5
SO`ZBOSHI
Mustaqil ilmiy, tadbiqiy va metodik tadqiqotlarni o`tkazishning muhim turi bo`lgan
bitiruv malakaviy ishi (bundan keyingi sahifalarda BMI) oliy o`quv yurtlarida bakalavrlar
tayyorlashning majburiy elementi va yakuniy bosqichidir. BMI talabaning gumanitar, sosial-
iqtisodiy, tabiiy-ilmiy sikllaridagi o`quv fanlarini o`rganishda olgan bilimlarini, shunigdek
amaliy va tadqiqot vazifalarini yechishda egallagan bilim va ko`nikmalarini ko`rsatishi lozim.
BMIlarning mazmuniga va rasmiylashtirilishiga qo`yiladigan talablar turli mualliflarning
shu muammoga bag`ishlangan ishlarida ancha farq qiladi. Shu sababli talabalarning BMIlar
ustida samarali ish olib borishlari uchun zarur bo`lgan sharoitlarni ta’minlash maqsadida Qarshi
davlat universiteti geografiya kafedrasida BMIlarni bajarish bo`yicha yagona yondashuv ishlab
chiqildi. O`quv–metodik qo`llanma davlat standartlarining amaldagi talablariga mos ravishda
talabalarni tayyorlashning sifatini oshirish maqsadida va ularning kelgusi kasbiy faoliyati uchun
zarur bo`lgan kompetensiyalarni shakllantirishni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
BMIni bajarishning asosiy maqsadi bitiruvchi talaba tomonidan tanlangan yo`nalish
bo`yicha nazariy va amaliy bilimlarni mustahkamlash va chuqurlashtirish, aniq vazifalarni
yechishda ularni qo`llay olish, mustaqil tadqiqot ishini olib borish, boshqa tadqiqotchilar
tomonidan olingan natijalarini umumlashtirish, tahlil qilish va qiyoslash ko`nikmalarini
shakllantirish, talabaning bo`lg`usi kasbiy faoliyatga tayyorgarlik darajasini aniqlashdan iborat.
O`quv–metodik qo`llanmada bitiruv malakaviy ishi bajarishga qo`yiladigan talablar, uni
tayyorlash va rasmiylashtirish masalalari yoritilgan, BMI mavzusini tanlash va tuzilishi,
adabiyotlar bilan ishlash, tahliliy axborotni taqdim qilish bo`yicha maslahatlar berilgan.
BMIning mazmuni va uning himoyasining darajasi oliy kasbiy ta’lim dasturlarini amalga
oshirish sifatini baholashda asosiy mezonlardan biridir. BMIning mazmuni ularni tayyorlash
bo`yicha kafedra tomonidan ishlab chiqilgan metodik ko`rsatmalar bilan belgilanadi. Mazkur
qo`llanmada BMIni tayyorlash, yozish va himoya qilish bosqichlari batafsil tasvirlangan, ularga
qo`yiladigan asosiy talablar ifodalangan, maqsadi va vazifalari belgilangan, ish mavzusini
tanlash, bajarish bosqichlari, hajmi, tuzilishi, rasmiylashtirish, shuningdek himoya qilish
tartibiga doir tavsiyalar berilgan. Titul varag`ini va foydalanilgan manbalar ro`yxaini
rasmiylashtirishning namynalari berilgan. O`quv–metodik qo`llanmada 5110500 – geografiya
o’qitish metodikasi, 5440500 – geografiya va 5140500 - geografiya va iqtisodiy bilim asoslari
ta’lim yo`nalishlarining talabalari tomonidan bajarilishi shart bo`lgan BMIning mazmuni va
rasmiylashtirishga qo`yiladigan talablar bayon qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: