Qo‘chqor: — Endi, tirik odamday bo‘lib qoluvdi-da...
Olimjon:— Alomatning nimadan o‘lganini bilasizmi?
Qo‘chqor: — Yo‘q.
Olimjon:— Zo‘riqib o‘ldi! Uni siz o‘ldirdingiz!
Qo‘chqor: — (Yoqa ushlab.) Yopiray!..
Olimjon:— Ha, siz o‘ldirdingiz! Kennoyim ketib, juda to‘g‘ri qilganlar, sizning changalingizga tushgan har qanday ayol ham, albatta, nobud bo‘ladi! Siz uchiga chiqqan feodalsiz!
Qo‘chqor: — Nima-dal?
Olimjon:— Feodal! Mana shu uch kun ichida Alomat sho‘rlikning boshiga nimalar yog‘ilmadi! Nima azoblarni ko‘rmadi! Beayov ekspluatatsiya qildingiz!
Qo‘chqor: — Nima-platatsiya?
Olimjon:— Ekspluatatsiya! Ertalabdan kechgacha tindirmadingiz-a! Bir minut dam olgani yo‘q, bechora! Yuv, tozala, tik, yama, supur! Bir chaqirim naridan suv olib kelib, kir yuvadi! Manavi tezak yoqiladigan la’nati o‘chog‘ingizda ovqat qiladi! Yeb to‘ymaydigan ochofat mollaringiz bor: ertalabdan kechgacha o‘t ber, suv ber, yem ber! Xamir qoradi, sigir sog‘adi, kuvi pishadi! E, bu uyingizning ishi tugaydimi, o‘zi! Bundan tashqari, dalaga chiqadi! Ming chanoqqa ming egilib, paxta teradi! Qirq-ellik kilo narsani ko‘tarib, xirmonga olib boradi! Shunaqayam qiynaydimi, Qo‘chqor aka?! Bu do‘zax azoblariga qanday dosh bersin, qanday chidasin?! (Mehr bilan.) Axir u temir-ku, Qo‘chqor aka, temir. Uni ehtiyot qilish kerak, avaylash kerak. U o‘zini o‘ylamaydi, “qiynalib ketdim” deydigan tili yo‘q. Indamas ekan, deb eshakday ishlataveradimi axir! “Paq” etib joni chiqib ketguncha ezaverish kerakmi?! Yo‘q, yuragi tosh odamsiz, Qo‘chqor aka!
Qo‘chqor: — Hech kim mehnatdan o‘lmaydi, Olimtoy...
Olimjon:— E, ana o‘ldi-ku! Yana nima kerak sizga! Shundayam ko‘zingiz ochilmadimi, qanaqa Xudo qarg‘agan odamsiz?! Siz, Qo‘chqor aka, inkvizitorsiz!
Qo‘chqor: — Nima-zitor?
Olimjon:— Inkvizitor!
Qo‘chqor: — Yo‘g‘-e, Olimtoy, inkvizitormas, mexanizator, de...
Olimjon:— Hamma zamonlardayam inson aql-u zakovatining mahsuli — buyuk kashfiyotlar sizga o‘xshagan johillar tufayli barbod bo‘lgan! Siz taraqqiyotning dushmanisiz! (Butun dunyo, jahondan norozi bo‘lib ketadi.)
(Sukut. Qo‘chqor nima qilarini bilmay, o‘rtada turib qoladi. Keyin asta-sekin yurib, sahna oldiga keladi.)
Qo‘chqor: — (Tomoshabin uzra uzoq-uzoqlarga tikilganicha.) Tavba... Alomatni men o‘ldirgan emishman, unga biron-bir ortiqcha yumush buyurganim yo‘q, o‘lib ketay agar. Xo‘sh, nima ish qilipti! Hali qatorlashtirib bola tuqqani yo‘q, kechalari uyqudan qolib, beshik quchoqlab chiqqani yo‘q, har bir farzandi bilan ming bor kasal bo‘lib, ming bor sog‘aygani ham yo‘q. (Hayron.)Bitta o‘zbek ayoli nima ish qilsa, shuning yarmini qildi, xolos...
(Kattakon tog‘orani arang ko‘tarib Qumri chiqadi.)
Do'stlaringiz bilan baham: |