www.ziyouz.com
kutubxonasi
32
11. KUTILMAGAN BAXT
Kumushbibidan vakolat olish ham juda qiyin bo‘ldi. Domlaning: Sizkim Kumushbibi
Mirzakarim qizi, o‘zingizni toshkandlik, musulmon Otabek Yusufbek hoji o‘g‘liga
bag‘ishlamoq vakolatini amakingiz Muham-madrahim Yo‘ldosh o‘g‘liga topshirdingizmi?
degan so‘rog‘i olti, yetti qaytarilg‘andan keyin, shunda ham yangalar qistog‘i ostida
arang uning rizolig‘i olindi.
Kechki soat beshlarda qutidorning havlisi to‘rt ko‘z bilan kuyav kelishini kutadir.
Kuyav uchun palovlar, quyuq-suyuq oshlar, necha turlik ne’matlar hozirlanib, bular ham
kuyavning intizorida turadirlar. Nihoyat, soat besh yarimlarda kuyav keldi. Yigirma-o‘ttiz
chog‘liq yosh yigitlar — Rahmatning o‘rtoqlari, ular orasida Otabek — kuyav ko‘rindi:
boshida simobi shohi salla, ustidan qora movut sirilgan sovsar po‘stin, ichida o‘zi-ning
Shamayda tiktirgani osmoni rang movut kamzul, movut shim: oyog‘ida qalapoy afzali,
belida Kumushbibining usta qo‘li bilan tikilgan shohi qiyig‘... Yuzlar qizil, og‘iz irpaygan,
ko‘zlar o‘ynab allakimni qidiradir. Oshlarini yeb bo‘lsalar ham jo‘rttaga kuyav ko‘rish
uchun o‘lturg‘an mahalla kishilari bir-birlarini turtishib: «Tuzuk-tuzuk, kuyavlikka
arzigundek, chakki chakkiga tushmapti, olmayu-anor» deyishdilar. Tomda kuyav kutib
o‘lturg‘an xotinlar ichidan Oftob oyimning egachisi oshiqib singlisi yonig‘a tushdi-da:
«Oftob, darrav isiriq hozirla, kuyavingni yomon ko‘zdan o‘zi asrasin!» dedi. Qutidor eshik
ostida qo‘l qovishtirib mehmonlarni kutib oladir, yer ostidan kuyaviga ko‘z qirini tashlab,
kishiga sezdirmay o‘zicha kulimsirab qo‘yadir. Mehmonxona ayvonida oq soqolliq,
ko‘rkam siymo va og‘ir tabi’atlik domla bilan Ziyo shohichi, Hasanali, qiz vakili va tag‘in
bir necha kishilar o‘ltu-radilar. Yigitlar kuyavni domlalar qarshisig‘a kelturib
to‘xtatqandan keyin Otabek vakili bo‘lg‘an Ziyo shohichi bilan Kumush qiz vakili
Muhammadrahim oralarida mahr masalasi ochiladir. Ko‘b tortishqandan so‘ng quyidag‘i
mablag‘lar mahr qilib belgulanadirlar: uch yuz oltin pul, mundan keyin olib berish va’dasi
bilan Marg‘ilondan o‘radek bir havli, sog‘ish uchun sigir, as-bobi ro‘zgor... Bunga Otabek
ham o‘z rizolig‘ini bildiradir. Domla xutba boshlaydir. Forsiycha o‘qulg‘an hamd, salovot
va boshqalardan so‘ng xutba eng nozik bir o‘ringa kelib to‘xtaydir: «Sizkim Otabek
Yusufbek hoji o‘g‘li Kumushbibi Mirzakarim qizini o‘zingizga shar’iy xotinliqqa qabul
qilasizmi?» — fors tilida so‘ralg‘an bu savol Otabeknnig kulgusini qistatib, ko‘nglidan
kechi-radir:
— Qabul qilasizmi-ya?
Ul birinchi so‘roqdayoq — «uchib, qo‘nib qabul qi-lamiz» deb javob bermakchi bo‘lsa
ham biroq xalq-ning— «o‘lib turg‘an ekan» deb qiladigan ta’nasidan cho‘chib, javob
bermaydir. Yana bir qayta yuqoridagi «siz kim falonchi...» jumlasi domla tarafidan
takrorlanadir. Kuyavlarga uchunchi so‘roqda javob berish odat hukmida bo‘lsa ham,
Otabek bu takallufka chidalmaydir. Go‘yo uchinchi so‘roq o‘rnig‘a «Endi olmas ekansiz
Kumushbibini...» deb majlis buziladirg‘andek seziladir-da, hamma tovshini qo‘yib,
barchag‘a eshitdirib «Qabul qildik!» deb yuboradir.
Domla alhamdulilloh, alhamdulilloh... bilan nikoh-ni tugatib majlis tomonidan kelin
bilan kuyavning haqlarig‘a duo boshlanadir, hamma duog‘a qo‘l ko‘tarib, hatto tomdag‘i
tomoshachi xotinlarg‘acha «omin»ga ko‘maklashadirlar va shundan keyin nikoh majlisi
yopiladir. Yigitlar kuyavni mehmonxonag‘a olib kiradirlar, ziyofat boshlanadir.
Otabekda bir daqiqag‘a bo‘lsin to‘zim bo‘lmag‘an bir vaqtda bir necha soatlarga qarab
cho‘zilg‘an bu tomoq majlisi bilan albatta ul yaxshi chiqisha olmaydir. Xuftanga yaqin
bana’ji bir ishtiho bilan yeyilib bo‘shatilg‘an lagan, tovoqlar olinib dasturxonlar yig‘ildi.
Bizningcha bir yarim soat, Otabekcha allaqancha yil hisoblangan bir fursat o‘tib, nihoyat,
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |