‘payishi bilan uning zichligi ham ortib borgan; 2005 yilda Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlarida aholi zichligi 1 km2ga 29 kishini tashkil etgan.
Shimoliy Amerikada esa AQSh va Kanada davlatlari joylashgan bo‘lib, ularda aholi zichligi 1 km2ga 2005 yilda 17 kishini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich mos ravishda Kanadada – 3, AQShda – 31 kishiga yetgan. Amerikada aholi eng zich joylashgan davlatlar qatoriga Barbados, Puerto-Riko, Salvador, Antil orollari kiradi.
Avstraliya va Okeaniya – axoli zichlik ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda eng oxirgi o‘rinda turadi. XXI asr boshida (2009 yil) 1 km2 ga 4 kishi to‘g‘ri kelgan.
Lekin qit’aning ichida axoli zichligi keskin farq qiladi. Avstraliyada qit’a aholisining deyarli yarmi istiqomat etadi, ular juda siyrak joylashgandir. 2009 yilda bu davlatda axoli zichligi 1 km2 ga 3 kishini tashkil etgan. Avstraliya – dunyodagi aholi eng notekis joylashgan davlat bo‘lib, unda butun hudud aholisining 2/3 qismi istiqomat qiladi va maydoni esa hudud maydonining 10 foizini tashkil etadi.
Avstraliyada aholi uning Sharqiy, Janubi-Sharqiy va Janubi-G‘arbiy qismida, Yangi Janubiy Uels, Viktoriya va Kvinslend shtatlarida zich joylashgan. Bu hududlarda Avstraliyaning 90 foizdan ko‘p aholisi istiqomat etadi. Aholi zichligi 1 km2 ga 20 kishidan to‘g‘ri keladi. Avstraliya bo‘yicha o‘rtacha aholi zichligi esa 1 km2 ga 2 kishini tashkil etadi. Markaziy va Shimoliy Avstraliyada joylashgan cho‘l hududlarida mahalliy tub aholi- avstraliyalik aborigenlar yashaydilar. Ular son jihatdan juda kam bo‘lib, zichlik ham nisbatan pastdir. Shuningdek Yangi Gvineyaning janubiy qismida ham aholi siyrak joylashgan. Chunki bu hududlar maydonida ham tabiiy sharoit inson yashashi uchun noqulay bo‘lib, tropik o‘rmonlar va botqoqliklardan iborat.
Materikda joylashgan Marshall, Guam orollarida, Nauru hududida axoli zichligi yuqori bo‘lib, xozirgi davrda 1 km2 ga 140-465 kishidan to‘g‘ri kelmoqda.
Axolining yer yuzi bo‘ylab joylashuvi qator omillar bilan bog‘liq. Ularga tabiiy sharoit va aholi punktlapi shakllanishining tarixiy xususiyatlari, demografik o‘tishning hozirgi bosqichi, rivojlanish darajasi va xo‘jalik tarkibi kabi sosial-iqtisodiy omillarni kiritish mumkin. Aholining joylashuvida eng asosiy omil bu tabiiy sharoitdir. Dunyo aholisining asosiy qismi inson yashashi uchun qulay tabiiy sharoitga ega bo‘lgan mo‘’tadil, subtropik va tropik iqlim zonalarining qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanish imkoniyati bor hududlarida joylashgan.
Aholi joylashuvida asosiy tabiiy omil bu – suv resurslaridir. Chunki insonning yashashi va xo‘jalik yuritishida suv eng zarur. Dunyo aholisining 1/3 qismi dunyo okeani sohillari bo‘ylab (okeandan 50 km uzoqlikkacha) joylashgan va mazkur hudud dunyodagi quruqlikning 12 foizini tashkil etadi xolos. Dunyo aholisining yarmidan ko‘pi esa okeandan 200 km uzoqlikkacha bo‘lgan hududda joylashgan. Yer shari bo‘yicha Dunyo okeani sohillarida, daryo vodiylaridagi pasttekisliklarda yashovchi aholi salmog‘i muntazam oshib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |