www.ziyouz.com
kutubxonasi
61
21. INQILOB
Yusufbek hoji ustida boyag‘i kimxob to‘ni bilan Shayxantahurning Zanjirlig‘iga yetib,
guzarda yig‘ilib o‘lturgan va o‘ziga salom berish uchun o‘rinlaridan turgan xalqqa xitob
qildi:
— Uying kuysin, musulmonlar! Yaxshi deb yo‘lida jon berganing Azizbek, bu kun
senlarga yaxshilig‘ingni o‘ttuz ikki tanga soliq bilan qaytarmoqchi bo‘ldi. Hozir senlarga
ikki yo‘l: o‘g‘ul, qizingni sotib bo‘lsa ham o‘ttuz ikki tangani Azizbek xazinasiga to‘lash
yoki es borida etakni yopib Azizbekni oradan ko‘tarish... Uying kuydi, musulmonlar!
— O‘ttuz ikki tanga!
Xalq Yusufbek hojidan bir zarra yomonliq yoki bo‘lmag‘ir bir kengash eshitmagan va
shuning uchun ul qayoqqa yursa, shu yoqqa borishqa hozir turar edi. Ayniqsa o‘ttuz ikki
tanga dovrug‘i guzar ahlining yuraklarini uyushdirib, buni eshitish bilanoq isyonga qo‘l
qo‘ydilar.
Boshlab Zanjirliq xalqi ko‘chalarga chip tashlash, Azizbekka qarshi urush hozirligi
ko‘rish xayoliga tushdi. Yusufbek hoji to Eski Jo‘vaga yetkuncha o‘zining yuqoridag‘i
so‘zini ko‘y, guzar xalqig‘a takrorlab kelmakda edi. Eski Jo‘vada azim bir jamoat yig‘ib,
Azizbek bilan bo‘lgan mojarosini so‘zladi va ustidagi kimxobni ko‘rsatib istehzo
tariqasida:
— Soliqni bermangiz demayman, chunki sizning itoatingiz menga bundog‘ to‘nlar
berar! — dedi.
Xalq nihoyatda qizishdi. Go‘yo birisi quvrag‘an to‘qayg‘a o‘t turtdi. Ho‘lu quruq
deganlaridek katta-kichik barobar yonmoqqa oldi.
— Yaxshilig‘imizni unutdi, do‘ng‘iz! O‘ttuz ikki tan-gani yaxshilab beraylik biz unga!
Ozi bir oy o‘tmas-danmi, andishasiz?! — degan so‘zlar eshitila boshladi. Darrov uch
kishini Sebzor, Ko‘kcha va Beshyog‘och dahalariga xabar uchun jo‘natildi. Yo qirilib bitish
va yo Azizbekni oradan ko‘tarishka fotiha o‘qildi.
Orada bir soat ham o‘tmadi, butun do‘konlar yopilib, Toshkand ko‘chalari chiplar bilan
to‘ldi. Barcha yarog‘langan, urushka hozir edi. Shaharning olalanish xabari o‘rdaga ham
eshitildi. Ishni kichkina deb o‘ylag‘an Azizbek shahardan ahvol olish uchun Rayimbek
dotqoni elli chog‘liq yigit bilan buyurdi. Ahvol olg‘uchilar Zanjirliqqa yetish bilan naq
ishning qay darajaga yetkanini payqadilar: ko‘chalar chip bilan to‘lg‘an, chip orqalari
shashvar, miltiq, xanjar, nayza ushlagan olomon bilan liq edi. Rayimbek dotqoning
«Chiplarni yig‘ishtiringiz, o‘zlaringiz tarqalishingiz!» deb aytkan yaxshi so‘ziga quloq
solg‘uchi bo‘lmadi. Dotqo dag‘allik qilgan edi, olomondan bittasi miltiq otib, ikki sipohni
yiqib ham qo‘ydi.
Kechki soat to‘rtlar, asrdan bir oz ertaroq hukumat askari bilan xalq orasida urush
boshlandi. Yarim soatlik otish, chopishdan so‘ng sipohlar Zanjirliq olomonlarini qochirib,
Baland masjid chipiga yetdilar. Jon achchig‘ig‘a uchragan Azizbek o‘rdaga bir muncha
sipoh qoldirib, butun kuchini yig‘ishtirg‘an holda Rayimbek dotqo ko‘magiga yetishdi.
Buning ila sipohlar tag‘in ham kuchayib, olomonni Xadraga qarab surishka muvaffaq
bo‘ldilar. Xadra chipida qonliq urushlar boshlandi. O‘ttuz ikki tanga soliq xavfida olomon
ham Beshyog‘och, Sebzor, Ko‘kcha dahalaridan o‘ziga har zamon yarog‘liq yordamlar
olib turmoqda edi.
Bu kun kechasi Toshkand qon ichida, mahallalarda bo‘lg‘an hukumat kishilari xalq
tomonidan o‘ldi-riladirlar, uylariga o‘t qo‘yilib mollari talong‘a tushadir. Shaharning
yuraklik yigitlari Xadra chipiga qarab chopadirlar, yuraksiz va keksalar guzar va
mahallalarga to‘nkalardan gulxan solib, «o‘ttuz ikki tanga» qayg‘usida olomong‘a
muzaffariyat tilaydirlar.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |