Marganes (Mn). Tuproqda marganesning miqdori bir muncha yuqori bo’lishiga (sariq tuproqlarda 1% gacha va undan ziyod, chim podzol tuproqlarda va qora tuproqlarda 0,1—0,2%) qaramay, bu elementning ko’p qismi tuproqda qiyin eriydigan oksid va gidrooksidlar tarzida bo’ladi. Neytral reaksiya atrofida (pH 6 dan 8 gacha) o’simliklar unga nisbatan tanqislik sezishi mumkin, chunki bu muhitda marganes qiyin eriydigan birikma shaklida bo’ladi. Marganesning miqdori noqoratuproq zonada 1 kg tuproqda 25—55 mg, qora tuproqda 40—60 va bo’z tuproqda 10—50 mg bo’lganda yaxshi samara beradi. Tuproqda marganes kam bo’lgan hollarda (yoki umuman boTmaganda) oziqlanish balansidagi elementlarning nisbati buziladi, chunki u kalsiy singari tashqi muhitdan ionlarni tanlab singdirilishida o’zini antogonist sifatida namoyon qiladi. Marganes reutilizatsiya jarayonini tartibga solib turuvchi element sifatida ham muhim o’rin tutadi. U o’simlik hujayralarining suv tutish qobiliyatini oshiradi va hosil elementlarining ko’proq saqlanishiga yordam beradi. Tuproqda marganes miqdori 1% gacha yetadi, lekin uning asosiy qismi o’simliklar tomonidan qiyin o’zlashtiriladigan shakldadir.
Molibden (Mo). Tuproqdagi umumiy molibden miqdori 1 kg tuproq hisobiga 0,20 dan 2,4 mg gacha, harakatchan shakldagi miqdori esa 0,10 dan 0,27 mg gacha bo’ladi. Odatda, tuproqning haydalma qatlamida harakatchan shakldagi molibden, umumiy molibdenning 8—17 foizini tashkil etadi. Yengil mexanik tarkibli, kam chirindili tuproqlar tarkibida molibden eng kam miqdorda uchraydi. Molibdenning eng kam miqdori podzol va qum tuproqlarda (1 kg ga 0,005 mg) uchraydi. Umumiy harakatchan shakldagi molibdenga eng boy bo’lgan tuproqlar, qora tuproqlar hisoblanadi. Demak, bu o’z-o’zidan bu tuproqlarning biologik akkumulatsiya qobiliyati borligidan dalolat beradi. Odatda, tuproqda molibden oksidlangan holatda kalsiy va boshqa metallarning molibdatlari tarzida uchraydi. Nordon tuproqlarda molibden, aluminiy, temir va marganes bilan qiyin eriydigan birikmalar hosil qiladi. Ishqoriy tuproqlarda esa oson eriydigan natriy molibdenga aylanadi. Tuproq eritmasining nordonligi pasaytirilsa, molibdenning suvda eriydigan shakli ortadi. Ohaklash natijasida molibdenning o’simliklar tomonidan yutilishi kuchayadi, lekin pH 7,5—8 bo’lgan tuproqlarda karbonatlarning miqdori ko’payganligi sababli pasayadi. Molibdenning tanqisligi chimli-podzol, quritilgan nordon torf tuproqlar va qora tuproqlarda kuzatiladi. Gumusga boy tuproqlar o’z tarkibida molibden yalpi miqdorining ko’pligi bilan ajralib turadi. Molibden bilan yaxshi ta’minlangan tuproqlarda o’simliklar azot, fosfor va kaliyni yaxshi o’zlashtiradi. Azot oqsil tarkibiga to’liq o’tadi, natijada sabzavot va poliz ekinlarida azotning nitrat shaklida to’planishining oldi olinadi. Shuning uchun molibdenni dukkakli ekinlarga fosfor va kaliy bilan, boshqa ekinlarga esa azot bilan birga qo’llash tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |