Dehqon xo`jaliklari va ularning tashkiliy-iqtisodiy asoslari
O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligi korxonalarining yana bir shakli dehqon xo`jaliklaridir. Dehqon xo`jaliklari aholining mustaqillikka qadar mavjud bo`lgan shaxsiy tomarqa xo`jaliklari rivojlanishi natijasida ularning o`rniga vujudga keldi. Ular 1990 – 2000 yillar davomida 2,3 mln.tadan 3,3 mln.taga yetdi. Yangi vujudga kelgan dehqonxo`jaliklari ixtiyoridagi sug`oriladigan yer 0,35 gektarni tashkil etdi. Oldin aholining shaxsiy tomorqa uchastkalari aksariyat holda 0,08 gektardan oshmas edi. 2001 yilning 1 yanvariga bo`lgan ma`lumotga qaraganda, mamlakatda 3322606 ta dehqon xo`jaligi bo`lib, ular 522592 gektar yerga ega. Shulardan, 1798401 tasi dehqon xo`jaligi sifatida qayta ro`yxatdan o`tdi, 800 mingdan ziyodi yuridik shaxs sifatida shakllandi.
Dehqon xo`jaliklari 2002 yilda 1973,4 ming tonna sabzovot (respublikada yetishtirilgan jami sabzavotning 74,8 foizi), 583,9 ming tonna kartoshka (80%), 292,7 ming tonna poliz (64%), 498,8 ming tonna mnva (62,6%), 219 ming tonna uzum (35%), 766,4 ming tonna go`sht (91,1%), 3402,7 ming tonna sut (90,2%) va 751,8 mln. dona tuxum (60%) yetishtirdi. Shu yili dehqon xo`jaliklari mamlakatda yaratilgan qishloq xo`jaligi yalpi mahsulotining 66 foizini, shu jumladan, dehqonchilik mahsulotlarining 43,4 chorvachilik mahsulotlarining 89 foizini ishlab chiqardi.
Dehqon xo`jaliklarining faoliyati 1998 yilda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining “Dehqon xo`jaligi to`g`risida”gi qonuni asosida olib borilmoqda. Dehqon xo`jaliklari qonunda belgilangan tartibda yuridik shaxs maqomini olishi mumkin. Yuridik shaxs maqomini olgan dehqon xo`jaligida ishlayotganlar ixtiyoriy ravishda O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Pensiya jamg`armasiga badallar to`lab borishlari mumkin. Shunday hollarda Pensiya jamg`armasining tuman bo`limlarida ularga mehnat daftarchasi belgilangan tartibda yuritiladi.
Agarda shirkatlar va fermer xo`jaliklari asosan tovar ishlab chiqaruvchi yirik qishloq xo`jaligi korxonalari hisoblansa, dehqon xo`jaliklari oila a`zolarining shaxsiy mehnatiga asoslanib, mayda tovar ishlab chiqaruvchi subyekt sanaladi. Dehqon xo`jaligida yetishtirilgan mahsulot eng avvalo oilaning o`z ehtiyojlari uchun ishlatiladi, oiladan ortgan qismigina sotilishi mumkin. Yirik xo`jaliklar foydalana olmaydigan imkoniyatlardan, resurslardan dehqon xo`jaligi samarali foydalanadi. Uning yashovchanligi ham shunda. Lekin dehqon xo`jaligi yirik xo`jaliklar erishgan yutuqlar asosidagina rivojlana oladi. Bunga juda ko`plab misollar keltirish mumkin. Jumladan, chorva mollarining sermahsul zotlari yoki o`simlik turlarining yangi, serhosil navlari fan va texnika taraqqiyoti natijasida yirik korxonalarda vujudga keladi. Demak, qishloq xo`jaligining kelajagi shirkatlar va fermer xo`jaliklari, yirik davlat xo`jaliklari rivojlanishi bilan (dehqon xo`jaligining yutuq va imkoniyatlarini kamsitmagan holda) belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |