Qirg‘iz xalq og‘zaki ijodi. Qirg‘iz adabiyotining tarixi asosan xalq og‘zaki ijodi asarlaridan iborat. Turli mavzulardagi ertaklar, qo‘shiqlar va dostonlarda qirg‘iz xalqining xayoti ularning orzu umidlari aks ettirilgan. Hajviy va yumoristik mazmundagi latifalar Ko‘sa va Kal obrazlari orqali berilgan. Aldar Ko‘sa haqidagi ertaklarda g‘oyaviy o‘tkir problemalar ko‘tarib chiqilgan. “Ko‘rman yek”, “Ertobildi”, “Ertushtik”, “Jonil Mirzo” kabi xalq qahramonlik dostonlari juda mashhurdir. Qirg‘iz xalqining butun dunyoga mashhur bo‘lgan dostonlaridan biri, shubhasiz, “Manas” eposidir. Bu asarda xalqning ko‘p asrlik tarixi, ularning chet el bosqinchilar zulmiga qarshi erk va ozodlik uchun olib borgan kurashi aks ettirilgan. Bu she’riy asarning hajmi nihoyatda katta bo‘lib, 500 ming baytni tashkil etadi. U uch katta qismdan iborat. Birinchi qismda Manasning qahramonliklari hikoya qilinadi. Ikkinchi qismda esa Manasning o‘g‘li Semetey, uchinchi qismda uning nabirasi Seytekning hayoti, sarguzashtlari hikoya qilinadi. “Manas” eposi o‘z ichiga ko‘pgina dostonlarning qamrab oladi. Bunda Manasning el-yurt ozodligi uchun ko‘rsatgan qahramonliklari mahorat bilan tasvirlangan. U qirg‘iz elini Afg‘on va Qalmoq bosqinchilaridan saqlab qoldi. U Farg‘onaga kelib bobodehqondan dehqonchilikni o‘rganadi. U turli o‘lkalardan kelgan polvonlarning ko‘pchiligi bilan do‘stlashadi. Umuman, Manas xalqining porloq kelajagi uchun, baxt-saodati uchun kurashgan qahramon sifatida tasvirlangan. Eposning Semetey va Seytek hayotiga bag‘ishlangan qismlarida ko‘proq ishq-muhabbat va hayotiy-maishiy mavzularga e’tibor berilgan.
“Manas” eposi haqida. Qirg‘iz baxshilarining ko‘pchiligi manaschi-baxshilar bo‘lib, ular faqat shu dostonni kuylaydilar. Manasning qalmoq xoni yuborgan Alvasti Kojart Alp, Kuchku, Joloy kabi pahlavonlar ustidan erishgan g‘alabalari ayniqsa ko‘tarinki ruhda kuylangan.
Ma’lumki, yaqinda Qirg‘izistonda “Manas” eposining 1000 yilligi nishonlandi. Eposning ko‘pgina variantlari yozib olindi. Albatta, har bir manaschi-baxshi bu eposning aytishda o‘zidan ham biron-bir yangilik qo‘shib, unga ijobiy yondashadi. Shuning uchun dostonning ayrim variantlarida Manas boshqa yurtlarni bosib oluvchi, ularga qirg‘in keltiruvchi zolim sarkarda sifatida ham tasvirlanadi. Ayrim variantlarida esa Manas xalqparvar, adolatli inson sifatida tasvirlangan.
Yozuvchi Ch.Aytmatovning yozishicha Sayoqboy Qoralayev degan baxshi “Manas” eposidan bir million misrani yoddan bilgan. Xullas, “Manas” eposi xajm jihatidan dunyodagi eng katta eposdir. Unda qirg‘iz xalqining tarixi, geografik o‘rni, madaniyati, urf-odatlari haqida keng ma’lumotlar bor. Bunday katta xajmdagi eposni butun xalq yaratgan. Dastlab irmoq sifatida paydo bo‘lgan bu epos, bizning bugungi kunimizga kelib katta dengizga aylandi. (CH. Aytmatov) Bu asarda realistik, romantik, fantastik, simvolistik badiiy tasvirlash usullaridan keng foydalanilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |