www.ziyouz.com
kutubxonasi
66
— Chilim!
«Shundog‘ qilib sizning o‘z kishingiz bo‘lg‘an O‘tab-boy tuz haqingizni unutdi. Bir
hamyon oltin deb dushman-laringiz tarafiga o‘tdi. Sizning xayrixoh qullaringizdan
bo‘lg‘an biri o‘z shahrini tashlab Qo‘qon qochmoqqa va ulug‘ dargohingizga sig‘inmoqqa
majbur bo‘ldi. Men, xolis qulingiz o‘zimning sadoqatim evaziga bunday mukofot olg‘anim
uchun qayg‘irmayman va lekin O‘tabboy va Otabek kabi xoinlarni kundan-kunga kuch
olib davlati shahriyorig‘a dahshatlik bir falokat tug‘dirishlaridan qayg‘iraman. Bu maktub
sodiq bir qulning xolis sadoqatidan bir namunadir. Men shuning ila shoyad o‘z
bo‘ynimdag‘i vazifani ado etkan bo‘lurman. Shoyad davlat dushmanlarini o‘z oyog‘laridan
yitib ketishlariga sabab bo‘lg‘an bo‘lurman.
O‘zimning bu xizmatim evaziga bir mukofot olish muddaosida bo‘lmag‘animdan va
nimaiki janoblari yo‘lida mashaqqat chekkan bo‘lsam o‘zimning bir vijdoniy vazifam deb
bilib, bu maktubda o‘z otimni yozishg‘a ham tilamadim. Yosh xonimizga tinch va
shavkatlik davr, davlat xoinlariga o‘lim tilab bir g‘aribi bechora».
Musulmonqul nihoyatda tutoqqan edi. Hozirgi borliq alamini tamakudan oladirg‘andek
hudaychi keltirgan chilimga yopishdi-da, shig‘-g‘ etdirib, sarxonani sindirish darajasiga
yetkuzib tortdi. Og‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqarar ekar, xatning mazmunini
Xudoyorg‘a so‘zladi. Toshkand ustiga yuborg‘an sipohlari bilan Normuhammad
qushbegini nihoyat Toshkandni ololmay qaytish xabarini eshitib, so‘ng darajada
ma’yusiyat ichida o‘lturgan Musulmonqul uchun bu maktub yara ustiga tuz sepish
qabilidan tag‘in ham alamlik bo‘lib tushkan edi.
— Xudaychi!
— Labbay taqsir!
— Mirzani chaqir! — dedi Musulmonqul, so‘ngra qo‘lidagi maktubni taxig‘a solar ekan,
Xudoyorg‘a dedi:— Eshitdingizmi, o‘g‘lim! Azizbek bilan Yusufbek bizga nimalar
qilmoqchi bo‘ladirlar? O‘zimizning sodiq kishimiz, deb o‘g‘lag‘an O‘tabboy ham
dushmanlarimiz bilan birgalashib boshlag‘an... Xayr qo‘llaridan kelganni qilib
ko‘rsinlarchi, biz ham mundan keyin o‘shandoq ko‘rnamaklar bilan qiladirg‘an
muomalamizni bilarmiz.
O‘z saltanatiga raxna solishdan iborat bo‘lg‘an bu xabarlardan Xudoyorxonning
mutaassir bo‘lg‘anlig‘i belgusiz, ul bu gapni eshitmasdan ilgari qanday bo‘lsa, hozirda
ham shu holda o‘zgarishsiz edi. Musulmon-qulning yonib turg‘an, o‘tdek tutoqib
so‘zlag‘an gapini sukut bilan kechirmaslik uchungina bo‘lsa kerak quruq va shirasiz qilib:
— Hammadan ham O‘ttaboyni aytingiz, ablah bir odam ekan, — dedi, — meni
siylamag‘anda ham sizni rioya qilsa kerak edi.
— Yaxshiliq qilg‘an kishingdan hech bir yaxshiliq qaytmas ekan, — dedi Musulmonqul.
— Jumladan, bittasi ko‘z o‘ngimizda — Azizbek. Men uni yoshlig‘idan boshlab o‘z
qo‘limda o‘stirdim, Toshkand hokimligidan Salimsoqbekni olib uning o‘rniga hokim
tayinladiq. Biroq shunchalik yaxshiliqlarimizg‘a qarshi natijada bizga yog‘iy bo‘ldi,
bo‘lsin; ul Toshkandning o‘zigagina qanoatlanmay Marg‘ilon bilan ham ish qilmoqchi
bo‘lsa, bunisini ham biz ko‘raylik.
Mirzaboshi kirib xong‘a qulliq qildi va Musul-monqulg‘a qarab qo‘l bog‘ladi.
Musulmonqul yana xumori bo‘lg‘an edi — «Chilim!» deb tashqarig‘a qichqirdi, so‘ngra
mirzoboshig‘a dedi:
— Hozir Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegiga bir xat yozib, chopar bilan yubor. Xatni
olg‘an zamon Yusufbek hojining o‘g‘li Otabek deganni olib huzurimizga kelsin!
Mirzobashi qulliq qilib orqasi bilan yurib chiqdi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |