www.ziyouz.com
kutubxonasi
8
qoldi. Shamayda ekanman, qanotim bo‘lsa, vatanga uchsam, to‘ppa-to‘g‘ri xon o‘rdasiga
tushsam-da, o‘risning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni
tinglasa-da, barcha elga yorlig‘ yozib o‘risning idora tartibini dasturilamal etishka
buyursa, men ham bir oy ichida o‘z elimni o‘risniki bilan bir qatorda ko‘rsam... ammo o‘z
elimga qaytib ko‘rdimki, Shamayda o‘ylag‘anlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish.
Bu yerda so‘zimni eshitkuchi birov ham bo‘lmadi, bo‘lsalar ham: “Sening orzungni shu
xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?” deb meni ma’yus qildilar. Ilgariroq men
ularning gapiga bovar qilmay yursam, so‘ngg‘idan to‘g‘ri so‘zni aytkanlarini bildim.
Darhaqiqat, mozoristonda «hayya alalfalah» xitobini kim eshitar edi.
Majlis Otabekning Shamay taassurotini maroq bilan eshitkan, shu kungacha hech
kimdan eshitilmagan uning fikrlariga ajablangan edi. Istiqbol qayg‘usi tushiga ham
kirmagan bu Turkiston otalari Otabekning daruni dildan chiqarib aytkan gaplaridan
hissasiz qolmadilar:
— Amiri Umarxondek odil poshsho bo‘lsa, — dedi qutidor, — biz ham o‘risdan oshib
ketar edik.
Ziyo shohichi:
— Bizning bu holga tushishimiz o‘z fe’li xo‘yimiz-dan.
Akram hoji:
— To‘g‘ri.
Homid ham boshqalardan qolishmas uchun: «Xudo kofirning dunyosini bergan» deb
qo‘ydi.
— Manimcha, o‘risning bizdan yuqoridalig‘i uning ittifoqidan bo‘lsa kerak, — dedi
Otabek, — ammo biz-ning kundan-kunga orqag‘a ketishimizga o‘z ora nizo’imiz sabab
bo‘lmoqda, deb o‘ylayman, boshqa xil aytkanda Ziyo amakining fikrlari qisman to‘g‘ri.
Oramizda bu qo‘rqunch holatka bahaqqi tushunadirg‘an yaxshi odamlar yo‘q, bil’aks
buzg‘uchi va nizo’chi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuqurig‘a
qarab tortadilar. Bu kungi qora chopon va qipchoq nizo’larini sizga bir timsol o‘rnida
ko‘rsatayin: o‘ylab ko‘rilsin, bu nizo’lardan bizga qanchalik foyda va qipchoq
og‘aynilarg‘a nima manfaat hosil bo‘lmoq-da?— Faqat bundan foydalang‘uchilar ikki xalq
orasig‘a adovat urug‘ini sochib yurg‘uchi bir necha e’vogar boshluqlarg‘inadir. Masalan,
Musulmonqulni kim xolis odam, deb o‘ylaydir? — Uning yurt uchun qon to‘kishdan
boshqa nimaga foydasi tegdi? Musulmonqul o‘z g‘arazi yo‘lida orada yo‘q nizolarni
qo‘zg‘ab, kuyavi Sheralixonni o‘ldirdi, gunohsiz Murodxonni shahid etdi, qo‘y kabi
yovvosh Toshkand hokimi Salimsoqbekni o‘ldirib, o‘rniga Azizbekdek zolimni belguladi va
o‘zini mingboshi deb e’lon qilib, aqlsiz bir go‘dakni (Xudoyorni) xon ko‘tarib el yelkasiga
mindi. Tuzuk, agar Musulmonqul bu ishlarni bir yaxshi maqsadni kuzatib qilg‘anda,
zolimlarni o‘rtadan ko‘tarib, yurtka osoyish berganda, unga kim nima deya olur edi?
Holbuki, Toshkand tarixida misli ko‘rilmagan Azizbek kabi vah-shiyni faqat shu
Musulmonqul qo‘lidan oldi. Basharti, Musulmonqul chin inson bo‘lsa, insondan vahshiy
tug‘ilganini hech kim eshitkan chiqmas. Modomiki, o‘z g‘arazi yo‘lida istibdod orqali el
ustiga hukmron bo‘lg‘unchilar yo‘qotilmas ekanlar, bizga najot yo‘qdir, magar shunday
g‘arazchilarni ular kim bo‘lsalar ham ish boshidan quvlash va ular o‘rniga yaxshi xolis
odamlarni o‘tquzish najotimizning yagona yo‘lidir.
Otabek majliska tamoman yangi va eshitilmagan fikrlarni so‘zlab ketdi, ular bekning
og‘zig‘a anqayishib qolgan edilar. Darhaqiqat, o‘z ora bitmas nizo’larning asli mansha’ini
ul yaxshi onglab tahlil qilar va durust qiymat berar edi. Uning shu yo‘sun mulohaza va
fikrlari majliska chuvalg‘an ipning uchini topib bergandek bo‘lib, lafzan bo‘lmasa ham
ma’nan ularning tahsin va olqishlarini oldi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |