LO’TTIBOZ
Vijdonli odamlar ortgani sayin,
Lo’ttiboz soni ham ko’payib borar.
Tekinxo’r atalur bu qavm tayin,
Ajabki, ko’p ishni shular boshqarar.
Vijdonning boshiga chiqqani ko’yi,
O’zini mengzaydi tengi yo’q dovga.
Jinjakcha kelmaydi o’zining bo’yi,
Yoqsa, tutantiriq bo’lmas olovga.
19.04.15
TA’MA
Men qaysi domlaga ergashay, hayhot,
Ishonchim toptasa ta’magir hayot.
Duo qilganman, deb bir yil muqaddam,
Haqin so’rab keldi bugun o’sha zot.
21.04.2015
KIBR
Men borman – dunyo bor, men yo’q – dunyo yo’q,
Faqat bugunni bil, faqat bugunni.
Bisoting mavjudmi – ko’ngling bo’lsin to’q,
Eslama, oxirat degan u kunni.
Turli afsonalar to’qiydi odam,
Sevgi bu – qushda ham uchraydigan nafs.
Bordir o’z egasi erta kunning ham,
Menga kelajakdan o’qiyverma dars.
Insof nodonlarga erur munosib,
Sen-chi, faqatgina o’z-o’zingni bil.
Hatto avliyolar hokini bosib,
Maqsadga intilgil, maqsadga intil.
Uch-to’rt xayolparast bukkanicha qad
Tushining ta’birin topgunicha to,
Sizning fikringizcha, ya’ni men – murtad
Egallab olaman dunyoni hatto.
Nega tinglamaysan kibrning so’zin?
Olijanob eding, ahvoling tangmi?
Asrlardan buyon butkul yer yuzin,
Boshqargan menmi yo kamtar otangmi?
21.04.2015
TUG’ILISH
Yurishni o’rgandi bolakay sal-pal,
Orqada kuzatar ota va ona.
Oh, ushbu ko’rinish naqadar go’zal,
Minglab oilaga orzu — yagona.
Surinmay ulg’aysin mayli bolakay,
Umr fasllarin gashtini sursin.
Lekin, payti kelgach kim bo’lar, hay-hay,
Hayot yelkanini u qayga bursin.
Bir cho’qib atrofga o’n bor qarasa,
Har kimning yuziga boqsa jovdirab.
Koshkiydi shu holda korga yarasa,
Suyanchig’i yo’q-ku turguvchi qarab.
Birovdan beruxsat hatto kulmagan,
Bilmas, murodi ne — obro’mi, puldir.
Unda mustaqillik o’zi bo’lmagan,
Unda u mutedir, endi u quldir.
Yo’lin qora mushuk kesib o’tgan dam,
Dod! — deya yigitlik oridan tonsa.
Yomon tush ko’rganda ulug’ yoshda ham,
Ena, enajon! — deb yig’lab uyg’onsa.
Men bunday kaslarni topmadim o’ylab,
She’rni ham yozmadim aslo atayin.
Qofiya ustida yetmish yil o’ynab,
Bir jiddiy gapni ham endi aytayin.
Bu qavmning qimati yo’qdir mutlaqo,
Lekin omad doim ularga o’rtoq.
Pastda munosiblar qolib, ajabo,
To’rga o’tib olar o’shalar ko’proq.
Ko’zimiz qorasi aziz zuryodlar,
Hattoki tantiqdir, g’oyatda suyuk.
Oh, qaydan kelarkan fidoyi zotlar,
Qaydan tug’ilarkan botirlar buyuk.
Magar bo’lganda ham qiyomat qoyim,
Degayman, yetguncha so’nggi nafasim.
Komil insonlarni qo’msarman doim,
Ulug’ siymolarga kelgay havasim.
18.04.02015
Do'stlaringiz bilan baham: |