Qadimgi yozma yodgorliklar haqida. Umumjahon sivilizatsiyasini yaratishda, uni rivojlantirishda turkiy xalqlarning roli juda ham kattadir. Yevropada yashovchi xalqlarga temirdan foydalanishni dastlab o‘rgatgan ham turkiylar bo‘lib hisoblanadi. Hozirgi paytdagi olib borilayotgan ilmiy - arxeologik tadqiqotlarning natijasiga ko‘ra, turkiy xalqlar eramizdan oldingi davrlarda ham o‘z yozuvlariga ega bo‘lgan. Sibirdan topilgan temir plastinkaga bitilgan yozuvlar qadimgi davrga taalluqli ekanligi isbotlandi. Yoki Kichik Osiyodan topilgan qadimgi yozuvlarning ham turk tilida bitilgani isbotlangan. Eng qadimgi yozuv hisoblangan shumer yozuvida bitilgan “Gilgamish” dostoni “Alpomish” dostonining qadimgi varianti deb faraz qilinmoqda. Bunga o‘xshash misollar keyingi yillarda ham juda ko‘plab e’lon qilinmoqda.
Hozirgacha bizga eng qadimgi yodgorlik sifatida Urxun – Yenisey bitiklari o‘rgatilar edi. Haqiqatan ham, ushbu bitiklar bizgacha to‘liq yetib kelgan yagona yodgorlik hisoblanadi. Mazkur bitiklar XVIII asr oxirlari va XIX asr boshlarida Urxun va Yenisey daryolari sohillaridan topilgan bo‘lib, ular V-VII asrlarda yashagan turkiy xalqlarga taalluqlidir. Ular turk runiy yozuvlari deb ham yuritiladi.
Ma’lumki, V-VII asrlarda Markaziy Osiyoda turk hoqonliklari hukmron bo‘lgan. Bu hoqonliklarning boshliqlaridan bo‘lgan Bilga hoqon va uning ukasi Qulteginlar turkiy xalqlarni birlashtirish uchun katta ishlarni amalga oshirgan. Ana shu turk hoqonlarining qabr toshlariga yozilgan bitiklar bizgacha to‘liq yetib kelgan. Bu yozuvlarni rus va chet el olimlari o‘qish uchun qariyb 100 yil vaqt sarf qildi. Nihoyat bu sirli yozuvni daniyalik olim V.Tomsen birinchi bo‘lib o‘qishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yozuvlarda turkiy xalqlarning davlat qurishdagi olib borgan kurashlari hikoya qilingan. Jumladan, turk ellarining o‘z mustaqilligi uchun Xitoy bosqinchilariga qarshi va ularning o‘zaro bir –birlari bilan olib borgan urushlari tasvirlangan. Bu bitiklarda kuchli davlat qurish uchun, albatta, qardosh xalqlar birlashishi kerakligi uqtirilgan. Bu bitiklarning tarixiy asar ekanligini aytish bilan birga, uning badiiy asar ekanligini ham ta’kidlab o‘tishimiz kerak. Eltarish xon o‘g‘illari Bilga hoqon va Kulteginlarning sarkardalik faoliyati, ularning yurt ozodligi uchun olib borgan kurashlari bugungi kunimiz uchun ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Chunki bu sarkardalar turkiy xalqlarning istiqloli va mustaqilligi uchun kurash olib bordi. Mustaqillik uchun kurash masalasi esa hozirgi turkiy xalqlarning ham eng dolzarb masalalaridan biridir. Demak, Urxun –Yenisey bitiklarida tasvirlangan voqealar bugungi zamondoshlarimizga ham muhim tarbiya vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, Tunyuquq bitiklarida shunday so‘zlar yozilgan: “Turk xalqi boshboshdoqlikka, o‘zibo‘larchilikka, beparvolikka yo‘l qo‘ydi... O‘zining xoni bilan birga bo‘lmadi. Tabg‘achga taslim bo‘lganligi uchun, tangri o‘l degan shekilli, turk xalqi o‘ldi, yo‘q bo‘ldi, tugadi. Turk sir xalqi yerida birorta ham urug‘ qolmadi”.
Ko‘rinib turibdiki, turk qavmlarinig ajralib ketishi natijasida ularning boshiga katta fojialar tushgan. Shundan keyin Bilga hoqon, Kultegin va Tunyuquqlar boshchiligidagi ozodlik harakati tufayli yana turk davlati qaddini tikladi. Sharqiy Turkistonda topilgan “Ta’birnoma” nomli asar ham Urxun – Yenisey yozuvida bo‘lib, u qog‘ozga bitilgan edi. Bu yodgorlikning ham tarixiy – badiiy qimmati nihoyatda kattadir.
Arablar islom dinini turkiy xalqlar orasiga VIII asrdan boshlab tarqata boshlagan. Kavkaz va O‘rta Osiyodagi turkiy xalqlarga islom dini juda katta kurashlar, urushlar bilan majburiy ravishda o‘tkazildi. Keyinchalik esa ko‘pgina turk elatlari bu dinni ixtiyoriy ravishda qabul qildi. Hozirgi turkiy xalqlarning ko‘pchiligi islom diniga e’tiqod qiladi.Chuvash, gagauz kabi turkiy xalqlar esa xristian diniga; yoqut, oltoy kabi turkiy xalqlar esa budda diniga e’tiqod qilishadi.
Turk ellaridan yetishib chiqqan sarkardalar ham tarixda juda mashhur bo‘lganlar. Ular haqida ko‘plab tarixiy hujjatlar bizgacha yetib kelgan. Ayniqsa, turkiy xalqlar davlat qurishda, imperiyalar barpo etishda dunyoda yetakchi o‘rinda turadi. Faqat XIX asr oxiri va XX asrlarga kelib, turkiy xalqlar barpo etgan imperiyalar parchalanib ketdi. Buning sabablaridan biri, ular o‘rtasidagi inoqlikning yo‘qligi, bir – biri bilan olib borgan nizolar va urushlar bo‘ldi. Sharqda arablar istilosi bir oz susaygach, uning o‘rniga dastlab Samoniylar dinastiyasi davlat tepasiga keldi. Keyinchalik esa Qoraxoniylar, Saljuqiylar, G‘aznaviylar va Xorazmshohlar kabi turkiy saltanatlar vujudga kelgan edi. Bularning qariyb barchasi turkiy qavmlardan chiqqan, tarixda mashhur bo‘lgan hukmdorlardan edi. Ana shular tuzgan davlatlar qariyb ming yillardan buyon yashab, davom etib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |