MILLIY XAVFSIZLIK VA MAMLAKAT MUDOFAA QOBILIYaTINING MUSTAHKAMLANIShI
3. 1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan oltinchi sessiyasida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi Qonun va «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida Bayonoti»da ilgari surilgan tadbirlar mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlash va davlatimiz mudofaasini tashkil etishning ilk qadamlardan biridir.
«O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasida shunday deyilgan: «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish, milliy gvardiya va noharbiy (muqobil) xizmat tashkil etish huquqiga ega» (2-ilova).
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasidan:
XXVI bob. MUDOFAA VA XAVFSIZLIK
125-modda. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi. Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanadi.
126-modda. O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlarga ega.»
O‘zbekiston hukumati mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlash va davlat mudofaa tizimini tashkil etishga alohida e’tibor berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 6-sentabrdagi Farmoni bilan Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etildi.
1991-yil 26-sentabrda O‘zbekiston Prezidentining Farmoni bilan O‘zbekiston SSR Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi (DXQ) tugatilib, uning o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadigan O‘zbekiston Respublikasi Milliy Xavfsizlik Xizmati (O‘zRMXX) tashkil etildi.
1992-yil 14-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tuzildi.
1992-yil 3-iyulda Prezident I.Karimov Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga aylantirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Milliy Xavfsizlik Xizmati oldiga mamlakat milliy xavfsizligi va davlat mudofaasini tashkil etishni ta’minlashdek g‘oyat murakkab va ayni paytda olijanob vazifa qo‘yildi. Vaziyat milliy xavfsizlikning keng qamrovli konsepsiyasini ishlab chiqishni, uning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi qonunlar yaratishni taqozo etardi.
Milliy xavfsizlik masalasining davlat siyosati va uning uzoq yillarga mo‘ljallangan strategiyasi mamlakat Oliy Majlisining 1995-yil 24-fevralda bo‘lib o‘tgan birinchi chaqiriq birinchi sessiyasida Prezident I.Karimov tomonidan aniq va batafsil yoritib berildi.
1995-yil 1-mayda Prezident I.Karimov Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik Kengashi tuzildi.
Milliy xavfsizlik Kengashi mamlakatimizda milliy xavfsizlikni ta’minlash masalalarini o‘rganish, muhokama qilish va zarur chora-tadbirlar ko‘rish bilan shug‘ullanuvchi maslahat organi hisoblanadi.
1996-yil 24-aprelda Oliy Majlisning beshinchi sessiyasida to‘rt bo‘lim, yigirma sakkiz moddadan iborat bo‘lgan «Milliy xavfsizlik to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi muhokama qilindi. Mazkur loyiha Milliy xavfsizlik tizimini shakllantirish, milliy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi vazifalar va ularni amalga oshirish prinsiplarini huquqiy normalarda belgilab beradigan, butunlay yangicha hujjat sifatida ko‘rib chiqildi. 1997-yil avgust oyida Oliy Majlisning birinchi chaqiriq to‘qqizinchi sessiyasi «O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasi to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining vujudga kelishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 14-yanvardagi Qarori katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
1992-yil 14-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n ikkinchi chaqiriq to‘qqizinchi sessiyasi Qarori bilan respublika hududida joylashgan sobiq Ittifoq Qurolli Kuchlarining barcha qismlari, qo‘shilmalari, harbiy o‘quv yurtlari, muassasa va tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga olindi va ular moddiy-texnika, mablag‘ bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
Shu tarzda Mustaqil mamlakat Qurolli Kuchlarini barpo etishning dastlabki tashkiliy davri amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 3-iyulda bo‘lib o‘tgan o‘ninchi sessiyasi «Mudofaa to‘g‘risida»gi, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi va «Muqobil xizmat to‘g‘risida»gi muhim qonunlar, shuningdek, harbiy qasamyodning yangi matni va qasamyod qildirish tartibi qabul qilindi.
Davlatimizning harbiy sohadagi tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari 1996-yil 26-dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosati faoliyatining asosiy tamoyillari» haqidagi Qonunda mujassamlangan. Qonunda «O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi va harbiy-siyosiy blokka transformatsiya qilingan vaqtda har qanday xalqaro tashkilotlardan chiqish huquqini o‘z ixtiyorida qoldiradi» deb qonuniy rasmiylashtirilgan. Bu Qonun O‘zbekistonning tinchliksevarlik siyosatini, uning dunyo hamjamiyatida integratsiyaga intilishlarini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari — harbiy tuzilmalar, harbiy o‘quv yurtlari va boshqa harbiy qismlardan iborat. U O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini, hududiy yaxlitligini, aholisining tinch hayot kechirishini va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgandir.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlatni himoya qilishda butun mudofaa tizimining asosini tashkil etadi va tarkibiga quyidagilar kiradi:
Quriqlikdagi qo‘shinlar.
Harbiy-havo va havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari.
Maxsus qo‘shinlar.
Milliy gvardiya brigadasi.
Chegara va ichki qo‘shinlar.
Milliy xavfsizlik xizmati.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqalar.
1999-yilgacha Chegara qo‘shinlari Milliy Xavfsizlik xizmati tarkibida bo‘lgan. 1999-yil 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita tashkil etildi.
Qurolli Kuchlarni joylashtirish (dislokatsiya) O‘zbekiston Respublikasi hududlari, chegaralari va havo bo‘shliqlarining mustahkam mudofaasini umumiy strategik maqsad asosida ta’minlashdan kelib chiqib belgilanadi va harbiy doktrina talablariga muvofiq strategik va operativ rejalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Qurolli Kuchlarga Oliy boshqaruvni Prezident amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 20-bandiga muvofiq Prezident mamlakat Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondoni hisoblanadi, Qurolli Kuchlarning oliy qo‘mondonlarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, oliy harbiy unvonlar beradi.
«Mudofaa to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq Prezident mamlakat mudofaa qobiliyatini ta’minlash, qurolli tajovuz bo‘lgan hollarda davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini himoya qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlar qabul qiladi, Mudofaa vazirini tayinlaydi. Qurolli Kuchlarga jangovar harakatlarni olib borish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va buyruq beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkinchi chaqiriq o‘ninchi sessiyasida (2002-yil 12-dekabr) «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida» hamda «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi. Mazkur qonunlarga ko‘ra, Qurolli Kuchlar safidagi muddatli xizmat bir yarim yildan bir yilga qisqartirildi. Oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari esa xizmatga faqat to‘qqiz oyga chaqiriladigan bo‘ldi
Do'stlaringiz bilan baham: |