3. O’zbekiston turizm imkoniyatlari tahlili
O’zbekistonda jahon madaniyati xazinasiga kiruvchi ko’plab tarixiy va madaniy arxitektura yodgorliklari mavjud, mana shu bebaho merosimizning bugungi kunda 140 ta ob’ekti YUNESKO tomonidan muhofazaga olingan va tarixiy ob’ektlar ro’yxatiga kiritilgan. Jumladan YUNESKO ning “Jahon merosi” ro’yxatiga Xivadagi Ichan Qal’a 1990 yil, Buxoroning tarixiy markazi 1993 yil, Shahrisabzning tarixiy markazi 2000 yilda, Samarqand shahri 2001 yilda ushbu ro’yxatga kiritilgan.
O’zbekistonda turizm sohasini rivojlatirish va uni yangi bosqichga ko’tarish borasida, avvalo ko’hna madaniy va arxitektura yodgorliklariga boy bo’lgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Marg’ilon kabi shaharlar muhim ahamiyatga ega. Bu shaharlarda butun dunyo aholisini hayratga soluvchi va lol qoldiruvchi qadimiy tarixiy yodgorliklar mavjud. Yer yuzining turli mamlakatlarida istiqomat qiluvchi har bir inson bu shaharlarni o’z ko’zlari bilan ko’rish orzusida yashaydi.
Xozirgi paytda turizm sohasi mamlakatlar va mintaqalar iqtisodiyotini rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etishi va u XXI asr jahon xo’jaligining ustuvor tarmoqlaridan biri ekanligi ma’lum bo’lmoqda. Shu tufayli turizm faoliyatini ravnaq toptirish masalasi 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishlari bo’yicha Xarakatlar strategiyasining iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo’nalisharida ham o’z aksini topgani bejiz emas. Zero bu soha besh yil ichida davlat siyosatida ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylandi.
Hozirgi kunda respublikamiz turizm sohasidagi xarajatlari YaIM ga nisbatan foizda olganda 2018 yil 1 yanvar holatiga ko’ra 1% ni tashkil etgan xolos, Qozog’istonda ushbu ko’rsatkich 4,2%, Armanistonda 3,8%, Tojikistonda 2,9%, Rossiyada 2,7% hamda Qirg’izistonda 1,8% tashkil etgan2. Mamlakat ichida turizm sohasidagi xarajatlarni tahlil qiladigan bo’lsak, 2018 yil 1 yanvar holatiga ko’ra O’zbekiston 1,4% tashkil etgan bo’lsa, Gruziya-5,0%, Tojikiston-4,0%, Ukraina-3,3%, Ozarbayjon-2,8%, Qirg’iziston-2,7%, Rossiya-2,6%, Qozog’oston-2,2%, Armaniston-1,9% ni tashkil etgan. Ushbu ko’rsatkich bo’yicha Filippin-14,6%, Meksika-9,9% hamda Germaniya davlati-9,9% bilan yetakchilik qilmoqda. Yuqoridagi ko’rsatkichlar tahlili asosida shuni xulosa qilish mumkinki, respublikamizda turizm sohasini jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy, ma’muriy va huquqiy muhitni yaratgan holda, eng samarali tartibni joriy etish, hududlarning iqtisodiy salohiyati va daromadlari bazasini kengaytirish, yangi ish o’rinlari yaratish, yurtimizga keladigan turistlar oqimini ko’paytirish, shuningdek, milliy turizm mahsulotlarini jahon bozorida faol va kompleks ilgari surish bo’yicha ishlarni amalga oshirish zaruratini keltirib chiqaradi. Umuman olganda respublikamizni turizm sohasida yetakchi davlatlar qatorida bo’lishi uchun barcha imkoniyatlar borligini inobatga oladigan bo’lsak, bu sohaga katta hajmdagi investitsiyalarni jalb etish orqali turizm sohasidagi yangi innovatsion g’oyalarni keng targ’ib etish muhimligini belgilab beradi.
O’zbekiston turizm sohasi rivojlanishida salmoqli salohiyatiga ega davlat. Bu ko’plab noyob tabiat ob’ektlarining mavjudligi (ko’llar, tog ‘cho’qqilari), boy madaniy va tarixiy meros bilan ham bog’liqdir. Yildan yilga O’zbekiston Respublikasiga xorijliklarning tashrifi ortib bormoqda. Bu holat 1-rasmda yaqqol ko’rinadi. Oxirgi 15 yillikni oladigan bo’lsak xorij fuqarolarining O’zbekistonga tashrifi 15,5 marta, yoki 2002 yildagi 442,1 ming kishidan 2017 yilda 2847,9 ming kishiga yetgan. O’zbekiston fuqarolarining chet ellarga tashrifi 2017 yilda 5182,5 ming kishini tashkil etgan, bu 2002 yilga taqqoslanganda 6,5 marta ko’p.
2017 yilda O’zbekistonga tashrif buyurgan xorij fuqarolarining safar maqsadlari bo’yicha taxlil qilinganda: 2272,3 ming kishi (84,7%) qarindoshlarni yo’qlash maqsadida, 203,7 ming kishi (7,6 %) turistik maqsadda, 159,9 ming kishi (5,9 %) xizmat yuzasidan, 28,7 ming kishi (1,1 %) davolanish maqsadida, 18,5 ming kishi (0,7 %) tijorat maqsadida, 6,9 ming kishi (0,3 %) o’qish maqsadida tashrif buyurganini ko’rishimiz mumkin. (2-rasmga qarang)
Do'stlaringiz bilan baham: |