So'fi bu safar baqirmasa hamki, dag'al bir ovoz bilan so'radi:
— Qayerga? Nega?
— Oydinko'ldagi Xalfa eshonimizning kichik qizlari bir-ikkita o'rtog'ini «bahorlashib ketinglar» deb chaqirtirgan ekanlar. Shularning bittasi Zebi, yana bittasi uning o'rtog'i Saltanatxon ekan. Saltanatxon aravani qo'shtirib qo'yib, o'zi Zebini aytgali kelibdi. Yo'q desak qanday bo'ladi?
Xotini nima desa «yo'q» deydigan so'fi bu safar birdaniga «yo'q» demasdan, xayolga ketdi.(…)
Sukut uzoqqa cho'zilgandan keyin Qurvonbibi endi bu safar jiddiy bir chehra bilan:
— Nimaga indamaysiz? Xo'p deng! Katta odam, uyat bo'ladi. Bir yaxshi xotinlari, bir otincha qizlari borki… O'zlarini bo'lsa o'zingiz bilasiz,-dedi.
So'fi negadir:
— Bilaman, fitna, bilaman!-deb qo'yib, yana jim bo'ldi.
Endi Qurvonbibi yana ham jiddiylashdi:
— Bo'lmasa «yo'q» deng. Saltanatxonga javob beray, ketsin! Azonda kelgan edi.
Shundan keyin so'fining tili aylandi:
— Shoshma, fitna! «Yo'q» dema, mayli, bora qolsin…
— Qachon keladi?
— Indinga erta bilan yo kechqurun.
— Eshonoyimning ra'ylariga qarasin.
So'fi o'rnidan turdi. Kartdan tushib, kavshini kiyarkan:
— Ovozim bor deb ashulaga zo'r bermasin, dedi. Nomahramga ovozini eshitdirsa rozi emasman!.
Ushbu dialog qahramonlarning o'zaro munosabatlarini, o'ziga xos ruhiy dunyolarini va asarning mazmun-mohiyatini ochishda muayyan vazifani ado etish bilan e'tiborga loyiq. Razzoq so'fi tund va dag'al tabiatli odam. Shu bilan birga xotini va qizining ko'ngli bilan qiziqmaydiki, qizini «qish ichi siqilgan ko'nglini yozib kelish uchun» qishloqqa yuborsa. Biroq, Qurvonbibi so'fidan ijozat olish «ilmini» chuqur egallagan. Qurvonbibining bu mahoratini yozuvchi qizlar nutqi orqali g'oyat jonli va ishonarli qilib beradi:
«- Qurvon xolam bopladi!-dedi Salti.
— Enam gapga usta. Eshondan tushganini ko'ring. Eshon desangiz otam o'lganini ham bilmaydi…
Xudo muni eshonlar uchun yaratgan».(18)
Shu bois ham so'fining biroz avvalgi avzoi masalaning qizlar hisobiga hal bo'lishiga to'siq bo'la olmadi. Qurvonbibi «xalfa eshon» so'ziga alohida urg'u berib aytishdan boshlagach, xotini nima desa «yo'q» deydigan odam bu gal xayol surib ketdi. Tabiiyki, Qurvonbibi qulay fursatni qo'ldan berib qo'ymaslik taraddudida og'zidan bol tomib xalfa eshonni maqtagani-maqtagan. «Bir yaxshi xotinlari, bir otincha qizlari borki… O'zlarini bo'lsa o'zingiz bilasiz…» Tilimizda -lar ko'plik shaklining hurmat ma'nosida ham qo'llanishi me'yoriy holdir. Mazkur vaziyatda hurmat ma'nosini tugal ifodalash uchun yolg'iz «-lar»ning o'zi yetarli bo'lmagani bois «yaxshi» sifatlashi keltiriladi. Biroq, bu bilan ham qoniqish hosil qilmagan yozuvchi «yaxshi»ning shunchaki «yaxshi»lardan farqli, alohida «bir yaxshi» ekanligini urg'ulashni lozim ko'radi. Qurvonbibining maqsadi-qizlari uchun eridan ruxsat olib berish. Shu maqsadda o'zi ko'rmagan, bilmagan xalfa eshonni va uning xotin-bolalarini tavsifu ta'riflash bilan ovora. Eshonning xotini «bir yaxshi» ekan, «a'lo» bo'lganida ham so'fi uchun zarracha ahamiyati bo'lmas edi. Qizi-ku «bir otincha» ekan, farishta bo'lmaydimi? So'fi uchun muhim bo'lgan narsa o'sha otinchaning otasi, o'sha «bir yaxshi» xotinning eri xalfa eshonligidadir! So'fi qiziga ruxsat berishda aynan shu narsaga alohida e'tibor bergan. Bundan tashqari suhbat yakunida holatni yanada oydinlatuvchi bir izoh bor:
«Bu safar odamga o'xshash gapirib, Qurvonbibini quvontirgan Razzoq so'fi shu so'zlardan so'ng yana o'z jimligiga qaytdi. Biroz so'ngra sallasini kiyib, yaxtagini qo'liga olgandan so'ng:
-Xurjunni ber, fitna! Bo'lmasa, ikkita qop ber!-deb qoldi. Qurvonbibi qopni uzatar ekan, erining qo'liga shu topda bir oz pul tushganini, endi kattaroq xarid qilish uchun bozorga ketayotganini va haligi zo'r iltifotning ham pulning kuchi bilan bo'lganini angladi…»31
So'fining g'azabdan tushishiga sabab bo'lgan omillardan biri xalfa eshonning «yuz-xotiri» bo'lsa, ikkinchisi «pulning kuchi»dir. Qurvonbibining eshonoyini aylanib-o'rgilib maqtashlari-chi?
Ularning ta'siri, kuchi aslo sezilmadimi? Aslida xalqda «yaxshi gap ilonni inidan chiqaradi» degan naql bor. «Ilonni inidan chiqaradigan» yaxshi gaplar so'figa ko'pam kor qilavermasdi.
Qurvonbibi buni biladi. Lekin o'zi tanimagan bir odamni olqar ekan, xuddi ko'rgandek, ko'p qadrdon kishisi haqida so'zlayotgandek holatga kirishi uning xarakteri bilan ham bog'liq. Qurvonbibi hech kimga yomonlik sog'inmaydigan, hammani ichidan sevadigan, bag'ri keng, ochiq ko'ngil va ayni damda sodda o'zbek onasi.
E'tibor berilsa, ushbu suhbatning asar taqdirida muhim rol` o'ynashi ayon bo'ladi. Mazkur dialog pirovardida Zebilar qishloqqa brishga izn oladilar. Voqea-hodisalarning keyingi takomili shu suhbat bilan bevosita bog'liq. Dialogning asar uchun nechog'li qimmatli ekanligini nazarda tutib, ba'zi o'rinlarga qayta murojaat qilamiz. Razzoq so'fi yakka-yu yagona qizning otasi. U johil, dag'al bo'lgani bilan baribir ota emasmi? Javob berishdan avval uzoq sukutga cho'madi. Otasining bu holatini ichkaridan kuzatib turgan Zebi: «Otam osonlik bilan ma'qul gapga ko'nadigan odam emas… Jim turib qolishini ko'ring: hali ham churq etmaydi» deydi. Zebi va onasining nazarida «ma'qul» ko'ringan narsa ota dunyoqarashida qay tarzda tahlil qilinayotgan ekan? Razzoq so'fining tundligi bois buni bilishimiz qiyin. Lekin xalqda keng tarqalgan aqidaga ko'ra ota ko'ngli ba'zi narsalarni oldindan sezarkan. So'fining uzoqqa cho'zilgan sukuti zamirida qizining taqdiri bilan bog'liq ichki sezimlar yotmaganmikan? Shu ma'noda «so'fi negadir:
— Bilaman, fitna, bilaman!-deb qo'yib yana jim bo'ldi» ifodasi diqqatni tortadi. Yozuvchi «negadir» so'ziga so'fining hadigini, gumonini yuklay olgan chamasi. «Bilaman» so'zining takrorlanishi va yana jim qolishi… Bularning bari inson ongida kechadigan, lekin anglanishi qiyin bo'ladigan holatlarning, sezimlarning ifodasidir. So'fi ota sifatida va inson sifatida shuur ostida ro'y beradigan ana shunday jarayonlarni boshdan kechirayotgani aniq. Razzoq so'fi umri davomida shakllangan xarakteridan va ko'nikmalaridan chiqib ketishi mahol bo'lganidan qiziga izn berdi. Eshonning ra'yi va pulning kuchi bu borada asosiy vazifani bajargan bo'lsa-da, so'figa dalda bergan yana bir sir bor. O'sha sirni so'fining nutqidan qidiramiz:
«-Ovozim bor deb ashulaga zo'r bermasin,-dedi,-Nomahramga ovozini eshitdirsa rozi emasman!».
Demak, asar so'ngidagi ko'rgiliklar Zebining ovozi orqali kelishini So'fi qaysidir ma'noda sezgan. Faqat masalani hamma singari osongina hal qilgan: «Unday qilmasa, bunday bo'lmaydi» qabilidagi yechim Razzoq so'figa dalda bergan bo'lishi mumkin. Ya'ni: «ashula aytmasa, nomahramga ovozini eshitdirmasa, paranjini yechmasa hammasi yaxshi tugaydi» kabi tabiiy ishonish tarzi otaning ko'nglidagi g'ashliklarni quvib yuborgan bo'lsa ajab emas.
Yozuvchining mahorati qahramonlarning tuyg'u-kechinmalarini teran anglashi va har bir qahramonning saviyasiga, dunyoqarashiga, ruhiy olamiga g'oyat mos keladigan so'z topa bilishida yorqin namoyon bo'ladi. Jumladan, yozuvchining ardoqli qahramonlaridan biri, kitobxon mehrini ohangrabodek o'ziga jalb qiluvchi maftunkor Zebi nutqidan uning ongi, madaniy saviyasi va uni boshqalardan ajratib turuvchi o'ziga xos xarakterini payqashimiz mumkin: «So'fining bu avzoyini ko'rgandan keyin ikki qizning borqadar umidi ham uzilib bo'ldi. Zebi bu umidsizlikni yashira olmadi:
«- O'ynashmay o'laylik, endi otam hech qaerga chiqarmaydi…
Salti ham o'z tashvishini anglatdi:
— Nima qilamiz endi? Siz bormasangiz, men ham bormayman… Enaxon toza koyiydi-da.
— Tek o'tirgan bo'lsak ko'ngli yumsharmidikan?-dedi Zebi.
Salti indamadi. Birozdan so'ng yana o'zi ilova qildi:
Ko'ngli o'lsin, yumshagan vaqtini ko'rganim yo'q! Katta-katta xarsangtoshlarni soy bo'yiga devlar tashlagan, deydi… Eng kattasini otamning ko'kragiga tashlab qo'yib, «mana shu sening ko'ngling!» deganmikan, yashshamagurlar!» Xalq tilining rang-barang bo'yoqlaridan usta rassomdek mahorat bilan foydalana olgan yozuvchi Zebi nutqi orqali voqea bo'lib o'tayotgan vaziyatni, sharoitni jonli va tugal tasvirlash bilan birga «ardoqli» qahramonning o'sha muhitga munosabati, xususan oiladagi o'rni va erkini g'oyat ishonarli tarzda aks ettiradi. Zebi oiladagi yakka-yu yagona qiz. U har qancha erkalik qilsa, har qancha sho'xlik qilsa yarashgulik qiz. Lekin Zebi unday qila olmaydi. Erkalik u yoqda tursin, ozib-yozib bir sevingani, dugonasi bilan bir quvnab-shodlangani ham badjahl otaning tor ko'ngliga sig'madi. Zebi bular haqida o'ylashni ham istamaydi. Hatto bundan boshqacha bo'lishi mumkinligini tasavvur ham qila olmaydigandek ko'rinadi. Otasining o'ziga va onasiga nisbatan sovuq, begonalardek munosabatni singdira olmasa-da, dilidagini tiliga chiqarishni ep ko'rmaydi. Zebi ana shunday sharoitda o'sib-ulg'aygani bois bariga ko'nikib ketgan edi. Biroq shunday vaziyat yuzaga keldiki, beixtiyor «ko'nglini yorishga», ichki isyonini oshkor qilishga jazm etdi. Qiz ruhiyatidagi dastlabki umidsizlik darhol uning tiliga to'kildi:
«- O'ynashmay o'laylik, endi otam hech qaerga chiqarmaydi…». Ko'rinib turibdiki, Zebi o'zini bo'lib o'tgan voqeada asosiy aybdor deb o'ylayapti. Shu sababli qilgan xatosini emas, «aybiga» yarasha jazoning muqarrarligini fahmlab, jazo turini ham o'zicha chamalab bo'ldi. Biroz vaqt o'tib, yurak dukuri bosilgandan so'ng: «Tek o'tirgan bo'lsak ko'ngli yumsharmidikan?»-deya o'ziga savol beradi. Demak, Zebi yuz bergan voqeani tahlil qila boshladi. Endi u otasining ham aybi yo'qmikan degan mulohazaga bormoqda. O'ynashganligi uchun «javob bermasligi» aniq bo'ldi, go'yo.
Lekin tek o'tirganida izn berarmidi? Zebi ikki holatni qiyos qilish orqali otasining ham aybsiz emasligini farqladi. Faqat Zebining bu tarzda o'ylashi uning nazdida otaga nisbatan hurmatsizlikday tuyuldi chamasi, aybdorni boshqa joydan qidirishga kirishdi va topdi ham:
Aybdor yovuz kuchlar-devlar bo'lib chiqdi. Natijada Zebi dugonasining oldidagi mahjublikdan ham qutulgan bo'ldi. Eslasangiz, hovli supurish epizodida Zebi qo'liga supurgi olishni istamasa-da, o'rtog'ining «bu qiz enasining gapiga kirmas ekan» degan o'yga borishini o'ylab, indamasdan qo'liga supurgi olgan edi. Xuddi shuning singari Zebi otasini yomonlayversa o'rtog'i «bu qiz otasini hurmat qilmas ekan» deb o'ylashi mumkin edi-da. Zebi shu tobda otasini emas, otasining ko'kragiga eng katta toshni tashlab, «mana shu sening ko'ngling!» deb ketgan devlarni koyiyotgan, ularni ayblayotgan edi.
Badiiy adabiyotning eng nozik, oʻziga xos xususiyatlaridan biri bu, psixologizm, u inson harakterini, ichki olamini ruhiyati orqali ochib beradi.
Jahon badiiy adabiyotidagi ushbu yoʻnalishning eng sara namunalari M. Lermontov, I. Turgenev, L. Tolstoy, F. Dostoyevskiy, A. Chexov kabi XIX asr rus adabiyoti dargʻalari ijodida kuzatiladi.
Oʻzbek adabiyotida inson ichki kechinmalari orqali siyosiy-ijtimoiy muhitning maʼnaviy-axloqiy muammolarini ochib berish Choʻlpon qalamiga mansub “Kecha va kunduz” romanida yaqqol koʻzga tashlanadi.
Choʻlpon oʻzbek adabiyotiga oʻz asarlari bilan yangicha ruh, yangicha uslub, yangi nafas, samimiyat, hayotiylik va harorat olib kirgani ayni haqiqat. “Kecha va kunduz” romanida ijodkor psixologizmning turli usullarini qoʻllab, tariximizning gʻoyat murakkab, masʼuliyatli bir davrini, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ziddiyatlar kuchaygan bir paytni aks ettirgan.
XIX asr oxirlariga kelib, siyosiy oʻzgarishlar dinamikasi oshib, sinfiy kurash, mustamlakachilik muammolari avj oladi. Davr qahramonlari obrazini yaratishda ijodkor fojeaviy, chuqur xarakterlar psixologizmini qoʻllaydi. Uning qahramonlari maʼnaviy-axloqiy, gʻoyaviy-falsafiy izlanishlar orqali haq yoʻlga intiladi, oʻylaydi, fikrlaydi, oʻz-oʻzini tergaydi, oʻz-oʻzini ragʻbatlantiradi, hayot haqiqatini izlaydi, dunyoqarashi kengayadi, oʻz nafsi bilan kurasha oladi, ongi oʻsadi, oʻz-oʻzini inkor etadi, natijada qalb dialektikasi rivojlanadi.
Choʻlpon “Kecha va kunduz” romanida psixologizmning mavjud usullaridan unumli foydalangan. Shunga qaramay, asarda ratsional-tahliliy, tanqidiy psixologizm yetakchiligi yaqqol seziladi. Bunga sabab yaratilgan obrazlarning murakkabligi va ziddiyatlarga boyligidir. Qahramonlar ichki olamida sodir boʻlayotgan psixologik jarayon ularning ichki “men”i orqali tahlil qilinadi. Yozuvchi har qanday ruhiy holatni ichki kechinmalarni tarkibiy qismlarga boʻlib ochib beradi. Sodir etilgan har bir harakatning maʼno-mohiyati, sabablari koʻrsatiladi.
Emotsional tahlil jarayonida qahramonlar oʻylaydi, fikrlaydi va sodir etilgan harakatining mantiqiy zanjirini tuzadi. Holatning mantiqiy yakuni tanqid bilan boshlanadi. Bunga misol qilib, asarda chuqur psixologizm bilan boyitilgan Miryoqub obrazini olish mumkin. Uning xarakterida aql-farosat, epchillik, har qanday vaziyatdan chiqa olish, oʻziga ishonch kabi xususiyatlar bor. Emotsional psixologik tahlil jarayonida uning ruhiyatida ikkiga boʻlinish kuzatiladi. Biri Miryoqub – tergovchi, ikkinchisi esa javobgar. Oʻn bir betga choʻzilgan ushbu psixologik sud jarayonidan Miryoqubda ichki tahlil, ichki iqror kuchliligini koʻramiz. U oʻz-oʻzini aldashni xohlasa ham aldolmaydi. Shuning uchun maʼnaviy-axloqiy olamiga xos barcha xususiyatlarni qoʻrqmasdan tan oladi, iqror boʻladi.
“Kecha va kunduz” asaridagi Choʻlpon psixologizmining yana bir xususiyati diqqatni tortadi. Bu tashqi detallarni asl maʼnosidan ayro qilmagan holda, personaj ichki olamidagi psixologik jarayonni, holatni tasvirlashdir.
Muallif tomonidan asar boshidan oxirigacha ishlatilgan shunday bir predmet borki, unda bunday badiiy detal yordamida qahramonlar ichki psixologik holatini tasvirlash darajasidan chiqib, butun bir jamiyatning maʼnaviy dunyosiga ishora qilingan. Choʻlpon bu badiiy detalning barcha sinonimik variantlarini ishlatgan: chiroq, fonar, fonus, elektrik, moychiroq… Turli vaziyat, sharoit, holatda bu detalga “xira, nursiz, madorsiz” kabi sifatlar qoʻshib ishlatgan. Nursiz chiroq, xira fonus, madorsiz elektrik…
Choʻlpon oʻz asarida tashqi psixologik holat orqali personajlarining psixologik portretlarini yanada yorqinroq tasvirlagan. Masalan, Razzoq soʻfi tugʻilishidagi hangomani olaylik. U doya kampir tilidan soʻzlanadi: “… Aylanay mehmon, kimdan xafa boʻlib tushdingiz? Kim ozor berdi sizga? Ayting! Qovogʻingizni ochsangiz-chi! Yorugʻ dunyoga keldingiz! Shukur qiling! Sevining! Mundoq kuling! Kulimsirang! Iljaying!” Badqovoqlik shtrixi orqali Razzoq soʻfining portreti yaratilgan. Bunday holatni ayollar obrazida ham kuzatish mumkin. Masalan, “… Qurvonbibining koʻzlari qizarib, qovoqlari koʻkargan edi…” Ayolning kechasi bilan tinmay, ezilib yigʻlagani maʼlum. Mariyaning psixologik portretida doimiy labini tishlash shtrixi oʻzi xohlamagan azobga bardosh berishini anglatadi: “… Yosh juvon boshini quyi egib, yuzini chapga burgan, borgan sari qaltirashi kuchaygan, lablarini oʻtkir va oppoq tishlari oʻrtasida qisardi…”
Choʻlpon xarakterlarning tashqi tasviri, koʻz qarashlari, yuz oʻzgarishlari, mimika, plastika yordamida qahramonlarning ichki psixologik holatidan voqif etadi. Koʻp hollarda muallif gʻamga botgan tashvishli yuzlarda tabassum yoyilishini mahorat bilan tasvirlagan: “… kelinning yuzlarida xuddi shu paytda bir yoqimli kulimsirash paydo boʻlgan edi”.
Tashqi psixologik holat baʼzida qalb tubida yotgan sirli tuygʻularning bir soniyalik paydo boʻlishini yoritishi mumkin.
Asarda muallif hikoyasi va ruhiy holatning u tomonidan tasvirlanishi yaqqol koʻzga tashlanadi. Ruhiy holat tasviri asosida mantiqiy fikr zanjiri boʻlmaydi. Muallif hikoyasining asosini esa fikriy ketma-ketlik tashkil etadi. Har qanday ruhiy holat toʻgʻrisida fikr yuritiladi va ular maʼno-mantiq jihatidan bogʻlanadi.
Choʻlpon kitobxon tasavvurlarini, taxminlarini cheklamaslik uchun psixologik tasvirlash usulidan foydalanadi va maʼlum maydonni fikrlar harakati uchun boʻsh qoldiradi. Bunday yondashuv psixologik holatning absolyut, batamom tugallanganligini inkor etib, kitobxonni oʻzicha mushohada qilishga, xatti-harakatlar mohiyatini fikran oxiriga yetkazishga imkon beradi, chunki murakkablik darajasi oshib boradigan xarakterlarni va ichki olami ziddiyatlarga toʻla, hatto oʻziga ham tushunarsiz kahramonlar psixologiyasini xolis tahlil qilish, barcha detallarni maromiga yetkazib ochib berish oʻz ichki olamiga toʻgʻri baho beradigan personajlarning ham, kuchli psixolog-yozuvchilarning ham qoʻlidan kelishi mushkul vazifa. Bu haqida F. Dostoyevskiy shunday yozgan: “Kitobxon uchun faqat roman syujeti emas, inson psixologiyasi, ruhiyati haqidagi bilimlar ham zarur, bunday bilimlarni har bir muallif kitobxondan kutishga haqli”.
Choʻlpon psixologik tasvirlash usulidan unumli foydalangan. Juda koʻp holatlarda yozuvchi atayin muallif yoki uchinchi shaxs nomidan qahramon ichki olami haqida hikoya qiladi. Kitobxon psixologik kartinaga oʻzi mustaqil qoʻshimchalar kiritishga, mantiqan xotima yasashga imkon topadi va shu yoʻl bilan inson ichki olamining eng chekka, qorongʻu burchaklari ham maʼlum boʻladi: “… Oʻz uyiga kelganidan soʻng darhol oynaga qaradi, oʻz aftidan qoʻrqib ketdimi, bilmadim – oʻzini kartga tashlab, hoʻngur-hoʻngur yigʻlashga tushdi… Uch yuz soʻmlik chek qoʻlidan tushib, allaqayerda toʻntarilib yotardi…”
Yuqoridagi asardan olingan parcha fohisha ayol Mariyaning psixologik holatini tasvirlaydi. Maʼnaviy tubanlikka batamom gʻarq boʻlmagan, ruhiyatidagi musaffolik hali bulgʻanib ulgurmagan personaj oʻzining xatti-harakatlaridan norozi, ichki olamida ziddiyatli kurash bormoqda. Muallifning psixologik tasvirida ayol ichki holatining ikir-chikir detallari ochib berilmagan. Personaj asabiy holda yigʻlashga tushgandan soʻng muallif uning keyingi harakatlari taqdirini kitobxonning oʻziga havola qilib, koʻp nuqta bilan belgilagan. Oʻquvchi psixologik jarayon davom etayotganligini yaxshi biladi va oʻzining inson ruhiyatidagi bilimlari, tajribasi asosida psixologik holat kartinasining muallif tasvirlamagan qismini oʻzi mustaqil xayolida tasvirlab chiza boshlaydi. Nochorligidan gʻururini nopok kimsalarga qoʻsh – qoʻllab toptashga bergan inson yana qanday karomat koʻrsatishi mumkin?! U dod-faryod qiladi, taqdirni laʼnatlaydi, shu koʻyga solganni qargʻaydi. Achchiq ustida xonani ostin-ustun qilib tashlaydi. Choʻlpon psixologik jarayon tasavvuridan soʻng uning haqligini nozik Choʻlpon psixologik jarayon tasavvuridan soʻng uning haqligini nozik bir ishora bilan tasdiqlaydi: chek qaylardadir toʻntarilib yotibdi va yana koʻp nuqta, chunki faqat chek emas, xonadagi boshqa jihozlarning ham oyogʻi osmondan qilingan.
Choʻlpon psixologik tasvirlashning yana bir keng tarqalgan usuli – jimlik, sukunatdan ham oʻrinli foydalanadi. Muallif qahramonning ruhiy holatini tasvirlar ekan, uni oʻzi istagan qarorga mahkum etmasdan, oʻquvchi ixtiyoriga qoʻyadi. Jimlik, sukut saqlash oʻquvchini fikrlashga majbur qiladi, miyasida psixologik jarayonning mantiqiy zanjirini tuzadi.
Choʻlpon qahramonlarining ichki kechinmalari, oʻy-fikrlari, xotiralari, kundalik qaydlari ham muallif tilidan bayon etiladi. Muallif oʻz qahramonlarining barcha sir-asrorlaridan voqif. Asarda ichki monologlar muallif hikoyasi bilan qoʻshilib ketgan. Bu psixologizmning oʻziga xos shakli hisoblanadi. U orqali inson ongining, xotirasining barcha burchaklariga sayr etish mumkin.
“Kecha va kunduz” asari chuqur psixologizmga ega asar. Choʻlpon yashagan davr qiyinchiligi asarda oʻz aksini topgan, shuning uchun roman psixologizmi murakkabligi, ziddiyatlarga boyligi, kontrastligi bilan qahramonlarning maʼnaviy-axloqiy, gʻoyaviy-falsafiy, hayotiy ideallarini izlashda namoyon boʻladi.
Xarakterlar psixologizmi badiiy detallar yordamida yanada yorqinroq koʻzga tashlanadi. Ular qahramon ichki dunyosining eng qorongʻu burchaklarini yoritib, qalb dialektikasini rivojlantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |