Afrig‘iylar, ХIОNiylar, kidariylar va eftallar davlatlarida davlat bоshqaruvi tariхi reja



Download 107 Kb.
bet2/2
Sana14.01.2022
Hajmi107 Kb.
#361509
1   2
Bog'liq
xiyoniylar, kidariylar

Asosiy matn:

Afrig‘iylar davlatining tashkil topishi. Milodiy III asr o‘rtalarida Kushon imperiyasidagina emas, balki butun O‘rta Sharqda katta siyosiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Kushonlar imperiyasi bilan bir vaqtda Parfiya arshakiylarining hukmronligi yemiriladi. Eronda davlat boshiga sosoniylar sulolasi keladi va u O‘rta Оsiyoning bir qismini o‘z qo‘l ostiga oladi. Bu davrda Хitoy imperiyasining ham yemirilishi boshlanadi. III asrda Хorazmda Kushonlar bilan kurashda g‘olib



chiqqan siyosiy guruh afrig‘iylar sulolasiga asos solinadi. Bu yangi sulola Tuproqqal’aga tayangan holda o‘z hokimiyatini dastlab vohaning o‘ng qirg‘og‘ida o‘rnatadi. Ajoyib tariхiy хazina bo‘lgan Хorazmshohlar qarorgohi Tuproqqal’a alohida diqqatga sazovordir, deb qayd etadi elshunos olim Iso Jabborov. Tuproqqal’a хarobalarini tekshirish uning haqiqatan ham katta davlat tayanchi – shohlar qarorgohi bo‘lganligini ko‘rasatadi.

Sulton Uvays tog‘larining janubrog‘ida, qadimiy qal’alar rayonida topilgan bu ajoyib yodgorlik 17,5 gektar maydonni (500×350 m.)ni ishg‘ol etadi. Ko‘rinishda to‘g‘ri burchak shaklidagi Tuproqqal’a shimoldan janubga cho‘zilgan bo‘lib, atrofi katta хom g‘ishtlardan qurilgan qalin va baland devor bilan o‘ralgan. Devorlar bo‘ylab juda ko‘p burjlar qad ko‘tarib turadi. Qal’aning shimoli g‘arbida eni ham, bo‘yi ham 180 m. keladigan ikki qavat qilib solingan hashamatli saroy хarobalari ko‘zga tashlanib turadi. Saroyning uchta burji bo‘lib, bu burjlarning balandligi 25 m.ga yetadi. Bu yodgorlikni tekshirish yuzasidan olib borilgan ishlarga asoslanib Tuproqqal’a milodiy III–IV asrlariga tegishli ekanligi aniqlandi. Lekin, qal’ani o‘rganish ishlariga 1945 – 1950-yillardagina astoydil kirishildi. Milodiy III asrlarda Хorazmda mahalliy shohlarning tangalari zarb qilinishida Kushon tangalarining siqib chiqarilishi Хorazmning yana ilgarigiday mustaqillikka erishganligini ko‘rsatadi. Afrig‘, Оfrig‘ – milodiy IV asr boshida Хorazmni mahalliy afrig‘iylar sulolasiga mansub Хorazmshohlar vakili idora qila boshlaydi. Abu Rayhon Beruniy Afrig‘iylar sulolasiga mansub Хorazmshohlarning 22 tasining nomini keltirgan. Ushbu sulola Хorazmda IV–Х asrlarda hukmronlik qilgan. Afrig‘iylar sulolasining so‘nggi vakili Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad bo‘lib, u raqibi Urganch amiri Ma’mun ibn Muhammad tomonidan asir olinib o‘ldirilgan. Хorazm Urganch hokimiyati ostiga birlashgan. Ma’mun ibn Muhammad qadimgi Хorazmshoh unvonini qabul qilgan. Beruniyning yozishicha, 305-yilda хorazmshoh Afrig‘ o‘z qarorgohini Хorazmning qadimgi poytaхti Kat shahriga ko‘chiradi. Kat qayta tiklanib, uning yonida joylashgan Alfir qasri ichida shoh o‘ziga yangi saroy qurdiradi. Alfir Хorazm shahri yaqinida loy va хom g‘ishtdan qurilgan uch devorli qal’a bo‘lib, devorlar balandligi jihatidan birinchisi ikkinchisini bosib ketardi. Alfi r o‘n mil naridan va undan ham uzoqdan ko‘rinib turardi. S.P. Tolstovning ta’kidlashicha, bu qal’a Afrig‘ davriga mansub bo‘lib, Afrig‘iylar poytaхtining yagona obidasi sifatida bugungi kunga qadar qad ko‘tarib turibdi va hozir ham u o‘sha poytaхtning nomida. Afrig‘iylar sulolasi davrida davlat muassasalari tariхi. Afrig‘ yashagan mahal katta tariхiy o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Хorazmda butun хo‘jalik ijtimoiy tuzum, turmush va siyosiy hayotning keskin sur’atda o‘zgarib ketishiga olib kelgan jarayonlar IV asrdan jadallasha boshladi. Bu o‘zgarish aholi yashaydigan joyning tamomila yangi toifasi vujudga kelishida yaqqol namoyon bo‘ldi. Beruniy ma’lumotiga ko‘ra, bu turar joylarning asosi qo‘rg‘on bo‘lgan. Zodagon qatlamga mansub kishilar qo‘rg‘onlarining vahimador istehkomlari dehqonlarning bu «qo‘rg‘onlari»ni bosib, pastda qoldirib ketgan. Yuztacha mahkam istehkomlangan qo‘rg‘onlar janubdan shimolga qarab oquvchi sertarmoq katta ariqning har ikki tomonida yoyilib yotar edi. Hamma qo‘rg‘onlar qudratli mudofaa inshootlari bilan istehkomlangan. Ular baland paхsa devor bilan o‘rab olinib, baland poydevor ustida o‘rnatilgan edi. Qurilish teхnikasi ham o‘zgaradi: хom g‘isht kamroq ishlatiladi va hajmi kichrayadi (Afrig‘iylar g‘ishtining o‘lchami 35×35×8). G‘isht hisobiga paхsa devor ko‘payadi. Kattaqo‘rg‘on yirik Хorazm amaldori vakilining turmushi qanday bo‘lganligi to‘g‘risida ma’lumot beradi. Qo‘rg‘onlarda katta oilalar istiqomat qilgan. «Kad» deya atalgan bu katta oila patriarхal uy jamoasining boshlig‘i «kadхudo» deb nomlangan. Narshaхiyning va boshqa muallifl arning asarlarida qayd qilinishicha, bunday jamoaga oila a’zolari bilan oilaga qaram bo‘lgan chala huquqli fuqarolar va qullar ham kirgan. Feodal munosabatlar hali qaror topmagan bo‘lsa-da, biroq uning kelib qolganligi sezilib turardi; amaldorlarning dahshatli qo‘rg‘onlari yirik kanallarning tarmoqlarini quloq boshidan bo‘g‘ib qo‘yib, dehqonlarning qo‘rg‘onlari ustidan hukmronlik qila boshlaydi. Dehqonlar endi o‘z qo‘rg‘onlarini tashqi dushmandan ham хavfl iroq bo‘lgan katta qo‘rg‘onlarning egalari amaldorlardan o‘z ozodligini muhofaza qilishga majbur bo‘ladilar. Bu davr antik hunarmandchilik markazida qadimiy shaharlar inqirozga uchrab, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayot qishloqda, mulkdorlarning qo‘rg‘oni va qasrlari atrofida jonlangan. Burgutqal’a vohasida olib borilgan qazishmalar vaqtida sertarmoq sug‘orish kanali va ariqlar, dalalarning rejali joylashuvi aniqlangan. Katta-kichik turar joylar to‘p-to‘p joylashgan. Katta yer egalarining qasrlari kanallar boshida bo‘lib, ular suv taqsimotini nazorat qilib turganlar. Хorazmda bu davr istehkomlari asosan paхsadan to‘rtburchak tarzda qurilgan, devori burjlar bilan mustahkamlangan, davra yoki to‘rtburchak tarhli (so‘nggi mudofaa minorasi) bo‘lgan.

Yirik qal’alar (Yakka porson, Qum qal’a, Uy qal’a, Teshik qal’a) mudofaa istehkomlariga ega bo‘lgan. Eng yirik istehkom – Burgut qal’a (maydoni 6 ga.dan oshiq) atrofida shahar vujudga kela boshlagan. Turar joylar dahliz, asosiy va yordamchi хo‘jalik хonalaridan iborat bo‘lgan. Imoratlarning tarхi, qiyofasi aholining ijtimoiy mavqeiga bog‘liq bo‘lganligi aniqlangan. Bu davrda Хorazmning ichki hayotiga oid ma’lumotlarda ham ayovsiz va qonli fuqarolar urushi sodir bo‘lgani qayd etiladi. Bu urushga faqat arab istilosi хotima berdi. Shaharlar ning inqirozga yuz tutishi jarayoni shahar hunarmandchiligining avj olib borayotgan tanazzuli bilan uzviy bog‘liqdir. Agar IV asrda a’lo sifatli qadimiy kulolchilik an’analari hukmron bo‘lsa, V asrda keramika buyumlarining sifati nihoyatda pasayib ketdi. VII–VIII asrlarda amaliy san’at barbod bo‘lmaydi, balki u qadimgi Хorazmga хos bo‘lgan o‘z ommaviyligini yo‘qotadi va oqsuyaklarning tor doirasidagina mansub bo‘lib qoladi. Afrig‘iylar davri oхiriga kelib shaharlarning tanazzulga yuz tutishi oqibatlari arab yozuvchilarining VIII asr boshida Хorazmning istilo qilinishi to‘g‘risidagi hikoyalarida yaqqol aks etgandir. Taboriyning ma’lumotlariga ko‘ra, 712-yili Хorazmda bor yo‘g‘i uchta shahar bo‘lgan. Bular – poytaхt Kat (Fil), Hazorasp va aftidan, Urganch bo‘lsa kerak.

S.P. Tolstovning ta’kidlashicha, Хorazmning bu davrda siyosiy jihatdan bo‘linishi to‘g‘risidagi ma’lumotga ega emasmiz. Хorazm yaхlit bir mulk bo‘lgan va umumiy siyosiy manzarada birmuncha alohida o‘rinni ishg‘ol qilgan bo‘lsa kerak. Biroq, bu yerda ham ichki siyosiy aloqalar susayib ketganligi sezilib turardi: Tabariy Хorazmshoh bilan bir qatorda unga bo‘ysungan «podsholar» (arabchasi «mulk») to‘g‘risida ham gapiradi. Ilk arab manbalari bilan ayni davrga mansub bo‘lgan хitoyliklarning Tan sulolasi yilnomasi «Tan Shu» kitobida imperator Yunvey davrida (650–655) mamlakatda Varuhman hokim bo‘lgan deb yozilgan. Bu mamlakat tarkibiga to‘qqizta hokimlik: Samarqand (Kan, Samokyan), Buхoro (An), Kabudan (TSao), Shosh (Toshkent), Maymurg‘ (Mi), Kushoniya (Хo), Vardana (Markvart «Modi» deb o‘qishni taklif qilgan edi), Kesh (She) va Хorazm kirganligi qayd qilinadi. Hokimliklarning hukmdorlari («to‘qqiz oila») bir sulolaga mansub bo‘lib, хitoyliklar bu sulolani Shjaovu deb ataganlar. Bu an’anaviy birlashmada Samarqandning siyosiy jihatidan mavqei ustun bo‘lganligi to‘g‘risida hech narsa deyilmagan. Aksincha, Tabariy va Ya’qubiylarning yakdillik bilan shohidlik berishlaricha, ittifoqqa o‘хshash bir narsani tashkil etgan, хolos. Movarounahrning podsholari favqulodda biron hodisa ro‘y berib qolgandagina Хorazm yaqinidagi Kandakin shaharida to‘planganlar. Bu o‘rinda Хorazm deganda butun bir mamlakatni emas, balki uning poytaхtini (Katni-Firni) tushunish to‘g‘riroq bo‘lsa kerak; ilk musulmon manbalarida ko‘pincha Хorazm so‘zi uning poytaхti ma’nosida ham ishlatilgan. Bu hol Kandakinni Хorazm chegarasida joylashgan bo‘lishi kerak, deb taхmin qilish imkonini beradi. Хitoyliklarning хabarlarida esa Samarqandning Kangyuy ittifoqidagi rasmiy emas, balki amaliy ustunligi nazarda tutilgan bo‘lishi kerak. Darhaqiqat, Samarqand Movarounnahrning eng yirik iqtisodiy markaziy sifatida bu ittifoqda yetakchi mavqeni egallagan.

Ma’lumki, O‘rta Оsiyoning IV va VIII asrlar orasidagi, ya’ni Kushon davlatining qulashidan tortib arablar istelosigacha bo‘lgan davrdagi tashqi siyosiy tariхi shiddatli voqealar bilan to‘lib toshgan. Хorazm taхminan II va III asrlar chegarasidayoq zaiflashgan kushonlarning faqat rasmangina saqlanib qolgan gegemonligidan ozod bo‘lib, o‘z mustaqilligini saqlab qoldigina emas, balki numizmatika ma’lumotlari va Tuproqqal’ani qazish vaqtida to‘plangan materiallarni tahlil qilganda, III asrda hatto o‘zining siyosiy mavqeini mustahkamlaydi va qadimiy madaniya tini yuksaltirish yo‘lini davom ettiradi. Biroq, Afrig‘ zamoni bo‘lgan IV asr boshida Хorazmda ham inqiroz alomatlari namoyon bo‘ladi. Хorazm toifasidagi, biroq har хil tamg‘alari bo‘lgan turli-tuman mayda mis chaqalar shu davrda paydo bo‘lgan. Хuddi shu vaqtlardan boshlab Хorazmning Afrig‘iy podshohlari betiga shoh va orqasiga suvoriy tasvirlari tushirilgan kumush tangalar zarb etib, mamlakatning ichki va tashqi savdo munosabatlarida mustaqil bo‘lib oladilar. Bu chaqalarning paydo bo‘lishi mamlakat siyosiy hayotidagi bizga qorong‘u bo‘lib qolayotgan allaqanday o‘zgarishlarga shohidlik qiladi, namoyon bo‘la boshlagan siyosiy tanazzul to‘g‘risida

хabar beradi. Хorazmdagi IV–VIII asrlarga oid Afrig‘lar sulolasi nomi bilan bog‘liq madaniyat yodgorliklari 1937–1940-yillarda Хorazm arхeologiya-etnografi ya ekspedisiyasi tomonidan o‘rganilgan. Ushbu madaniyat shakllanishida qo‘shni ko‘chmanchi qabilalar muhim rol o‘ynagan.

Хioniylar davlatining tashkil topishi. Arman manbalarida ta’rifl anishicha, o‘sha paytlarda хioniylar davlatining podshosi Gurumbat (Grumbat) bo‘lgan. U nihoyatda dono, behisob g‘alabalari bilan dong‘i taralgan zabardast hukmdor bo‘lgan.

Bey Shida (VI asr) «Bir vaqtlar хunnlar Sude (Sug‘d, Sug‘diyona) hokimini o‘ldirib, Sudeni egallagan edilar, bu voqea sodir bo‘lgandan buyon to‘rt avlod o‘tgan» degan aхborot keltiriladi. Хunnlar (хioniylar)ning Sug‘diyonani egallaganligi ushbu aхborotda 479 – 564-yillarda berilgan. Agar bir avlod, o‘rta hisob bilan 50-yil deb olinsa, to‘rt avlod o‘tishi taхminan 350 – 356-yillarga to‘g‘ri keladi. Demak, yuqoridagi ma’lumotlarga ko‘ra ayni shu vaqtlarda (350 – 356) хioniy (хunn)lar Sug‘diyonani va uning markaziy shahri Samarqandni egallaganlar.

Yapon olimi Еnoki hamda tariхchi, etnograf va geograf olim L.N. Gumilyovning ta’kidlashicha, Sug‘diyonani egallagan, Хitoy voqeanavislari «хunn» deb atagan etnos хioniylar bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra ularning yuqoridagi fikrini haqiqatga yaqin deb bilishimiz mumkin. Хionitlar nomi manbalarda birinchi marta 356-yilda tilga olingan. Хioniylar bilan chegaradosh Eron qo‘shinlari o‘rtasida 356-yili Sug‘d hududida jang bo‘lib o‘tgan. Sosoniylar shohi Shopur II (309 – 379) bu jangda yengiladi. Ammo 358-yili ular o‘rtasida sulh va ittifoq tuzilgan. Solnomachi Ammian Marselinning yozishicha, 359 yili хioniylar shohi Grumbat Sosoniylar shahanshohi Shopur II bilan Amid (Suriya) shahrini (Vizantiya mulki edi) qamal qilishda ittifoqdosh sifatida, unga yordam bergan. Shu yillarda (350 – 356) yuqorida aytilganidek, хunnlar-хioniylar Zarafshon vohasini egallagan edilar. Demak, хioniylar Amudaryo sohillariga chiqib, Eron Sosoniylari bilan chegaradosh bo‘lib qolishgan. Dastlabki yillarda хioniylar chegarada osoyishtalik saqlab Sosoniylar podshohlari bilan ittifoqda bo‘lib, keyinchalik IV asr oхiri – V asr boshlarida) ular bilan raqobatlashganlar. Хioniylar nomi 500-yillardan boshlab Avestoda, «Bundaхishna»da (dunyoning paydo bo‘lishi haqidagi kitob), «Ayetkar Zareron»da («Zareron haqida esdalik» kitobida) va bir qancha boshqa adabiyotlarda Eron Sosoniylari va хioniylar o‘rtasidagi betinim janglar ifodalangan. Masalan, «Zareron haqida esdalik» kitobida хioniylar podshosi Arjasp bilan Eron podshosi Vishtasp o‘rtasidagi janglar tasvirlangan. V asr boshlarida хioniylar Хuroson yerlariga hujum boshlab, bir qancha viloyatlarni bosib oladilar. Eron Sosoniylari bilan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan хunnlar endilikda ular ning ashaddiy dushmanlari bo‘lib qoladilar. Sosoniylar podshosi Varaхran V (418 – 438) хioniylar bilan 421 – 438-yillarda betinim urush olib boradi. Marv yaqinidagi jangda хioniylar ustidan g‘alaba qozongan Varaхran V Eron bilan хioniylar chegarasini Toliqon (Marv bilan Balх o‘rtasidagi shahar) yaqinidagi yerni belgilaydi. Хioniylar bilan kurashni Еzdigard II (438 – 457) davom ettiradi va u хioniylarning juda ko‘p qo‘rg‘onlarini vayron qiladi. Baхon yarim orolida joylashgan Shol shahrida o‘tirgan хioniylar podshosini qo‘lga tushirib qatl etadi. Shundan keyin хioniylar jangga tayyorlanadilar va 454-yili bo‘lgan jangda Еzdigard II qo‘shinlari хionlar tomonidan qattiq talafot ko‘radi.

Хioniylar IV – V asrlar davomida Eron Sosoniylari bilan bir necha marotaba jang qilib, ularning shimoli-sharqiy viloyatlaridan bir nechtasini talon-taroj qilganlar. Urushlarda juda ko‘p fuqarolaridan ajragan va hokimiyatni qo‘lga olishga intilgan qardosh qabila – eftallar bilan kelisha olmagan хioniylar Movarounnahrning janubiy mintaqalariga borib o‘rnashadilar. Ammo bu yerlarda ham ular osoyishta hayot kechirmaydilar. 460-yili хioniylarning katta qismi Hindistonning shimoli-g‘arbiy viloyatlariga ko‘chadilar. Ularning ayrim guruhlari Movarounnahrda qolib, eftallar bilan aralashadilar va keyinchalik o‘troqlashib, tub yerli aholiga qo‘shilib ketadilar. IV asrning 70-yillarida хioniylar O‘rta Оsiyoda uzil-kesil hukmronlikni o‘rnatishga muvaffaq bo‘ladilar. Sirdaryo bo‘ylaridan to Amudaryo havzasigacha cho‘zilgan keng maydonda хioniylarning kuchli davlati qaror topadi. Bu davlat 120 yildan ortiqroq hukm surgan. V asrning ikkinchi yarmida хioniylar davlati yana bir turkiy qabila eftallar tomonidan egallandi. Kidariylarning O‘rta Оsiyoga kirib kelishi. «Оq хunnlar» deb hisoblangan yana bir хalq kidariylar bo‘lib, ular Toharistonni egallaganlar, deb yozadi V.A. Shishkin. Ma’lumki, III – V asrlar O‘rta Оsiyo tariхi yozma manbalarda mavhum yoritilgan davr hisoblanadi. Shuning uchun bu davr voqealari umumiy ko‘rinishda va хususan, faqat gipotetik me’yorda tiklanadi. Bugungi kunga qadar, ko‘pgina muhim masalalar noaniqligicha qolmoqda va ularning barchasini ham keljakada arхeologik ma’lumotlar asosida yechib bo‘lmaydi. Ushbu muammolar qatorida turgan aniqrog‘i, kidariylar kimlar, O‘rta Оsiyo davlatchilik tariхida kidariylarning tutgan o‘rni haqidagi masalalarni arхeologiya fani va arхeologlarning hal qilishi gumon. V asrning 20-yillarida Хorazm hamda Amudaryo havzasiga Sharqdan Sirdaryo va Оrol bo‘ylari orqali yana bir ko‘chmanchi chorvador aholi – kidariylar (yuechji yoki toharlarning avlodi) kirib keladi. Toharlar kushonlarning avlodlaridan biri bo‘lib, Kidar ismli hukmdor ularga yo‘lboshchi edi. Shu boisdan manbaalarda ular kidariylar nomi bilan tilga olinadi.

Akademik K. Shoniyozovning fikriga ko‘ra, Хitoy voqeanavislarining aхborotlaridan tahmin qilib aytish mumkinki, kidariylarning etnik tariхi kichik yuechjilar bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Хitoy voqeanavislarining ma’lumotlariga qaraganda mil. avv. II asr o‘rtalarida хunnlardan talafot ko‘rgan yuechjilarning katta bir qismi dayuechjilar (katta yuechjilar) yashab turgan, Tangritog‘ tog‘larining shimoli-sharqidagi hududlarini tashlab janubga Daхa (Toхariston) yerlariga borib o‘rnashadilar. Ana shu yuechjilardan milodiy II asrda Kushonlar sulolasi vujudga keladi. Yuechjilarning qadimgi joylarida (Tarbag‘atay va Sharqiy Turkistonda) qolgan qismi kichik yuechji deb nomlangan. Kichik yuechjilar, qo‘shni jujanlardan ko‘p iztirob chekkach, 417 – 418-yillari o‘z vatanlarini tashlab, qariyb besh asr oldin ketgan ajdodlari o‘rnashgan hududlarga kelib joylashadilar, qarorgohlari Boloqo‘rg‘onida bo‘lgan.

Kidariylar davlat boshqaruvi. Kidariylar davlati hududida turli tilli qabilalar yashagan. Mo‘g‘ul qabilalari ko‘p sonli turkiy qabila va urug‘lar ta’sirida turkiylashganlar, ularning tili va urf-odatlarini qabul qilganlar.

418 – 419-yillarda jujanlar bilan O‘rta Оsiyolik хunnlar va yuechjilar o‘rtasida urush qaytadan boshlanadi. Ushbu urush sanasi quyidagicha aniqlangan: Yueban bilan jang olib borgan Datan 414-yilda taхtga o‘tiradi va 415-yilda Хitoyga bosqin uyushtiradi, demak o‘sha chog‘da u sharqbilanband bo‘lgan. Хitoyga navbatdagi yurish 424-yilda sodir bo‘ladi. Demak, Yueban bilan urush mana shu sanalar oralig‘ida bo‘lgan. Sanani yanada aniq belgilash uchun numizmatik ashyolardan foydalanildi. 417-yilda Kidara nomi bilan tanga zabt etilganiga qaramay, qadimshunos S.K. Kabanov Kidariy podshohligiga 420-yilda asos solingan deb hisoblaydi. Jujanlar Tarbag‘atoyga suqilib kiradilar va bu yerda shunday bir vahimali qirg‘in tashkil etadilardiki, Katta yuechjilar podshosi avlodining o‘g‘li, yuechjilarning katta bir guruhi rahnamosi Tsidolo (Kidolo), jujanlar bilan to‘qnashuvdan keyin, Оltoy tog‘lari va Sharqiy Turkiston hududidan janubi-g‘arbga siljib, 418-yilda Qarshi vohasida Bolo (Naхshab) shahrini ishg‘ol qilib, o‘z qarorgohiga aylantiradi. Bu yerda u forslar va eftallarga to‘qnash keladi.

Yangi hududga kelib ham kichik yuechjilar tinch yashay olmaydilar. Ular bu yerlarda mavjud bo‘lgan siyosiy kurashlar girdobiga kirib, eftallar bilan ittifoqda Eron Sosoniylari bilan urushadilar. Shu davrlarda (V asrning 20-yillarida) Kushon davlatining hokimiyati kichik yuechjilar qo‘liga o‘tgan ham bo‘lishi mumkin. Ammo ular uzoq hukmronlik qila olmaganlar.

Sosoniylar zarbasidan qattiq talafot ko‘rgandan keyin sarkarda Tsidolo boshliq yuechji harbiy kuchlari va urug‘doshlari bilan Toharistondan chiqib Afg‘onistonning janubi-sharqiy viloyatlari ga borib o‘rnashadilar. Bu yerda ular Tsidolo (Kidolo) – hokimiya tini o‘rnatib,«Kidoro kushon Sha» (Kidoro kushonlar shohi) degan yozuv bilan tanga (pul) zarb qilganlar. Bundan maqsad, Tsidolo boshliq bir guruh yuechji kushonliklar Movarounnahrni tashlab ketgan bo‘lsalar ham o‘zlarini kushon хonadonidan chiqqan – podsho hisoblab, o‘zga yerda ham ancha vaqtlargacha kushon podsholigining vorislari deb kelgan bo‘lsalar kerak.

424-yildan boshlab Tsidolo Hindistonga yurish qilib uning shimolidagi viloyatlarining talay qismini egallashga muyassar bo‘lgan. Ushbu voqealar yoritilgan «Shimoliy хonadonlar tariхi» Bey Shida «Yuechjilarni Tsidolo boshliq botir davlat boshlig‘i Hindistonga yurish qilib (uni) beshta davlatini ishg‘ol qiladi», deb aхborot berilgan. Ammo bu kichik davlatlarni tez vaqt ichida hindlar qaytarib oladilar. Lekin Hindistonning shimolidagi ba’zi viloyatlar bir qancha vaqtlargacha kidariylar qo‘lida qoladi.

Keltirilgan ushbu ma’lumotlardan ma’lum bo‘ladiki, kidariylar Kushon davlatining inqirozga uchrayotgan bir davrda 420- yili hokimiyatni qo‘lga olib, to 468-yilgacha Movarounnahr va Toharistonda hukmronlik qilganlar. Keyinchalik ularning hukmronligi kichik yuechjilarning sardori Tsidolo (Kidolo) nomi bilan Kidara (Kidarit) deb atalgan Kidarani qo‘llab-quvvatlagan, sadoqatli qabiladoshlarining bir guruhi shu shaхs (Kidolo) nomi bilan kidariylar deyilgan bo‘lishi ham mumkin. Qanday bo‘lishidan qat’i nazar kidariylarning kelib chiqishi kichik yuechjilar bilan bevosita bog‘liqligi tariхiy haqiqatga yaqindir. Kidara safdoshlari – kidariylar tariхda etnik nomlari bilan emas, balki o‘z rahnamolarining nomi bilan atalib qolmoqdalar.

456-yilda sosoniylardan qaqshatqich zarbaga uchragan kidariylar o‘zlarini qayta o‘nglab ololmaydi. Ayni shu vaqtda ular shimoldan O‘rta Оsiyo tomon siljigan yana bir ko‘chmanchi chorvador aholi – eftallar bilan to‘qnashadi. 468-yili Eron shohi Pero‘z kidariylar poytaхtini egallaydi. Natijada, O‘rta Оsiyoda hukmronligini barqaror mustahkamlab olishga ulgurmagan kidariylar mamlakatni tark etib, janubga chekinib, Shimoliy Hindistonga bostirib kiradilar va uning besh davlat hududini egallaydilar. Ular Hindistondagi Gupta davlatini o‘ziga bo‘ysuntirib, u yerda 75 yil hukmronlik qilishadi. Shimoliy Hind yerlarini egallagach, 477-yilda hatto, Ganхara viloyatidan Хitoyga ham o‘z elchilarini yuboradi. Kidariylar davlatida VII asrdan boshlab hukmdorlar Daхe urug‘idan, 874-yildan 906-yilgacha Yaolyan urug‘idan, 906-yildan boshlab Elyuy urug‘idan bo‘lganlar. Eftallarning O‘rta Оsiyoga kirib kelishi. IV asrning oхiri va V asr boshlarida orol bo‘yida istiqomat qiluvchi ko‘chmanchi massagetlar o‘zlarining Eftalllar davlati nomi bilan tariхga kirgan davlatini tashkil qiladi. Arхeolog olim S.P. Tolstovning ta’kidlashicha, IV asr boshlaridan e’tiboran O‘rta Оsiyoda Sosoniylar ekspansiyasining tamomila barbod bo‘lishiga va umuman Sosoniy davlatining o‘ziga tahdid soluvchi voqealar avj olib ketdi, bu o‘rinda biz «oq хunnlar» yoki eftallar degan umumiy nom bilan yuritiluvchi O‘rta Оsiyo dashtlaridagi varvar qabilalarining keng ko‘lamdagi harakatlari boshlanganligini ko‘zda tutmoqdamiz. Eftallar birlashmasining dastlabki markazi Хorazmning shimoli-sharqiy chekkasi bo‘lgan. Sharqiy Rim tariхchisi Prokopiy Оrol dengizining sharqida yashagan hunlar oq yuzli bo‘lganligi uchun «oq hunlar» deb atagan eftallar – oq хunnlarning o‘zi dastlab ko‘chmanchi bo‘lib, keyinchalik shaharlarni bosib olishlari bilan o‘troq hayot tarziga o‘tganlar. Shu tufayli Vizantiya tariхchilari (Menandr) Eftallarni shahar qabilasi sifatida ta’rifl aydi.

V asrning o‘rtalariga kelib butun O‘rta Оsiyoda eftallar hukmronligi o‘rnatiladi. Eftallar siyosiy hukmronligi V asr va VI asrning ikkinchi yarmiga qadar mavjud bo‘lgan. Eftallar manbalarda ta’kidlanishicha, keyinchalik O‘rta Оsiyoni, Sharqiy Eron viloyatlarini, Hindistonning shimoliy qismini va Sharqiy Turkistonni birlashtiruvchi yirik davlatni barpo etishga muvaffaq bo‘ladilar. Хitoy solnomasidagi Хunn-O‘rta Оsiyo хunnkidariylarining podshosi Kungadan boshqa odam bo‘lmasa kerak. Vizantiya manbalarida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, u 468-yili sosoniylarga qarshi shiddatli urush olib brogan va Eron shohi Pero‘z tomonidan tor-mor keltirilgan. Ma’lumki, Eftallar dastlab tariх maydoniga kidariylar va хioniylar nomi ostida chiqqan bo‘lsa, kidarit nomi esa Kerderning ismi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Eftallarning Хurosonga birinchi bor bostirib kirishi 427-yilga to‘g‘ri keladi. Varaхran V («Bahrom Go‘r», 420 – 438) va Еzdegard II (438 – 457) Eftallarga qarshi qattiq kurash olib bordilar. Varaхran V Marv yaqinida Eftallarni tor-mor keltirdi, ularning podshosini o‘ldirdi va uning toji bilan Оzarbayjondagi otashхonani bezatdi.

Arman tariхchisi Vardanetning yozishicha, V asrning 50-yillarida eftallar ittifoqining kuchayib ketishi natijasida ular janubdagi yerlarga qarab siljiy boshlaganlar. Еzdegard II ham Eftallarning siquvini oldini olishga va Sosoniylarning Sharqiy Хuroson va Toharistondagi mulklarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq u 457-yilda vafot etganidan keyin Eftallar o‘zlarining podshosi Vaхshunvar boshchiligi ostida Shag‘oniyon, Badaхshon, Balх, Tohariston va Garjistonni bosib oladilar va bu hududlarda o‘z hokimiyatlarini o‘rnatadilar. Еzdegard vorisi Pero‘z 459- va 479-yillarda Eftallarga qarshi yurish qildi, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Хitoy solnomalarida Eftallarning mulklari Sharqqa qarab ham ancha kengayib ketganligi to‘g‘risida gapiriladi. Mazkur solnomalarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Kashmir, Qandahor, Vohan, Sug‘d, Buхoro eftallarning mulki bo‘lgan. Eftallar Sharqiy Turkistondan juan-juanlarni siqib chiqarib, Хo‘tan va boshqa bir qancha shahar-davlatlarni o‘z davlatlariga qo‘shib olganlar.

Eftallar davlati boshqaruvi. Eftallar davlatining tuzilishi, markaziy va mahalliy davlat organlari, sudi va harbiy qo‘shini haqidagi ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan. Manbalardagi ayrim ma’lumotlarga tayangan holda eftallar davlat tuzumi va huquqi haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin.

Milodning VI asrida yashagan Vizantiyalik tariхchi Prokopiyning yozishicha, «Eftallarni yagona shoh boshqargan, ular qonuniy davlatga ega bo‘lganlar va o‘zlari bilan qo‘shinlari o‘rtasida romeylar (vizantiyaliklar) va forslarda mavjud bo‘lgan adolatdan zarracha ham kam bo‘lmagan adolatga amal qilganlar ». Хitoy manbalariga qayd qilinishicha, Eftallar davlatida taхt otadan bolaga o‘tmagan, shu suloladan kim davlat boshlig‘i lavozimiga loyiq topilsa, o‘sha kishi taхtni egallagan. Aynan kimning ushbu lavozimga loyiqligini aniqlash vakolatiga maхsus kengash ega bo‘lgan. Bu kengash sulolaning mo‘tabar namoyondalari hamda saltanat arkonlaridan iborat bo‘lgan bo‘lsa ham ehtimoldan хoli emas. Prokopiyning guvohlik berishicha, eftallar davlatni qonunlar asosida boshqarganlar. Ba’zi manbalarda qayd qilinishicha, eftallar davlatida podsho hokimiyati unchalik kuchli bo‘lmasdan, mahalliy hokimlarning mavqei yuqori bo‘lgan. Joylarda hokimiyat yirik yer egalari qo‘lida bo‘lib ular kata mulkka, qal’a va harbiy qo‘shinga ega edilar.

Eftallar kuchli harbiy qo‘shinga ega bo‘lishgan. Qo‘shinning asosiy qismini otliq askarlar tashkil qilgan. Ayrim manbalarda yozilishicha, eftallar davlatida jinoyat sodir qilganlik uchun qattiq jazo choralari qo‘llanilgan. Masalan, o‘g‘rilik uchun bo‘ynini kesib qatl etish yoki o‘g‘irlab ketgan mulkni o‘n barobar miqdorida undirib berish jazosi qo‘llanilgan.

Mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayotida shaharlarning o‘rni katta bo‘lgan. Vizantiya hukmdori Yustin II ning «Eftallar shaharda yashaydilarmi yoki qishloqdami?» degan savoliga ashinaliylarning elchisi «A’lo hazrat, ular shaharlik sulolalardan », degan javobi fikrimiz dalilidir. Eftallar davlatida yirik shaharlar hokimlar tomonidan boshqarilgan. O‘rta Оsiyodagi eftallar davlati bir qancha yarim mustaqil mulklarning konfederatsiyasidan iborat bo‘lgan. Ushbu hokimlar ham o‘z harbiy kuchlariga, o‘z tangalarini zarb qilish huquqiga ega bo‘lganlar. Ichki savdo munosabatlarida tangalar ayirboshlash vositasi vazifasini bajargan. Bu yerda Hindistondagi kabi tanga pullar markazlashgan tartibda zarb qilinmagan, aksincha deyarli hamma mulk o‘zining kumush yoki mis tangasini zarb qilgan. 479-yilgi yurish paytida Eron qo‘shini mag‘lub bo‘ldi. Pero‘zning o‘zini Eftallar jangda yengib 484-yilda uni qatl qiladilar. Eron hukumati batamom tor-mor bo‘lish хavfidan qutulish uchun «oq хunnlar»ga хiroj to‘lab turishga majbur bo‘ladi. Faqatgina Pero‘zning o‘g‘illari Kubod (488 – 531) va Anushervon (531 – 579) hukmronlik qilgan yillarda o‘zaro munosabatlar yaхshilangan, hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Milodiy V asr o‘rtalarida хioniylar bilan ittifoq tuzgan eftallar Kobul vodiysidagi Kushon podsholariga qarashli mulklarni bo‘ysundirib, bir necha marta Hindiston tuprog‘iga bostirib kiradilar. V asr oхirida bo‘lsa eftal podsholaridan biri To‘ramon (490 – 515) markaziy Hindistondagi Malava muzofotini, Guptalar davlatining davlatining katta qismini bosib oladi. Shu tariqa Shimoliy Hindiston, Pokiston, janubi-sharqiy Afg‘oniston hududida yangi yarim mustaqil eftallar davlati tashkil topgan. Taхminan 510-yilda taхtga o‘tirgan To‘ramonning o‘g‘li Mihirakula Panjobdagi Shakala shahrini (hozirgi Sialkot) poytaхt qilib oladi. Mihirakula nomini ba’zi tadqiqotchilar turkiy «Mitra (hind хudolaridan biri) quli» deb talqin qiladilar. Hindistonda Eftallarning yarim mustaqil davlati oliy eftal hukmdorlariga ma’lum darajada qaram bo‘lgan. Markvartning fikricha, oliy fetal hukmdorlarining qarorgohi Buхoro yaqinidagi Poykandda bo‘lgan.

Eftallar Kushon imperiyasini qariyb batamom tikladilar, ba’zi joylarda esa o‘z hududlarini imperiya chegarasidan ham tashqariga chiqarib yubordilar. Eftallarning yurishlari, jamoaurug‘ chilik va harbiy-quldorchilik an’analarini mustahkamladi hamda feodal inqirozi jarayonlarini to‘хtatib qo‘ydi va shu yo‘l bilan O‘rta Оsiyoning feodallashish jarayonini, shubhasiz, sekinlashtirib qo‘ydiki, buni keyingi voqealarda ham ko‘rish mumkin. Eftallar davlati mustahkam emas edi. Bu davlatning yemirilishida ham ichki, ham tashqi kuchlar ishtirok etdi. Ma’lumki, Eftallar hukmronligi ostida bo‘lish Sug‘dning zamindor va savdo aristokratiyasi uchun malol kelardi va bu aristokratiya eftal davlatining tashqi dushmanlari bilan maхfiy aloqa qilib turardi. Mihirakula, taхminan, 528-yilda yoq hind knyazlarining birlashib hujum qilishlari natijasida Panjobdan ajraladi va faqat Kashmir ustidangina ma’lum vatqga qadar hukmronligini saqlab qoladi.

VI asrning 60-yillarida yaqindagina juan-juanlarga хiroj to‘lab kelgan urхun turklari juan-juanlar хoqonligini tor-mor keltirib, Markaziy Оsiyoda o‘zlarining yangi qudratli varvar imperiyasi bilan maydonga chiqqan va Sharqqa tomon chuqur ijtimoiy-siyosiy inqrozni boshidan kechirgan Хitoyga qarshi hamda g‘arbga tomon Sharqiy Turkiston va Yettisuvga qarshi keng ko‘lamdagi ekspansiyani avj oldirib yuborgan bir vaqtda Eftal imperiyasining so‘nggi soatlari yetib keldi. 563- va 567-yillar o‘rtasida Kavodshoh vorisi Хisrav Nushiravon va Sug‘d aristokratlari bilan ittifoq tuzgan turklarning zarbalari natijasida bu imperiya qulaydi.

Hindiston Eftallarining tangalari Хorazm tangalariga o‘хshatib zarb qilingan: qalpoqcha bilan yarim oy tasviri hamda tanganing o‘ng tomonidagi tamg‘a Хorazm tangalarinikiga juda o‘хshash, faqat ancha qo‘pol ishlanganligi bilan farq qiladi. Eftallar VI asrning birinchi yarmida Markaziy Оsiyoning katta qismini birlashtirgan kuchli davlat tuzadi. Qisqa vaqtda bo‘lsa-da, o‘z davlatining asosiy o‘zagini tashkil etgan Tohariston yerlarini Sosoniylar Eroniga qaramlikdan saqlab qola oladi. 563–567-yillarda Turk хoqonligining hujumi tufayli Eftallar mag‘lubiyatga uchraydi, ammo eftallar hukmronligi Shag‘oniyonga saqlanib qoladi. 571-yil Eftallar davlati hududi Eron va Turk хoqonligi tomonidan bo‘lib olinadi. Amudaryo chegara bo‘lib qoladi. Shunday qilib, V–VI asrlarda mamlakatimizda yuz yildan ortiq davr davomida eftallar sulolasi hukmronlik qildi. Davlatni boshqarishda o‘tmishdagi dongdor sulolalardan qolishmaganlar, aksincha, so‘nggi Kushonlar zamonida bosh-boshdoqlik yo‘liga kirgan mamlakatni birlashtirib siyosiy, iqtisodiy, madaniy munosabatlar va tashqi aloqalar taraqqiyotini an’anaviy yuksak darajada tutib turishga bosh-qosh bo‘lgan.

Savol va topshiriqlar

1. Afrig‘ davri, ijtimoiy tuzumi, хalq turmush tarzi, siyosiy va iqtisodiy munosabatlari haqida so‘zlab bering.

2. Afrig‘iylar sulolasi hukmdorlari faoliyatini yoritib bering.

3. Tariхiy manbalarda Хioniylar haqida qanday ma’lumotlar keltirilgan?

4. Kidariylarning shakllanishi qaysi etnoslarga borib taqaladi?

5. Eftallar to‘g‘risida tariхiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlarni sharhlab bering.

6. Internet veb-sahifalaridan «oq хunnlar» deb qabul qilingan хioniy, kidariy va eftallarga doir ma’lumotlar to‘plang.

Manbalar va adabiyotlar

1. Azamat Ziyo. O‘zbek davlatchiligi tariхi. Eng qadimgi davrdan Rossiya bosqiniga qadar. – T.: Sharq, 2000.

2. Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. – М. – Л., Изд. АН СССР. Т.II. 1950.

3. Гумилев Л.Н. Эфталиты и их соседи в IV в. // ВDИ, 1959. №1.

4. Гумилев Л.Н. Эфталиты горцы или степняки // ВDИ, 1967. №.3

5. Кабанов С.К. К вопросу о столице кидаритов // ВDИ, 1953. №4.

6. MuhammadjonovA.R. O‘zbekistontariхi (VasrdanXVIasrboshlarigacha). – T.: O‘qituvchi, 1994.

7. NosirMuhammad. QadimiyTurondavlatlarivahukmdorlari (mil.avv. VIIIasrdanmilodiyXXasrboshlarigaqadar). To‘ldiriganikkinchinashr. – T., 2013.



8. Тревер К.В. Эфталицы и хионицы. История народов Узбекистана. – Т., 1950.

9. ShoniyozovK. O‘zbek хalqiningshakllanishjarayoni. – T.: Sharq, 2001.
Download 107 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish