OZOD SHARAFIDDINOV
(1929-2005)
«Kitoblarimni asranglar, mening eng
katta boyligim mana shu kitoblar edi...»
Ozod Sharafiddinov 1929- yilning 1-martida Qo‘qon shahri yaqinidagi Oxunqaynar qishlog‘ida tavallud topdi. U Toshkent shahrida o‘rta maktabni tugallab, O‘rta Osiyo davlat universitetiga o‘qishga kiradi va 1951 - yilda uni muvaffaqiyatli yakunlaydi. Oradan uch yil o‘tar-o‘tmas, Moskvada nomzodlik dissertatsiyasini ham himoya qiladi. O. Sharafiddinov mehnat faoliyatining asosiy qismi o‘zi o‘qigan universitetda kechdi. U 1955-1995- yillar oralig‘ida, qariyb 40 yil mana shu ilm dargohida yoshlarga bilim va tarbiya berdi, minglab shogirdlarga beminnat ustozlik qildi. Uning «Tafakkur» jumali bosh muharriri o‘rinbosari, 1997- yildan to umrining oxiriga qadar «Jahon adabiyoti» jumali bosh muharriri vazifalarida ishlagan kezlari ham nihoyatda barakali, sermahsul ijodiy yillar bo‘ldi.
Dastlabki kitobi: «Zamon. Qalb. Poeziya» (1962)
Kitoblari: «Adabiy etyudlar», «Yalovbardorlar», «Iste’dod jilolari», «Birinchi mo‘jiza», «Talant — xalq mulki», «Adabiyot — hayot darsligi», «Hayot bilan hamnafas», «Go‘zallik izlab».
Ozod Sharafiddinovning ko‘plab maqolalari adabiy jamoatchilik orasida birdan og‘izga tushar, turli katta- kichik davralarning munozara mavzusiga aylanardi. Ayniqsa, boshqalar nomini tilga olishga ham cho‘chigan Cho‘lpon, Fitrat singari ijodkorlar to‘g‘risida yozgan maqolalari, e’lon qilgan kitoblari adabiyot ixlosmandlaridagina emas, butun omma orasida ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. 1968- yili O. Sharafiddinov muharrirlik qilgan «Tirik satrlar» nomli to‘plam hamma yerdan yig‘ishtirib olingandi.
1991- yilda yurtimizning mustaqillikka erishgani Ozod Sharafiddinov hayoti va ijodiga yangi nafas baxsh etdi.
Mustaqillikdan keying kitoblari: «Istiqlol fidoyilari», «Sardaftar sahifalari», «Ma’naviy kamolot yo‘llarida», «Dovondagi o‘ylar», «Ijodni anglash baxti»
(Bu kitoblarida milliy mustaqillik yo‘lida kurashgan yirik tarixiy shaxslar - Fitrat, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdulla Qahhor, Oybek, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda singari zabardast adiblar to‘g‘risida eng so‘nggi haqiqatlami bitdi.)
Ozod Sharafiddinov dunyo adabiyotining o‘nlab durdona asarlarini, yuzlab donishmandlarning ilmiy-falsafiy maqolalarini ona tilimizga mohirona tarjima qildi. 50 yil sho‘ro hukumatiga, uning aldamchi partiyasiga sidqidildan xizmat qilib, evaziga ozgina insoniy mehr va e’tibor ko‘rmay, «alam va iztiroblar ichida hayotdan ko‘z yumgan» mushtipar onasidan farqli o‘laroq, Ozod Sharafiddinov o‘z xalqining e’tibori va e’zozini qozondi. Unga «Mehnat shuhrati» (1997), «Buyuk xizmatlari uchun» (1999) ordenlari va «O‘zbekiston Qahramoni» (2002) degan eng oliy unvon berildi. Ozod Sharafiddinov 2005- yil 4- oktabr kuni hayotdan ko‘z yumdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |