23-DARS
PIRIMQUL QODIROV
(1928–2010)
Zamonaviy o‘zbek nasrining rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan adiblarimizdan biri O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovdir. U o‘z safdoshlari – Asqad Muxtor, Said Ahmad, Odil Yoqubovlar bilan birga ustoz adiblar – G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhorlar qalamini yerga tushirmay, milliy adabiyotimiz ravnaqini yana bir pog‘ona yuksaltirgan taniqli yozuvchi hisoblanadi.
Pirimqul Qodirov 1928-yilning 25-oktabrida hozirgi Xo‘jand viloyati hududidagi Kengko‘l qishlog‘ida cho‘pon oilasida dunyoga kelgan. Kolxozlashtirish (1930–1933-yillar) davrida ko‘pchilik qatori uning otasi – o‘ziga to‘q Qodir cho‘pon ham quloq qilinadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘spirin Pirimqul kolxozdagi mashaqqatli yumushlarni bajarib, bir parcha qora non topib yeyish qanchalar qiyinligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Qishloq maktabida yaxshi o‘qigani, ilm-u ijodga chanqoqligi tufayli izlab-izlab Toshkent davlat universitetini topib keldi va uning sharqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. 1951-yilda bu fakultetni muvaffaqiyatli bitirgach, bir muddat Til va adabiyot institutida ishladi.
P. Qodirov adabiy ijodning sir-u sinoatlarini chuqur o‘rganish maqsadida Moskvadagi aspiranturaga kiradi va 1954-yilda ustozi Abdulla Qahhor asarlarining til va uslubiy jihatlari tadqiq etilgan nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaydi.
Talabalik paytida e’lon qilgan dastlabki kitobi – «Studentlar»(1951)
Qissalari: «Qadrim» (1961-yil), «Erk» (1968-yil), «Meros» (1974-yil), «Yayra institutga kirmoqchi» (1979-yil), «Najot» (1980-yil)
Romanlari: «Uch ildiz» (1958-yil), «Qora ko‘zlar» (1966-yil), «Olmos kamar» (1976-yil), «Yulduzli tunlar» (1979-yil), «Avlodlar dovoni» (1989-yil)
Pirimqul Qodirovning asarlarida turli mavzularni, har xil kasb egalari hayotini badiiy aks ettiradi. Ularning birida paxtakorlar («Meros»), boshqasida ziyolilar («Uch ildiz»), yana birida neft konlarini izlovchilar («Qadrim») hayoti qalamga olingan bo‘lsa-da, barchasida inson taqdiri, uning ruhiy dunyosi qatlamlari chuqur mushohada qilinadi.
Abdulla Qodiriy, Oybek singari adiblar boshlab bergan tarixiy mavzular talqini P. Qodirovni ham jiddiy izlanishlar sari rag‘batlantirdi. U qariyb 20 yillik umrini mana shu izlanishlarga bag‘ishladi.
P. Qodirovning dastlabki tarixiy asari – «Yulduzli tunlar» («Bobur») romani atrofida ham sho‘ro mafkurachilari chakana vahima qo‘zg‘amadilar. Yozuvchini tarixga to‘g‘ri yondashuvni bilmaslikda, zolim podsholarni ulug‘lashda, o‘tmishni ideallashtirishda aybladilar. Asarning ko‘p joylarini qayta ishlashga majbur etmoqchi bo‘ldilar. Pirimqul Qodirovni esa Yaratganning o‘zi qo‘lladi. Mustaqillik yillari yozuvchi va uning ijodi qarshisida barcha eshiklar ochildi – adib asarlari o‘nlab xorijiy tillarga tarjima qilinib olamga yuz tutdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |