O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM
VAZIRLIGI
ADHAM VAISOV
TERI VA TANOSIL
KASALLIKLARI
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
tomonidan tibbiyot oliy o‘quv yurtlari uchun
darslik sifatida tavsiya etilgan
Toshkent
«Yangi asr avlodi»
2008
Darslik tibbiyot institutlarining yuqori kurs talabalariga va umumiy amaliyot
shifokorlariga mo‘ljallangan. Kitobdan, shuningdek, amaliyotda ishlayotgan
dermatovenerolog, urolog, akusher-ginekolog, stomatolog, terapevt, laboratoriya
mutaxassislari va tibbiyot o‘quv yurtlari xodimlari ham foydalanishlari mumkin.
Taqrizchilar:
R.A. KAPKAYEV,
Toshkent Tibbiyot Akademiyasi Teri va tanosil
kasalliklari kafedrasining professori,
Respublikada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi
E.G. KIM,
Toshkent Tibbiyot Akademiyasi Sharq tabobati
va kosmetologiya kafedrasining mudiri,
tibbiyot fanlari doktori, professor
ISBN 978-9943-08-299-1
© Adham Vaisov, «Teri va tanosil kasalliklari». «Yangi asr avlodi», 2008-yil
Kitobxon.Com
KIRISH SO‘Z
Hozirgi davr sog‘liqni saqlash tizimida umumiy amaliyot shifokori
asta-sekin asosiy o‘rin egallayapti. Umumiy amaliyot shifokori amaliyotni
o‘tash jarayonida turli xil kasalliklarga tashxis qo‘yib davolashi zarur.
Mazkur kitobni yaratishdan maqsadimiz shuki, ko‘p uchrovchi teri-
tanosil kasalliklari va ichki a’zolar kasalliklaridagi teri o‘zgarishlari
haqidagi ma’lumotlar bilan talabalar va umumiy amaliyot shifokor-
larining bilimini boyitishdir.
Barcha mutaxassislikdagi shifokorlar – pediatr, allergolog, terapevt,
jarroh, umumiy amaliyot shifokori va o‘rta tibbiyot xodimi o‘z mehnat
faoliyati mobaynida bemorlar terisidagi patologik o‘zgarishlarga duch
keladilar. Shuning uchun ham ular dermatologiya asoslarini bilishlari
shart. Teri jarohatlanishi bexosdan, kutilmaganda «topilishi» yoki
bemorning asosiy shikoyati sababli aniqlanishi mumkin. Kardiologlar
elektrokardiogrammani «o‘qigani»dek, har bir shifokor dermatologiya
«alifbo»sini, ya’ni teridagi toshmalarni aniq va to‘g‘ri «o‘qib», bemorni
dermatologga yo‘llashi yoki o‘zi davolashi zarur.
Dermatologning asosiy quroli – ularning ko‘zidir. Dermatologik
tashxis, asosan teri, shilliq pardalarni ko‘zdan kechirishga asoslanadi,
faqatgina qanday ko‘rishni va nimani izlashni bilish zarur.
To‘g‘ri qo‘yilgan tashxis – samarali davo kaliti. Biz tayyorlagan
mo‘jazgina kitobcha turli soha shifokorlariga o‘z amaliyotlari davomida
uchraydigan teri kasalliklariga oson tashxis qo‘yishda yordam beradi,
degan fikrdamiz. Teri kasalliklari tashxisi oson emas, eng asosiysi, teri
toshmalarini kuzata bilish, birini boshqasidan farqlay olish zarur. Shuning
uchun ham mazkur kitobda kasalliklarning qisqa klinik ko‘rinishlari,
tashxis va davolash prinsiplari ko‘plab jadvallar yordamida bayon etilgan.
O‘ylaymizki, mazkur kitobdan amaliyot shifokori yoki tibbiyot talabalari
ko‘plab yangi, zarur ma’lumotlar oladilar, mutaxassis der-matologlar
esa o‘z bilimlarini yangi ma’lumotlar bilan boyitadilar.
3
Kitobxon.Com
4
Bemor toshmalar bezovta qilmasa, ularga aytarli darajada e’tibor
qilmaydi. Bunday «nomsiz», «noma’lum» kasalliklarni ba’zan oylab
kortikosteroidlar, antibiotiklar yoki sitostatiklar bilan davolaydilar.
Natijada kosmetik nuqsonlar, bemorlarning uzoq vaqt aziyat chekishlari,
jarayonning tarqoqlashishi, qayta tiklanmas o‘zgarishlar, eng asosiysi,
ichki og‘ir xastaliklarni kechirib bo‘lmas darajada kechikib tashxis qilish
holatlari kuzatiladi.
Bir qarashda zararsiz ko‘ringan teri o‘zgarishlari og‘ir kasalliklarning
yagona belgisi bo‘lishi mumkin. Masalan, ko‘kimtir dog‘ – rivojlana-
yotgan melanoma, mayda yaracha esa zaxmning dastlabki belgisi bo‘lishi
mumkin. Bu xil teri o‘zgarishlari turli profilaktik ko‘riklarda aniqlanishi
mumkin va shart. Aks holda, shifokor muolaja uchun vaqtdan yutqazadi.
Bemorning ambulator qabulda yoki shifoxona sharoitida shikoya-
tidan qat’i nazar, teri va shilliq pardalarining holati shifokor tomonidan
ko‘zdan kechirilmog‘i shart. Har qanday o‘zgarishlarga e’tibor berish,
toshmalarning qanday elementlardan tarkib topganligini aniqlash, zarur
bo‘lganida biopsiya olinishi kerak.
Teri holati – tekshirilishi eng qulay hisoblangan a’zo, bir paytning
o‘zida ko‘plab zarur ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumot manbai hamdir.
Muallif
Kitobxon.Com
5
Do'stlaringiz bilan baham: |