5-seminar
Adabiyotshunoslik oldida turgan muhim muammolardan biri adabiy jarayonni davrlashtirish masalasidir. Bu masalada turli qarashlar mavjud bo'lib, bu turlichalik ikkita asosiy ko'rinishga ega: birinchi guruh adabiyotni davrlashtirishda ijtimoiy-tarixiy sharoitga asoslansa, ikkinchi guruh adabiyotni faqat adabiy hodisalar, badiiyestetik tamoyillardan keIib chiqqan holda davrlashtirish lozim, deb hisoblaydi. Bu o'rinda har ikki tomonni ham to'la yoqlash yoki to'la inkor qilish maqbul emas, aksincha, o'rtaliq mavqeni egallash to'g'riroq bo'lur edi. Chunki, ijtimoiy-tarixiy sharoitdagi o'zgarishlar adabiyotda sezilarli darajada aks etmagan davrlar bo'lganidek, ular juda kuchli iz qoldirgan davrlar ham bo'Iishi tabiiy. Deylik, insonning ijtimoiylashuv darajasi kuchli bo'lmagan davrlarda(XIX asrgacha, bizda XX asrgacha) ijtimoiy-tarixiy sharoitdagi o'zgarishlar adabiyotda har vaqt ham yaqqol ko'zga tashlanmaydi, keyingi davrlarda esa izsiz ketgan o'zgarishning o'zi yo'qdek. Demak, davrlashtirishda ijtimoiy-tarixiy sharoitni e'tiborga olish va shu sharoitning adabiyotga ko'rsatgan ta'sirini yaqqol ko'rsatish zarur bo'ladi. Adabiy jarayonni davrlashtirishda adabiy davr, asr, adabiy avlod tushunchalarini ajratish mumkin. Shuni aytish kerakki, bundagi vaqt astronomik vaqtga har vaqt ham to'g'ri kelmaydi. Eng katta bo'linish sifatida davrni olsak, o'zbek adabiyotida uchta katta davrni ajratish mumkin: I) eng qadimgi adabiyot davri; 205 2) islom sharqi adabiyoti ta'siridagi mumtoz adabiyot davri; 3) yangi o'zbek adabiyoti davri. Ikkinchi davrni asrlarga ajratmoqchi bo'lsak, unda quyidagilarni ko'rish mumkin: I) turkiy sulolalar davri adabiyoti; 2) mo'g'ul istilosi davri adabiyoti; 3) temuriylar davri adabiyoti; 4) uch xonlik davri adabiyoti. Adabiy avlod adabiy jarayonni davrlashtirishda eng kichik birlik sifatida olinishi mumkin. Adabiy avlod sanalishi uchun ma'lum guruh ijodkorlarining bir davrda tug'ilgani yoki bir davrda adabiyotga kirib kelgani emas, balki ijodda bir-biriga yaqin tamoyillarga tayangani e'tiborga olinadi. XX asr o'zbek adabiyotidagi avlodlarga nazar solsak, bu narsa yaqqol ko'riladi: I) jadidchilik ta'sirida adabiyotga kirib kelgan avlod; 2) sho'ro adabiyoti avlodi; 3) 60-yillar avlodi; 4) 70-yillar adabiy avlodi. Yuqoridagilardan, misol uchun, 60-yillar adabiy avlodiga O.Yoqubov, P.Qodirov, O'.Umarbekov, O'.Hoshimov, A.Oripov, E.Vohidov, R.Parfilarni ko'rsatish mumkin. Ular ijodining boshlanishi, tug'ilgan yillaridagi farqlarga qaramay, bitta avlodga mansub, chunki ularning ijodi estetik prinsi plari jihatidan birbiriga yaqin turadi. Keyingi avlod ulami inkor qiladi va yangi ijodiy prinsiplar bilan maydonga chiqadi.
Hozirgi adabiy jarayon hodisalarini ijodiy shaxsiyatlar maydoni, mahoratshunoslik – badiiyat tarixi, hayotiy hamda ijtimoiy haqiqatlarning sintezi tariqasida nazariy umumlashtirish mayli ildiz otib bormoqda. Bu borada professor Naim Karimov qalamiga mansub “Qurbon Beregin” asarini, professor Umarali Normatovning “Ijod sehri”, adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurovning “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat”, “Dil erkinligi” asarlarini, professor Noʻmon Rahimjonovning “Asqad Muxtor poetikasi”, “Tarixiy qissalar haqiqat izlaydi” (hammualliflikda), “Halima Xudoyberdiyeva lirikasi” (hammualliflikda), “Mustaqillik davri oʻzbek sheʼriyati” monografiyalarini, professor Qozoqboy Yoʻldoshevning “Yoniq soʻz”, professor Yoʻldosh Solijonovning “Haqiqatning sinchkov koʻzlari”, professor Hakimjon Karimovning “Adabiyot nazariyasining ilmiy asoslari”, Dilrabo Quvvatovaning “XX asrning ikkinchi yarmi oʻzbek poemachiligida janr va uslub rang-barangligi”, Tohir Shermurodovning “Jozib izhor izlab” kitoblari, oʻnlab olimlarning risolalari, monografik tadqiqotlari ilmiy-adabiy jamoatchilik eʼtiborini tortdi.
Taniqli adabiyotshunos, yozuvchi, tarjimon Ibrohim Gʻafurov ikki jilddan iborat asarlarining yuksak ilmiy-nazariy, badiiy saviyasini alohida taʼkidlash joiz. “Hayo – xaloskor” kitobiga keyingi yillarda yozilgan mansuralari, mumtoz adabiyot, mumtoz siymolar, mumtoz tarix yoʻlidagi badealari, hikoyalari kiritilgan. Muallif moʻjaz lirik asarlarini: “mening romanlarim”, deb ataydi. Darhaqiqat, ular rang-barang hayot, gʻaroyib inson umrlarining har soniyasida boʻlib turgan, hali yozilmagan, lekin, asli moʻjizaga teng jonli romanlarning qaymogʻi, javhari kabi goʻzal taassurot qoldiradi. Ularda davr ichida oʻrtanayotgan, boy kechinmalar botinida yashayotgan, insonlikning asl maʼnosini qidirayotgan zamondoshimiz gavdalanadi. U oʻquvchini goʻzal koʻngil va goʻzal aql dunyolarida tinimsiz roʻy berayotgan ajib fikrlar, goʻzal tuygʻular bazmiga chorlayotgandek boʻladi. “Mangu latofat” kitobidagi “Millatning billurlashuvi” faslida millatning tugʻilishi, shakllanishi, milliy ongning uygʻonishi va juda murakkab, qiyin tarixiy, ijtimoiy jarayonlarda oʻzini tanishi, hozirgi zamon dunyosiga kirib borishi haqidagi najib kuzatishlari, oʻy-xayollari aks etgan risolalari (“Adiblar gulshani”, “Axloqni sogʻinish”) jamlangan. Adabiy-badiiy badealarida axloq, maʼnaviyat, insonning hozirgi zamondagi oʻrni toʻgʻrisida bahs yuritiladi. Dostoyevskiy “dunyoni goʻzallik qutqaradi”, degan umidbaxsh hikmatni aytgan edi. Ibrohim Gʻafurov Dostoyevskiyga payrov boʻlib, dunyoni aslida hayo, odob va axloq qutqaradi, degan gʻoyani ilgari suradi. Muallifning chuqur eʼtiqodiga koʻra, “mangu latofat” bu – hayo, odob va axloqdir. Qalbimizda mujassam mangu goʻzal, samoviy axloq insonning insoniyligi uchun yagona mezondir.
Do'stlaringiz bilan baham: |