Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohi.
Azaldan jonajon yurtimiz dunyoga ko’plab sohalarda buyuk olimlarni yetishtirib bergan. Bu ulamolar o’z yo’nalishlarida ulkan yutuqlarga erishgan. Shu qatorida kalom ilmi ham ravnaq topdi. Bu ilmda juda ko’plab olimlar ijod qilgan. Ushbu yo’lda hizmat qilgan yetuk allomalardan biri ulug‘ olim, ahli sunna val jamoa peshvosi, Abu Mansur Moturidiy maktabining atoqli namoyondasi, mutakallimlar tili va boshqa unvonlar sohibi Abul Muin Nasafiydir. Uning asl ismi Abul Mu’in Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mo‘tamad ibn Muhammad ibn Makhul ibn Fazl Nasafiy Makhuliydir. Milodiy 1027- yili yoki 1038-yili( hijriy 418- yoki 438- yili) Nasafda tug‘ilgan. Abdulkarim Sam’oniy Abul Muin ismiga “Ibsoniy”ni ham qo‘shib aytadi. Ibson qishlog‘i Qarshi shahrida joylashganini ta’kidlaydi. Abul Muin Nasafiy shu qishloqda tug‘ilgan. U kishiga Makhuliy deb nisbati berilishi katta bobolari sabablidir. Katta bobosi Makhul Nasafiy (vafoti 930 y.) Imom Moturidiyning shogirdlaridan biri edi. Bobosi Mo‘tamid ibn Makhul Nasafiy esa hanafiy olimlari orasida mashhur edi. Imom Nasafiy ilmga qiziqtirgan inson uning otasi Muhammad ibn Mo’tamad bo’lgan. U o’z shahrining peshvo ulomolaridan edi. Hatto Imom Nasafiy ba’zi sanadlarni rivoyat qilganda otasini ismini ham qo’shib aytar edi. Muhammad ibn Mo’tamad bir qancha kitob ta’lif etgan. “Lu’lu’yot fil mavo’iz”, “Lubob”, “Roddu a’la ahli bida’i val ahvai” (bid’atchi va hayolparastlarga raddiya) shular jumlasidan hisoblanadi. Boshlang‘ich bilimlarni bobosi so’ngra otasidan oladi. Keyinchalik Abul Yusr Pazdaviyning shogirdi bo‘ladi. Imom Nasafiy kalom ilmida yetuk olim sifatida salaf va xalaf o’rtasida ko’prik vazifasini bajargan va Moturidiyya yo’nalishini rivoj topishida ulkan xizmatlar qilgan.
Imom Nasafiy Abbosiylar xalifaligi davrida Buxoro va Samarqandda yashab, ijod qilgan. Bu davrda ilm – fanning barcha sohalariga e’tibor berilgan. Natijada jamiyatda hur fikrlilik rivojlanib, turli xil oqimlar va aqidalar paydo bo’la boshlagan edi. Shu sababli imom Nasafiy turli noto’g’ri mazhablarga raddiya sifatida ko’plab kitoblarni ta’snif etgan. Ulardan bizga yetib kelganlari:
“Tabsirtul adilla fi usuliddin”, bu kitob Motuturidiyya mazhabi bo’yicha Imom Moturidiyning “Tavhid” kitobodan keyingi o’rinda e’tirof etiladi.
“Bahrul kalom fi ilmil kalom”, bu kitob kalom ilmi bo’yicha Moturidiyya maktabining asasiylaridan biridir. Ushbu asar Abu Mansur Moturidiy asos solgan islomiy aqidaning bosh manbalaridan hisoblanadi. Ayniqsa, islom dinida turli tuman oqimlar va ta’limotlar yaratilayotgan hozirgi davrda bu asarning ilmiy amaliy ahamyati beqiyosdir.
“At-Tamhid li qovaidit tavhid fi ilmil kalom”,
“al-Olim val mutaallim”,
“al-Umda fi usuli fiqh”
“izohul ma hajati likavnilaql hujjatan” ,
“Sharhul jomi’ul kabir lishshaybinuy fi furu’”,
“Manohijul aimmati fi furu’”,
“Mo’taqidot”.
Uning shogirdlari orasidan Ahmad al-Bazdaviy, Ahmad ibn Muhammad Abul Fath Xulamiy 470 yili tug’ilgan. Buxoro shaxrida yashab juda kop ilm sohibi bo’lgan. Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Abu Bakr Alouddin Samarqandiydir, u hanafiy olimlar orasida “Tuhfatul fuqiho” nomli kitobi ila mashhurdir. Melodiy 1180 yil vafot etgan. Ibrohim Saffor Buxoriy, Najmiddin Umar Nasafiy, Abu Bakr Koshoniy, Abul Muzaffar Toliqoniy kabi olimlar yetishib chiqqan. Abul Muin Nasafiy asarlarining ko‘pi kalom ilmining turli masalalariga bag‘ishlangan. Olimning “Bahrul kalom fi ilmil kalom” asari moturidiya maktabining kalom bo‘yicha asosiy manbalaridan biridir. U o‘rta asrlarda katta shuhrat qozongan. Olimning ushbu asari uchta katta asari orasida (“Tabsiratul adilla”, “At-tamhid li qova’idit tavhid”, “Bahrul kalom”) birinchi bo‘lib nashr etilgan.Abul Muin Nasafiyning mashhur asarlaridan yana biri “Tabsiratul adilla fi usulid din ala toriqil imom Abu Mansur Moturidiy” (“Din asoslarini imom Abu Mansur Moturidiy tariqatiga binoan dalillar bilan sharhlash”)dir. Nomidan ham ma’lum, asarda moturidiya ta’limoti dalillar bilan sharhlanadi.Allomaning kalom ilmiga oid yana bir mo‘‘jaz kitobi “Kitobut tamhid li qova’idit tavhid” asaridir. Jahon kutubxonalarida kitobning ko‘plab nusxalari saqlanadi. Yaqinda Turkiyada bu asar Istambul kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalari asosida qayta nashr etildi. Alloma mol-dunyoga qiziqmadi, parhezkor, faqih, muhaddis, mutakallim bo‘lib, qat’iy dalillar bilan salaflarning fikrlarini mustahkamladi, mo‘tazila, jahmiya, rofiziya, xorijiya kabi muxolif firqalarga qarshi turib, ularning aqidasi botilligini aniq, ishonchli dalillar bilan isbotlab, odamlar orasida ilmu ma’rifat ziyosini sochdi. Abul Muin Nasafiy milodiy 1114 yili (hijriy 508 yil) vafot etgan. Qabri Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida.
Viloyatimiz markazidan 17 kilometr janubi-gʻarbda Qovchin qishlogʻi joylashgan. Ana shu qishloqda Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohi bor. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yil 24-25 fevral kunlari viloyatimizga qilgan tashrifi davomida bu joyni kengaytirib, katta ziyoratgohga aylantirish va u yerda katta kutubxona tashkil qilish haqida koʻrsatma berdilar.
Abul Muʼin an-Nasafiy kalom ilmining buyuk namoyandalaridan biri boʻlib, u Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiya taʼlimotining dunyoda keng miqyosda tarqalishida muhim rol oʻynagan alloma hisoblanadi. Tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov rahbarligida nashr qilingan “Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti” nomli kitobda shunday deyiladi:
“U (Abul Muʼin an-Nasafiy)ning “an-Nasafiy” nisbasi bilan atalishi xususida esa barcha tarixnavislar yakdillik bilan bir xil yozganlar. Shu bilan birga, baʼzi manbalarda an-Nasafiyning bir qancha muddat Samarqandda yashaganligi va soʻngra uzoq yillar Buxoroda muqim istiqomat qilganligi haqida ham xabarlar keltirilgan…”
Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohida Xitoy ipak qogʻoziga bitilgan Qurʼoni karim qoʻlyozmasi mavjud. Bu muqaddas kitobning boʻyi 60, eni 41 santimetrni tashkil qiladi. Mazkur Qurʼon uchun usta Zarif degan kishi tomonidan balandligi 1 metru 60 santimetrlik lavh yasalgan. Lavhda hijriy yil hisobi bilan 1266 (milodiy yil boʻyicha 1851) sanasi yozib qoldirilgan. 12 qatordan iborat forsiy sheʼr lavhga oʻyib bitilgan. Sheʼrning mazmuni quyidagicha:
“Ey bandani yaxshi koʻruvchi va bandaning doʻsti, unutishdan qochib, senga umid qoʻlini choʻzaman. Bu jahonda magʻizdan poʻstgacha sen oʻzingsan. Bundan boshqasini sendan soʻrashga xohish-istagim yoʻq. Sening koʻmaging menga rahnamo boʻlsin. Mening joyim har doim senda boʻlsin. Ey uzr istab kelganlarning uzrini qabul qiluvchi, sening magʻfirating koʻp gunohkorlar uchun shafoatdir. Sening noming zikri bilan mening jonim chiqsin. Bu yoʻlni koʻrsatuvchi mendan pinhondir…”
Ziyoratgoh atrofida katta qabriston bor. Ziyoratgoh bilan qabristonni qoʻshib hisoblaganda, hudud 50 gektardan koʻproq maydonni egallaydi. Qabristonda 100 dan ortiq har xil marmar toshlarga bitilgan yodgorliklar bor. Yodgorliklarga qaraganda, qadimiy Ibsan qishlogʻidan chiqqan olimlar ham shu yerda dafn qilingan.
VIII-XII asrda yashagan olimlar haqida maʼlumot bergan as-Samʼoniy (1113-1167) oʻzining “Al-Ansob” (Nasabnoma) asarida: “Ibsan – Nasafdan bir farsax uzoqlikdagi qishloq. Abu Yaʼqub Yusuf ibn Abu Bakr al-Ibsaniy shu qishloqdan. Bu kishi shayx, qori, chiroyli siyratli va koʻp ibodat qiluvchilardan edilar. Abu Bakr Muhammad al-Baladiydan taʼlim olganlar. Nasafda boʻlganimda Al-Azraqiyning “Axboru Makka” kitobini shu kishidan oʻqiganman. Hijriy 478 (milodiy 1086) yilning safar oyida tugʻilib, hijriy 552 (milodiy 1158) yilning safar oyida vafot etganlar”, deb yozadi.
Bu kabi yana koʻplab maʼlumotlar hali oʻrganishga, tadqiq qilishga arziydigan va shuni kutib yotgan manbalar, oʻtmish sirlari bisyorligidan darak beradi. Ayniqsa, mazkur ziyoratgoh hududi oʻzida katta bir tarixni asrab turibdi. Shukurki, vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin yurtimizdagi shunday ziyoratgoh va qadamjolarga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgarib, ular koʻrkam va obod joylarga aylantirildi. Endi Prezidentimiz koʻrsatmasiga binoan Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohi yangidan chiroy ochishi ajdodlarga boʻlgan yuksak ehtiromni bildirsa, bu yerda tashkil qilinadigan kutubxona esa ular qoldirgan boy maʼnaviy merosni ixlos bilan oʻqib-oʻrganish istagida boʻlgan yurtdoshlarimiz uchun katta bir tuhfa boʻlishi shubhasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |