Kibernetika va kibernetik tizimlar, kibernetik modellar va ularning turlari Kibernetika (yun. kybernetile - boshqarish sanʼati) — axborotni qabul qilish, saqlash, uni qayta ishlash hamda undan turli jarayonlarni boshqarishda foydalanish bilan shugʻullanadigan fan. Avtomatik boshqarish, hisoblash texnikasi, neyrofiziologiya va matematik mantiklarning nazariya hamda amaliyotlarining rivojlanish natijalari sifatida vujudga kelgan. K.ning texnik asosini elektron hisoblash mashinalari (EHM) tashkil qiladi. Ular inson tafakkuriga oid masalalarni hal qilishga keng imkoniyatlar ochib beradi. "Kibernetika" terminini birinchi marta yunon faylasufi Platon tilga olgan. K., asosan, kibernetik tizimlar bilan shugʻullanadi. Kibernetik tizimlarga texnikadagi turli rostlagichlar (mas, avtopilot, uy haroratini bir-xil saqlab turadigan rostlagich), EHM, kompyuter, inson miyasi, kishilik jamiyati misol boʻladi. Kibernetik tizimlar bir-biridan ularda harakatlanuvchi signallar oqimining tabiatiga qarab farq qiladi. Agar signallar tizimning hamma elementlariga oʻxshab uzluksiz parametrlar bilan berilsa, bunday tizim uzluksiz, uzlukli parametrlar bilan berilsa uzlukli deb ataladi. Kibernetik tizimning uzlukli yoki uzluksiz boʻlishi ularning tadqiqotida qoʻllaniladigan matematik apparatga bogʻliq. Chunki uzluksiz tizimlarda bunday apparat vazifasini oddiy differensial tenglamalar tizimi nazariyasi, uzluklida esa algoritmlar va avtomatlar nazariyasi bajaradi. Kibernetik tizimning murakkabligi 2 koʻrsatkich: yaʼni tizimning oʻlchamliligi (parametrlarning soni) va tizim elementlarining oʻzaro bogʻlangan umumiy soni bilan belgilanadi. Murakkab kibernetik tizimlar biror yoʻsinda axborotlarni toʻplash va shoʻnga monand ravishda harakat bajarish (axborotni oʻzgartirish) xususiyatiga ega. Yaʼni yangi elementlar paydo boʻlganda oʻz strukturasini oʻzgartirish va eskisini oʻchirish, shuningdek, elementlar orasidagi bogʻlanishni oʻzgartirishi mumkin. Kibernetik tizimlarning odam miyasiga oʻxshash bunday xususiyati, baʼzan, xotira deb ataladi. Jonli va jonsiz tabiatning turli obʼyektlarini oʻrganishdagi kibernetik yondoshishda ular axborotlarni oʻzgartkichlar sifatida qaraladi. Axborotni murakkab texnik oʻzgartkichlaridan biri EHM hisoblanadi. Zamonaviy EHM ning strukturasi inson miyasi strukturasidan tubdan farq qilsa ham, faqat shu strukturalarga xos muhim xususiyatga ega: ular axborotlarning universal oʻzgartkichlari hisoblanadi. Bu esa har qanday boshqa kibernetik tizimning strukturasini xotirada saqlab prinsip jihatdan axborotlarni oʻzgartkich sifatida uning funksiyasini bajara oladi. EHM ning ana shu xususiyati ularning asosiy texnik vosita ekanligini bildiradi va ular yordamida K. istalgan tabiatdagi kibernetik tizimni modellaydi va uni oʻrganadi. Kibernetik tizimni boshqarishda oʻzaro taʼsirlashuvchi ikki obʼyekt — boshqarish obʼyekti va boshkaruvchi tizim mavjud. Kibernetik modellashtirish boshqaruvni maqbullashtirish keng imkoniyatlarini ochib beradi. Yirik olimlar hisobicha, kibernetik yondashuvning xarakterli jihati bo‗lib, murakkab obyektlar asosiy parametlarini o‗rganish maqsadida ularni soddalashtirish va shu asosda ularning chuqur mohiyatini ochish hisoblanadi. Bu holda bizni faqat bevosita boshqaruvga xizmat qiluvchi modellar qiziqtiradi. Murakkab tizimlarni boshqarish uchun yangi modellarni ishlab chiqish zarur.
Bu sohaga matematikani kiritish katta ahamiyatga egaligiga hech shubha yo‗q. Matematik modellashtirish modellar aniqligini oshirishda texnik vositalar va zamonaviy uslublardan foydalanishga imkon beradi. Bu bilan bir qatorda, ijtimoiy hodisalarning sifat tomonlarini ham modellashtirish kerak. Ularning xususiyatlarini falsafa, sotsiologiya va umumiy fanlar majmuasi ochib beradi.
Modellarni mukammallashtirish jarayonini ularni muntazam to‗ldirish yoki ishlab chiqilishi jarayoni sifatida ko‗rib chiqish foydali. Odatda, eng oddiy modellardan boshlashadi.
Hozirgi vaqtda fan va amaliyot xarakteri va mo‗ljallanishi bo‗yicha turli modellashtirish uslublari va shakllariga ega.