Birinchi hikoyasi: «Xatingni kutaman» (1956)
Hikoyalar to‘plami: «Hikoyalar» (1959), «Qishlog‘imiz kishilari» (1960), «Yulduzlar» (1962), «Charos» (1962), «Bolgar qo‘shiqlari» (1966), «Ko‘prik» (1968), «Oltin yaproqlar» (1970), «Qiyomat qarz» (1976), «Yer yonganda» (1993)
O‘.Umarbekov insonni anglashga, uning ruhiy dunyosiga kirishga va odamning o‘y-tuyg‘ularini ichdan turib tasvirlashga intilgani bois uning hikoyalarida samimiyat kuchli. U odam, uning o‘ylari, kechinmalari, orzu va armonlari haqida qalam suradi.
O‘lmas Umarbekov hikoyalarining qahramonlari − oddiy odamlar. Hikoyalarda yozuvchining sinchkov nigohi, tasvirlanayotgan narsa-yu hodisalarni miridan sirigacha bilishi, kerakli bayon maromi va ifoda ohangini yanglishmay topa olishi sezilib turadi.
O‘lmas Umarbekov mohir qissanavis sifatida ham e’tibor qozongan.
Qissalari: «Sevgim, sevgilim» (1963), «Kimning tashvishi yo‘q» (1965), «Urush farzandi» (1972), «Damir Usmonovning ikki bahori» (1978), «Cho‘li Iroq» (1971), «Yoz yomg‘iri» (1973), «Oq qaldirg‘och» (1974)
Adibning «Sevgim, sevgilim» qissasi ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan. Adolatsiz tuzum mamlakatning eng chekkasida yashayotgan siyosatdan yiroq oddiy kishilar taqdirida ham fojiali iz qoldirishi mumkinligi asarda ta’sirli aks ettiriladi. Siyosiy vaziyat qanday bo‘lsa-da, odam insonlarga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmasligi lozimligi, olomonning qutqusiga uchgan, odamga emas, to‘daga xos tarzda o‘ylay boshlagan kishi o‘ziga ham, o‘zgalarga ham falokatlar yog‘dirishi qissada ta’sirchan aks ettirilgan. Shu asardan boshlab milliy adabiyo timizga fojia tasviri qayta kirib keldi.
O‘lmas Umarbekov qissa janrining yangi qirralarini kashf etdi. Jumladan, o‘sha paytga qadar o‘zbek adabiyotida deyarli qo‘l urilmagan detektiv yo‘nalishidagi «Yoz yomg‘iri» qissasi sujet to‘qimasining murakkabligi, voqealar ta’sirining favqulodda keskinligi, ifoda maromining shiddatkorligi bilan e’tiborni tortadi. Yoshgina go‘zal ayolning sirli o‘limi sabablarini ochish, fojia manbalarini o‘rganish, qotillarni aniqlash barobarida asar qahramonlarining ma’naviy qiyofalari oydinlasha boradi.
Adibning «Urush farzandi» qissasi voqealar rivojining sirliligi, personajlar xatti-harakatlarining kutilmaganligi, ayni vaqtda, chuqur hayotiy asoslarga egaligi, tasvirning samimiyligi bilan e’tibor tortadi.
Romanlari: «Odam bo‘lish qiyin», «Fotima va Zuhra»
«Odam bo‘lish qiyin» romanida Gulchehra va Abdulla singari yoshlarning tuyg‘ulari dastlab g‘uborsizligi bilan kishini rom etadi. Ammo hayot shu qadar murakkabki, bir qarashda g‘uborsizday tuyulgan tuyg‘ularni namoyon etgan odamlar tabiati zamirida nopoklik dog‘lari yashiringan bo‘ladi. Tajribasiz va g‘o‘r ikki yoshning pokiza tuyg‘ulari hayot tashvishlariga qorishib qahramonlarni tanazzulga tortib, sevishgan qalblarni fojia sari yetaklaydi. Manfaatni insoniylikdan yuqori qo‘yish odamni ma’naviy qabohat sari yetaklashi fojiaviy timsollar misolida yorqin ko‘rsatib beriladi.
Adibning ikkinchi romani «Fotima va Zuhra»da milliy ma’naviyatimizdagi bir kemtiklik sarguzasht yo‘sinida aks ettiriladi. Asarda obro‘-e’tiborli, halol o‘qituvchi Abdullajonning oilasi taqdiri misolida ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi omonsiz kurash ko‘rsatib beriladi. Erka o‘g‘il Hamidullaning jinoyatchilar to‘dasiga qo‘shilib qolishi, ko‘knori iste’mol qilishi, qimor o‘yini oqibatida singlisi Fotimani boy berishi ketma-ket fojialarga yo‘l ochadi.
Asarlari: «Sud» (1970), «Komissiya» (1971), «Qiyomat qarz» (1974), «Shoshma, quyosh» (1978), «Kuzning birinchi kuni» (1979), «Arizasiga ko‘ra» (1981), «Oqar suv» (1982), «Kurort» (1984), «Yer yonganda» (1993)
Do'stlaringiz bilan baham: |