Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Sahl Saraxsiy (tug'.835vaf. 1094)
Mashhur islomshunos-faqih, Turkmanistonning Saraxs shahrida dunyoga kelgan. Bu vaqt Movarounnahrda qoraxoniylar (927–1212) sulolasi hukmronlik qilardi.
Muhammad bolaligidan ilmga qiziqqan va o‘tkir zehnli bo‘lgan. Saraxsda boshlang‘ich diniy ta’limni olib, Qur’oni karimni to‘liq yod olgan, hadis, sarfu nahv (grammatika), balog‘at ilmlarini egallagan. Keyinchalik u Movarounnahrning turli shaharlarida, jumladan, Samarqand va Buxoroda ilmini takomillashtirgan. Buxoroda uzoq muddat yashagan. Bu yerda Abu Muhammad Abdulaziz ibn Ahmad Buxoriydan (1057) fiqh, usuli fiqh, hadis, kalom, tafsir ilmlaridan dars olib, zamonasining yetuk fiqh olimi bo‘lib yetishgani uchun unga Shamsulaimma (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan va Saraxsiy shu nom bilan shuhrat qozongan.
Imom Saraxsiy hayotini ilmga bag‘ishlab ko‘pgina asarlar yozdi. Uning hayotida turli noxushliklar ham sodir bo‘ldi. Tuhmatchi-hasadgo‘ylar hayit kunida qoraxoniy hukmdori Ibrohimxon sha’niga tegadigan yomon so‘zlar bilan Saraxsiyni qoraladilar. Ibrohimxon uni Buxorodan O‘zganga surgun qilib qamoqqa oldi. Tarixiy ma’lumotlarda alloma o‘zining mashhur “al-Mabsut” asarini qamoqda shogirdlariga yoddan aytib yozdirganini qayd etilgan.
Saraxsiy hayotining oxirgi yillarini Balxda o‘tkazdi. Uning vafot etgan yili haqida turli ma’lumotlar bor. Balxlik Safiyuddin Voiz Balxiy 1213–1214 yili yozilgan “Fazoili Balx” (“Balx fazilatlari”) asarida alloma 1094 yili Balxda vafot etgani va Navbahor nomli qabristonga dafn qilingani, qabriga yozilgan sanani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini qayd qilgan.
Saraxsiy qo‘lida bir necha shogirdlar fiqhning turli sohalarini o‘rganishgan. Burhoniddin Marg‘inoniyning ilk ustozi bobosi Abu Hafs Umar ibn Habib (vaf. 1141) bo‘lib, u Saraxsiyning iqtidorli shogirdlaridan bo‘lgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ibrohim Hasiriy (vaf. 1107), Abu Amr Usmon ibn Ali Paykandiy (vaf.1158), Abu Muhammad Abdulaziz ibn Umar al-Moza (vaf. 1111) kabilar Saraxsiy shogirdlari bo‘lishgan.
Faqih Saraxsiy ilmiy merosi g‘oyat katta, ulardan:
1. “Kitobul-mabsut” (Mufassal kitob).
2. “Usulul-fiqh” (Fiqh nazariyasi).
3. “Sharh kitob Siyari kabir” (“Katta siyrat kitobi”ning sharhi).
4. “Ashrot us-soa” (Qiyomat shartlari).
5. “Sharh kitoban-nafaqot lil Xassof” (Xassofning “Nafa-qalar kitobi”ga sharh).
6. “Sharh Adabul-qoziy lil Xassof” (Xassofning “Qozilik adabi”ga sharh).
7. “Sharh al-Jome’ al-kabir” (“Katta majmua”ga sharh).
8. “Sharh al-Jome’ as-sag‘ir” (“Kichik majmua”ga sharh).
9. “Al-favoidul-fiqhiyya” (Fiqhga doir foydalar).
10. “Kitob al-hayz” (Hayz kitobi).
11. “Sharh Muxtasar at-Tahoviy” (Tahoviyning “Muxtasar”iga sharh).
Saraxsiy asarlari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Hanafiylik keng tarqalgan o‘lkalarda universitet shariat fakultetlarida o‘qitilmoqda. Bu asarlarda Islom shariatining nazariy asoslarini ishlab chiqishda buyuk hissa qo‘shgan Markaziy Osiyo va butun musulmon olamida islom ma’rifatini yoyishda Saraxsiy ijodiy merosining ta’siri kattadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |