TOHIR MALIK. IBRAT MAKTABI
Qalam ahlining pirlaridan sanalmish Abdulla Qodiriyning mahorati haqida gap aytishga kamina tomonidan urinish bo‘lib edi, endi yangiroq fikr bayon qilish mas’uliyatini zimmamizga yuklab, qo‘lga qalam olmoqqa jur’at etdik.
Abdulla Qodiriyning adabiy til borasidagi mahoratlarini durlar xazinasiga qiyoslashimiz mumkin. Adibning hikoyalari, feletonlari, hajviyalarini o‘qisangiz, bunga o‘zingiz ham guvoh bo‘lasiz. Toshpo‘lat tajang bilan Kalvak maxzumning so‘zlari bir-biridan tubdan farq qiladi. Yozuvchi “Ovsar” taxallusi bilan bir feleton yozsa, “Dumbul” taxallusida yozilgan hangomadan farqlanib turadi. Bilmagan odam bu ikki asarni ikki odam yozgan, deb o‘ylashi ham mumkin.
“Qara-qara, Mahkam! Do‘ndiq ekan-ku, anaving. Suyagi bormi, a? Bir piyola choyimiz bor, hov! Itdan tuqqaning qaramadi-ku... Hay kim, Salim qavarning bolasi emasmi, to‘lishibdi o‘ziyam. Sartarosh hoji ko‘rib qolsa, “o‘ldi”, degin. Bodom qovoq, yupqa tomoq, dodimga yetsang-chi... Hoy-hoy...” Agar bu so‘zlarni madrasa ko‘rgan Kalvak maxzum aytyapti, deyilsa, ishonmaysiz. To‘g‘ri, Kalvak maxzum ham ayollarga qaraydi, ko‘ngli sust ketadi, ammo u “Bir piyola choyimiz bor”, demaydi, shunday emasmi? Buni faqat chapani Toshpo‘lat aytishi mumkin. Kalvak maxzum esa o‘n ikki yashar qizchani ko‘rgan mahalida so‘raydi: “Otin oying bormi?” “Bor.” “Otin oyingning eri nechta?” Mazmuni otin oyisi og‘zini pishig‘lab qo‘yg‘an shekillik, javob bermay, yerga qaradi. Men ham so‘zimni aylantirmay, ichimdan “etti-sakkizta bordir”, deb o‘yladim. Qizi tushkur jajmondekkina ekan, hayfki, buzilg‘an-da... “O‘rusning “Injil”ini o‘qiyabsanmi?” — deb so‘rag‘an edim, bunga ham javob bergusi kelmadi. Endi o‘ziga yarasha gapdan gapuray, deb so‘radim: “Emchaging olmadek bo‘lub qolubdur, o‘ynashing ham bormu?” Qizi tushkurning hali qitiq pati o‘lmagan ekan, yuzini chirt o‘gurib: “Hu, soqoling ko‘ksingga to‘kulsin!” — deb qarg‘adi va yo‘liga yugurib ketdi...” Ko‘rinib turibdiki, ikki odam — ikki olam. Har biri o‘ziga xos so‘zlar bilan o‘z qiyofasini chizadi. Yozuvchi falonchi unday odam, pistonchi bunday, deb ta’rifu tavsiflar bermaydi.
“Julqunboy” imzosida berilgan “Qimmatchilik hasrati” yoki “Dumbasi tushib qolgan emish” hajviyalari esa boshqalaridan tamoman farq qiladi. Undagi zaharli kulguni, kinoyani “Ovsar” yoki “Mazlum” bu tarzda ayta olmaydi. Julqunboy qimmatchilikdan qiynalayotgan o‘z oilasini bunday tasvirlaydi: “...osh-non yemoqdan boshqaga yaramagan bir chol otam ila bir kampir onam, yolg‘iz so‘z so‘ylash ila osh pishirishga yaratilgan bir xotunim bor. Ko‘chaga yuz karra chiqib, har uyga kirganida “Oyi, non ber!”ni o‘ziniki qilib olgan bir qizim, topganini ko‘chada chiqim qilib, erta-kech manim ovqatimga sherik bo‘ladirgan bir inim bor. Bulardan tashqari tag‘i bir yashar o‘g‘lim bo‘lsa ham, Xudoga shukur, hali tishi chiqg‘anicha yo‘q...” Bir necha jumlada oila a’zolarining fe’l-atvorlari mohirona chizildi. Bir yashar o‘g‘ilning hali tishi chiqmaganiga shukur qilinishi esa ahvolning naqadar og‘ir ekanini ko‘rsatib turibdi.
Shu o‘rinda yozuvchining “O‘qish — o‘rganish” sarlavhali maqolasiga diqqatni tortishni istardim. Adib unda rus yozuvchisi Anton Chexov mahoratini tahlil qiladi. Ayni tahlilni biz Abdulla Qodiriy hajviga nisbatan ham ishlatishimiz mumkin. Demoqchimizki, mahorat bobida Abdulla Qodiriy o‘zlari sharaflagan zotlardan hech bir kam emaslar. Adib Chexovni ustoz o‘rnida ko‘rgan ekanlar. Bu “yozishni Chexovdan o‘rgangan”, degan gap emas. Juda ko‘p odam Chexovni o‘qigan, juda ko‘p odam uni ustoz deb bilib, intilgan. Biroq Abdulla Qodiriy darajasiga yetish barchaga ham nasib etavermagan. Bu o‘rinda gap Chexovni ustoz deb bilishda emas, gap — Xudo bergan iste’dodda! Undan tashqari, o‘zbek adabiyoti ravnaqini Yevropaga bog‘layverish fikridan sal uzoqlashish kerak. Xudoga shukur, yigirmanchi asr o‘zbek adabiyoti qasri, boshqa joylarga o‘xshab, quruq sahroda bunyod etilmadi. Bu qasr bir bo‘ston bag‘rida qaror topdi. O‘tmish zamonlarni lol qoldirgan, bugunga qadar o‘z mahobatini yo‘qotmagan mumtoz adabiyotimizdan Yevropa o‘rgangan edi. Sovet davrida Sharqni G‘arbdan past ko‘rish an’anasi bizning barcha yutuqlarimiz omilini Yevropaga bog‘ladi. To‘g‘ri, Yevropa madaniyatining, xususan, adabiyotining ijobiy ta’sirlari bo‘ldi, buni inkor etish durust emas. Ammo, aytaylik, hajvni yozuvchilarimiz Chexovdan o‘rgangan, deyish aqlga sig‘adigan gap emas. Chunki mumtoz adabiyotimiz tarixidan hajvni o‘rganishga loyiq ajoyib asarlarni istagancha topishimiz mumkin. Afsus bilan aytishimiz mumkin, hozirgi avlod mumtoz adabiyotimizni yaxshi bilmaydi. Abdulla Qodiriy va uning zamondoshlari esa bu sohada ham beqiyos bo‘lganlar.
Abdulla Qodiriy yozgan har bir jumla qalam ahli uchun bir maktab. Afzal tomonlari ham, zaif ko‘ringan jihatlari ham zehn bilan tahlil qilinib o‘rganiladi. Har qanday asarda siz bilan bizning ko‘zimizga kamchilik bo‘lib ko‘ringan biron voqea bayoni yoki jumla, hatto birgina so‘z aslida shu asarning husnidir. She’riyatda majoz san’ati mavjud bo‘lganidek, nasrda ham ramziy ma’nolarni o‘ziga yashirgan satrlar, sahifalar bo‘ladi. Bilgan odam dengiz tubidagi chig‘anoqni ko‘rib: “Ha, endi bu arzon-garov sadaf-da”, deb o‘tib ketavermaydi. Chig‘anoq pallalari ajratilsa, gavhar ko‘rinadi. Ustoz adiblarning asarlaridagi so‘z gavharlari ham shunday.
Ruslarning ulug‘ adibi Lev Tolstoyning hikmatli gapi bor: “Hamma narsani o‘qiyverish yaramaydi, — deydi u. — Dilda tug‘ilgan savollarga javob bera oladigan kitoblarnigina o‘qish kerak”. Yana bir donishmandning fikri ibratlidir: “Modomiki, hayot juda qisqa, bo‘sh vaqt esa juda oz ekan, biz uni sayoz kitoblarni o‘qishga isrof etmasligimiz kerak”, deydi u. U yoki bu asarning sayoz emasligini aniqlash osonmas. Buning uchun qiziqarli voqea bayonigagina qiziqmay, shoshilmasdan, har bir jumlaning ma’nosiga tushunib o‘qigan ma’qul. Biron savol tug‘ilsa, asarning biron yeri xato tuyulsa ham javobni birovdan emas, aynan shu kitobning o‘zidan topishga intilgan afzal. Sadafdan ko‘z qamashmay, gavharni izlash joiz. Ustozlarning chuqur mazmunli asarlari aldamaydi: sizga ma’no gavharlarini tortiq etadi. Sharq mumtoz she’riyatida bunday gavharlarni ko‘p uchratamiz.
Avval aytganimizdek, nazmdagi gavharning nasri ham mavjudligi, asosan, Sharqqa xosdir. Muhammad Avfiy sakkiz asr muqaddam tartib bergan ibratli hikoyalarni o‘qigan bo‘lsangiz, bu jumlalarga e’tibor bergandirsiz:
“...Sendan ilgari ham ko‘p kishilar ushbu jomdan ayriliq mayini ichib, oxirida sabr libosini kiyganlar”;
“...Qo‘lim va qalbim dildor og‘zi kabi tor, cho‘ntak esa xuddi yorning xipcha belidek nozik va ingichka edi”;
“...Vahm va qo‘rquv mendan ustunlik qilib, uyqu ko‘z ziyoratiga kelmasdi”;
“...Podshohlarning otgan o‘qlari hamma vaqt ham nishonga tegavermaydi, iqbol arig‘i hamma vaqt ham to‘la oqavermaydi”;
“...Ishq o‘ti sabr viloyatini xarob qilibdi”.
Yevropa yoki Lotin Amerikasi adabiyotida bu kabi latiflik yo‘q, desam, balki fikrimga qo‘shilarsiz. Balki bu latiflikni chuchmallik fahmlab, hozir adabiyot boshqa, hozir lo‘nda ifodalar zamoni, deb inkor qilarsiz. U holda siz bilan hamfikr bo‘lolmaymiz, ma’zur tutgaysiz.
Yuqorida keltirilgan misollardan murod shuki, Abdulla Qodiriy asarlarini sinchiklab o‘qisak, shu kabi latif tasvirlardan behisob darajada bahramand bo‘lamiz:
“Kumushbibi xomush edi. Bir narsa to‘g‘risida o‘ylarmidi yoki bosh og‘rig‘isi kuchlikmidi, har holda namozshomgul kabi yopiq edi”;
“Yusuf savdosida beqaror Zulayho ismidan, Majnun ishqida yig‘lagan Layli otidan — sizga boshimdag‘i sochlarimning tuklarigacha behad salom. Mendan — haddu hisobsiz gunoh, sizdan — kechirish”;
“— Ajab qilaman, — dedi Kumush va shapalog‘i bilan erining yuziga sekingina urib qo‘ydi.
— Bu yoqqa ham...
— U yoqqa Zaynab ursin.
— Zaynabning... urishka haqqi yo‘q...”
Bu satrlarga ko‘p ma’nolar yashiringan. Shulardan biri — Kumushning dilida qorong‘ulik yo‘q. Rashk bo‘lsa-da, uni jilovlay olgan. Kundoshi bilan ittifoqlikda umr kechirish maqsadi bor. Dastlab Zaynabda ham shu tilak mavjud edi. Xo‘sh, u holda Zaynabni zahar solishga nima majbur etdi? Rashkmi? Yoki boshqalarning gij-gijlashimi? Bizningcha, asosiy sabablardan biri bayon etilgan satrda: “Zaynabning... urishka haqqi yo‘q”. Otabekning shu ahdi oqibatda Zaynab qo‘liga zahar tutqazmadimi?
Yana bir bayonda Kumush “sochlarimning tuklarigacha behad salom”, deb yozadi. Bir qarashda “tuklar” so‘zi noo‘rin, qo‘polroq tuyular. “Sochlarim tolalari”, deyilsa, balki latifroq bo‘larmidi? Yo‘q, bo‘lmasdi. Yozuvchi “tola” so‘zini esdan chiqargandir, deb o‘ylash ham noo‘rin. Bunda “behad” so‘ziga e’tibor bermoq joiz. Behad, ya’ni cheksiz-chegarasiz. Soch tolalari ko‘zga ko‘rinib turadi. Ammo boshdagi mayda tuklarni ko‘z ilg‘amaydi — tolalardan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Yuborilayotgan sog‘inch salomi ana shunday aql bovar qilmas darajada deyilmoqchi.
Yoki: “...shu vaqt ko‘rpani qayirib ushlagan oq nozik qo‘llari bilan latif burnining o‘ng tomonida, tabiatning nihoyatda usta qo‘li bilan qo‘ndirilgan qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib o‘lturdi”, degan jumladagi “qashidi” so‘zi latif bayondagi dog‘ kabi ko‘rinishi mumkin. Balki “silab qo‘ydi” yoki “siypadi”, deyilgani kimgadir ma’qul ko‘rinar. Yo‘q, azizlar, yana bir o‘ylaylik: silash, siypash, qashish — butunlay boshqa-boshqa holatlarni anglatadi. “Ishshaydi”, “jilmaydi”, “kulimsiradi”, “tirjaydi” so‘zlari kishi holatini bayon etishda bir-birining o‘rnini bosa olmagani kabi yuqoridagilardan ham ma’nodosh so‘z sifatida foydalanish mumkin emas. Diqqat qilaylik: adib “qashladi” emas, “qashidi” deb yozyapti. Chunki “qashladi” yanada o‘zgacharoq holatni, siz bilan biz o‘ylayotgandek qo‘polroq ma’noni anglatgan bo‘lardi. Yozuvchi tasviridagi go‘zal qiz shunchaki yuzini, qulog‘i yoki boshini emas, xolini qashidi. Yana qanday xol deng, “latif burnining o‘ng tomonida, tabiatning nihoyatda usta qo‘li bilan qo‘ndirilgan qora xol”. Endi xoldor odamlardan so‘rab ko‘ring, xol qichishgan choqda shunchaki silab qo‘yish bilan kifoya qilinarmikin? Ayni tasvirda esa yozuvchi xasta Kumushning tabiatiga xos holatni beryapti.
Biz bugun jahon adabiyoti bilan yaxshi tanishmiz: Jek London, Kafka, Platonov, Markes, Kortasar, Kamyu... asarlarini sevib o‘qiydiganlar, ulardan ham ma’no durlari teradiganlar ko‘p. Bu odat faqat tahsinga loyiq. Balki kitobxon o‘qiganlarini bir-birlariga taqqoslab ko‘rar? Bu odatni ko‘p odamlarda uchratamiz. Biz bunday taqqoslashni to‘g‘ri odat deb hisoblay olmaymiz. Ayniqsa, Sharq va G‘arb adabiyotini bir-biriga solishtirib, tarozi pallasiga qo‘yish to‘g‘ri ish emas. Har bir odam o‘ziga yarasha aqlli, o‘zicha chiroyli bo‘lgani kabi har bir asar o‘zicha teran yoki aksincha, sayoz bo‘lishi mumkin. Axir, biz olma daraxti bilan terakni bir-biriga qiyoslamaymiz-ku, to‘g‘rimi? “Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga”, deb bejiz aytishmagan.
Bugungi adabiyotimizda G‘arb, ayniqsa, Lotin Amerikasi adabiyotiga mahliyo bo‘lishlik, ular kabi yozishga intilishlik bor. Bunga bizning e’tirozimiz ham, g‘ayirligimiz ham yo‘q. Har kim o‘ziga yoqqan cho‘qqini ko‘zlaydi. Kaminani biroz o‘ylantirgan narsa — chet adabiyotdan nusxa ko‘chirilmoqchi. O‘zimizning bebaho maktabimiz esa chetlab o‘tilyapti. Markeslarning maktabi — Lev Tolstoy, Dostoevskiy asarlari bo‘lgan ekan. Ular rus va boshqa romanchilik maktablaridan foydalanib, o‘z xalqlariga oid maktab an’analariga suyangan holda dunyoni lol qoldiruvchi yangilik yaratdilar.
Siz aytishingiz mumkinki, “Ularni dunyo taniydi, bizniki faqat o‘zimizda mashhur, daraja shunga yarashami?” Biron bir asarni dunyo tanimog‘i faqat darajaga bog‘liq emas. Bu o‘rinda qoyilmaqom tarjima muhim. Abdulla Qodiriy asarlari taqdirini eslaylik: necha yil tutqunlikda bo‘ldi? Stalin o‘limidan so‘ng go‘yo ozodlik berilganday bo‘ldi, ammo bu asarlardagi eng kuchli tasvirlar, gaplar olib tashlandi. Bu asarlar mana endi asl holicha nashr etilyapti. Gruzin yoki armanilarda ona tillaridan rus yoki ingliz tiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri badiiy tarjima qila oluvchi o‘z tarjimonlari bor. Bizda-chi? Abdulla Qodiriyning asarlari oltmishinchi yillarda qisqartirilgan holida avval so‘zma-so‘z tarzda ruschaga “ag‘darilib”, so‘ng o‘zbek tilini, tarixini, hayotini mutlaqo bilmaydigan odam tomonidan “badiiy tarjima” qilingan. Sharbati siqib tashlangan anorning qadri bo‘lmagani kabi, bunday tarjimada chiqarilgan asarga kim ham qarardi? Esimdan chiqmaydi, moskvalik bir shoir “moshguruch soqollik qariya” degan satrni “starik s borodoy masha i risa”, ya’ni “soqoli mosh va gurunchdan iborat qariya” deb tarjima qilgan ekan. Bir necha yil avval Abdulla Qodiriy asarlari turkchaga tarjima qilindi. Turk adiblarining bizga aytishlaricha, shoshma-shosharlik bilan qilingan bu tarjima ancha sayoz ekan. Ta’bir joiz bo‘lsa, zikr etganimiz “soqoli mosh va gurunchdan iborat qariya”ni eslatarkan. Demak, ulug‘ adibning dunyo miqyosida o‘z mavqeiga ega bo‘lishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni ham nazardan chetda qoldirmaslik kerak. Siz, balki “Kino-chi, kino ham mashhur bo‘lmadi-ku?” dersiz? Savolingizga savol bilan javob berayin: “Stsenariysi rus tilida yozilib, so‘ng o‘zbekchaga tarjima qilingan kinodan yana nimani kutish mumkin? Romanni oxirigacha hech bo‘lmaganda bir marta o‘qib chiqmagan aktyor qanday qilib qahramonlar holatini tomoshabinga yetkazib bera oladi?”
Agar ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, turkmanlarning ulug‘ adibi Xidir Deryaevning “Qismat” degan romani bor. Bizda “O‘tgan kunlar” qanday qadrlansa, turkmanlarda bu asar shunday e’zozlanadi. Buning sababi — “Qismat”ni yozishga aynan “O‘tgan kunlar”dan olingan taassurot turtki bo‘lgan. Xidir Deryaev Abdulla Qodiriyni o‘ziga ustoz deb bilgan, ta’bir joiz bo‘lsa, Abdulla Qodiriy maktabida sirtdan ta’lim olgan. Shunga o‘xshash, qo‘shni xalqlarning atoqli adiblari o‘zlarini shu maktab o‘quvchilari hisoblaganlar. Ularning aksarlari Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olganlar va Abdulla Qodiriy asarlarini no‘noq tarjimada emas, asliyatda o‘qib-o‘rganganlar. Yozuvchining mahoratidan lol qolganlar.
Qani, bir o‘ylab ko‘raylik-chi, ularni qanday satrlar hayratga soldi ekan?
“...uning ko‘zlari muloyimg‘ina suv ustig‘a og‘dilar. Ariqning musaffo tiniq suvi yuvoshgina oqib kelar, Kumushbibining qarshisiga yetganda go‘yoki, uning ta’zimi uchun sekingina bir charx urib qo‘yar, o‘z ustida o‘lturgan sohibaning sehriga musahhar bo‘lgan kabi tag‘i bir kattaroq doirada aylangach, ohistagina ko‘prik ostiga oqib ketar edi. Ariq suvining nihoyatsiz bir harakatini uzoq ko‘zdan kechirib o‘lturgach, qo‘l uzatib suvdan oldi va yuzini yuvdi. Uning yuzini o‘pib tushkan suv tomchilari bilan ariq harakatga kelib chayqaldi. Go‘yoki suv ichida bir fitna yuz bergan edi... Ikkinchi, uchinchi qaytalab yuz yuvishida bu fitna tag‘i ham kuchaydi.”
Mavlono Lutfiy hazrat Alisher Navoiyning birgina baytlaridan hayratlanib, barcha yozganlarini shu baytga almashishga tayyor ekanliklarini izhor etgan ekanlar. Qondosh xalqlarning adiblari qalbida ham muhabbat uyg‘onishiga, balki aynan shu satrlar sabab bo‘lgandir? Avval aytganlarimizga qaytadigan bo‘lsak, Kumushning bu tasviri shunchaki go‘zal bayon emas, balki asar yuragining zarblari edi. Ya’ni “suv ichida bir fitna yuz berganining” qanday oqibatlarga olib kelgani ishora qilingan edi.
Navbatdagi fikrni bayon etishdan avval yana bir asardan kichik lavhani eslasak:
“Muz tagida loyqalanib oqqan suvlarning g‘amli yuzlari kuldi, o‘zlari horg‘in-horg‘in oqsalar-da, bo‘shalgan qul singari erkinlik nashidasini kemira-kemira ilgari bosadilar... Bultur ekilib, ko‘p qoshlarni qoraytirgan o‘sma ildizidan yana bosh ko‘tarib chiqdi... Muloyim qo‘llarda ivib, suvga aylangandan keyin go‘zal ko‘zlarning supasida yonboshlashni muncha yaxshi ko‘rar ekan, bu ko‘kat!”
Bu satrlar yana bir ulug‘imiz — Cho‘lpon hazratlarining asaridan olindi.
Toshkentning eski shahar qismida Yunus ota ismli tabarruk otaxon yashardilar. Muallimlikni kasb qilgan bu kishi yoshlik kezlari Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon bilan suhbatlashish baxtiga erishgan ekanlar. Yunus ota Moskvada o‘qib yurgan paytlarida Cho‘lpon bilan uchrashib, “Kecha va kunduz” romani qodiriyona yozilibdi”, deb lutf qilibdilar. Shunda Cho‘lpon bosh chayqab: “Unday emas, Qodiriyga yetishga yo‘l bo‘lsin”, degan ekanlar.
Barchamiz ham ustoz Cho‘lpon kabi bo‘lolsak edi...
Eng yuksak cho‘qqi shu, boshqa yo‘l yo‘q, deyilguvchi da’vodan yiroqmiz. Ehtimol, kelgusida yanada yuqoriroq cho‘qqiga erishilar. Balki kelajak avlod adabiyotimizga biz kutmagan tarzda baho berar, vallohi a’lam...
Abdulla Qodiriy yigirmanchi asrdagi yangi romanchilik maktablaridan birining asoschisi, deb tan olingani ma’lum. Shu o‘rinda bir narsani farqlash zarur: ba’zan “O‘zbek prozasining asoschisi” degan iborani ham uchratib qolamiz. Shunday desak, yozuvchini ulug‘laganimiz holda, o‘zbek adabiyotini, o‘zbek nasrini qashshoqlashtirib qo‘ygan bo‘lamiz. O‘rni kelganda aytaylik, hazrat Alisher Navoiyni ulug‘laganimizda “O‘zbek adabiy tili mavqeini oliy pog‘onalarga ko‘tardi”, deyish o‘rniga, o‘ylab o‘tirmay “O‘zbek tilining (yoki “adabiy tilining”) asoschisi”, deb yuboramiz. U holda Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Hos Hojib, Ahmad Yassaviy, Lutfiy hazratlari qaysi tilda ijod qilishgan? Ulug‘larimiz bizning yolg‘on maqtovlarimizga muhtoj emaslar. To‘g‘ri gapni yozish, aytish joiz.
Hamonki romanchilik maktabi haqida so‘z ochdik, avval “roman” atamasining lug‘aviy ma’nosini bilib olaylik: “roman” atamasini birovlar nemis, boshqalar frantsuzlarniki deb hisoblashadi. Bu atama iste’molda bir necha ma’nolarga ega. Adabiyotga xos ma’nosi: "roman" biror voqeaning erkin tarzdagi mufassal bayonini anglatadi. O‘tgan asrlarda “roman” tarzi Yevropada “ishqiy qissa” ma’nosini anglatgan. Ikki sevishganning arzi-holi “roman” deb belgilangan. Ma’lumingizkim, bu kabi ishqiy qissalar o‘zbek adabiyoti tarixida ko‘p bo‘lgan. Adabiyotning jamiyatga munosabati, jamiyat taraqqiyotiga ta’siri, aralashuvi faollashishi oqibatida roman, ya’ni ishqiy qissa zimmasidagi vazifa o‘zgardi — ishq bayoni ijtimoiy masalalar bilan boyitildi. Ishqiy fojialar safiga ijtimoiy fojialar, jamiyat, zamonga doir fojialar qo‘shildi. Ana shunday yangi ko‘rinishdagi romanni o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib Abdulla Qodiriy yaratdilar. Yaratganda ham maktab darajasida, ya’ni boshqalardan quruq nusxa ko‘chirmay, taqlid qilmay yaratdilar. Shunday asarlar borki, agar qaysi tildan tarjima qilingani yozilmasa, qaysi xalq hayoti hikoya qilinayotgani bilinmaydi. Bu asarlarda milliy qiyofa bo‘lmaydi. Asar o‘zbek tilida yozilgani bilan milliy roman bo‘la olmaydi. Asar faqat chiroyli so‘zlardan, jimjima bayonlardan iborat narsa emas. Asarning ham vujudi, qalbi bo‘ladi. Uning milliylik darajasini aynan shu qalb belgilaydi.
Misol uchun, Kumushbibi bilan Anna Karenina taqdirini olaylik. Ikkovlari ham go‘zal, ikkovlarida ham muhabbat bor, ikkovlari ham sevgi qurboni. Har ikki asar ham bu lobarlarning o‘limlari bayoni bilan nihoyasiga yetadi. Lekin ularning muhabbatlari bir xilmi? Anna — oilali ayol, begona erkakni sevadi. Oqibatda o‘zini halok qiladi. Uning bir gunohi ikki bo‘ldi. Kumushbibi — ma’suma ayol. U eriga sodiq. Hatto uni kundoshidan qizg‘andi. Balki qizg‘anishi, ishqning chegarasidan chiqqani tufayli o‘lim topgandir? Annaning sevgilisi (eri emas!) bilan Kumushning kundoshi — Zaynab taqdirida qanday yaqinlik bor? Hech qanday. Kumush, Zaynablar taqdirini Yevropa xalqlari hayotidan izlab topish mumkin emas. Keling, o‘limga doir ikki bayonni eslaylik:
“...yaqindagina hayot jo‘sh urib turgan, endi esa kazarma stolida, yotu begonalar ko‘zida Annaning jasadi ibosiz bir ravishda qonlarga belanib yotardi: sog‘ qolgan chakkalari, gajakli boshi, og‘ir kokillari orqaga tashlangan: go‘zal chehrasida, yarim yumuq qizg‘ish lablarida achinarli, tinib qolgan ochiq ko‘zlarida vahimali bir ifoda bor edi: bu ifoda urishib qolishganda Vronskiyga “Shoshmang, hali pushaymon bo‘lasiz”, degan o‘sha dahshatli so‘zini aytib turganga o‘xshardi...”
Bu tasvirni, Anna Kareninaning topgani — fojiali o‘limning bayonini ruslarning dunyo tan olgan ulug‘ yozuvchisi Lev Tolstoy yozgan. Endi bu lavhaga e’tibor beraylik-chi:
“...Hoji Kumushning boshig‘a kelib o‘lturdi. Otabek va onasi oyog‘ ustida edilar. Kumushning ko‘zi yumuq, sochlari yuzi ustida parishon edi. Hoji o‘z qo‘li bilan sochlarini tuzatib, Kumushning ko‘kimtil tovlang‘an yuzini ko‘rdi va manglayini bosdi...
— Oyim... Oyim! — dedi Hoji. Kumush ko‘zini ochib, besaranjom unga nazar tashladi va tanib... qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi.
— Qo‘zg‘almang, oyim... qo‘zg‘almang!
Kumushning ko‘z yoshisi chakkasidan oqib tushdi... Hoji ham o‘zini to‘xtatolmay, Kumushning yoshini artib, boshini siladi:
— Xudo shifo berar, bolam!
Kumush jomga qo‘zg‘aldi, Otabek kelib qo‘ltiqladi, Hoji ham uning boshini tutdi... Bu gal qusuq qonga aylangan edi, burnidan ham bir necha tomchi qon oqdi... Qusub yotg‘ach, ko‘zi yarqillab ochilib ketdi va tevaragiga betoqat qarandi:
— Oyi... dada... — so‘ngra, — begim, — deb ingrandi... Erining yuzini yuziga qo‘ydi, uyalg‘ansumon ko‘zini yumdi...”
Bu esa ulug‘imiz Abdulla Qodiriyning tasvirlari. O‘layotgan ikki jonning bu dunyodagi ikki xil ko‘rinishi. Ana endi bu ikki bayondagi nomlarni o‘zgartirib ko‘ring-chi, o‘xsharmikin? Ha, mutlaqo o‘xshamaydi. Nafis adabiyotda milliylik degani ham aynan shu nuqtada ko‘rinadi.
Abdulla Qodiriyning o‘g‘illari Habibulloh aka bir suhbatlarida diqqatga loyiq fikrni aytgan edilar: ulug‘ adib “O‘tgan kunlar”ni yozgunga qadar Sharqning nodir adabiyoti bilan birgalikda Yevropa nasrining yuksak namunalarini o‘rgangan ekanlar. Bu ayni to‘g‘ri gap. Ulug‘ adibning asarlarida Sharqqa xos latiflik mavjud. Ijtimoiy masalalarni dadillik bilan asarga singdirish esa, G‘arb adabiyotiga xos uslub.
Garchi “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” sevgi qissasiga o‘xshasa-da, uning zamirida Vatan taqdiri, Vatan qayg‘usi yotadi. Adib “Bir vaqtlar qudratli bo‘lgan ota yurt nima sababdan nochor va g‘arib holga tushdi?” degan savolga javob topmoq uchun tarixni tahlil etadi. Adabiyotda yangi romanchilik maktabini yaratgan adib dastlabki yirik asarini nashr ettirganida hali o‘ttiz yoshga yetmagan edi. Shunga qaramasdan, savolga javob topdi, yurtni bo‘g‘ib turgan xastaliklarni aniqlab, bu tashxisni qahramonlari tiliga ko‘chirdi:
“Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketaborsa, holimizning nima bo‘lishiga aqlim yetmay qoladi”, deydi Otabek. Mirzakarim qutidor esa: “Amiri Umarxondek odil podsho bo‘lsa biz ham o‘rusdan oshib ketar edik”, degan xomxayolda yuradi. Homid ahvolni o‘z qarichi bilan o‘lchaydi: “Xudo kofirning dunyosini bergan”, deydi u. Ziyo shohichining fikri haqiqatga biroz yaqinlashadi: “Bizning bu holga tushishimiz o‘z fe’li huyimizdan”, deydi u. Ayni to‘g‘ri xulosa Otabek tilidan bayon qilinadi: “Menimcha o‘rusning bizdan yuqoridalig‘i uning ittifoqida bo‘lsa kerak. Ammo bizning kundan kunga orqag‘a ketishimizga o‘zaro nizoimiz sabab bo‘lmoqda, deb o‘ylayman... Oramizda bu qo‘rqinch holatqa bahaqqi tushunadirg‘on yaxshi odamlar yo‘q, bil’aks, buzg‘uvchi va nizochi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuqurig‘a qarab tortadilar... Modomiki, istibdod orqali el ustiga hukmron bo‘lg‘uvchilar yo‘qotilmas ekanlar, bizga najot yo‘qdir, magar shunday g‘arazchilarni, ular kim bo‘lsalar ham, ish boshidan quvlash va ular o‘rniga yaxshi va xolis odamlarni o‘tquzish — najotimizning yagona yo‘lidir...”
Afsus shuki, najotning ana shu yagona yo‘lidan yurilmadi. Yaqin o‘tmishdagi bu g‘ofillikni adib mozoriston holatiga qiyosladi va Otabek tilidan “mozoristonda “hayya alal falah” xitobini kim ham eshitar edi”, degan to‘xtamga keldi. Darvoqe, qabristonda “najotga kelinglar!” deb xitob qilinsa, kim ham kelardi... Tobelari bir-birlari bilan ahil yashay olmagan jamiyat mozoriston kabidir. Bu jamiyat ahli garchi tirik bo‘lib ko‘rinsalar-da, ular ruhan o‘likdirlar. O‘tmish voqealarini tahlil etgan adibning xulosasi mana shu. Podsho zulmidan bolshevik zindoniga o‘tish davrida millat go‘yo bir uyg‘ongandek bo‘ldi-yu, so‘ng yana g‘aflat uyqusini davom ettirdi. Otabekni qayg‘uga solgan noittifoqlik millatni yana zindonband qildi. Yozuvchi bu jarayonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi, ko‘ra turib ruhi faryod etdi va bu faryod yozilmish asarlariga ko‘chdi. Otabek asar boshlanishida tilga olgan o‘zaro nizo balosi roman davomida o‘z aksini topa bordi. Homidning qilig‘idan tortib, Azizbekning fitnasiga qadar, barchasi millatni, Vatanni xorlik botqog‘iga botiruvchi omil ekani o‘z aksini topdi. Abdulla Qodiriy Otabek tilidan gapirib, g‘arazchilarni ish boshidan quvlash, ular o‘rniga yaxshi va xolis odamlarni o‘tqazishni orzu qilgan edi. O‘tmishdan to yigirmanchi asrning o‘ttizinchi yillariga qadar yetib kelgan g‘araz oqimi oqibatda millat faxrlarining joniga qasd qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |