ADABIYOT FANINI O‘QITISHDA FANLARARO INTEGRATSIYA
Mahliyo Negmatova
ToshDO‘TAU O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish
fakulteti 3-kurs talabasi
Bugungi kunda yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol shaxs sifatida tarbiyalash masalasi uzluksiz ta‘limning mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Bu jarayon o‘quvchiga bilim berish, uning ma’naviy dunyosini ham yuksaltirib borish hamda ta’lim-tarbiya uyg‘unligini ta’minlaydi. Yoshlarning yetuk bo‘lib kamol topishi o‘qituvchi-murabbiylarning bilimi, ijodkorligi va kasbiy kompetentliliga bog‘liq. Zamonaviy o‘qituvchi o‘z davrining ilg‘or metodlarini mukammal egallagan, o‘qitayotgan fanini yanada chuqur o‘rganishga yordam beradigan innovatsion texnologiyalarni, metod va usullarni ham yaxshi bilishi lozim. Ilmiy dunyoqarashni shakillantirishda yashirin aloqadorlik va bog‘lanishlarni aniqlay bilish, fanlarni o‘qitish mazmuni o‘rtasidagi mushtaraklikni ta‘minlash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri. Chunki, fanlararo integratsiyani ta’minlagan holda, darsni tashkil qila olgan o‘qituvchi o‘quvchilardan o‘zining faniga bo‘lgan qiziqishni oshiribgina qolmasdan, o‘zlashtirish samaradorligiga ham yordam beradi. Fanlararo integratsiya tizimli tarzda amalga oshirishi natijasida o‘quv-tarbiya jarayonining aloqadorligi sezilarli darajada ortadi. Integratsiya haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, u nimani anglatishi xususida to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Integratsiya lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, “integration – tiklash, to‘ldirish, integer – butun” ma’nolarini anglatadi. Shuningdek, sistema yoki organizmning ayrim qismlari va funksiyalarning o‘zaro bog‘liqlik holatini hamda shunday holatga olib boruvchi jarayon ma’nosini ham ifodalaydigan tushuncha.
Integratsiya asosan 2 xil bo‘ladi. Ya’ni tashqi integratsiya va ichki integratsiya. Tashqi integratsiyaga asosan fanlar kiradi. Masalan: matematika, biologiya, kimyo, geografiya, tarix, adabiyot, informatika, jismoniy tarbiya. Ichki integratisiyaga esa, mavzularning bir-biriga bog‘lanishi va uzviyligidir. Masalan, 5-sinfda Maqsud Shayxzodaning “Iskandar Zulqarnayn” dostonini o‘rganishda tarix fani, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asarini o‘rganishda psixologiya fani bilan bir butunlikdagi darslarni tashkil etish kabi. “Hellados” hikoyasini o‘rganishda geografiya fanini adabiyot fani bilan integratsiyalab o‘rganish maqsadga muvofiq. 6-sinfda Janni Rodarining “Hurishni eplolmagan kuchukcha”, Abdulla Qahhorning “Bemor”, Odil Yoqubovning “Muzqaymoq”, Erkin Vohidovning “Nido” dostonini o‘rganishda tarix, “Zarbulmasal”, “Oq kema” asarlarini zoologiya fanlari bilan aloqadorlikka tayanib o‘rganishda integratsiyadan foydalanishni amalga oshirish mumkin.
Integratsiyalashgan dars natijalari o‘qituvchilarning ijodiy qobiliyatlari rivojida namoyon bo‘ladi. Fanlararo integratsiya bir necha o‘quv predmetining bir-biriga taalluqli sohalarini ko‘rsatish emas, balki integratsiyalab o‘qitish orqali o‘quvchilarga atrofimizdagi dunyoning yaxlitligi haqida tasavvur uyg‘otishdir. Ko‘pchilik olimlar integratsiya muammosining mazmun-mohiyatini aniqlash bo‘yicha fikr bildirganlar. Mamlakatimiz adabiy ta’lim jarayonida fanlararo integratsiya muammosi Q.Husanboyeva, R.Niyozmetova [1, 28-31], Z.Qobilova, Aliyeva [2, 21–22] K.Mavlonova [3, 54] va S.Kambarovalar [4, 55–59] tomonidan o‘quv dasturlari mazmunini integratsiyalash, ta’lim turlarini tizimli takomillashtirishga doir yondashuvlar misolida tadqiq etilgan. Ma’lumki o‘zbek mumtoz nasrining nodir namunasi, tarix, tabiatshunoslik, jug‘rofiya, elatshunoslik, adabiyot va san’at tarixiga oid nodir manba hisoblangan “Boburnoma” asari fanlararo integratsiyani ta’minlashda ulkan imkoniyatga egaligi bilan xarakterlidir. Shu bois, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinfida mazkur asarni fanlararo integratsiyaga tayanib o‘rganish o‘quvchilarning tarix, falsafa, fiqh, din ta’limoti, tilshunoslik, jug‘rofiya, tabiatshunoslik, ma’danshunoslik, dehqonchilik, bog‘dorchilik va boshqa sohalar xususida dunyoqarashini kengaytirish, bilimlarini oshirishga xizmat qiladi [5, 114-153]. Xususan, “Boburnoma”da mingdan ortiq geografik terminlarning mavjudligi, shahar, qishloq, qal’a, dasht, tog‘, dovon, dara, daryo, ko‘prik, kechuv, ko‘l, chashma, bog‘, yaylov, o‘tloqlar tasviri mavzuni geografiya fani bilan bog‘lashga sharoit yaratadi. “Boburnoma”da Farg‘ona va Samarqand, Ohangaron vodiysi, O‘ratepa va uning atrofi Mascho, Hisor, Chag‘oniyon, Badaxshon, Kobul viloyati va boshqa joylar geografik jihatdan juda qiziqarli tavsif qilingan bo‘lib, muallif o‘zi yurgan yo‘llar, o‘zi bo‘lgan shahar va qishloqlar, ishtirok etgan voqealarni ustalik bilan badiiy ifodalaydi. Asarda Andijon, Samarqand, Xo‘jand, Hirotdan boshlab Agragacha bo‘lgan joylar tasvirlangan. “Boburnoma”da Andijonning geografik o‘rni, chegaralari, g‘allasi mo‘l, mevalarga boyligi, ayniqsa, qovuni va uzumi yaxshi bo‘lishi, qovun pishig‘ida poliz boshida qovun sotish rasm emasligi bayon etilgan. Shahar darvozlari, shaharga to‘qqiz ariqdan suv kirib, biron yerdan chiqib ketmasligi, qal’aning atrofi butkul mahallarlar bilan o‘ralganligi, ov qushlari ko‘p va semiz bo‘lishi va boshqalar haqida juda sodda hikoya qilingan. Adabiyot darslarini geografiya fani bilan bog‘lab o‘rganishda xaritalar bilan ishlash yaxshi samara beradi. Jumladan, Bobur bo‘lgan yo‘llarni, bo‘lgan joylarni topishda turli xil xaritalardan foydalanish, shahar, qishloq, dasht va shu kabi joylarning iqlimini geografik asboblar bilan o‘rganish, kompas yordamida shahar va viloyatlarni qaysi tomonda joylashganini aniqlash yordamida o‘quvchilar tasavvurini o‘stirish mumkin. Matndagi toponimlar va gidronimlarning bugungi kunda qaysi davlat hududida ekanligini aniqlash; voqealar sodir bo‘lgan joylarning iqlimi, nabotot va hayvonot olami tasviri bilan o‘lkamiz tabiatining o‘ziga xosligini aniqlash; izohtalab so‘zlarga lug‘at yaratish yoxud jadvallar bilan ishlash vazifasi ham bu borada samaralidir.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, darslarni integratsiya asosida tashkil etilishi bolaning dunyoqarashini rivojlantirishga, fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga, olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llashga yordam beradi. Aynan bir necha fanlar asoslarini egallashlari uchun zarur bilimlar bilan ta’minlashga, mustaqil va ijodiy fikrlash, uni ravon bayon etish malakalarini shakllantirishga olib keladi. Integratsiya darslarini amalga oshirish, o‘quv jarayonining mazmun, metodlari va tashkil etish shaklini aniqlashda juda muhimdir. Bu muammoning hal etilishi ta’lim-tarbiya jarayonida pedagogik va texnik bilimlarni uzviy bog‘lashga xizmat qiladi. Integratsiya ko‘p qirrali, turli xarakterli, har xil funksiyali hodisadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |