TOSHKENT VILOYATI CHIRCHIQ DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI
MUSTAQIL ISH
O’zbek adabiyot tarixi fanidan
MAVZU:
Xoja Ahmad Yassaviy ijodiy merosi. “Faqrnoma” asari
IOM-guruh talabasi
Joraboyeva Robiya
Ahmad Yassaviy. Devoni hikmat
Reja:
Ahmad Yassaviyning tarjimai holi haqida.
Yassaviy – tasavvuf vakili sifatida. Yassaviy tariqati.
“Devoni hikmat” va tasavvuf ta`limoti:
a) “Devoni hikmat”da inson va g`arib inson timsoli;
b) Hikmatlarda davrning ijtimoiy noqisliklari;
v) “Devoni hikmat”da ruhiy kamolot bosqinchlarining aks
etishi.
4. Ahmad Yassaviy qalamiga mansub bo`lgan “Faqrnoma” asari
haqida .
Xoja Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyoning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotida muhim mavqeyga ega bo`lgan. Hozirgi Turkiston, oldingi Yassi yaqinidagi Sayram shahrida tavallud topgan. Yassaviyning tavallud sanasi ma`lum emas. Ayrim tadqiqotchilar uni 63 yil yashagan deyishsa, ayrimlari 73 yoki 85 yil yashagan, deygan qarorga kelishgan. Atoqli yassaviyshunos Muhammad Fuod Kuprilizodaning aytishicha, Yassaviy 120 yil yashab, hayotdan ko`z yumgan. Rus olimi V.A.Gordlevskiy bu raqamni yana besh yilga ko`paytirib, Yassaviy 125 yil yashagan, deydi. Uning “Devoni hikmat” dagi:
Yoronlardan fayz va futuh ololmadim,
Yuz yigirma beshga kirdim bilolmadim,-
degan fikrlari asosida shunday xulosaga kelganligi shubhasizdir.
Tasavvuf tarixiga nazar tashlansa, ko`p ulug` shayx va mutasavvuflarning ancha uzoq umr ko`rganligiga guvoh bo`lish mumkin. Shunga qaramasdan Ahmad Yassaviyning 125 yoshga kirganligiga ishonish qiyin. Birinchidan, “Devoni hikmat” dagi yuqoridagi fikrlar tarixiy haqiqatdan ko`ra, manoqibiy mazmunga ega. Ikkinchidan, 125 yillik uzoq umrining yarmidan ko`pini “yer osti” da (“Oltmish uchda yer ostiga kirdim mano”) o`tkazish aql bovar qilmas hodisadir. Yassaviyning yashash muddatini 75-85 atrofida belgilagan olimlarning taxminlari haqiqatga yaqinroqdir.
Xullas, Yassaviy XI asrning ikkinchi yarmida Sayramdagi eng nufuzli oilalardan birida, ma`rifatli va javonmardlikka ixlos-e`tiqodi bilan shuhrat taratgan Shayx Ibrohim oilasida tug`ilgan. Onasi Shayx Ibrohimning xalifasi Muso Shayxning qizi Oysha xotun edi. Bu oilada avval bir qiz tug`uladi. Unga Gavhar Shahnoz deb nom qo`yishadi, Ahmad tavallud topgach, ko`p o`tmay onasi vafot etadi. Etti yoshida esa otasidan ajraladi va uning tarbiyasi opasi Gavhar Shahnoz zimmasiga tushadi. Keyin ular Yassiga ko`chib borishadi. Yosh Ahmad birinchi ustozi Arslon bob bilan uchrashadi, undan tahsil oladi.
“Bob” arabchada “eshik” ma`nosini ifodalaydigan so`z bo`lib, turkchada bu kalima islom dini targ`ibi uchun fidoiylik ko`rsatganlarga beriladigan bir laqab bo`lgan. Alisher Navoiy Farg`onada “ulug` mashoyixni Bob derlar”, - deydi. Shuningdek, “bob” va “bobo” so`zlari Shayx, pir, valiylarga nisbatan ham qo`llanilgan. Ahmad Yassaviy Turkistondagi boblarning eng buyugi, deb e`tirof etilgan Arislonbobdan tahsil olgan.
Arislon bob tirikligidayoq Ahmad Yassaviyni Buxoroga borib, tahsilni davom ettirishga da`vat etgan edi. Ustozining vafotidan so`ng Yassaviy bilimini oshirish uchun Buxoroi sharifga tomon yo`l oladi. U Buxoroda, eng avvalo, diniy va tasavvufiy ilm sirlarini chuqur egallashga kirishadi. Arab tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham puxta o`zlashtiradi. Zamonasining peshqadam olimi va so`fiysi Shayx Yusuf Hamdoniyga murid bo`ladi. Uning uch xalifaligiga erishadi. Hamdoniy vafotidan so`ng bir muddat uning ishini davom ettiradi, “irshod va da`vat maqomi” qo`lga kiritilgach, Yassiga qaytib, yangi bir tariqatga asos soladi. Yassaviylik nomi bilan dong taratgan bu tariqat bir turk mashoyixi tomonidan turkiy xalqlar orasida bunyod etilgan ilk tasavvuf tariqati edi.
Imom Muhammad Hanafiy ibn Ali avlodidan bo`lganligi uchun ham “Xoja” laqabi berilgan Yassaviy hazratlari “Ahmad Yassaviy”, “Xoja Ahmad”, “Xoja Ahmad Yassaviy”, “Qul Xoja Ahmad” singari ismlar bilan tilga olingan Yassaviyning Ibrohim ismli o`g`li, Javhar Xushnoz, Javhar Shahnoz ismli qizlari bo`lgan. Naslu nasabi Javhar Shahnoz orqali davom etgan.
Yassaviy tirikchiligini qoshiqtaroshlik qilib o`tkazgan va boshqalarga ham halol mehnat qilib kun kechirishni targ`ib qilgan.
Yassaviy 63-yoshga kirganda, Muhammad (s.a.v) dan ortiq umr ko`rishni xohlamay, yer ostiga chillaxona qazdirib, umrining oxirigacha o`sha yerda hayot kechirgan. 1166-yilda vafot etgan Yassaviy qabri ustiga oradan ikkinchi asr o`tgandan keyin Amir Temur katta maqbara qurdiradi. Bu maqbara musulmon xalqlarining muqqaddas ziyoratgohlaridan biriga aylangan.
Yassaviyning ulug`ligi, avvlombor, uning islom inonchilari va tasavvufiy tushunchalarni nihoyatda teran anglaganligi, bularni o`zida mujassam etgan buyuk mutasavvif va komil bir murshid bo`lganligi bilan belgilanadi. U tasavvufiy bir maslak bilan Haqqa qullik qilgan, ixlos va taqvoning cho`qqisiga ko`tarilgan, sayru suluk martabalarini oshib o`tib, shariat, tariqat, ma`rifat va haqiqat maqomlariga yetishgan, zohir va botin ilmlaridan voqif bir xaq oshig`i, ko`ngillarini fath etgan zabardast siymodir. Uni ulug`lik maqomiga ko`targan xislatlar ana shulardir.
Yassaviy so`fiyona irshod uchun bir vosita sifatida qabul qilingan she`rga murojaat etdi. Diniy-tasavvufiy ma`nolar muridlaridan tashqari keng xalq ommasi ongi va qalbidan oson o`rin topishini ta`minlash niyatida she`r imkoniyatlaridan ham mohirlik ila foydalana oldi.
Yassaviy asos solgan Yassaviylik tariqati tasavvufdagi boshqa tariqotlardan deyarli farq qilmaydi. Uning asosiy farqlanuvchi jihati tildadir. Unda islomiy tasavvuf g`oyalari ilk marta turkiycha talqin etilgan edi. Yassaviyning ikki bir o`ziga xos va muhim tomoni, uning “Qur`on” ni tayanch manba bilib, forsiy tildagi tasavvuf tajribalaridan ijodiy foydalanish bilan bir qatorda turkiy axloq, qadimiy turkiy dunyoqarash va ishonchlardan yiroqlashmaganligidir.
Ahmad Yassaviy hayotligidayoq uzoq o`lkalarga muridlarini jo`natib, o`z tariqatini keng tarqatishga harakat qildi. U riyozat, chilla, zikr va mujohadaga kuchli ahamiyat berib, hayotining aksar qismini chillaxonalarda o`tkazdi.
Xojagon tariqati deya nom berilgan yassaviya tariqati, avval Sayxun va Toshkent hududida, keyinroq Xorazm, Movarounnahr, Xuroson, Ozarbayjon va Onado`li diyorlarida keng tarqaldi. Bu tariqat keyinchalik naqshbandiya tariqati doirasida davom etdi. Turkiy qavmlarning Islom diniga kirishida yassaviya tariqatining buyuk hissasi bor.
Yassaviy o`z fikr-qarashlarini xalq ommasiga asosan she`riy shaklda yetkazdi. Bu og`zaki she`rlarni o`zidan keyin muridlari nasldan naslga yetkazib keldilar. Uning “Devoni hikmat” majmuasining qadimiy nusxasi topilmagan. Mavjud nusxalarning qadimiysi XVII asrga oiddir. “Devoni hikmat” dagi she`rlar to`liq Yassaviyga mansubligi ehtimol bo`lsa ham, she`rlarning mazmun mohiyati to`la ma`noda unga tegishlidir. Muridlari hurmatli ustozlarining nasihatlarini nasldan naslga yetkazib, hikmatlardagi shakl va ma`noni saqlab qolishga uringanlar.
“Devoni hikmat” dagi she`rlar Markaziy Osiyo xalqlari tomonidan xush ko`rilgan, xalq og`zaki ijodiga yaqin bo`lgan 4+3=7 va 4+4+4=12 hijoli vaznlarda yaratilgan. Hikmatlar asosan, 4 misradan iborat bo`lib, oxirgi misralar o`zaro qofiyalangan.
Yassaviy hikmatlarining tub mohiyatida komil inson tarbiyasi va uning bilim hamda amalini to`g`ri yo`lga yo`naltirishi ustivodir.
Yassaviyga ko`ra, axloqiy kamolotga erishgan oshiq “molu davlatga rag`bat qilmaydigan”, g`aflatdan yiroq, ogoh kishidir. Zotan ma`nan uyg`oq insonga Alloh yaqin bo`lur. Bunday insonlarning “ko`ngli siniq, ko`zi yoshli” dir. Ko`z yosh to`kish “Devoni hikmat” da qayta-qayta takrorlanadigan va hatto yassaviya darveshlaridan kamolotga erishish yo`lida talab etiladigan holatdir. Asl ishqqa faqat shu yo`l bilan erishiladi.
Yassaviyga ko`ra, insonning yaratilish g`oyasi yaratuvchiga qul bo`lish va buning mohiyatini anglab, toat-ibodat qilishdir. Shuningdek, yemoq, ichmoq va dam olmoq ham insonning tabiiy haqlaridir. Ammo insonning haqiqiy inson sifatida bajaradigan ishlari faqatgina bulardan iborat emas. Komil inson bo`lish uchun Allohni tanish, yod etish va uni sevish zarur. Mana shu ishq yo`lida tuproq bo`lishni orzu qilgan Yassaviy “ishqsizlarning yo`lda qolganini ko`rdim” deydi.
Yassaviy hikmatlarida ko`p qo`llangan so`zlardan biri “g`arib” dir. Hikmatlarda “g`arib” so`zi ko`pincha “faqir”, “yetim” so`zlari bilan yonma-yon keladi va ayni bir ma`noni ifodalaydi. “G`arib inson” yassaviylikda komil insonga muqobil keladi. G`aribligi, chorasizligi, faqirligini izhor etib Allohdan marhamat ko`rsatishni so`raydi:
G`arib menu bekasmen, bechoramen ham faqir
Sendin o`zga kimim bior, rahm aylagil saharda.
yoki
Ummat bo`lsang g`ariblarga tobe bo`lg`il...
Badiiy ijodda vatandan judolik, g`urbat, ayriliq, yurt sog`inchi xususida keng bahs yuritilganligi aniq. O`zbek tasavvuf she`riyatida esa “g`urbat” va “g`ariblik” masalasini maxsus tadqiq etish Yassaviy tajribalari bilan bog`liq. Ulug` shayxning etiroflari bo`yicha:
G`urbat tegsa puxta qilur ko`p xomlarni
Dono qilur, ham xos qilur ko`p omlarni.
Chunki hatto payg`ambarlaru sahobalar ham g`urbat otashida toblanmishlar:
G`urbat tegdi Mustafodek eranlarga
O`ttiz uch ming sahoba ham yoronlarga.
Ahmad Yassaviy g`urbat, g`ariblik dardlarini talqin qilarkan, albatta, o`z qismati, ayriliqda o`zining ko`nglidan kechgan holatlarga ham asoslangan edi:
Xurosonu Shomu Iroq niyat qilib,
G`ariblikni ko`p qadrini bildim mano.
Shuni ham ta`kidlash kerakki,Yassaviy hikmatlarida g`urbat tushunchasi ilohiy ma`noda ham qo`llanilgan bo`lib,unda azaliy vatanga intiluvchi ruh ayrilig`i aks ettirilgan. Yassaviy talqinicha , g`urbat insonlarni tarbiyalaydi. Hayotning mashaqqatli zahmatlari oldida sabr-qanoatli bo`la olish yo`li, ya`ni komillik yo`li ham g`ariblikdan o`tadi. Yassaviyning ta`kidlashicha, g`ariblikni boshidan kechirgan ko`plab kishilar bu yo`l orqali ilmu ma`rifatga erishganlar.
Hikmatlar Yassaviy yashagan davr hayoti haqida ham ma`lumot beradi. Ayniqsa, ba`zi kishilarning hatti-harakatlari tanqid qilinarkan, davrning axloqiy buzuqliklari va ijtimoiy muammolar ham tilga olinadi.
Masalan: Dunyo meni molim degan sultonlarg`a
Olam molin sonsiz yig`ib olg`onlarga
Ayshu ishrat birla mashg`ul bo`lg`onlarga
O`lum kelsa biri vafo qilmas ermish.
Bu yerda ba`zi insonlarning dunyoga berilib, mol yig`ishlari, faqatgina yeyish-ichish bilan mashg`ul ekanliklari qoralanmoqda. Yana bir hikmatidagi:
Totlig`-totlig` yegonlar, turluk-turluk kiygonlar,
Oltin taxt o`lturgonlar tufroq ostin qolmishlar,
kabi e`tiroflari o`sha davr manzarasini aniq aks ettirmoqda. Shuningdek, ba`zilarning tariqatga kirib, suluk talablariga rioya qilmaganligi to`g`risidagi hikmatlarga ham duch kelamiz. “Tolibmen” deganlar, “zokirmen” deb zikr xalqasida o`tirganlar orasida, “nomahramlarga qaraganlar, kishi molin nohaq yeganlar”, makr-hiyla qilganlar tanqid qilishmoqda. Hatto bular orasida “qo`llarida riyo tasbehi” ushlaganlar nafsu havo, shonu shavkatga berilganlar, rohiblarga o`xshab beliga zunnor bog`laganlar ham bor. Ayniqsa, ikkiyuzlamachilar keskin qoralanadi:
Domi tazvir qo`yub xalqni yo`ldin urdung,
Shayxlik qilib riyo birla do`kon qurdung.
Ishrat qilib shayton birla davron surdung.
Payg`ambarimiz Muhammad (s.a.v) ni boshqa payg`ambarlardan ustunligini namoyish etuvchi asosiy belgilardan biri miskinlik, faqirlikdir. Uning izdoshlari sanalgan so`fiylar ham faqirlikni ixtiyor etganlari bois, diniy-tasavvufiy turkiy adabiyotda “Faqrnoma” yozilgan. Fanofillohga erishish maqom-bosqichlaridan so`z yurituvchi faqrnomalardan biri Ahmad Yassaviy “Devoni hikmat” ining Qozon va Toshkent nusxalari muqaddimalaridan o`rin olgan. Asar nasrda yozilgan bo`lib, komillikka erishishning to`rt eshik qirq maqomlari haqida hikoya qiladi. Shariat, tariqat, ma`rifat, haqiqat -4 eshik, deya ta`riflanadi. Ularning har birida solik bosib o`tadigan 10 tadan 40 ta maqom haqida so`z boradi.
“Faqirnoma” komillik yo`liga qadam qo`ygan har qanday kishi uchun dasturulamal – ko`rsatma bo`lishi mumkin. Unda shunday deyiladi:
“Ey tolib, agar haqni talab qilib topay desang, andog` pirga qo`l berg`ilkim, shariatda orifi billoh bo`lsa... ma`rifatda daryoi ummon bo`lsa... agar tariqatda holi va kea paydo bo`lsa, ma`rifatda jazbai Haq paydo qilg`ay”. Yoki shayxlik maqomi haqida “...Sulton ul mashoyix... aydilarkim: Yetmish ilm bilmaguncha, yetmish maqom yo`lini tay qilmaguncha, har kim shayxliq maqomi da`vosini qilsa, ul hamon but bo`lg`ay” – deydi.
Xullas, turkiy xalqlarning islomlashuvi, musulmon dinining arkonlarini o`zlashtirishi, tasavvufiy tushunchalarini ilg`ay olishi, Markaziy Osiyo hududida tasavvufiy tariqatlarning paydo bo`lishi va taraqqiy etishida Xoja Ahmad Yassaviyning xizmatlari beqiyosdir.
Manbalarning ma’lumotiga , xususan Alisher Navoiyning yozganlariga ko’ra Suhayliy forsiy va turkiy tillarda she’r yozishga moyil bo’lib, ulardan devon tuzgan. Ammo hozirgi kunda turkiy she’rlaridan namunalar bo’lsa-da, to’liq devonining taqdiri noma’lum bo’lib qolmoqda. Shoirning forsiy tilda bitgan she’rlaridan iborat devonlarning turli nusxalari bizgacha yetib kelgan. Jumladan, bu devonlardan biri Dushanbeda (Toj FAShI, inv.752) saqlansa, Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko’chirilgan to’liqroq nusxasi Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Щyedrin nomidagi kutubxonada (inv.№Dorn –452) saqlanmoqda (unda besh ming misradan ko’proq turli janrdagi (g’azal, qasida, marsiya…) asarlar to’plangan). Suhayliyning she’rlari turli bayozlardan (jumladan, «Radoif ul-ash’or») ham o’rin olgan. Shayxim Suhayliyning yana bir asari «Layli va Majnun» dostoni bo’lib , uning hozircha ma’lum bir nusxasi Londonda saqlanadi.
Alisher Navoiy «Layli va Majnun»ini yozayotganda boshqa mualliflarning shu mavzudagi asarlari bilan birga Shayximbek Suhayliyning «Layli Majnun»ini ham tilga oladi va uning haqida jumladan, shunday yozadi:
Afsonalari jahonda nomiy,
Nazm aylab Xusravu Nizomiy .
Kim ishq so’zin rivoyat aylab,
Ham bu ikidin hikoyat aylab.
Andoqki bo’lub demakka mayli,
Nazm avjining axtari Suhayliy .
Kim holati nazm aro erur fard,
Durposh bayoni nazmparvard.
Xusrav ruhig’a yetkurub shayn,
Lekin yana birg’a qurrat ul-ayn.
Har necha qilib biriga bedod,
Ruhin yana birning aylabon shod.
Chun surmish kilki durfishonni,
Tahrir etmish bu dostonni.
Maqsudki bo’yla turfa maqsud,
Yo’q dahr sahifasida mavjud.
(MAT, 9 -tom, 55-bet)
Bu doston Alisher Navoiyga juda ma’qul tushganidan «Majolis un-nafois»da Shayxim Suhayliy to’g’risida ma’lumot berib, uning «Layli va Majnun»idan bir baytni ham keltiradi. Shunday qilib Suhayliyning forsiy devoni, «Layli va Majnun» dostoni hamda o’zbek tilidagi ayrim she’rlari bizgacha yetib kelgan.
Suhayliy she’riyatining asosini ishq , ijtimoiy – axloqiy mavzulardan so’z yuritish tashkil etadi. Shuni ham eslatish joizki, bu mavzularni yoritishda shoirning o’z uslubi bor. Bunga shoirning o’zi ham ishora qilib , jumladan shunday yozadi:
Suhayli, kardaam uslubi suxan nav’i digar, ammo
Nihon dor in hadis az choshnigironi qaydi man.
Mazmuni: Suhayliy , men boshqacha so’z aytish (she’r yozish) uslubini qo’llaganman. Ammo bu so’zlarni mening asarlarimga e’tiroz bildiradiganlardan yashirin saqla.
Suhayliy bunday o’ziga xos uslubning mohiyati nimadan iboratligini sharhlab, shunday yozadi:
Ey, ki abyoti Suhayliro muassir gufta ,
Dur nabvad guftahoi o’ chu hasbi holi o’st.
Mazmuni: Suhayliy she’rlari bunchalik ta’sirli degan kishi yanglishmaydi, chunki ularda (Suhayliyning) hasbi holi ifoda etilgan.
Demak, shoir she’riyatidagi o’ziga xos uslubning sabablaridan birini ulardagi hasbi hollik xususiyati bilan bog’laydi. Ikkinchi tomondan esa, uning she’riyatida badiiy tasvir vositalaridan bo’lgan mubolag’a va uning xillari ayniqsa ko’proq ishlatilgan. Bu holat birinchi xususiyat – hasbi hollik bilan bog’li bo’lib, shoirning boshdan kechirgan turli xildagi kayfiyatlari, xususan safarlarda ko’p bo’lgani sababli shahridan, oilasi va do’stlaridan uzoqlik, farzandlaridan birin-ketin ajralish va ularning dog’i uning she’rlarida chuqur iz qoldirgan edi. Boshqacha aytganda, uning she’rlari shoirning o’zligini namoyon etuvchi bir vosita edi, g’am va alamlarini yorqin ifoda etuvchi mahrami rozi edi. Fikrimizning isboti uchun uning quyidagi misralariga e’tibor qilaylik:
Manam aftoda dur az shahri xeshu shahriyori xud ,
Giriftori baloi g’urbatu hijroni yori xud.
Na ro’i raftan ne roi budan, vah, chi holest in
Mabodo hyech kas, yorab , chunin hayroni kori xud.
Mazmuni: Men o’z shahrim va shahriyorimdan uzoqlashib qolib, g’urbat balosi, yor hijroniga giriftorman. Menda na borish, na sabru qaror qilishda toqat bor. Iloho, hyech kim mening holimga tushib , o’z ishining chorasini topa olmay, hayron bo’lib qolmasin.
Yana bir misol:
Ba ro’zi g’am kase juz soyai man nest yori man,
Vale o’ ham nadorad toqati shabhoi tori man.
Mazmuni: G’amli kunlarda mening yorim faqat soyamdir, xolos. Ammo qorong’u kechalarda uning ham (soyamning ham) men bilan birga bo’lishga toqati yo’q.
Bu mavzu uning turkiy tilda bitilgan g’azallarida ham o’ziga xos tarzda ifoda etilgan:
Do’stlar, kelmang Suhayliyning mazori boshig’a ,
Kim ko’ngul buzg’uvchidir oning buzilgan turbati.
Suhayliyning bunday o’ziga xos uslubi va mubolag’aga moyil tasvirlari o’sha zamonda ancha mulohaza va mutoyabalarning boisi ham bo’lgan. Ana shunday mutoyaba – hazillardan birini Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma»da quyidagicha tasvirlagan:
«[ Shayxim Suhayliy] qo’rqqudek alfoz va maoniy darj qilur edi. Aning abyotidin bir budur:
Shabi g’am girdbodi oham az cho burd gardunro
Furo’ xo’rd ajdahoi seli ashkam rub’i maskunro.
( Mazmuni: G’amli kechalarda ohimning quyuni gardun (dunyo)ni o’rnidan qo’zg’atdi. Ko’z yoshlarimning seli - ajdahosi dunyoning odam yashaydigan qismlarini yutib yubordi, ya’ni yer yuzini suv bosdi).
Mashhurdurkim, bir qatla bu baytni mavlono Abdurahmon Jomiy xizmatida o’qubdur. Mavlono aytibturkim: «Mirzo , she’r aytasiz yo odam qo’rqutasiz?»
Shuning bilan birga Suhayliy she’riyati, jumladan g’azallarida majoziy ishq-muhabbat mavzusi ham qalamga olingan. Ularda oshiq va ma’shuqaning ichki kechinmalari, bir-biriga intilishi, firoq va visol damlaridagi holatlari mahorat bilan tasvirlangan. Shu boisdan ular Alisher Navoiyga ham ma’qul bo’lganlar. Buning natijasida Alisher Navoiy Suhayliyning bir necha g’azallariga javobiyalar yozib, ularni o’zining «Devoni forsi(Foniy)» siga kiritgan. Suhayliy ham , o’z navbatida Alisher Navoiyning asarlariga o’xshatma va javobiyalar bitgan. Ulardan biri Alisher Navoiyning «To’hfat ul-afkor» qasidasiga javoban yozgan qasidasidir.
Alisher Navoiy qasidasining matla’i:
Otashin la’le, ki toji xusravonro zevar ast,
Axgare bahri xayoli xom puxtan dar sar ast.
Suhayliy qasidasining matla’i:
G’ul-g’uli ko’si jahondori, ki shahro dar sar ast,
Subh yo shom ast, k- in navbat az oni digar ast.
Mazmuni: Shohlarning boshlari jahondorlik nog’orasining g’ul-g’ulasi bilan to’ladir. Ammo bunday g’ulg’ula ertami-kechmi boshqa bir shoh boshiga tushadi. Suhayliy devonida g’azal, qasidalardan tashqari qit’alar ham bor. Ana shulardan biri va uning yozilish tarixi haqida Alisher Navoiyning «Majolis-un-nafois»ida qiziq bir ma’lumot keltirilgan:
«Hazrat Maxdumi Nuran (Abdurahmon Jomiy) Makka safarig’a azimat (tayyorgarlik ko’rayotganda) qilg’onda Vaysiy va Sog’ariy (o’sha davr shoirlari B.V.) ikkalasi mulozamatda borur izhori qildilar. Ammo Vaysiy eshagi yo’q bahonasi bila va Sog’ariy yana bir bahona bila ul safardin qoldilar va Amir Suhayliy bu qit’ani alar uchun aytti va el ichida base shuhrat tuttikim:
Vaysiyu Sog’ariy ba azmi haram ,
Gashta budand har dushon safari.
Lek az-on roh har du vo mondand,
On yak az bexariyu in zi xari»
(MAT, 13-tom, 39-bet)
Mazmuni: Vaysiy bilan Sog’ariy ikkovlari Haram (Makka)ga safar qilmoqchi bo’ldilar. Lekin u biri (Vaysiy) eshagi yo’qligidan va bunisi (Sog’ariy) eshakligidan u yo’ldan qoldilar.
Bu qit’a tarixiy shaxslar va hodisalar asosida yozilgan bo’lib, va’daga vafo qila bilmoq har bir kishiga muyassar bo’lmasligi juda sodda va xalqona uslubda mahorat bilan bayon etilgan. Shuning uchun bu qit’a, Alisher Navoiy ta’biri bilan aytganda , «El ichida base (juda) shuhrat tutgan».
Ko’rinadiki, Suhayliy shoir sifatida o’z asrining daholari bo’lmish Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiylarning nazariga tushgan, ularning adabiy muhiti tarbiyasini olgan edi. Bundan tashqari amir Shayxim Suhayliy ustoz va do’stlari singari ma’rifatparvar, ilm va adiblarni qo’llab-quvvatlaguvchi, yangi-yangi asarlarning maydonga kelishida hissa qo’shgan siymolardandir. Jumladan, Suhayliy Sharqda mashhur bo’lgan «Kalila va Dimna» asarini yangitdan tarjima qilishni zamonasining mashhur alloma va adibi Husayn Voiz Koshifiydan iltimos qiladi. Bu taklifni qabul qilgan Husayn Voiz Koshifiy asarning kirish qismida shunday yozadi:
(Mazmuni) Amirlarning izzatlisi, fozillar sardori Nizomiddin Amir shayx Ahmad (Suhayliy) buyurdilarki, bu faqir va haqir, ya’ni Husayn bin Ali al-Voiz Koshifiy jur’at qilib, «Kalila va Dimna» ni yangitdan tarjima qilsam, toki mavjud bo’lgan nusxalardagi mug’laq iboralar yangitdan sayqal topib, undagi nodir ma’nolar yarqirab ko’rinib tursa».
Bu ishning yuzaga kelishida Shayx Ahmad Suhayliy sababchi bo’lganidan unga «Anvori Suhayliy» (Suhayliy nurlari yoki Suhayl yulduzining nurlari) tarzida ot qo’yilgan . Bu asar o’sha davrda juda katta muvaffaqiyat-ga erishadi, uni ma’qullaydilar. Shuning uchun «Anvori Suhayliy» yozib tugallangach, Koshifiy uni Suhayliy huzuriga olib boradi va unga taqdim etadi. Xuddi ana shu lahza o’sha davr rassomlaridan birining miniatyurasi mavzusini tashkil etganki, bu miniatyura (rasm) bizgacha yetib kelgan.
Shunday qilib, Shayx Ahmad Suhayliy va uning adabiy merosi XV asrning ikkinchi yarmidagi adabiy jarayonda turli ijodiy uslubga ega bo’lgan qalamkashlar mavjudligini aniqlashga ko’maklashadi.
Xulosa qilib aytganda, Sulton Husayn Boyqaro Husayniy hamda Shayx Ahmad Suhayliyning hayoti va adabiy merosi Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiylar sardorligidagi adabiy muhitning mahsulidir. Shuning bilan birga ular Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga daxldor bo’lgan siymolar ekan, ulug’ shoir va mutafakkirning zamondoshlariga bo’lgan samimiy shaxsiy va barakali ijodiy aloqalarini yoritishga ham xizmat qiladi.
dabiyotlar:
Ahmad Yassaviy. “Hikmatlar”. T., 1990.
Xoja Ahmad Yassaviy. “Devoni hikmat”T 2004 y
Xoja Ahmad Yassaviy: hayoti, ijodi va an`analari. T., 2001.
Ibrohim Haqqul. Ahmad Yassaviy. T., 2001.
Najmiddin Komilov. Tasavvuf: tavhid asrori. T., 1999.
Turkiyada Yassaviyshunoslik. T.,1999.
Ma`naviyat yulduzlari. T., 2001.
www.ziyonet.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |