Advokatura va uning mohiyati
Oʻzbekistonda advokaturaning huquqiy asosi 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Advokatura toʻgʻrisida”gi qonun orqali paydo boʻldi. Aynan mana shu qonun advokatura qanday tuzilma ekanligini, advokat kim ekanligini belgilab berdi. Shundan soʻng advokaturaning rivojlanishi uchun bir nechta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Hozirgi kunda yurtimizda advokatura mustaqil bir institut sifatida shakllanishga ulgurdi. Advokatlarning huquqiy maqomi, daxlsizligi va mustaqilligi mustahkamlandi. Lekin advokat boʻlish uchun talab oshmayapti. Bunga bir nechta sabablar mavjud.
Birinchidan, advokat boʻlish uchun talablarning koʻpligi deb hisoblayman. Masalan, oliy yuridik maʼlumotga ega shaxs advokat boʻlishi uchun ikki yillik ish stajiga ega boʻlishi kerak va uch oy stajirovka oʻtashi lozim. Oʻqishni bitirib diplomni qoʻliga olgan talaba advokat boʻlishi uchun ikki yil boshqa joyda ishlashi kerak masalan, sudya yordamchisi boʻlib, tabiiyki oʻsha ikki yil mobaynida u sudya bilan birga ishlaydi, ish oʻrganadi vaholanki uni tayyor ishni tashlab uch oylik stajirovka oʻtash uchun advokat bilan birga yurgisi kelmaydi. Chunki u sudda ancha ish oʻrgangan va ishga moslashgan boʻladi.
Ikkinchidan, advokatlarga boʻlgan talabning pastligi, chunki koʻpchilik oʻz huquqlarini himoya qilish uchun advokat yollagisi kelmaydi, oʻz huquqlarimni oʻzim himoya qilaman deb oʻylaydi va yana moliyaviy tomondan advokat soʻragan pulni topolmaydi. Yana bir sabab aholi advokatlar faoliyati haqida yetarli maʼlumotga ega emasligi va ularni topish va yollashda qiyinchilikka duch kelishidir.
Uchinchidan, ayrim advokatlarning fuqarolardan ortiqcha pul talab qilishidir. Hozir darsdan boʻsh vaqtimda sudda amaliyot oʻtab, ayrim advokatlarni kirdikorlarini eshitib, menda ham advokatlarga boʻlgan ishonch kamayib ketmoqda.
Toʻrtinchidan, surishtiruv va tergov organlarining ayrim xodimlari tomonidan advokatlar o‘zlarining ishonch bildiruvchilari (himoyasi ostidagilari) oldiga kirishlariga yuzaki sabablarga ko‘ra to‘sqinlik qilinmoqda, bunday holatlarda advokatlarning shikoyatlarini ko‘rib chiqishning amaldagi mexanizmlari advokatlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlarining samarali oldini olishni ta’minlamayapti.
Beshinchidan, advokatlik tuzilmalarining amaldagi tashkiliy-huquqiy shakllari yuridik xizmatlar ko‘rsatish bozorida raqobatning rivojlanishiga xizmat qilmayapti, yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatish advokatlik faoliyatidan ajratilmaganligi sohaning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Oʻtgan mobaynida advokatura institutini huquqiy tartibga solishga qaratilgan 2 ta maxsus qonun va 90 ga yaqin advokaturani tartibga solishga qaratilgan boshqa qonun hujjatlari qabul qilingan boʻlsada, advokaturaning chinakam mustaqil institut sifatida toʻliq shakllangan deb aytish qiyin.
Bundan tashqari, bugungi kunda davlat hisobidan advokat tayinlashning mavjud amaliyoti ilgʻor xorijiy davlatlar va xalqaro standartlarga mos kelmasligi, fuqarolarga har qanday sharoitda malakali yuridik yordam olishi va ular manfaatlarini himoya qilishga kirishishning cheklanganligi va advokatlik faoliyatini soliqqa tortish tizimini yanada takomillashtirishni talab etmoqda.
Eng muhimi, advokatura faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilish darajasini zamonaviy talablarga javob bermayotganligi advokatlarning fuqarolarga oʻz vaqtida va sifatli malakali yordam koʻrsatish, advokatura korpusi faoliyati toʻgʻrisida zarur va ishonchli maʼlumotlarni oʻz vaqtida olish, tahlil etish imkonini bermayapti.
Shu bois kelajakda Oʻzbekistonda advokatlik korpusini samarali shakllantirish hamda ular faoliyati toʻgʻrisidagi raqamlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazasiga ega platforma yaratish zarur deb hisoblayman.
Do'stlaringiz bilan baham: |